O'zbekiston — Fransiya: Taraqqiyot va ravnaqqa erishish yo'lidagi qadamlar

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Prezident Emmanuel Makronning taklifiga binoan kecha – 11 mart kuni davlat tashrifi bilan  Fransiyaga bordi.

Fransiya rivojlangan industrial-agrar mamlakat bo'lib, sanoat ishlab chiqarishi bo'yicha dunyoda yetakchi o'rinlardan birini egallaydi. Iqtisodiy salohiyat bo'yicha Fransiya dunyoning eng rivojlangan yetti davlati qatoriga kiradi. Bu yadroviy davlat va BMT Xavfsizlik Kengashining besh doimiy a'zosidan biri, shuningdek, Yevropa Ittifoqi va xalqaro maydonda muhim rol o'ynaydi.

Fransiya O'zbekiston mustaqilligini 1992 yil 3 yanvarda tan olgan va mamlakatlarimiz o'rtasidagi diplomatik munosabatlar 1992 yil 1 martda o'rnatilgan. 1993 yil 27 oktyabrda “Do'stlik va hamkorlik to'g'risida”gi shartnoma imzolanishi bilan munosabatlarning keyingi dinamikasi mustahkamlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil oktyabr va 2022 yil noyabr oylarida Fransiyaga rasmiy tashriflari, shuningdek, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning 2023 yil noyabr oyida mamlakatimizga tashrifi barcha sohalardagi siyosiy muloqot va hamkorlikni izchil rivojlantirishga yangi sur'at qo'shdi.

Davlatimiz rahbarining 2022 yil noyabr oyida Parijga tashrifi chog'ida ikki davlat rahbarlari yuqori darajadagi har tomonlama sheriklik munosabatlarini rivojlantirishga kelishib olgan edi.

O'zbekiston bilan Fransiya o'rtasidagi idoralararo darajadagi hamkorlik keng yo'nalishlarni qamrab oladi. 2023 yil 2 noyabr kuni ikki davlat rahbarlari ishtirokida ta'lim, madaniy meros va ichimlik suvi ta'minoti infratuzilmasini yaxshilash sohalariga oid bir qator kelishuvlar imzolandi.

Bundan tashqari, 2023 yil 2 noyabr kuni Samarqand shahrida bo'lib o'tgan tashrif chog'ida munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga ko'tarish niyati e'lon qilingan edi. “Yashil” energiya, xomashyo qazib olish va qayta ishlash, innovatsion qishloq xo'jaligi, suv ta'minoti, logistika, infratuzilmani rivojlantirish va turizm sohalarida yangi yirik loyihalarni ilgari surish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Parlamentlararo hamkorlik, delegatsiyalar almashinuvi, ikki mamlakat parlamentlaridagi do'stlik guruhlari faoliyati, parlamentlararo birlashmalar va ko'p tomonlama parlament tuzilmalari tomonidan tashkil etilayotgan xalqaro tadbirlarda ishtirok etish orqali izchil rivojlanmoqda. O'zbekiston va Fransiya parlamentariylarining o'zaro hamkorligi tajriba almashish, global va mintaqaviy muammolarni muhokama qilish, shuningdek, ko'p tomonlama darajadagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Ikki davlat savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirishdan o'zaro manfaatdor. O'zbekistonda yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhiti va sarmoyaviy imkoniyatlar fransuz biznesi vakillarini tobora ko'proq jalb qilmoqda. O'z navbatida, O'zbekiston Fransiya texnologiyalarini jalb etish va sanoat va ishlab chiqarish sohalarida ilg'or tajribalardan foydalanish, o'zaro sayyohlik almashinuvini kengaytirishdan manfaatdor. O'zbekistonning Yevropa Ittifoqining “GSP+” imtiyozli tizimining benefitsiari maqomini olgani savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochdi. 2024 yilda o'zaro tovar ayirboshlash hajmi o'tgan yilga nisbatan qariyb 14 foizga oshib, qariyb 1,2 milliard dollarga yetdi. Bugungi kunda mamlakatimizda fransuz sheriklar ishtirokidagi 50 ta korxona, jumladan, 23 tasi 100 foiz fransuz kapitali bilan faoliyat yuritmoqda.

