O'zbekiston va Xitoy: Ilm va ta'lim sohasidagi aloqalar yangi bosqichda

O'zbekiston va Xitoy o'rtasidagi strategik hamkorlik so'nggi yillarda barcha sohalarda izchil rivojlanmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev ta'kidlaganidek: “Xitoy bilan hamkorlik — mamlakatimiz taraqqiyoti va mintaqaviy barqarorlikni ta'minlashda muhim omildir”. Shu jarayonda ta'lim va ilm-fan sohasidagi munosabatlar ham yangi bosqichga ko'tarilmoqda.
Sentyabr oyida Xitoyning Pekin shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti universitetlarining VIII energetika konferensiyasi hamda Gansu provinsiyasi, Dunxuan shahrida “Bir makon, bir yo'l” tashabbusi doirasidagi Universitetlar alyansining 10 yillik yubiley konferensiyasi bo'lib o'tdi. Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti (TDMAU) delegatsiyasi bu nufuzli xalqaro anjumanlarda faol ishtirok etdi.
Konferensiyalarda energiya xavfsizligi, qayta tiklanuvchi manbalardan samarali foydalanish, raqamli iqtisodiyot va “yashil texnologiyalar”ni joriy etish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, iqlim o'zgarishi oqibatlarini bartaraf etish va ta'lim-ilm sohasida hamkorlik yo'nalishlari ham kun tartibida bo'ldi. Bu masalalar nafaqat bugun, balki kelajak uchun ham dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Professor-o'qituvchilar va yosh olimlarning qo'shma tadqiqot loyihalari, talabalar o'rtasida tajriba almashish dasturlari va qo'shma ta'lim yo'nalishlari yo'lga qo'yildi. Shuningdek, delegatsiya energetika, agrotexnologiya va innovatsiya sohalarida qo'shma laboratoriyalar tashkil etish, stajirovkalar o'tashni yo'lga qo'yish, akademik almashinuv dasturlarini amalga oshirish va xalqaro grantlarda ishtirok etish masalalarini ilgari surdi.
TDMAU va Xitoyning Shimoliy Xitoy energetika universiteti (“NCEPU”) hamkorlik yo'nalishlarini belgilab oldi. TDMAU rektori Rasul To'rayev va “NCEPU” rahbari Bai Xinju o'rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjat ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, qo'shma ta'lim dasturlarini amalga oshirish va professor-o'qituvchilar hamda talabalar almashinuvini tashkil etishni nazarda tutadi. Bu kelishuv talabalar uchun yangi imkoniyat eshiklarini ochadi, olimlar uchun esa ilmiy maydonni kengaytiradi.
Shuningdek, TDMAU rektori va “NCEPU” xalqaro ta'lim instituti dekani, professor Qi Jeng o'rtasidagi uchrashuvda 2025-2026 o'quv yilidan boshlab TDMAU talabalarining “NCEPU”da tahsil olishi, qo'shma ilmiy tadqiqotlar yo'lga qo'yilishi va bitiruvchilarni Xitoyning O'zbekistondagi qo'shma korxonalarida ishga joylashtirish masalalari kelishib olindi.
Ma'lumki, 1958 yilda tashkil etilgan “NCEPU” bugungi kunda “Xitoy elektroenergetikasining beshigi” sifatida e'tirof etilgan. Universitetda 24 mingdan ziyod bakalavr, 15 mingdan ortiq magistrant va aspirant, shuningdek, 1000 dan ortiq xorijiy talaba tahsil olmoqda. 3000 dan ziyod professor-o'qituvchilar faoliyat yuritadi, ular orasida 450 nafar professor bor.
TDMAU ham o'z salohiyati bilan ajralib turadi. Universitetda 5 ta fakultet, 20 ta kafedra, 56 ta bakalavriat yo'nalishi va 15 ta magistratura mutaxassisligi mavjud. 10 455 nafar talabaga 339 nafar professor-o'qituvchi saboq bermoqda, ularning 126 nafari ilmiy darajaga ega. Ilmiy salohiyat ko'rsatkichi 37 foizni tashkil etadi. Universitet Rossiya, Turkiya, Qozog'iston, Qirg'iziston va Xitoy kabi davlatlarning nufuzli oliygohlari bilan hamkorlik qilib kelmoqda. 2024-2025 o'quv yilida 20 nafar xorijiy professor dars berdi, 58 nafar professor-o'qituvchi esa xorijda stajirovka o'tadi.
Konferensiyalardan tashqari, delegatsiya Pekin shahridagi “Center International Group Co.Ltd” kompaniyasi faoliyati bilan ham tanishdi. Kompaniyaning innovatsion texnologiyalari va quyosh panellari kelgusi qo'shma loyihalarda muhim yo'nalish sifatida baholandi.
Dunxuan shahrida bo'lib o'tgan 8-“Silk Road (Dunhuang) International Cultural Expo” forumi va Universitetlar alyansining 10 yillik konferensiyasida ham TDMAU delegatsiyasi ishtirok etdi. Forumda sivilizatsiyalar o'rtasida muloqot, madaniy merosni muhofaza qilish, sun'iy intellekt va yoshlar diplomatiyasi kabi masalalar muhokama qilindi. Ishtirokchilar Mogao g'orlaridagi tarixiy devoriy naqshlar va Budda haykallari bilan tanishish imkoniga ega bo'ldilar. Gonkong simfonik orkestri tomonidan unutilmas konsert taqdim etildi. Shuningdek, “Mingsha Mountain” — “Shovqinli qum tog'lari” manzarasi mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Universitetlar alyansining yubiley konferensiyasida TDMAU rektori Rasul To'rayev ma'ruza qildi. U o'z nutqida energiya xavfsizligi va barqarorlikning bugungi va kelajak uchun ustuvor yo'nalish ekanini qayd etdi hamda Surxondaryo viloyatida Xitoy bilan hamkorlikda qurilgan Markaziy Osiyodagi eng yirik quyosh elektr stansiyasini ikki davlat do'stligi va strategik sherikligining yorqin namunasi sifatida e'tirof etdi.
“Energiya xavfsizligi va barqarorlik — bugungi kun va kelajak uchun ustuvor yo'nalish. O'zbekiston va Xitoy hamkorligida amalga oshirilgan quyosh elektr stansiyasi — bu ikki davlat do'stligi va strategik sherikligining yorqin namunasidir”, — dedi Rasul To'rayev.
Bunday nufuzli tadbirlarda faol ishtirok etish va xalqaro hamkorlik tashabbuslari nafaqat TDMAUning, balki, umuman, O'zbekiston oliy ta'lim tizimining xalqaro nufuzini oshirmoqda. Mintaqada ilmiy-tadqiqot va ta'limiy integratsiya jarayonlari kuchaymoqda. Eng muhimi, mamlakatimiz yoshlari zamonaviy bilim va ko'nikmalarga ega mutaxassislar sifatida xalqaro maydonda munosib raqobat qila oladi.
Shu ma'noda, TDMAU delegatsiyasining Xitoy safari amaliy natijalarga erishilgani va istiqbolli hamkorlik yo'nalishlari bilan O'zbekistonning ilm-fan va ta'lim sohasidagi xalqaro nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Zahiriddin TO'RAYEV,
TDMAU Axborot xizmati rahbari.