Qishloq emas, anjirzor
Buvayda tumanidagi Oqqo'rg'on qishlog'iga kirib kelar ekansiz, bu manzilning boshqa qishloqlardan farqini darhol sezasiz. Bu yerda anjir shunchaki meva emas. U — qishloqning noni, rizqi, isi, ta'mi va hatto xotirasidir. Bundan qariyb bir asr avval atoqli adib Abdulla Qahhor “O'tmishdan ertaklar” qissasida ushbu qishloq haqida shunday yozgan edi: “Oqqo'rg'on qishloq emas, anjirzor ekan. Bog'lar, chorbog'larda boshqa meva ko'rinmaydi, nuqul anjir”.
— Hosilni terib olishning ham o'ziga xos sir-sinoati, gashti bor, — dedi bog'bon Xoldorali Tojiyev. — Anjir birdaniga pishmaydi. Shuning uchun uni kun oralatib, saralab teramiz. Mavsum bir oydan ortiq davom etadi. Uning quritilgani ham pul bo'ladi. Har yili anjirzordan 30-40 million so'm atrofida daromad olamiz. Uy-joy qurish, farzandlar ta'lim-tarbiyasi, to'y-tomoshalar… Bularning barchasida shu bog'ning hissasi bor.
Anjir yetishtirishning o'ziga xos zahmati bor. Qishda daraxtlar tuproqqa ko'miladi. Sovuqlar ortda qolgach, bahorda yana ko'mishdan chiqariladi. Shox-shabbalariga shakl beriladi. Yoz kelishi bilan bog'bonlarning qo'li qo'liga tegmay qoladi. Qo'l yetmaydigan shoxlardagi mevalar maxsus ilgaklar yordamida terib olinadi. Bozorga jo'natiladigan qutilarning usti anjir yaproqlari bilan yopiladi. Bu ham oqqo'rg'onliklarning yillar davomida shakllangan tajribasidir.
Darhaqiqat, bu mevadan anjir qoqi, murabbo, povidlo, pyure, sharbat kabi turli mahsulotlar tayyorlash mumkin. Ularni qadoqlangan holda nafaqat ichki bozorga, balki tashqi bozorlarga ham chiqarish imkoniyati mavjud. Shu ma'noda, Oqqo'rg'on anjiri yaqin yillarda milliy brendga aylanib ketsa ajab emas.
Sherzod QORABOYEV.
