Ijod imkoniyati

Ma'naviyat va ma'rifat targ'ibotining yorqin vositalaridan biri bo'lgan teatr san'ati katta ta'sir kuchiga ega.

Teatr san'ati mustaqillik yillarida har taraflama taraqqiy topdi. Ayniqsa, keyingi yillarda moddiy-texnik bazasi tobora yaxshilanib, ijodiy jarayonlarda mavzular rang-barangligi, imkoniyatlari kengayib borayotgani kuzatilmoqda. Ko'p asrlik davlatchiligimiz tarixi, buyuk davlat arboblari, sarkardalar, ma'rifatparvar jadidlar, ulug' allomalarimizning ibratli hayot yo'llari, ilmiy-ijodiy faoliyati tarannum etilgan hamda mamlakatimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar,  bunyodkorlik ishlari barcha ijodiy sohalar kabi teatrlarda ham o'zining ifodasini topmoqda.

Chunonchi, Marg'ilonda “Maqom” teatrining tashkil topishi, “Tomosha” bolalar teatrining bino bilan ta'minlanishi, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan viloyat qo'g'irchoq teatrlariga yangi binolar qurilishi, Navoiy viloyati qo'g'irchoq teatrining tashkil etilishi, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat teatri, Muqimiy nomidagi musiqiy teatrlariga akademik maqomi berilishi, tarixiy “Kolizey” binosi tubdan ta'mirlanib, unda Madaniyat saroyining tashkil etilishi, ayniqsa, ko'p yillardan beri kutilgan Xalqaro teatr san'ati festivalining o'tkazilishi, Samarqand shahrida o'tkazilgan “Yangi O'zbekiston teatr san'ati: dramaturgiya va rejissuraning dolzarb masalalari” respublika ilmiy-amaliy konferensiyasida milliy teatr faoliyati bilan bog'liq muhim jihatlarga e'tibor qaratilishi ijod ahliga yangi imkoniyatlar taqdim etmoqda. Jumladan, respublika teatrlari o'zining sara spektakllari orqali nafaqat viloyatlar bo'ylab, balki chet el teatr sahnalarida ijodiy gastrol va festivallarida ham milliy teatr san'atining yutuqlarini namoyish etmoqda.

Prezidentimiz tomonidan madaniyat va san'at ijodkorlari bilan o'tkazilgan uchrashuvlar, qabul qilingan qator farmon va qarorlarda madaniyat, teatr san'ati va ma'naviyatga daxldor har bir sohani tahlil qilib, ularni yanada rivojlantirishga e'tibor qaratildi. Jumladan, teatr san'ati sohasida ham qator ijodiy, tashkiliy ishlar ko'zda tutilgani quvonarli. Ayniqsa, dramaturgiyaga e'tibor qaratilib, ularga tarixiy-zamonaviy mavzular bo'yicha yozilgan yigirmata eng yaxshi pyesa uchun ellik million so'mdan qalam haqi to'lash joriy etilishi, ellik nafar ijodiy va yordamchi xodimlarning rivojlangan davlatlar teatrlarida mahoratlarini oshirish yo'lga qo'yilishi, yosh rejissyorlarni qo'llab-quvvatlash maqsadida Bahodir Yo'ldoshev, dramaturgiya sohasida Mahmudxo'ja Behbudiy nomidagi mukofotlar ta'sis etilishi hamda O'zbekiston Teatr arboblari uyushmasi qoshida “Dramaturglar va teatr tanqidchilari klubi” tashkil etilishi teatr san'ati sohasida muhim voqea bo'lib ijod ahlini quvontirdi va yanada samarali faoliyat ko'rsatishga undadi. Shuningdek, Madaniyat vazirligi tashabbusi bilan yaqinda san'atning turli yo'nalishlarida o'tkazilgan “Oltin kuz” iqtidorli yosh ijodkorlar forumida drama, musiqali drama va qo'g'irchoq teatrlarining ko'rigi ham bo'lib o'tdi. Ko'rikda respublika teatrlarining tarixiy, zamonaviy, afsonaviy mavzulardagi spektakllari namoyish etilib, unda teatrlarning ijodiy va moddiy bazasi yaxshilanganligi, davlat buyurtmalariga mablag' ajratilayotganligi yaqqol sezilib turdi. Spektakllar namoyishi tomoshabin va mutaxassislarda ijobiy taassurot qoldirdi.

