O'zbekiston va AQSh: Yangi iqtisodiy, madaniy-gumanitar loyihalar orqali aloqalar mustahkamlanmoqda

O'zbek diasporasi AQShda o'zining iqtisodiy ishtirokini mustahkamlamoqda, milliy an'analarni saqlaydigan, vatanidagi ijtimoiy tashabbuslarni qo'llab-quvvatlaydigan va xalqimizning boy madaniy merosini targ'ib qilish orqali ikki mamlakat o'rtasidagi o'zaro tushunishni yaxshilashga hissa qo'shadigan loyihalarni amalga oshirmoqda. Bu voqealar, o'z navbatida, davlatlar o'rtasidagi bo'lajak rasmiy uchrashuvlar uchun ijobiy kontekstni shakllantiradi.

AQShda o'zbek diasporasining faol ishtirokiga yangi milliy savdo markazining ochilishi misol bo'la oladi. Amerikaning Pensilvaniya shtatidagi Filadelfiya shahrida “Asr” o'zbek supermarketining rasmiy ochilish marosimi bo'lib o'tdi.

Ushbu loyiha Filadelfiyadagi o'zbek diasporasi vakillari tomonidan amalga oshirildi. Tantanali tadbirda o'zbek jamoatchiligi bilan bir qatorda turk, falastin, afg'on, rus va ukrain diasporalari vakillari ham ishtirok etdi.

“Asr” supermarketining ochilishi Nyu-Yorkda faoliyat yuritayotgan “Tashkent” o'zbek supermarketlar tarmog'i singari AQShdagi milliy savdo infratuzilmasining muhim bo'lagiga aylandi. Filadelfiyadagi yangi markaz keng turdagi mahsulotlarni, jumladan, O'zbekistondan import qilingan tovarlarni taklif etmoqda.

Supermarketda nafaqat savdo qilish, balki milliy pazandachilik an'analarini saqlab qolish uchun ham barcha sharoitlar yaratilgan. Bu yerda go'shtni halol usulda nimtalash, o'zbek milliy taomlarini tayyorlash uchun maxsus xonalar hamda tashrif buyuruvchilar tayyor mahsulotlarni tanovul qilishlari mumkin bo'lgan umumiy ovqatlanish joylari tashkil etilgan. Mahsulotlarning yuqori sifati va talablarga mosligi turli millat vakillari bo'lgan xaridorlarning doimiy qiziqishini ta'minlamoqda.

Ochilish marosimi karnay-surnay ansambli va raqs jamoasining chiqishlari bilan davom etdi. Tadbirda so'zga chiqqan jamoatchilik vakillari va mamlakatimiz diplomatlari bu kabi tashabbuslarning xorijda O'zbekistonning ijobiy qiyofasini mustahkamlashdagi ahamiyatini alohida qayd etdi.

Iqtisodiy faollikdan tashqari, AQShdagi o'zbek diasporasi vatanni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan ijtimoiy loyihalarda ham faol ishtirok etmoqda. Jumladan, jamoatchilik faoli Otabek Mahkamov tashabbusi hamda AQShdagi o'zbek diasporasining faolligi bilan Nyu-Yorkda Toshkent shahrida joylashgan U.Qurbonov nomidagi Respublika bolalar ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasiga yordam ko'rsatish maqsadida insonparvarlik aksiyasi tashkil etildi.

Ushbu tashabbus doirasida diaspora vakillari ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamga muhtoj bolalarni qo'llab-quvvatlash maqsadida birlashdi. Yig'ilgan mablag'lar hisobidan zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar, diagnostika va reabilitatsiya muolajalarini o'tkazish uchun jihozlar, maxsus shifobaxsh oziq-ovqat mahsulotlari xarid qilindi.

Yuborilgan uskunalar allaqachon tibbiyot muassasasiga yetkazilgan va shifokorlarning amaliy faoliyatida qo'llanilmoqda. Bu nevrologik va psixonevrologik kasalliklarga chalingan bolalarga ko'rsatilayotgan yordam sifatini oshirish imkonini beradi.

Ushbu insonparvarlik aksiyasi O'zbekistonning Nyu-York shahridagi Bosh konsulxonasi ishtirokida amalga oshirildi va xorijdagi vatandoshlarimizning birdamligi, ularning sog'liqni saqlash tizimini rivojlantirishga hissa qo'shishga bo'lgan samimiy intilishining yana bir namunasi bo'ldi.

