O'zbekiston – Turkiy davlatlar tashkiloti: Yagona o'tmish va umumiy kelajak
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 noyabr kuni Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) sammiti tadbirlarida ishtirok etish uchun Bishkek shahriga tashrif buyurdi.
Turkiy davlatlar tashkilotiga beshta davlat – Ozarbayjon, Qozog'iston, Qirg'iziston, Turkiya va O'zbekiston a'zo hisoblanadi. Vengriya, Turkmaniston va Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti ushbu tuzilmada kuzatuvchi maqomiga ega.
“Turkiy davlatlar tashkiloti bugungi kunda shakllanayotgan yangi dunyo tartiboti va xalqaro institutlar tizimida o'ziga xos muhim o'ringa ega bo'lib bormoqda, — degan edi O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o'tgan yili Ostona shahrida bo'lib o'tgan TDT sammitidagi nutqida. — 175 million aholini qamrab olgan Tashkilotimiz hududi katta iqtisodiy imkoniyatlar makoni hamdir. Bizning mamlakatimiz Tashkilotning barcha a'zolari bilan strategik sheriklik aloqalari o'rnatganini katta mamnuniyat bilan aytib o'tmoqchiman”.
Eslatib o'tamiz, Turkiy davlatlar tashkilotining amaldagi nomi O'zbekiston Prezidenti taklifi bilan 2021 yil 12 noyabrda tatbiq etilgan. Bundan avval esa tuzilma Turkiy davlatlar hamkorlik kengashi nomi bilan yuritilgan.
Bugungi kunda TDT barcha ustuvor yo'nalishlarda amaliy hamkorlikni rivojlantirishga ko'maklashuvchi samarali xalqaro tuzilmaga aylandi. Tashkilot davlatlarining umumiy yalpi ichki mahsuloti 1,6 trillion dollarni tashkil etadi va 2024 yil oxiriga kelib turkiy davlatlar iqtisodiyoti 1,9 trillion dollarga yetishi kutilmoqda.
Turkiy davlatlar tashkilotining asosiy maqsadi — qardosh davlatlar o'rtasidagi o'zaro ishonch va ko'p qirrali aloqalarni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, energetika, turizm, transport, madaniy-gumanitar sohalarda o'zaro hamkorlikni rivojlantirish, mintaqada tinchlik va xavfsizlikni ta'minlash bo'yicha sa'y-harakatlarni muvofiqlashtirishdan iborat.
Ushbu maqsadni ilgari surishning konseptual asosi 2021 yilning noyabr oyida Istanbul shahrida davlat rahbarlarining 8-sammiti yakunlari bo'yicha qabul qilingan “Turkiy nigoh – 2040” konseptual dasturidir.
A'zo davlatlar o'z oldiga har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, o'zaro munosabatlarni muhokama qilish va chuqurlashtirish uchun platforma yaratish, o'zaro ishonch, do'stlik, yaxshi qo'shnichilikni mustahkamlash, shuningdek, mintaqada va butun dunyoda barqarorlik hamda xavfsizlikni ta'minlash vazifalarini qo'ygan. Shuningdek, tashkilotga a'zo davlatlar umumiy manfaatlarga ega bo'lgan tashqi siyosat masalalari bo'yicha, jumladan, xalqaro tashkilotlar va forumlar doirasida kelishilgan pozitsiyalarni ishlab chiqishdan manfaatdor.
Mintaqaviy va ikki tomonlama hamkorlikni barcha yo'nalishlarda rag'batlantirish, savdo va investitsiyalar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, tovarlar, kapital, xizmatlar, texnologiyalarning erkin harakatlanishi va moliya-bank operatsiyalarini soddalashtirish, har tomonlama va muvozanatli iqtisodiy o'sish, ijtimoiy va madaniy rivojlanishga yo'naltirilgan birgalikdagi sa'y-harakatlar muhim maqsadlardir.
2019 yilda Turkiy davlatlar tashkilotiga qo'shilgan O'zbekiston uchun ushbu tuzilmada ishtirok etish nafaqat iqtisodiy va siyosiy aloqalarni mustahkamlash, balki turkiy dunyoning umumiy madaniy o'ziga xosligini saqlash va rivojlantirish yo'lidagi muhim qadam bo'ldi. O'zbekiston ijtimoiy loyihalarni ilgari surishda tashabbuskorlik ko'rsatmoqda va umumiy merosni asrab-avaylash va hamkorlikni rivojlantirish dasturlarini amalga oshirishda o'zini asosiy sherik sifatida namoyon etmoqda.
2022-2023 yillarda O'zbekiston Turkiy davlatlar tashkilotiga raislik qildi. Raislik boshlanishi 2022 yilning noyabr oyida “Turkiy sivilizatsiyaning yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlik sari” shiori ostida tashkil etilgan Samarqand sammiti bilan belgilandi.
