Vatan manfaati muqaddas

Ichki ishlar organlarida xodimlarning kasbiy tayyorgarligi va malaka oshirish jarayonlarini yagona uzluksiz ta'lim tizimiga birlashtirish yo'lga qo'yildi

Inson tug'ilib o'sgan yurt tuprog'i, tarixi, tili va qadriyatlari uning qalbida alohida o'rin egallaydi. Vatanga muhabbat va sadoqat esa har bir fuqaroning yuksak burchidir. Vatanga sadoqat faqat so'zda emas, balki amaliy ishlarda namoyon bo'ladi. Zero, Vatanga xizmat qilish — yurt tinchligini asrash, qonunlarga rioya etish, halol mehnat qilish va jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo'shish demakdir.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vatan himoyachilari kuniga bag'ishlangan marosimda: “Mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalik xalqimizning eng katta boyligidir”, deya ta'kidlagan edi. Davlatimiz rahbari bu bebaho boylikni asrash, jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligini ta'minlashda ichki ishlar organlari xodimlarining xizmati beqiyos ekanini aytib, tinchlikni asrash nafaqat kasbiy vazifa va majburiyat, balki Vatan oldidagi muqaddas burch, xalqqa xizmat qilish esa yuksak sharaf ekanini uqtirdilar.

Darhaqiqat shunday. Ichki ishlar organi xodimlari uchun ham Vatanga sadoqat, avvalo, o'z xizmat vazifasini vijdonan va halol bajarishdan boshlanadi. Xodim har qanday vaziyatda qonun ustuvorligini ta'minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat tartibini saqlash hamda yurt tinchligiga tahdid soluvchi xavf-xatarlarning oldini olish uchun yuqori kasbiy tayyorgarlikka ega bo'lishi zarur. Ushbu vazifalarni sidqidildan bajarishda xodimdan yuksak kasbiy mahorat bilan bir qatorda mardlik, jasorat, sabr-toqat, qat'iyat va sadoqat talab etiladi.

Muhimi — har bir fuqaroga qonun doirasida, xolis va insonparvar munosabatda bo'lish, xalq ishonchini oqlash hamda o'z sha'ni va qadr-qimmatini asrashdir. Ichki ishlar sohasida xizmat qiluvchi har bir xodim xatti-harakatida davlatga, qonunga va xalqqa bo'lgan hurmat hamda mas'uliyat yaqqol sezilib turishi lozim.

Xalqqa xizmat qilish — yuksak sharaf. Uning “Xalqimga, Vatanimga sadoqat bilan xizmat qilaman!” deb qasamyod qabul qilishi zamirida el-yurt tinchligi va osoyishtaligi yo'lida tunlarni bedor o'tkazish, og'ir va murakkab vaziyatlarda mas'uliyatni o'z zimmasiga olish, fuqarolarning hayoti va xavfsizligini ta'minlashdek fidoyilik yotadi.

Har bir xodim shaxsiy manfaatlaridan ko'ra el-yurt manfaatlarini ustun qo'yishi, har qanday sharoitda o'z burchiga sodiq qolishi shart.

Ayniqsa, fuqarolar bilan eng ko'p muloqotda bo'ladigan profilaktika inspektorlari, yo'l harakati xavfsizligi, patrul-post xizmati vakillari va umuman har bir xodim shuni chuqur anglashi kerakki, ularning faoliyati ortida minglab insonlarning tinch va xotirjam hayoti turibdi.

Mamlakatimizda mahalla profilaktika inspektorining xizmat xonasi u bilan tezkor bog'lanish uchun maxsus aloqa tugmasi bilan jihozlanmoqda. Ya'ni profilaktika inspektori qaerda bo'lishidan qat'i nazar, aholi uning qo'l telefoni yoki planshetiga tun-u kun bog'lana olishi ta'minlanishi shart. Ma'lumki, joriy yil “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb nomlandi. Har qanday huquqbuzarlikning oldini olishda esa asosiy bo'g'in aynan mahalla profilaktikasi hisoblanadi.