O'zbekiston elchixonasi va bosh konsulligining rasmiy yo'nalishi bo'yicha ham, xalq diplomatiyasi imkoniyatlari orqali ham jadal aloqalar madaniy sohada ham o'z samarasini bermoqda. Elchi Furqat Siddiqov AQSh Osiyo san'ati milliy muzeyi direktori Cheyz Robinson bilan uchrashuvda shular haqida batafsil suhbat qilgan.

Uchrashuvdan ko'zlangan asosiy maqsad O'zbekiston va Amerika Qo'shma Shtatlari o'rtasidagi madaniy hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashish bo'ldi. Shu bilan birga, Muzeylar sohasida qo'shma dasturlar, akademik tashabbuslar va professional almashinuvlarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Suhbat chog'ida Cheyz Robinson O'zbekiston xalqini davlat rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi bilan tabrikladi. Uning ta'kidlashicha, islom dini Yaqin Sharqda paydo bo'lganiga qaramay, uning jahon sivilizatsiyasi tarixida muhim bosqich bo'lgan ilmiy va madaniy ravnaqi ko'p jihatdan Markaziy Osiyo, jumladan, hozirgi O'zbekiston hududi bilan bog'liq bo'lgan.

Uning fikricha, mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarni madaniy va intellektual uyg'onishning yangi bosqichi sifatida ko'rish mumkin.

Tomonlar madaniy merosni asrab-avaylash va ommalashtirish, ikki mamlakat muzeylari o'rtasidagi institutsional hamkorlikni mustahkamlash, qo'shma ko'rgazmalar, ilmiy tadqiqotlar va mutaxassislar almashinuvini tashkil etish masalalarini ko'rib chiqdi.

Joriy yilda AQSh mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan muzey direktori elchixona bilan hamkorlikda o'zbek madaniyati va mamlakatning sayyohlik salohiyatini ommalashtirishga bag'ishlangan dasturlarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.

O'zbekiston muzeylari bilan to'g'ridan-to'g'ri hamkorlikni yo'lga qo'yish istiqbollariga alohida e'tibor qaratildi. Cheyz Robinson barqaror va uzoq muddatli sheriklikni shakllantirish maqsadida respublikaning tegishli muzey muassasalari bilan o'zaro anglashuv memorandumlarini imzolash ustuvor vazifalardan biri ekanini ta'kidladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar “Smithsonian Magazine” jurnalining O'zbekiston madaniyati va tarixiy merosiga bag'ishlangan maxsus sonini tayyorlash va nashr etish bo'yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqishga kelishib oldi.

Bundan tashqari, Cheyz Robinson elchixona bilan hamkorlikda O'zbekistonga rejalashtirilgan tashrif haqida ma'lumot berdi. Tashrif doirasida yurtimizning boy madaniy merosi, tarixiy shaharlari, me'moriy obidalari, zamonaviy shaharsozlik yutuqlari bilan tanishish niyatida ekanini bildirib, milliy taomlarga qiziqish bildirdi.

Mamlakatlar o'rtasidagi madaniy hamkorlik musiqa yo'nalishida ham o'z ifodasini topmoqda. O'zbekistonlik pianinochi Behzod Abduraimov ilk bor AQShdagi mashhur Kennedi-Tramp nomidagi san'at markazida Amerika Milliy simfonik orkestri va uning bosh dirijyori – italiyalik maestro Djanandrea Nozeda bilan hamkorlikda uch kunlik konsert dasturini namoyish qildi.

Ushbu konsert dasturining asosiy maqsadi – O'zbekistonning madaniy merosi, milliy san'ati va turizm salohiyatini AQSh jamoatchiligi o'rtasida keng targ'ib etish, ikki davlat o'rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashdan iborat bo'ldi.

Elchixona diplomatlari konsertning dastlabki kuni AQSh rasmiy doiralari hamda vatandoshlarni konsert dasturiga taklif etib, O'zbekiston hukumati nomidan rasmiy qabul marosimini tashkil etdi.

Mazkur tadbir O'zbekistonning ijobiy xalqaro imijini mustahkamlash, mamlakatning madaniyat va turizm salohiyatini targ'ib etish hamda O'zbekiston–AQSh o'rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qildi.

Ushbu tashabbuslarning barchasi – milliy savdoni rivojlantirish va ijtimoiy loyihalarni qo'llab-quvvatlashdan tortib, madaniy almashinuvlar va musiqiy dasturlargacha – O'zbekiston va AQSh o'rtasidagi hamkorlikning keng ko'lamini namoyish etadi. Diasporaning faolligi va qo'shma loyihalar ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash, milliy merosni targ'ib qilish va mamlakatning xorijdagi ijobiy imijini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

“Dunyo” AA,

Vashington shahri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × 2 =