O'zbekiston raisligi davrida 100 dan ortiq tadbirlar o'tkazildi, amaliy hamkorlik uchun qator yangi platformalar yaratildi. Turkiy davlatlar kasaba uyushmalari tashkiloti, Koinot tadqiqotlari akademiyasi, Geografik kengash, Qurg'oqchilikning oldini olish instituti, Notariuslar ittifoqi kabi tuzilmalar faoliyat ko'rsata boshladi. Bir qator nufuzli global va mintaqaviy tuzilmalar — BMT va uning ixtisoslashtirilgan institutlari, Islom hamkorlik tashkiloti, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo'yicha kengash, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bilan yaqin hamkorlik munosabatlari yo'lga qo'yildi. Qayd etish kerakki, O'zbekiston o'z raisligi davrida ochiqlik, inklyuzivlikka asoslangan hamda turli mintaqalar va sivilizatsiyalarni o'z ichiga oluvchi hamkorlikning xilma-xil va moslashuvchan shakllariga intildi.
Samarqand sammiti yakunlari bo'yicha “2022-2026 yillarga mo'ljallangan Turkiy davlatlar tashkiloti strategiyasi”ning qabul qilinishi muhim voqea sifatida e'tirof etildi. Ushbu hujjat turkiy mamlakatlarning “Turkiy nigoh – 2040” konsepsiyasini amalga oshirish bo'yicha birinchi yo'l xaritasi bo'ldi.
2023 yil 3 noyabr kuni Ostona shahrida bo'lib o'tgan TDT sammitida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev turkiy xalqlar oilasining birligini mustahkamlashga, turkiy mamlakatlarning manfaatlari va qarashlarini xalqaro maydonda faol ilgari surishga qo'shgan ulkan hissasi uchun yuksak mukofot — “Turkiy dunyoning oliy ordeni” bilan taqdirlandi.
“Bu mukofotni men birinchi navbatda chinakam birodarlik rishtalari asosida yangidan yuksalayotgan yaqin do'stligimiz va hamkorligimiz ramzi, deb bilaman”, — dedi marosimda davlatimiz rahbari, hamkasblarga minnatdorlik bildirib.
O'zbekiston hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash bo'yicha samarali tashabbuslarni ilgari surib, faol pozitsiyani egallashda davom etmoqda. Bugungi kunga qadar davlatimiz rahbari tomonidan TDT sammitlarida ilgari surilgan 60 dan ortiq tashabbuslar hayotga tatbiq etildi va amalga oshirilish jarayonida.
Mamlakatimiz madaniy-tarixiy merosni asrab-avaylash va ommalashtirish, Markaziy Osiyoni Yevropa va boshqa mintaqalar bilan bog'lovchi yangi savdo va transport yo'nalishlarini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarda faol ishtirok etmoqda. Ta'lim sohasida O'zbekiston talabalar va tadqiqotchilar almashinuv dasturlarida faol ishtirok etib, turkiy mamlakatlar universitetlari va ilmiy markazlari o'rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilyapti. Ta'lim sohasidagi hamkorlik, jumladan, qo'shma ta'lim dasturlari va tajriba almashish uchun akademik platformalar yaratish faol qo'llab-quvvatlanayotir. O'zbekiston tashabbuslarining muhim jihati ham energetika va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi loyihalarni ishlab chiqishdir.
Bugungi kunda mamlakatimiz tashkilotning moliyaviy mexanizmlarini, xususan, joriy yilda o'z faoliyatini boshlagan TDT Investitsiya jamg'armasini mustahkamlash, shuningdek, O'zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkilotning Taraqqiyot bankini tezroq ishga tushirish tarafdori.
O'zbekistonning TDTga a'zo davlatlar va kuzatuvchilari bilan ikki tomonlama hamkorligi ham ijobiy dinamika bilan tavsiflanadi.
Shunday qilib, O'zbekiston Turkiy davlatlar tashkilotining barcha davlatlari bilan munosabatlarini, xususan, Turkmaniston va Vengriya bilan strategik sheriklik, Turkiya va Qirg'iziston bilan har tomonlama strategik sheriklik hamda Qozog'iston va Ozarbayjon bilan ittifoqchilik darajasiga ko'tardi.
Investitsiyaviy hamkorlik ko'lami ham izchil oshib bormoqda. 2017-2022 yillarda TDT mamlakatlari O'zbekiston iqtisodiyotiga 4 milliard AQSh dollaridan ortiq investitsiya kiritdi, bu belgilangan davrdagi umumiy xorijiy investitsiyalar hajmining 8 foizini tashkil etadi.
Muxtasar aytganda, Turkiy davlatlar tashkilotining Bishkek shahrida bo'lib o'tadigan sammiti O'zbekistonning tuzilma salohiyatini rivojlantirish va mustahkamlash bo'yicha yangi tashabbuslarini ilgari surish uchun muhim maydon bo'lib xizmat qiladi. Sammit natijalari esa, shubhasiz, turkiy xalqlar farovonligi va taraqqiyoti yo'lida ko'p tomonlama munosabatlarni yangi mazmun bilan boyitadi.
“Dunyo” AA