Muhim kelishuvlar amalda

Xususan, Surxondaryo viloyatida Pokiston tadbirkorlari bilan hamkorlikda yangi qo'shma loyihalar amalga oshiriladi.

Ma'lumki, shu yilning 26 fevral kuni Toshkentda oliy darajadagi O'zbekiston-Pokiston sammiti yakunlandi. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif o'rtasida kechgan muzokaralarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-demokratik va boshqa sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan muhim kelishuvlarga erishildi.

Tomonlar kelishuvlarni tom ma'noda Pokiston hukumati rahbarining mamlakatimizga rasmiy tashrifi yakunlanganining ertasi kuniyoq amalga oshirishga kirishdi.

Jumladan, Pokiston ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat delegatsiya O'zbekistonning Pokistondagi favqulodda va muxtor elchisi Alisher To'xtayev hamrohligida yangi savdo shartnomalari va investitsiya loyihalarini tuzish masalalarini muhokama qilish maqsadida Surxondaryo viloyatiga bordi.

Delegatsiya tarkibidan to'qimachilik, farmatsevtika, terini qayta ishlash, qurilish materiallari, transport-logistika sohasida faoliyat yurituvchi kompaniya vakillari o'rin oldi.

Tashrif Imom at-Termiziy majmuasini ziyorat qilishdan boshlandi. Shundan so'ng, Pokiston vakillari “Ayritom” erkin iqtisodiy zonasida bo'ldi. Mehmonlar EIZ faoliyati bilan tanishdilar. Hududda xorijiy investorlar uchun yaratilgan sharoitlar, yangi loyihalarni amalga oshirishda beriladigan imtiyoz va qulayliklar to'g'risida taqdimot o'tkazildi.

Pokistonning “NLC” transport-logistika kompaniyasi bilan “Ayritom” EIZ hududida saqlash omborini tashkil etish bo'yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, “Herbion Naturals” kompaniyasi bilan ham dori vositalarini saqlash omborini yaratish bo'yicha muzokaralar boshlandi.

Pokiston tadbirkorlar delegatsiyasini Surxondaryo viloyati hokimi Ulug'bek Qosimov qabul qildi. Uchrashuvda hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida o'zaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Viloyatning yetakchi iqtisodiy tarmoqlari – qishloq xo'jaligi, sanoat, qurilish, oziq-ovqat va boshqa yo'nalishlardagi salohiyati to'g'risida batafsil ma'lumot berildi.

Peshovar shahrida Surxondaryo sanoat mahsulotlarini, jumladan, ko'mir, oltingugurt, mineral o'g'itlar, ip-kalava va boshqa tovarlarni saqlash omborini tashkil etish va shu yerdan Pokiston turli nuqtalariga yetkazib berish yuzasidan kelishildi.

Viloyatda to'qimachilik, teri va charm mahsulotlari ishlab chiqarish yo'nalishida faoliyat yuritayotgan korxonalar samaradorligini yanada oshirish, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish maqsadida qo'shma loyihalarni amalga oshirish bo'yicha harakatlar rejasi ishlab chiqildi.

Termiz tumanida joylashgan “Amudaryoteks” korxonasi bazasida Pokistonning “Diners Group” kompaniyasi  tomonidan zamonaviy to'qimachilik ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish loyihasi  ishlab chiqildi.

Delegatsiya a'zolarining “Nova pharm” farmatsevtika kompaniyasi va “Top Quality Brand” terini qayta ishlash korxonasiga tashriflari chog'ida ham dori substansiyalarini yetkazib berish va Pokistonga tayyor terini eksport qilish bo'yicha shartnomalar tuzildi.

Shuningdek, Jarqo'rg'on tumanida joylashgan “Surxonsementinvest” korxonasi negizida Pokiston kompaniyasining operativ boshqaruvi orqali jahon bozoriga zamonaviy va raqobatbardosh mahsulotlar bilan kirib borish bo'yicha loyiha kelishildi.

“Dunyo” AA.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 2 =