2016 yil 16 sentyabrda “Ichki ishlar organlari to'g'risida”gi Qonunning qabul qilinishi va 2017 yil 9 fevralda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ichki ishlar organlari faoliyati, tizimda mavjud muammo va kamchiliklar hamda istiqboldagi vazifalarga bag'ishlangan yig'ilishdagi ma'ruzasi sohada yangi davrni boshlab berdi. “Inson manfaatlarini ta'minlash uchun, avvalo, uning huquq va erkinliklari, osuda va farovon hayoti ishonchli himoya qilinmog'i zarur” mavzusidagi ushbu ma'ruzada Davlatimiz rahbari shunday degan edi: “Eng muhimi, xalqimiz o'z hayotidan va davlatdan rozi bo'lib yashashini ta'minlash bugun barchamizning bosh vazifamizdir. O'ylaymanki, asosiy vazifasi mamlakatimizda huquq-tartibot hamda aholi osoyishtaligini ta'minlash bo'lgan ichki ishlar organlaridan xalqimiz bugungi kunda rozimi, ular faoliyati zamon talablariga mos keladimi yoki yo'qmi, degan savolga javob berish vaqti keldi”.

Shubhasiz, oradan yillar o'tgan bo'lsa-da, bu talab bugun ham o'z ahamiyatini yo'qotgani yo'q.

Qaysi hududda hokimlik, prokuratura, ichki ishlar organlari va jamoat tashkilotlari bir yoqadan bosh chiqarib, oqilona, eng muhimi, adolat va halollik bilan ish olib borayotgan bo'lsa, o'sha yerda odamlar hayotdan rozi bo'lib yashamoqda, vaziyat barqaror bo'lib turmoqda. Prezidentimiz ta'kidlaganlaridek: “Huquqbuzarliklarni profilaktika qilish ishlari talab darajasida olib borilyapti. Profilaktika inspektorlari faoliyatida ularga haddan tashqari ko'p ish yuklash, ishlarni soxtalashtirish, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari bilan yetarli darajada hamkorlik qilmaslik holatlari ancha kamaydi”.

Eng asosiy maqsad — ichki ishlar organlarini aholiga o'z vaqtida va sifatli yordam ko'rsatadigan, har bir xodimi “Xalq manfaatlariga xizmat qilish”ni o'z burchi deb biladigan, ijtimoiy yo'naltirilgan professional tuzilmaga aylantirishdan iborat edi.

Tub islohotlarning eng muhim natijalaridan biri — ichki ishlar organlarining xalqqa yaqinlashtirilgani bo'ldi. Xodimlarning asosiy e'tibori joylardagi muammolarni aniqlash, fuqarolar murojaatlarini o'rganish va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratildi.

2020 yilga kelib markaziy apparatdagi shaxsiy tarkibning 85 foizi bevosita aholi yashash punktlari va quyi tizimlarga tushirildi, 200 ga yaqin ichki ishlar bo'limi va bo'linmalari faoliyati qayta tashkil etildi. Profilaktika, jinoyat-qidiruv, tergov, patrul-post, yo'l-patrul va boshqa xizmatlar o'n yil mobaynida yangi mezonlar asosida shakllantirildi. Bu o'zgarishlar ichki ishlar organlari xodimining asosiy vazifasini — aholi xavfsizligi va osoyishtaligini ta'minlashni yanada samarali tashkil etishga xizmat qildi. Demak, profilaktika faoliyati asosiy yo'nalishga aylandi. Islohotlar natijasida jinoyat sodir etilgandan keyin uning oqibati bilan kurashishdan ko'ra, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga ustuvor ahamiyat berilmoqda.

Mahallabay ishlash, aholi muammolarini o'rganish, profilaktika inspektorlarining faoliyatini kuchaytirish, yoshlar va oilalar bilan manzilli ishlash tizimi takomillashtirildi. Keyingi bosqichda ijtimoiy profilaktika mexanizmlari ham shakllantirilib, profilaktika inspektorlari va “mahalla yettiligi”ning hamkorligi yo'lga qo'yildi. Bunday yondashuvning ahamiyati shundaki, jinoyatchilikka qarshi kurashish faqat ichki ishlar organlarining emas, balki mahalla, ta'lim muassasalari, davlat tashkilotlari va jamoatchilikning hamkorligi asosida amalga oshiriladigan tizimga aylanmoqda.

