Maktabgacha ta'limda global integratsiya
Jahon taraqqiyotining hozirgi bosqichida har bir davlatning intellektual salohiyati, avvalo, har tomonlama bilimdon avlod va ularni shaxs sifatida tarbiyalab voyaga yetkazish uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan belgilanmoqda. Shu nuqtai nazardan, ta'lim tizimiga, ayniqsa, uning eng asosiy va hal qiluvchi bo'g'ini — maktabgacha ta'limga qaratilayotgan e'tibor har qachongidan ham ortib bormoqda. Zero, insonning kelajakdagi yutuqlari, dunyoqarashi, mustaqil fikrlashi va jamiyatdagi faol ishtiroki aynan hayotning ilk bosqichida shakllanadi.
So'nggi yillarda yurtimizning maktabgacha ta'lim sohasida aniq va tub burilish kuzatildi. Maktabgacha ta'lim davlat siyosatida ustuvor yo'nalishga aylantirildi. Qabul qilingan qaror va dasturlar natijasida sohada keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi.
Jumladan, maktabgacha ta'lim tashkilotlari soni keskin oshirildi, yangi davlat va nodavlat bog'chalari tashkil etildi, mavjud muassasalar modernizatsiya qilindi. Bolalarni maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish darajasi bir necha barobarga oshirilib, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari joriy qilindi. Mazkur sohada xususiy sektor ishtirokining kengaytirilishi natijasida ta'lim xizmatlari bozori va raqobat muhiti shakllantirildi.
Kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish masalasiga alohida e'tibor qaratildi. Zamonaviy o'quv dasturlari ishlab chiqildi, ilg'or xorijiy tajribalar o'rganildi va milliy ta'lim tizimiga joriy etildi. Shu bilan birga, raqamli ta'lim resurslari, interaktiv usullar va zamonaviy platformalar orqali ta'lim jarayonining yanada samarali tashkil etilishi ta'minlandi.
Ta'lim sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli va izchil islohotlar natijasida O'zbekiston nafaqat milliy, balki xalqaro miqyosda ham e'tirof etilmoqda. Xususan, nufuzli xalqaro tashkilot — YuNESKO tomonidan mamlakatimizdagi yutuqlar yuqori baholanishi yurtimizda amalga oshirilayotgan davlat siyosati samaradorligining yaqqol dalilidir.
YuNESKO tomonidan amalga oshirilayotgan dasturlar sifatli ta'limni ta'minlash, madaniy va tabiiy merosni asrash, ilmiy tadqiqotlarni qo'llab-quvvatlash, axborot erkinligini ta'minlash va millatlar o'rtasida o'zaro hurmatni mustahkamlashga qaratilgan. Bugungi kunda tashkilot dunyoning deyarli barcha davlatlarini birlashtirgan holda global muammolar yechimiga o'z hissasini qo'shib kelmoqda.
Ayniqsa, global darajada ilgari surilayotgan “Early Childhood Care and Education” dasturi doirasida bolalar uchun xavfsiz, inklyuziv va rivojlantiruvchi muhit yaratish, tarbiyachilarning kasbiy salohiyatini oshirish va innovatsion pedagogik texnologiyalarni joriy etish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan. Shuningdek, Parij shahrida o'tkazilgan “2026 yilgi global ta'lim monitoringi” tadbirlarida mamlakatimizning maktabgacha ta'limni rivojlantirish, qamrov darajasini oshirish va innovatsion yondashuvlarni joriy etish borasidagi tajribasi ilg'or namuna sifatida qayd etildi.
O'zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutiga YuNESKOning 2-toifali instituti maqomi berilishi mamlakatimiz uchun ulkan tarixiy ahamiyatga ega bo'ldi.
Mazkur xalqaro hamkorlik doirasida amaliy qadamlar ham izchil davom etmoqda. Xususan, Maktabgacha va maktab ta'limi vaziri E'zoza Karimova Parij shahrida YuNESKO tashkiloti Bosh direktori Hoshim al-Anani bilan uchrashuv o'tkazdi. Ushbu muloqot ikki tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish yo'lidagi muhim bosqich sifatida ahamiyat kasb etdi.
Uchrashuv doirasida Toshkent shahrida YuNESKO shafeligida II toifali “Maktabgacha ta'limni rivojlantirish mintaqaviy markazi”ni tashkil etish to'g'risidagi bitim imzolandi. Mazkur markaz nafaqat O'zbekiston, balki butun mintaqada maktabgacha ta'limni rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar olib borish va ilg'or tajribalarni ommalashtirishda muhim platformaga aylanishi kutilmoqda.
Muzokaralar chog'ida YuNESKO Bosh direktori Hoshim Al-Anani O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashkilot bilan hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan sa'y-harakatlarini alohida e'tirof etdi. Shuningdek, davlat rahbarining ta'lim, fan va madaniyat sohalaridagi xalqaro tashabbuslari yuqori baholandi.
Mazkur institutning xalqaro maqomga ega bo'lishi uning faoliyatini yangi bosqichga olib chiqadi. Endi muassasa nafaqat milliy, balki mintaqaviy darajada ham yetakchi markazga aylanadi. Bu yerda ilmiy tadqiqotlar olib borish, ilg'or pedagogik texnologiyalarni joriy etish va mutaxassislar tayyorlash bo'yicha keng imkoniyatlar yaratiladi. Bu hamkorlik o'zbekistonlik pedagoglar uchun yangi istiqbollarni ochadi. Ular xalqaro standartlar asosida malaka oshirish, dunyo tajribasini o'rganish va o'z bilimlarini yanada boyitish imkoniga ega bo'ladilar. Shu bilan birga, milliy tajribamiz ham xalqaro maydonda keng targ'ib etiladi.
Mutaxassislar ta'kidlashicha, maktabgacha ta'limga kiritilgan sarmoya eng samarali investitsiya hisoblanadi. Chunki bu bosqichda bolaning fikrlash qobiliyati, ijtimoiy ko'nikmalari va shaxsiy fazilatlari shakllanadi. Shu bois YuNESKO tomonidan o'yin orqali ta'lim berish, ijodiy fikrlashni rivojlantirish va individual yondashuvni ta'minlash kabi innovatsion usullar keng targ'ib etilmoqda.
O'zbekistonda ham aynan shu tamoyillar asosida ta'lim jarayoni tashkil etilmoqda. Bolalarning qiziqishlari, qobiliyatlari va ehtiyojlarini hisobga olgan holda zamonaviy dasturlar ishlab chiqilmoqda. Inklyuziv ta'limni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilib, imkoniyati cheklangan bolalar uchun ham teng shart-sharoitlar yaratilmoqda. Shuningdek, qishloq hududlarida maktabgacha ta'limni rivojlantirishga katta e'tibor qaratilmoqda. Mobil bog'chalar, qisqa muddatli guruhlar va innovatsion ta'lim shakllari joriy etilmoqda.
Ushbu sohadagi yutuqlarimizning jahon minbarlarida e'tirof etilishi — bu nafaqat erishilgan natijalarning bahosi, balki rivojlanish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ham ochadi.
YuNESKO bilan maktabgacha ta'lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish borasida olib borilayotgan samarali hamkorlik kelajakda bilimli, keng dunyoqarashli va raqobatbardosh avlodni tarbiyalash uchun mustahkam poydevor bo'lib xizmat qiladi.
Habib ABDIYEV,
Maktabgacha ta'lim tashkilotlari
direktor va mutaxassislarini
qayta tayyorlash va
ularning malakasini oshirish instituti prorektori.