Yangi O'zbekistonimizda uchinchi Renessans uchun mustahkam poydevor yaratilayotgan hozirgi davrda teatr san'ati oldingi saflarda bo'lishini hayotning o'zi taqozo etmoqda. Chunki tomoshabinlarga ko'rsatilayotgan spektakllar xoh tarixiy, xoh zamonaviy mavzularda bo'lsin, g'oyaviy-badiiy, tarbiyaviy jihatdan saviyasi yuqori bo'lishi talab etiladi. Inson qalbiga, ma'naviyatiga ijobiy ta'sir qilish orqali ruhiy kamolotga undashi zarur. Spektakllar mavzusi, g'oyasi, rejissurasi, ayniqsa, aktyorlar ijrosi bilan tomoshabin qalbini zabt etishi, uni larzaga solishi lozim.

Teatrlarning repertuarlarida tarixiy, zamonaviy mavzulardagi, jahon dramaturgiyasining namunalari, bolalar uchun asarlar bo'lishi tabiiy hol. Lekin repertuarda zamonaviy mavzu yetakchilik qilishi kerak. Chunki yangilanayotgan mamlakatimizning hamma jabhalarida islohotlar, yangilanishlar avj olib boryapti. Zamondoshlarimizning dunyoqarashi, turmush tarzi, o'y-xayollari, ichki dunyosini ochib beradigan, zamon qahramonini aks ettiradigan obrazlar odamlarga, ayniqsa, yosh avlodga sahnada ko'rsatilgan hayotiy voqealar orqali ibrat bo'lishi joiz.

Ma'lumki, teatr san'ati tarbiya jarayonida bilvosita qatnashadi. Ya'ni spektakl qahramonlarining xatti-harakatlari, vatanparvarligi, axloq-odobi, kiyinishi, gap-so'zi, ijobiy yoki salbiy xislatlari tomoshabin ko'z o'ngida namoyon bo'ladi, ulardan zavqlanadi, o'rnak, ibrat oladi yoki nafratlanadi. Shu bois zamonaviy mavzulardagi asarlarni ko'paytirish uchun dramaturglarga buyurtmalar berib, sharoit yaratish kerak. Ya'ni dramaturglar ishlab chiqarishlarda, xalq orasida bo'lib, turli toifadagi odamlarning ish sharoitini, ruhiyatini, ­dunyoqarashini, xarakterlarini o'rganib, pyesa yozsalar, asarlari hayotiylik kasb etadi. Dramaturglarga beriladigan davlat buyurtmalarining kamida yarmini  zamonaviy mavzudagi asarlar tashkil qilsa, maqsadga muvofiq bo'lar edi. Bu borada “Seni kuylaymiz, zamondosh!” teatr san'ati festivalini muntazam o'tkazib turish ham ijodkorlarni ruhlantiradi va rag'batlantiradi.

Yosh dramaturglarni teatrlarga jalb qilish, yozilgan pyesalarni e'tibor bilan ko'rish, ularga ustoz dramaturglar “ustoz-shogird” sifatida ko'maklashishlari lozim. Yosh dramaturg, rejissyorlarning  “Debyut” hamda turkiy xalqlarning “Navro'z” xalqaro teatr san'ati festivallarini davom ettirish ham foydali bo'lar edi.

