O'zbekiston – Polshaning Markaziy Osiyodagi asosiy hamkori

O'zbekistonga tashrif buyurgan Polsha qishloq xo'jaligi vaziri Stefan Krayevskiy eksklyuziv intervyusida ikki mamlakat o'rtasidagi agrar sohadagi aloqalarni yanada mustahkamlash borasidagi fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

O'zbekistonga xush kelibsiz. Tashrifingiz yakunlari bo'yicha Polsha va O'zbekiston o'rtasidagi agrar hamkorlikning qaysi yo'nalishlarini eng istiqbolli, deb hisoblaysiz?

— Toshkentga birinchi marta kelishim. Haqiqatan, bu yerda tashkilotchilik darajasi a'lo darajada. Samimiy qabul va mamlakatlarimiz o'rtasidagi savdo aloqalarini kengaytirish bo'yicha mazmunli muhokamalar tashkil etildi. O'zbekiston Polshaning Markaziy Osiyodagi muhim sherigi hisoblanadi va biz bu munosabatlarni tizimli va izchil rivojlantirish niyatidamiz.

Polsha qishloq xo'jaligi mahsulotlarini eksport qilishda katta salohiyatni ko'rmoqdamiz. Bular sabzavotlar, mevalar, eng avvalo, polyak olmalari, go'sht va sut mahsulotlari, qandolatchilik mahsulotlaridir. Shu bilan birga, biz o'zbek tovarlari importiga ham ochiqmiz, bu o'zaro savdoni muvozanatlashtirish imkonini beradi.

— Mamlakatning o'sib borayotgan eksport salohiyatini hisobga olgan holda O'zbekistonda qishloq xo'jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash bo'yicha Polsha investitsiyalarini kengaytirish masalasi ko'rib chiqilmoqdami?

— Polshada ham, O'zbekistonda ham savdo uylarini tashkil etish muzokara dasturiga kiritilgan. Bunday sheriklik aloqalari tovar ayirboshlashni tezlashtirish va barqaror yetkazib berishni ta'minlash imkonini beradi. Hozircha, umumiy maslahatlashuvlar olib borilmoqda, ammo, aniq qarorlar va rejalashtirish bilan shug'ullanadigan ishchi guruhlar shakllantirilmoqda.

Polsha O'zbekistonga istiqbolli hamkor sifatida qaraydi. Bizni o'xshash muammolar, jumladan, iqlim o'zgarishi, yog'ingarchilik va suv tanqisligi birlashtiradi. Bularning barchasi yangi barqaror yechimlarni, qo'shma ilmiy loyihalarni talab qiladi.

Oliy ta'lim muassasalarimiz o'rtasida hamkorlikni yo'lga qo'yish, talabalar va mutaxassislar almashinuvini amalga oshirish, samarali loyihalarni ishlab chiqish yuzasidan fikr-mulohazalar almashdik.

— Polsha o'zbekistonlik hamkorlar bilan agrologistika, sertifikatlash va oziq-ovqat xavfsizligi sohasida texnologiyalar almashish imkoniyatlarini qanday baholaydi?

 

— Polshada yuqori sifatli, ekologik toza oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport qilishga e'tibor katta. Bu hamkorlarga standartlar va sertifikatlashtirish uchun qat'iy talab qo'yadi. Biz savdo-sotiqni kengaytirishda bu normalarning har ikki tomon  ham bajarishini ta'minlashni muhokama qildik.

Agrologistika alohida mavzu. Shu ma'noda, Polsha o'zbekistonlik tashuvchilarni qo'llab-quvvatlash choralarini ko'rib chiqishga tayyor. Yaqin kunlarda hamkorlikni rivojlantirish va o'zaro samaradorlikni oshirish bo'yicha aniq qadamlarni belgilab olish uchun Polsha infratuzilma vaziri bilan muzokaralar o'tkazaman.

— Sizningcha, qanday qilib O'zbekiston meva-sabzavot mahsulotlarining Polsha va umuman Yevropa Ittifoqi bozoriga chiqishini tezlashtirishi mumkin?

 

— Muhim yo'nalish – ikki mamlakat mahsulotlariga kirishning markaziy nuqtalariga aylanadigan savdo uylari. Polsha bozorini tahlil qilish, O'zbekistondagi ehtiyojlarni o'rganish va muvozanatli yetkazib berishni shakllantirish zarur. Gap, har bir tomon sun'iy raqobat yaratmasdan, balki talab yuqori bo'lgan mahsulotlarni yetkazib berishi haqida bormoqda.

Shuningdek, erkin savdo, qo'shimcha to'siqlarsiz amalga oshirish uchun veterinariya va sanitariya talablari hamda oziq-ovqat xavfsizligi normalarini muvofiqlashtirish kerak.

 

— Katta rahmat, yana bir bor O'zbekistonga xush kelibsiz!

— Sizga ham tashakkur.

H.MELIQO'ZIYEV suhbatlashdi.

“Dunyo” AA.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × 5 =