“Total Eren”, “Veolia”, “EDF”, “Orano”, “Lactalis”, “Carrefour” va “Shiever”  kabi jahon miqyosidagi kompaniyalar O'zbekistonda energetika, geologiya-qidiruv, oziq-ovqat sanoati va chakana savdo sohalarida faol ishlayapti. Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) O'zbekistonda shahar infratuzilmasi, “yashil iqtisodiyot”, sanitariya, gidroenergetika va qishloq xo'jaligini rivojlantirish loyihalarida ishtirok etadi. 2022 yilning noyabr oyida FTA bilan 2023-2025 yillarga mo'ljallangan hamkorlik dasturi imzolangan bo'lib, u 1 milliard yevrolik loyihalarni amalga oshirishni ko'zda tutadi.

Bundan tashqari, keyingi yillarda Toshkent va Parijda ta'lim forumlari o'tkazildi. O'zbekistonga Fransiyaning Gavr-Normandiya universiteti, Parij-Saklay universiteti va “Parij Pantheon-Assas” universitetlari delegatsiyalari keldi.

Madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish doirasida Samarqand va Lion, Buxoro va Ruey-Malmezon shaharlari,  Jizzax viloyatining Zomin tumani va Flyor shahri o'rtasida birodarlik aloqalari o'rnatildi.

Fransiya Tibbiyot akademiyasida Abu Ali ibn Sino byusti o'rnatilgan. Shuningdek, Ruey-Malmezon, Tuluza, Grets-Armenvil shaharlarida ikki davlat xalqlari o'rtasidagi do'stona munosabatlar timsoliga aylangan Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug'bek va Abu Rayhon Beruniy haykallari o'rnatildi va “O'zbek bog'lari” barpo etildi.

Ilmiy hamkorlik haqida so'z borganda, Temuriylar davri san'ati va tarixini o'rganish assotsiatsiyasi hamda “Avitsenna-Fransiya” uyushmasining Fransiyadagi faoliyatini alohida ta'kidlab o'tish mumkin. Bu uyushmalar O'zbekiston madaniy va ilmiy merosini o'rganish hamda uni Fransiya jamoatchiligi orasida keng targ'ib qilishga katta hissa qo'shayotir.

Sog'liqni saqlash sohasidagi hamkorlik izchil kengaymoqda. 2022 yil mart oyida O'zbekiston Sog'liqni saqlash vazirligi Parij markaziy shifoxonalari tarmog'i “AP-HP” bilan shoshilinch tibbiy yordam, pediatriya, ginekologiya, gematologiya va onkologiya sohalarida hamkorlik to'g'risida memorandum imzoladi.

Aytish joizki, Fransiyada o'zbek sportining an'anaviy turi – milliy kurashga ham qiziqish juda yuqori. Xususan, 2022-2023 yillarda Parij shahrida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun kurash bo'yicha ikkita xalqaro turnir o'tkazildi.

Muxtasar aytganda, bugungi kunda O'zbekiston-Fransiya munosabatlari jadal rivojlanib, siyosat va iqtisodiyotdan tortib, fan, madaniyat va ta'limgacha bo'lgan keng ko'lamli sohalarni qamrab olgan. Shu nuqtai nazardan, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga navbatdagi mazkur davlat tashrifi ikki tomonlama hamkorlik tarixidagi muhim voqea bo'lib, tashrif davomida ilgari suriladigan yangi tashabbus va imzolanadigan kelishuvlar ikki tomonlama sheriklikni yanada yuqori bosqichga olib chiqishga  xizmat qiladi.

“Dunyo” AA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fourteen − 8 =