Maʼnaviy kamolot manzillari
Maʼnaviyat — şaxs axloqi, dunyoqaraşi va uning atrofdagilarga bölgan munosabatini yorqin aks ettiruvçi musaffo közgu. Aytiş mumkinki, agar jamiyat bir quş bölsa, maʼnaviyat uning qanoti, vujud bölsa — maʼnaviyat uning urib turgan yuragi — jonidir. Mamlakatimiz rahbari Şavkat Mirziyoyev taʼkidlaganlaridek, “boşqaça aytganda, maʼnaviyat — jamiyatdagi barça siyosiy-ijtimoiy munosabatlarning mazmuni va sifatini belgilaydigan poydevor” sanaladi. “Milliy maʼnaviyatimizni rivojlantiriş, uni xalqimiz, ayniqsa, yoşlarimiz hayotiga singdirişda ijtimoiy-gumanitar fanlar tizimining ahamiyati katta” (Şavkat Mirziyoyevning “Yangi Özbekiston taraqqiyot strategiyasi” risolasidan). Ana şu nuqtai nazardan el-yurt manfaatlarini öz şaxsiy manfaatlaridan ustun qöyadigan, irodasi mustahkam, eʼtiqodi butun — çinakam kamolot egalarini tarbiyalaşda til va adabiyotning örni takrorlanmas. Maʼnan barkamol, mulohazakor, kreativ fikrlaydigan, zamon bilan hamnafas, uyğoq tabiatli yoşlar esa kelajak bunyodkorlari, ertangi kunimiz meʼmorlaridir.
I
Til — millatning borligi, borliği, özligini namoyon etuvçi boş mezon. Til — milliy ğurur, oriyat va hamiyat timsoli. Jadid adabiyotining yetuk vakili, olim va pedagog Abdulla Avloniy til va adabiyotga “har bir millatning dunyoda borliğini körsatadurgan oyinai hayoti” deb tavsif beradi. Til millatning nafaqat “dunyoda borligi”, balki uning yaşovçanligi, davomiyligi asosi hamdir. Çunki “odam bolasi dunyoni öz tiliga uyğun tarzda köradi, öz tilining qatʼiy ohanglari özanlaridan çiqib ketmagan holda eşitadi, öz tilining azaliy va muntazam intizomiga muvofiq idrok qiladi. Şuning uçun ham til bemisl tilsimdir” (Nizomiddin Mahmudovning “Tilimizning tilla sandiği” risolasidan). Töğri, tafakkur xazinasini boyitib, tasavvur olamini yanada kengaytirişga xizmat qiladigan sanʼat turlari juda köp. Deylik, rassomçilik, haykaltaroşlik, musiqa, teatr, kino… Ularning har biri öziga xos, ammo söz sanʼatining sehru jozibasi, taʼsir quvvati, ifoda imkoniyatlari baribir çeksiz, çegarasiz. Buyuk mutafakkir va şoir Alişer Navoiy ham söz qudratiga baho berib, bunday deydi:
Sözdurki, nişon berur ölukka jondin,
Sözdurki, berur jonğa xabar jonondin,
Insonni söz ayladi judo hayvondin,
Bilkim, guhari şarifroq yöq ondin.
Şarq adabiyotida komil inson nazariyasining asosçisi Aziziddin Nasafiyning yozişiça: “Bilgilki, komil inson quyidagi tört narsaga mukammal şaklda ega bölgan insondir. Ularning birinçisi — yaxşi söz, ikkinçisi — ezgu faoliyat, uçinçisi — gözal axloq, törtinçisi — ilm”. Mumtoz adabiyotda sözning uluğlanişi, taʼrifu tavsif etilişiga bir sabab şunda. Uluğ insonlar hayoti, ibratli faoliyati köpinça xalqning orzu-umidlari, öy-qaraşlari bilan özaro uyğunlaşib, afsonayu rivoyatlarga qorişib ketgani bor gap. Jumladan, Alişer Navoiy haqidagi xalq rivoyatlari ham fikrimizning bir isbotidir. Ana şunday rivoyatlardan birida aytilişiça, şoh Husayn Boyqaro mulozimlari bilan boğda sayr qilib yursa, boğ etagida gullarni parvarişlab, tabiat gözalliklaridan zavqlanib turgan şoir Navoiyga közi tuşibdi. Hukmdor ançadan buyon özini öylantirib kelayotgan savolga javob topiş maqsadida şoirga işora qilib boşini körsatibdi. Navoiy ham uzoq mulohazaga bormasdan tiliga işora qilibdi. Bu imo-işoralar siriga tuşunmagan mulozimlar birozdan söng Navoiydan izoh söraşibdi. Şoir: “Şoh boşga balo nimadan keladi deb söradi, men tildan deb javob berdim”, degan ekan. Darhaqiqat, Şarq mutafakkirlari azaldan til odobi, axloq gözalligi, söz nafosatiga alohida eʼtibor qaratişgan.