Teatr san'atini ommaga yanada yaqinlashtirish maqsadida jadid dramaturglari va boshqa tarbiyaviy ahamiyatga molik pyesalarni professional teatrlar bilan bir qatorda, havaskorlik xalq teatrlari, mustaqil teatr studiyalari, maktab, oliy o'quv yurtlari to'garaklarida sahnalashtirib, ommalashtirishni davr taqozo etmoqda. Mamlakatimizda besh tamoyilning birinchisi bo'lgan qirqta professional teatr, ko'plab “Xalq teatrlari”, yana qator mustaqil teatr studiyalari, oliy o'quv yurtlari qoshidagi teatr guruhlari bor, qanchadan-qancha maktablar, litseylardagi teatr to'garaklari faoliyat ko'rsatishi lozim. Bularni qaysi tashkilot birlashtirib, repertuariga yordam beradi? Barining boshini qovushtiradigan O'zbekiston Teatr arboblari uyushmasi bo'lishi kerak. Buning uchun, avvalo, uyushmaning faoliyatini kuchaytirish lozim. Bu teatrlarga ko'plab pyesalar kerak bo'ladi. Shu sabab, dramaturglarga e'tiborni yanada oshirish, havaskor teatrlarda g'oyaviy barkamol original pyesalar sahnalashtirilishi lozim va mualliflariga qalam haqi to'lanishini yo'lga qo'yish maqsadga muvofiq bo'lur edi. Ishlayotgan jamoalarga ko'maklashish, ularni moddiy va ma'naviy jihatdan qo'llab-quvvatlash kerak. Bu jamoalarning ijodiy faoliyatini kuchaytirish uchun ko'rik-tanlovlar va festivallarni muntazam o'tkazib turish, rag'batlantirib borish, ularning ijodiy salohiyatlaridan unumli foydalanish orqali yoshlar ma'naviy olamini boyitib, milliy o'zlikni anglashga xizmat qilish zarur.

Yana bir mulohaza, poytaxtimizning eski shahar qismidagi Abdulla Qodiriy nomidagi bog'da ijodiy uyushmalar, san'atkorlar xiyoboni tashkil etilsa. U yerda Teatr arboblari uyushmasi, aktyorlar uyi, teatr muzeyi, viloyatlardan keladigan san'atkorlar uchun 40-50 o'rinli mehmonxona, 100-200 o'rinli eksperimental teatr qurilsa hamda xiyobonda atoqli teatrshunoslar, rejissyorlar, aktyorlar, kompozitorlar, dramaturglar, rassomlarning byustlari o'rnatilib, bog' obod qilinsa, maqsadga muvofiq bo'lardi. Hozir esa bir chetida buyuk yozuvchi, dramaturg Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi, yozuvchining haykali va “Turon” kutubxonasi mavjud. Shularga uyg'un holda ushbu majmua davom ettirilsa, ijodkorlar va xalq uchun obod maskan yuzaga kelib, turli tadbirlar, xalq sayillari o'tkazilishi mumkin bo'lar edi. Aslida ham bu bog' eng gavjum joylardan hisoblangan, bog'da Hamza nomidagi teatr (hozirgi O'zbek Milliy akademik drama teatri)ning yozgi binosi bo'lgan, unda spektakllar namoyish etilib, har xil ko'ngilochar tadbirlar o'tkazib kelingan.

Chet ellardan kelgan mehmonlar, turistlar uchun milliy ruhdagi tomoshalar ko'rsatilsa, milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko'rgazma savdolari tashkil etilsa, nur ustiga nur bo'lar edi.

Umumta'lim maktablari, musiqa va san'at maktablariga adabiyot va san'at sohasining ulug' namoyandalari nomlari berilib, ularning ibratli hayoti, ijodiy faoliyatini aks ettiruvchi kichik muzeylar tashkil qilinsa, ham ularning nomi abadiylashtirilgan, ham ulg'ayib kelayotgan yoshlar ko'z o'ngida millat buyuklari jonlangan bo'lar edi. Shunday tadbirlardan birini O'zbek davlat drama teatriga teatr arbobi Abror Hidoyatov nomini qaytarish bilan boshlash mumkin. Teatr binosidagi tarixiy lavhani qayta tiklash hamda aktyorlarning ijro mahoratini o'stirish va ularni rag'batlantirish maqsadida Abror Hidoyatov nomidagi mukofotni ta'sis etish ham ijodiy jarayonga ijobiy ta'sir ko'rsatishi shubhasiz. Bundan tashqari, respublikadagi boshqa teatrlarga ham jadid bobolarimiz, atoqli aktyor va rejissyorlar, dramaturglarning ulug' nomlari berilsa, san'at ahli va san'atsevar xalqimizga ajoyib tuhfa bo'lar edi.

Esonboy O'RINOV,

O'zbekiston Teatr arboblari uyushmasi bosh mutaxassisi,

teatrshunos, “Do'stlik” ordeni va “Shuhrat” medali sohibi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

sixteen − 2 =