Saodat burjidagi Vatan

Yigirmanchi asr… Tarix. Asriy zulmat qoplagan ona zamin ingroqlari:

– Ota, nega g'amginsiz?

– Kutyapman quyoshni.

– Ona, nega ma'yussiz?

– Sinayapman bardoshni.

– Aka, tog'dek yelkangiz

Nega g'amdan bukilgan?

– Cheksiz paxtazorlarga

Mening umrim ekilgan.

– Opa, huv tutlardagi

Chayqalayotgan nima?

– Shamol tuqqan bolalar…

Boshqa hech narsa dema…

– Singlim, rangingda qon yo'q…

Kechir, yo'lingni to'sdim.

– Uka, jon ketib borar,

Paxtazorda qon qusdim…

Yigirma birinchi asr… Uchinchi Renessans poydevoriga qo'yilgan oltin g'ishtlar shu'lasi ruhni yayratadi. Islom sivilizatsiyasi markazining muhtasham me'moriy mo''jizasidan taralayotgan Qur'oni karim nurlari beorom dunyo qalbiga malham qo'ymoqqa shoshiladi. Men nima uchun xayollarda bir asr nariga ketdim? Chunki lipillagan kerosin chiroq shu'lasida bolalik tongini umidsiz kutgan qizaloq bugun yulduzlar shu'lasida shu'lalanib, O'zbekiston Respublikasi xalq shoiri degan yuksak Davlat mukofotiga sazovor bo'lib turibdi. Muhtaram Prezidentimiz boshchiligida jannatlarga aylanayotgan, esayotgan nasimlari behisht shamollarini eslatuvchi, butun dunyo hayrat ko'zi bilan qarab, bir ko'rishga intizor bo'lgan Yangi O'zbekistonimda faxr va shukuh bilan yuribdi.

 

Yangi O'zbekiston – buyuk Uyg'onish,

Uchinchi Renessans tarixga kirdi.

O'tayotgan kunlar saltanatida

O'zbekiston dunyo tomon yuz burdi.

Sarhadlar ochildi. Ochildi yo'llar,

Yanada yorqinroq porladi oftob.

Ona allalari hayotga qaytdi,

Sahro qumlariga singidi sarob.

 

Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev madaniyat, san'at va adabiyot namoyandalaridan bir guruhiga Davlat mukofotlarini tantanali ravishda topshirar ekan, ishtirokchilarga shunday yuzlandi:

– Davlatni iqtisod ko'taradi, qonun boshqaradi, armiya himoya qiladi. Lekin qaysi mamlakat adabiyot va madaniyatga e'tibor bersa, kelajagi mustahkam bo'ladi. Qaysi jamiyat ijod va san'atni qadrlasa, o'sha xalqning ma'naviy immuniteti kuchli bo'ladi.

Shuningdek, Prezidentimiz ustoz Erkin Vohidovning “O'zbegim” qasidasi o'sha og'ir zamonlarda xalq ruhiga qanchalar ma'naviy quvvat va kuch bo'lganligini alohida ta'kidlab o'tdi. Bugungi ijodkorlar oldida ushbu she'riy janrga bo'lgan nuqtai nazar va uni tiklash vazifasi turganligini eslatdilar. “Mening niyatim – har bir xonadonga musiqa cholg'usi kirib borsin, har bir o'g'il-qizimiz musiqa chalishni o'rgansin. Chunki san'atni, musiqani sevgan bolaning qalbi toza, tafakkuri keng bo'ladi”, – dedi Prezidentimiz.

Yurtboshimizning “o'zbek xalqi g'ijjak san'atini dunyoga yoyish to'g'risida”gi fikrlari ham anjuman qatnashchilari tomonidan qizg'in qo'llab-quvvatlandi.

