Yangi orzular sari

Yangi o'quv yilining ilk qo'ng'irog'i — bolalikning beg'ubor lahzalari, ustoz mehri va katta orzular bilan bog'liq unutilmas sadolar har yili minglab qalblarda yangi umidlar uyg'otib, bilim va kamolot sari chorlaydi. Poytaxtimizdagi 317-ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktabida ham 2026-2027 o'quv yili ana shunday ko'tarinki ruh, katta shijoat va ezgu niyatlar bilan boshlandi.

Yangi o'quv yilining ilk kunida maktab hovlisidagi har bir nigohda o'zgacha quvonch bor edi. Bir tomonda qo'lida guldasta tutgan, maktab ostonasidan ilk bor hatlayotgan jajji o'g'il-qizlar, ikkinchi tomonda esa farzandining quvonchini baham ko'rayotgan ota-onalar. Ustozlar chehrasida esa yana bir yangi avlodga bilim berish mas'uliyati va sharafi aks etgandi.

Tadbir “Yagona Vatan, yagona xalq bo'lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida o'tkazildi.

Ta'kidlash joizki, 1995 yilda tashkil etilgan 317-ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktabi bugun 31 yillik boy tajriba va an'analarga ega ta'lim dargohi sifatida faoliyat yuritmoqda.

Muassasa 1251 nafar o'quvchiga mo'ljallangan bo'lsa-da, hozirgi paytda unda 2330 nafardan ziyod o'quvchi tahsil olmoqda. Bu ko'rsatkich ushbu maktabga bo'lgan yuksak ishonch va e'tiborning, yaratilgan munosib sharoitlar hamda fidoyi pedagoglar mehnatining yorqin ifodasidir, deyish mumkin.

2026-2027 o'quv yilida 317-maktabning 1-sinfi uchun 8 ta sinf tashkil etilib, 280 nafar o'quvchi qabul qilindi. Kechagina bog'cha tarbiyalanuvchisi bo'lgan jajji o'g'il-qizlar bugun maktab formasida, qo'llarida gullar bilan katta hayotning birinchi sahifasini ochdilar.

Ayniqsa, birinchi sinfga qabul qilingan o'quvchilarning Prezident sovg'alarini katta hayajon va quvonch bilan qabul qilib olgani bayramga yanada fayz bag'ishladi. Bolajonlarning beg'ubor tabassumi, ko'zlaridagi quvonch va kelajakka ishonch yangi o'quv yilining eng go'zal manzaralaridan biri bo'ldi.

Yangi o'quv yilini munosib kutib olish uchun maktab jamoasi tomonidan barcha zarur tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi. Ta'lim jarayonini samarali tashkil etish, o'quvchilar uchun munosib sharoit yaratish, ularning bilim va salohiyatini yuksaltirish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.

Maktab rahbari Dilfuza Sobirovna Shirmatova boshchiligidagi pedagogik jamoa oldida esa yangi o'quv yilida yanada ulkan vazifalar turibdi. Zero, har bir dars ortida bir bolaning taqdiri, har bir o'qituvchi mehnati ortida esa yurtning ertangi kuni mujassam.

Bugun maktab partasida o'tirgan har bir o'quvchi — ertangi kunning bunyodkori. Ularning bilimi, dunyoqarashi va Vatanga bo'lgan muhabbati qanchalik yuksak bo'lsa, mamlakatning kelajagi ham shunchalik yorqin bo'ladi.

Zuhra HASANOVA.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 + 16 =