Viloyat hokimi o'quvchilarga dars o'tdi

Farg'ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov “Yangi O'zbekiston” massividagi Ekoshaharda yangidan qad rostlagan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning Farg'ona filialiga tashrif buyurib, tantanali “Birinchi qo'ng'iroq” tadbirida ishtirok etdi.

Tadbirda davlatimiz rahbari boshchiligida ta'lim tizimini rivojlantirish, yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish hamda ular uchun munosib sharoitlar yaratishga alohida e'tibor qaratilayotgani ta'kidlandi. Viloyat rahbari bu yil ushbu keng va zamonaviy dargohga qadam qo'ygan 72 nafar 1-sinf o'quvchisini mustaqilligimizning 35 yilligi, “Bilimlar kuni” hamda yangi maktab binosining ochilishi bilan qutlab, yuksak marralarni zabt etishlarida omad tiladi. Viloyat hokimi tomonidan maktab jamoasiga kitoblar jamlanmasi topshirildi.

Jaranglagan ilk qo'ng'iroqdan so'ng mehmonlar maktabda yaratilgan sharoitlar, o'quv laboratoriyalari va zamonaviy sinf xonalarini ko'zdan kechirishdi. O'quvchilar o'zlari yaratgan ta'lim platformasi hamda robototexnika yo'nalishida erishgan natijalarini namoyish etdilar.

So'ngra viloyat hokimi Xayrullo Bozorov 10-sinf o'quvchilari uchun “Kelajak soati” darsini o'tdi. Samimiy va ochiq muloqot ruhida kechgan mashg'ulotda yoshlar hayotida bilim va ma'rifat, milliy qadriyatlarga hurmat hamda Vatanga muhabbatning ahamiyati haqida so'z yuritildi.

Ma'lumot o'rnida: mazkur muassasada 432 nafar o'quvchiga 48 nafar o'qituvchi-pedagog ta'lim bermoqda. O'tgan 2025-2026 o'quv yilida 360 nafar o'quvchidan 110 nafari milliy, 7 nafari esa xalqaro sertifikatni qo'lga kiritdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

ten − one =