Kunning ikkinchi yarmidagi ijodiy muloqot har bir qatnashchining ruhiyatida bir olam evrilishlar yasadi. Ochiq, erkin, mardona fikr almashuvlar Yangi O'zbekistonning yangi insonlari fikratida ulug' o'zgarishlar sodir bo'layotganini Vaqt ko'zgusida ko'rsatdi. Inson qadri, qalbi, omili uchun davlat byudjetidan ajratilayotgan, raqamlari hayratga solayotgan moddiy imkoniyatlar rejasi hammani lol qoldirdi. Masalan, adabiyot sohasi vakillari uchun munosib ijodiy muhit, sharoit yaratish va rag'batlantirish bo'yicha ham qator yangi imkoniyatlar rejasi taqdim etildi. Endi shoir va yozuvchilarga yiliga kamida 50 ta eng sara asar uchun ijodiy davlat buyurtmasi berish yo'lga qo'yiladi. Har yili o'zbek adabiyotining eng yaxshi 10 ta asari xorijiy tillarga tarjima qilinadi va mualliflari ishtirokida chet ellarda taqdimotlar o'tkaziladi. Bundan buyon Yozuvchilar uyushmasi tavsiyasi asosida chop etiladigan kitoblarning qog'oz bilan bog'liq xarajati davlat tomonidan qoplanadi. Shuningdek, yosh iste'dodlarning she'riyat bilan san'atni uyg'unlashtirgan she'riy konsertlar tashkil etish tashabbuslari ham qo'llab-quvvatlandi. Ko'ngilga xush yoqadigan yana bir jihat – ushbu yo'nalishda taqdim etiladigan eng sara 100 ta loyiha davlat hisobidan moliyalashtiriladi. Endilikda har yili 1 ming nafar shoir va yozuvchi, madaniyat va san'at vakillari, muzey xodimi va rassomlarga uy-joy olish uchun ipoteka krediti dastlabki to'lovining 50 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi.

Boshqa hududdan kelib ishlayotgan ijodkorlarga uy-joy ijarasi uchun Toshkent shahrida oyiga 2,5 million so'mgacha, viloyatlarda 1 million 600 ming so'mgacha xarajatini qoplab berish yo'lga qo'yiladi. Ijodiy tashkilotlar, madaniyat va san'at muassasalariga boshqa hududdan kelib ishlayotgan soha vakillari ham ko'p. Ularga ham uy-joy ijarasi uchun Toshkent shahrida oyiga 2,5 million so'mgacha, viloyatlarda 1 million 600 ming so'mgacha xarajatini qoplab berish joriy etiladigan bo'ldi. Bular hammasi emas! E'tibor qiling, har yili faoliyatida yaxshi natijaga erishgan 1 ming nafar soha xodimi davlat tibbiy sug'urta jamg'armasi hisobidan bepul davolanadi. Yana 2 ming nafar ijodkorga davlat tomonidan tibbiy sug'urta paketi taqdim etiladi. Kamida 10 yil ishlagan xodimlarga sanatoriylarga bepul yo'llanma beriladi. 15 iyundan xalq artisti, xalq shoiri, xalq yozuvchisi kabi yuksak faxriy unvonga ega ijodkorlarning aeroport va vokzallardagi “VIP” zallardan bepul foydalanishi ta'minlanadi…

Qudratli ummon suvini o'lchaydigan imkoniyat yo'q. Tarixiy jarayon ishtirokchisi sifatida men ushbu ummondan bir tomchigina oldim, xolos. Biroq tomchida quyosh aks etganidek, muhtaram Prezidentimiz boshchiligida mislsiz taraqqiyot shiddati bilan ilgarilayotgan Yangi O'zbekistonning betimsol suvrati aks etib turibdi. Saodat burjidagi ona Vatanimiz uchun tunni kunga ulab, oromdan voz kechib, qat'iy siyosiy iroda bilan mamlakatni boshqarayotgan qadrli Prezidentimiz uchun ko'kka o'rlayotgan el duosi hammamiz uchun ham nihoyatda yoqimlidir.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × five =