Ahmad Yugnakiy “Hibat ul-haqoyiq” asarida tilni arslonga qiyoslaydi: agar ehtiyotkor bölmasa, u sözlovçining boşini yeydi: “Til arslon turur, kör eşikda yotur Ayo evlug arsiq boşingni yeyur”. Şubhasiz, söz masʼuliyati, unga nisbatan talabçanlik, har bir sözni örinli, maromi va meʼyorida ifoda etişga undaş adabiyotning muhim jihatlaridan biridir. Şu maʼnoda, buyuk mutafakkir Alişer Navoiy sözçi, yaʼni sözlovçiga emas, u aytayotgan sözning maʼnosi, mohiyatiga diqqat qilişga rağbatlantiradi: “Sözçi holin boqma, boq söz holini, Körma kim der oni, körğilkim, ne der”. Söz — özlik tarjimoni. Yaʼni kişining bilimi, saviyasi, maʼnaviy-axloqiy qaraşlari söz orqali yuzaga çiqadi. Oçiği, köpinça til kişilar örtasidagi özaro fikr almaşiş vositasi ölaroq talqin qilinadi. Biroq til ruhiyat ifodasi, idrok tamali, asl “men”lik çiroğidir. Şaxs maʼnaviyatining muhim belgisi bu — muomala. Uluğ şoir Alişer Navoiy “Mahbub ul-qulub”da hilm, yaʼni xuşmuomalalik xususida alohida töxtalgani bejiz emas: “Hilm inson vujudining favoqihliğ (mevali — M.A.) boğidur, odamiyliğ olamining javohirliğ toği”. Körinadiki, barça gözal insoniy fazilatlarning dilbar ifodasi tilda, sözda, uning nafosatida va, albatta, söz sohibining odobu axloqida namoyon böladi. Xöş, unda sözga joziba ulaşuvçi asl tamoyillarning negizi qayerda?
Jömardlik, oliyjanoblik, saxiylik, mehnatsevarlik kabi insoniy fazilatlar inson ongu şuuriga, eng avvalo, ona allasi, ota-bobolar ögiti bilan singadi. Xalq oğzaki ijodi namunalarining mohiyati, sir-sinoatini töla anglamasdan sözning qudratiga baho beriş muşkul. Alla… murğak yurakka marğub sözning totli ohangi. Alla ona — Hayot va bola — Tiriklik davomçisi örtasidagi ruhiy köprikdir. Sözga oşuftalik ham, söz masʼuliyati ham, millatga muhabbatu Vatanga sadoqat hissi ham insoniyatning ibtido qöşiği — alla bilan köngillarga singadi. Maqolu topişmoqlar, ertagu rivoyatlar, xalq qöşiqlari va dostonlari şaxs tarbiyasida muhim ahamiyatga ega bölgan maʼnaviy boyliklarimizdir. Ularda aks etgan matonatu ğayrat, öz-öziga işonç va hayotsevarlik keçinmalari yoş avlod ongu şuuriga fikrni töğri va teran yetkazişda ham yordam berişi aniq. Alpomiş, Göröğli, Kuntuğmiş, Ravşan kabi yovuzlikka qarşi, ezgulikka oşno xalq qahramonlarining sarguzaştlarini tinglab ulğaygan avlodga Vatanning ertangi taqdirini yuksak işonç bilan topşiriş mumkin böladi. Çunki dostonlardagi sarguzaştlar şunçaki sayohat emas, qahramonlarning maʼnaviy manzillarga, maʼrifat böstonlariga, çin insoniylik olamiga yuzlanişi, özlikka evrilişidir. Şu sababli yangi Özbekistonda oşiqlaru jirovlar sanʼati qadrlanib, yil oşa yurtimizda baxşiçilik festivallari ötkazib kelinmoqda.