Zamonaviy boshqaruv va raqamlashtirish islohotlari jarayonida boshqaruv tizimi ham qayta ko'rib chiqildi. Ichki ishlar vazirligi markaziy apparati optimallashtirilib, tezkor-qidiruv, jamoat xavfsizligi, transport va turizm ob'yektlarida xavfsizlik, jazoni ijro etish, ma'naviy-ma'rifiy ishlar va kadrlar bilan ta'minlash kabi yo'nalishlarda 2024-2025 yillarda ixtisoslashgan tuzilmalar tashkil etildi. Shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish ham muhim yo'nalishga aylandi. Ichki ishlar organlari tomonidan ko'rsatilayotgan davlat xizmatlari elektron shaklga o'tkazilgani fuqarolar uchun qulaylik yaratish, byurokratik to'siqlarni kamaytirish va xizmat ko'rsatish sifatini oshirishga qaratilgan muhim qadam bo'ldi.

Kadrlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish — yana bir muhim yo'nalishdir. Zamonaviy profilaktika xodimi nafaqat jismonan baquvvat va tezkor, balki chuqur huquqiy bilimga ega, yuksak ma'naviyatli, insonparvar va mas'uliyatli bo'lishi ta'minlandi.

O'ta muhim yo'nalish — xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish hamda xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlashga katta e'tibor qaratilgani bo'ldi. Natijada ulkan maqsad — xalq ishonchini oqlaydigan professional xodimlar korpusini shakllantirish va rivojlantirish tizimli yo'lga qo'yildi.

So'nggi yillarda mahallalarda huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash va oldini olishga qaratilgan tizimli ishlar kuchaytirildi. 2025 yilda kriminogen vaziyati og'ir mahallalarda ichki ishlar organlari va boshqa mutasaddi tashkilotlarning hamkorligi asosida “yagona faoliyat zanjiri” va tegishli huquq-tartibot tuzilmalari faoliyati yo'lga qo'yildi. Shuningdek, mamlakatimiz mahallalarining yarmidan ko'pida o'tgan yili birorta ham jinoyat sodir etilmadi.

Aytish joizki, 2016 yil oktyabridan boshlangan va hozirda izchil davom etayotgan tub islohotlar ichki ishlar organlari faoliyatini mazmunan yangi bosqichga olib chiqdi. Tizimda huquqiy asoslar mustahkamlandi, boshqaruv va xizmatlar takomillashtirildi, profilaktika ishlariga ustuvor ahamiyat berildi, raqamlashtirish jarayoni jadallashdi hamda ichki ishlar organlarining aholi bilan yaqin hamkorligi kuchaytirildi. Shu ma'noda, ichki ishlar organlaridagi islohotlarning haqiqiy samarasi yurtda xalqning tinchligi, xavfsizligi va davlat organlariga bo'lgan ishonchi bilan baholanadi. Islohotlardan ko'zlangan asosiy maqsad ham shu — xalqqa yaqin, xalq ishonchini oqlaydigan, Vatanga sadoqat bilan xizmat qiladigan zamonaviy ichki ishlar organlarini shakllantirishdir.

Ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xodimlarning kasbiy bilim va ko'nikmalarini muntazam ravishda oshirib borish, ularni zamonaviy talablar asosida tayyorlash hamda xizmat vazifalarini yuqori professional darajada bajarishini ta'minlash tizimli islohotlarning muhim yo'nalishlarini tashkil etadi.

Malaka oshirish tizimidagi yangi yondashuv: ichki ishlar organlarida xodimlarning boshlang'ich kasbiy tayyorgarligi, qayta tayyorlash va malaka oshirish jarayonlarini yagona uzluksiz ta'lim tizimiga birlashtirishga asos solindi. Avvalgi o'quv markazlarining shtat birliklari va moddiy-texnika bazasini IIV Malaka oshirish institutiga o'tkazish belgilandi. Shu orqali xodimlarni tayyorlash va ularning kasbiy salohiyatini yanada yuksaltirishda yagona yondashuvni shakllantirish imkoniyati yaratildi.

Malaka oshirish endi faqat xodimni ma'lum muddat o'quv muassasasida o'qitish bilan cheklanib qolmaydi. Masofaviy va mobil-sayyor o'quv kurslarini tashkil etish amaliyoti ham joriy etildi. Bu xodimlarni xizmatdan ajratmagan holda bevosita joylarda o'qitish va ularning amaliy bilimlarini muntazam yangilab borish imkonini berdi. Eng muhim yangiliklardan biri — ichki ishlar organlarida uzluksiz o'quv-karyera jarayoni tizimining joriy etilganidir.

Bunda xodimning ta'lim olishi, kasbiy tayyorgarligi, malaka oshirishi va xizmatda lavozim bo'yicha o'sishi o'zaro uzviy ravishda bog'landi. Ya'ni xodim uchun “o'qish — malaka oshirish — xizmat — lavozim bo'yicha o'sish” tamoyili asosida aniq kasbiy rivojlanish mexanizmi shakllantirildi.

Ayrim lavozimlarga tayinlanish va maxsus unvonlarni olishda qayta tayyorlash hamda malaka oshirish kurslarini o'tash muhim talablardan biri sifatida belgilandi. Bu esa xodimning kasbiy bilimi va tayyorgarligi uning xizmatdagi o'sishi bilan bevosita bog'lanishini ta'minlaydi. Islohotlarning yana bir muhim jihati — ta'lim jarayonida nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg'unlashtirishga katta e'tibor berilayotganidir.

Zamonaviy o'qitish usullari, modulli ta'lim, amaliy mashg'ulotlar, situatsion va imitatsion poligonlardan foydalanish orqali xodimlarni real xizmat sharoitiga yaqin bo'lgan vaziyatlarga tayyorlash imkoniyati kengaydi. Malaka oshirish instituti bazasida maqsadli situatsion-imitatsion poligonlarni tashkil etilishi faqat nazariy bilim emas, balki murakkab vaziyatlarda to'g'ri qaror qabul qilish, fuqarolar bilan muloqot qilish, qonun talablariga qat'iy amal qilish va xizmat vazifasini professional darajada bajarish ko'nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi.

Rahbar kadrlar tayyorlashda ham yangi tizimga alohida e'tibor qaratildi. Vazirlik akademiyasida rahbar kadrlar uchun “Tashkiliy-taktik boshqaruv” va “Tashkiliy-strategik boshqaruv” yo'nalishlari bo'yicha magistratura tizimi joriy etildi. Bu orqali kelajak rahbarlarini zamonaviy boshqaruv, strategik fikrlash hamda professional qaror qabul qilish ko'nikmalariga ega mutaxassislar sifatida tayyorlashga kirishildi. Ayni paytda ilg'or xorij tajribalaridan ham keng foydalanilmoqda.

Hozirgi paytda ichki ishlar organi xodimi oldiga qo'yilayotgan talablar tobora ortib bormoqda. Xodim huquqiy bilimga ega bo'lish bilan birga, axborot texnologiyalaridan foydalanish, fuqarolar bilan samarali muloqot qilish, ziddiyatli vaziyatlarni to'g'ri hal etish, jamoat xavfsizligini ta'minlash va zamonaviy jinoyatchilik turlariga qarshi kurashish bo'yicha zarur ko'nikmalarni egallashi lozim.

Malaka oshirish — bir martalik o'quv emas, balki xodimning butun xizmat faoliyati davomida davom etadigan kasbiy rivojlanish jarayonidir.

Vatanga sadoqat — xodimning muqaddas burchi, xalqqa xizmat qilish esa uning yuksak sharafidir. Yurt tinchligi, xalq osoyishtaligi va qonun ustuvorligini ta'minlash yo'lida xizmat qilayotgan har bir xodimning fidokorona mehnati yuksak e'tirofga munosib. Vatanga sadoqatli, burchiga vafodor, xalq ishonchini oqlaydigan xodimlar bor ekan, yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi yanada mustahkam bo'laveradi.

Olimjon AHMEDOV,

IIV Malaka oshirish instituti boshlig'i,

polkovnik.

 

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 + 17 =