Darhaqiqat, til — çinakam maʼnaviy qudrat, ruhiy matonat ramzi. Unda millatning nekbin kayfiyati, ölmas tarixi, ertangi yoruğ kunlarga bölgan çeksiz işonçi mujassam. Alişer Navoiy ham öz hikmatlaridan birida tilga eʼtiborni el-yurtga eʼtibor bilan tenglaştiradi. “Muhokamat ul-luğatayn” asarida esa “Söz durrining tafovuti mundin doği beğoyatdur va martabasi mundin ham benihoyatroqdurur, andoqki, şarifidin ölgan badanğa ruhi pok yetar”, deb yozadi. Ulkan şoir Rauf Parfining quyidagi misralari ham uluğ salafining fikrlariga uyğun:
Ona tilim, sen ruhimning qanoti,
Abutturk nafasi, Oltoy çeçagi.
Xun davridan omon keldi Ğiroting,
Qutluğ Enasoyning ezgu ertagi…
Til taqdiriga daxldorlik va ona tilimizga bölgan muhabbat tuyğusi yoşlarimizda asrlar davomida yaşab kelayotgan maʼnaviy qadriyatlarimizga hurmat va iftixor bilan birga, Vatanga fidoyilik kayfiyatini uyğotib, maʼnan yetuklik çöqqilarini egallaşlarida mislsiz ahamiyatga ega bölişi şubhasizdir.
II
Adabiyot — köngil mehvariga sidqu eʼtiqod bilan yuzlaniş demak. Adabiyot qalb oynasini ötkinçi ğuboru xiraliklardan poklab, olamga soflik, töğrilik, adolat nazari ila boqiş qanoatidir. Adabiyot — Haqdan botilni, yaxşidan yomonni, sadoqatdan xiyonatni, adolatdan razolatni ajratişni örgatuvçi, çin odamlik maqomida sobitlik maslagini anglatuvçi, hayot mohiyati, tiriklik mazmunini teran tuşuntiruvçi buyuk ustoz. Unda millat kayfiyati, xalq ruhiyati ifoda topadi. Muayyan xalqning ötmişi, buguni, öziga xos qadriyatlari, orzu-armonlari, dunyo tarixida tutgan örnini biliş uçun uning adabiyotini örganmoq kerak. Ulkan jadid ijodkori Abdulhamid Çölpon “Adabiyot yaşasa, millat yaşar” deganida neçoğliq haq edi. Özbek adabiyoti buyuk bir tarix va beqiyos merosga ega. Xalq donişmandligi namunalari, Avesto, Örxun-Enasoy bitiklaridan oziqlangan söz sanʼati durdonalari Alişer Navoiy ijodiyoti bilan öz taraqqiyotining bemisl bosqiçiga qadar yuksaldi, ham şakl, ham maʼno jihatidan boyib, jahon adabiyotining eng sönggi yutuqlari taʼsirida bugungaça qimmatu eʼtiborini zarraça susaytirmadi. Fikrlar xilma-xilligi, obrazlar dunyosining kengligi, badiiy mahorat mezonlariga turliça yondaşuvlar ijodkorlar va asarlardagi öziga xoslikni yuzaga çiqaruvçi omil deb qaralişi mumkin, ammo adabiyotning boş maslagi hamişa bitta: komil şaxs tarbiyasi.
Şubhasiz, adabiyot obrazlar tilida sözlaydi. Öz istak-xohişlari, maqsad-muddaolarini timsollar orqali bayon etadi, tasvirlaydi. Obraz esa adabiyotning jonli nafasidir. Masalan, Er obrazini olaylik. Tiynati toza, fikrati teran, adolat yölida mardona turgan, xalqni ezgulikka boşlagan benuqson siymolar turkiylar orasida qadimda Er deb uluğlangan. Bu kalima bugungi kunda maʼnosi ançayin toraytirilgan jins tuşunçasini bildiruvçi sözdan farqlanib, çinakam nekbin, saxovatu himmatda, oriyatu hamiyatda, mehnatsevarlik va qatʼiyatda boşqalarga örnak böla oladigan kamolot egalariga nisbatan işlatilgan. Şunga köra, “Har kişi ermen debon ermu bölur, Kelmas işni ilkidin dermu bölur” deb yozadi Alişer Navoiy. Uluğ şoirning nazdida hamma ham Er nomiga loyiq bölavermaydi. Vaʼdasiga vafoli, ahdida sobit, dunyoqaraşi keng, xalq manfaatlari yölida borini ayamaydigan asl zotlar çin Erlardir. Turkiy xalqlar orasida Erali, Erpölat, Ertuğrul kabi ismlarning uçraşi şundan. Azaldan el-yurt yuki, zahmatu maşaqqati çinakam Erlarning zimmasida bölgan, köksida yolqini, nigohida çaqini porlagan alp yigitlar, yoriga sadoqatli, ezgu maqsadlar yölida unga kamarbastalik qilgan dilbar qizlar adabiyotda eʼtirofu tavsif etilgan. Şoir Şavkat Rahmonning:
Bormi er yigitlar, bormi er qizlar,
Bormi gul bağringda jömard nolalar,
Bormi bul tufroqda özligin izlab,
Osmonu falakka yetgan bolalar…
misralari ana şunday: oila mustahkamligi, yurt farovonligi, köngil xotirjamligi, Vatan taraqqiyoti uçun sidqidildan xizmat qilişga şay “jömard”lar haqida bitilgan. “Farhod va Şirin” dostonidagi Şirin tilidan aytilgan quyidagi misralar ham aynan şu jihatdan ahamiyatli:
Menga ne yoru ne oşiq havasdur,
Agar men odam ölsam, uşbu basdur…
Odamlik, odamiylik — uluğ maqom. Jamiyatning maʼnaviy tanazzuliga sabab böladigan riyokorlik, munofiqlik, mahdudlik, yolğonçilik, tanballik, dağallik, kibru manmanlik kabi nojoiz sifatlar “odam”lik mohiyatiga ham butkul begonadir. Aslida, insoniyat otasi, çin odamlik sarvari — Odam alayhissalom mumtoz adabiyotda maʼnaviy kamolot yölboşçisi, yuksak axloq sohibi sifatida ham talqin qilinadi. Mumtoz adabiyotda köksida iymon nuri porlagan, nafs iskanjasidan ruhini xalos aylab, fano holiga yuzlangan beğubor köngillar odamiylik timsollari sanalgan. “Agar men odam ölsam, uşbu basdur…” misrasida ham “odam” sözi ikki maʼnoga işora qiladi: 1. Odam alayhissalom. 2. Odamlik şarafi. “Yoru” “oşiq”larning ötkinçi “havas”lari, nafsoniy istaklaridan havolanmagan, foniy dunyoning maqtovlariyu soxtaliklariga sira aldanmagan, maʼrifati yuksak, idroki baland “er” sifatli “Odam” — Şirinning iqrori bu! Uluğ şoir Şirin timsolida öz davrining jamiyat taqdiriga befarq bölmagan, qolaversa, köngil haqiqatlarini insoniylik matlabi bilan uyğunlaştirgan uluğvor ayollari qiyofasini umumlaştiradi. Yoşlarga, jumladan, xotin-qizlarga ham umid nazari bilan boqadi, ularning millat maʼnaviyatini yuksaltirişdagi örniga yuksak baho beradi. Bugun yurtimizda xotin-qizlarga körsatilayotgan çeksiz eʼtibor, ularning davlat va jamoat işlaridagi faolliklarini qöllab-quvvatlaş, rağbatlantiriş borasida amalga oşirilayotgan ijobiy işlar yangi Özbekiston ğoyasining Alişer Navoiy asarlardagi nekbin qaraşlarga neçoğliq uyğun ekaniga yana bir muhim isbotdir.
Umuman olganda, til va adabiyot yuksak kamolot egalarini tarbiyalaşda, ularni çin insoniylik fazilatlariga oşno etişda, dunyoga millatni millat, xalqni xalq ölaroq tanitişda muhim ahamiyatga ega. Til va adabiyot öz öquvçilarini olam, borliq, tiriklik mohiyati haqida atrofliça fikr yuritiş, jamiyat munosabatlarining tartib-qoidalari xususida mulohaza qilişga undaydi. Yangiça ğoyalar bilan yangi marralar sari dadil intilayotgan ona Vatanimizda maʼnan yuksak, jismonan baquvvat, ruhan uyğoq yoşlarning kamol topişida betakror mavqe egallaydi.
Maqsud ASADOV,
ÖzR FA Özbek tili, adabiyoti va
folklori instituti
direktori örinbosari,
filologiya fanlari doktori,
professor.
