Yuraklarda qolgan iz
yoki taniqli telejurnalist Sohibjon ALIJONOVni yod etib…
Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasi hamda O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi hamkorligida Farg'ona viloyati Bag'dod tumani axborot-kutubxona markazida taniqli telejurnalist, “Do'stlik” ordeni sohibi, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi Sohibjon Alijonov xotirasiga bag'ishlangan ma'naviy-ma'rifiy kecha bo'lib o'tdi.
Hayotda shunday insonlar bo'ladiki, ular oramizdan erta ketgan taqdirda ham, tiriklik chog'ida qilgan ezgu amallari, elga ko'rsatgan beminnat yaxshiliklari va o'z sohasida chin professional sifatida yaratgan maktabi tufayli xalq xotirasida yashayveradi.
Milliy telejurnalistikamizda o'z mavqei, jarangdor ovozi va munosib iziga ega bo'lgan Sohibjon Alijonov ham qalblarda yorqin xotiralar qoldirgan chin vatanparvar, samimiy va betakror ijodkor edi.
Bundan 30 yil muqaddam — 1996 yilning 10 oktyabr kuni vodiydagi “Bag'dod” telestudiyasi o'z faoliyatini boshlagan edi. O'shanda telekanalning ilk ko'rsatuvi — “Umidli dunyo” dasturini Sohibjon aka mahoratli jurnalist Ozoda To'raqulova bilan birgalikda efirga olib chiqqan edi. Mazkur voqea keyinchalik respublika teleradiokanallarida bosh muharrir va rahbar sifatida el e'tiborini qozongan Sohibjon Alijonov ijodiy yo'lining muhim debochasi bo'lib xizmat qildi.
Telestudiyadagi ikki yillik samarali faoliyatdan so'ng u oilasi bilan Toshkent shahriga ko'chib kelib, ijodini O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tizimida davom ettirdi. Ijodkor turli yillarda “Yoshlar”, “Mahalla”, “O'zbekiston 24” teleradiokanallarida, shuningdek, boshqa mas'ul lavozimlarda mehnat qildi.
Jurnalistikada suyagi qotgan mohir qalamkash o'z ijodida jamiyatning o'tkir va eng dolzarb muammolarini turli janrlarda mohirona yoritib, ularning ijobiy yechim topishiga amaliy hissa qo'shdi. Yengil yumor, so'z zalvori va tomoshabin istagini teran anglash uning o'ziga xos ijodiy uslubiga aylangan edi.
Shu bilan birga, u o'zi tug'ilib o'sgan Bag'dod tumani bilan aloqalarini hech qachon uzmadi. Hamkasblari undan poytaxtdagi faoliyatini viloyat televideniesida davom ettirishini taklif qilganida: “Men poytaxtda ishlasam, Bag'dodga foydam ko'proq tegadi”, deb javob qaytardi. Bu so'zlar uning kasbiga bo'lgan sadoqati va ona yurtiga cheksiz mehr-muhabbatining yaqqol tasdig'i edi, desak, xato bo'lmas.
Tadbir doirasida tumandagi 65 ta maktab kutubxonasiga muallifning “Bizni qaritolmas yillar, zamonlar” kitobi sovg'a qilindi. Shuningdek, mazkur kitob asosida tuman maktablari o'quvchilari o'rtasida joriy o'quv yilida “Sohibjon Alijonov nomidagi ijodiy tanlov” o'tkazilishi e'lon qilindi. Unda g'olib bo'lgan 10 nafar o'quvchiga 1 million so'mdan pul mukofoti Navro'z bayrami arafasida, respublikaning taniqli jurnalistlari ishtirokida topshiriladigan bo'ldi.
— Ushbu xayrli tadbirning o'zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan sana arafasida tashkil etilganida chuqur ramziy ma'no bor, — dedi tadbirda so'zga chiqqan O'zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a'zosi, siyosiy fanlar bo'yicha falsafa doktori Laziz Rahmatov. — Sohibjon aka televidenieda ishlagan yillarida o'zbek adabiy tilining sofligini asrash, to'g'ri talaffuz qoidalariga qat'iy amal qilish va ortiqcha shevachilikka yo'l qo'ymaslik borasida nihoyatda talabchan edi. Muallif bu boradagi qat'iy pozitsiyasini o'z chiqishlarida hamisha ochiq bildirib borar, ijtimoiy tarmoqlar, internet nashrlari va ko'chadagi peshlavhalardagi imloviy hamda uslubiy xatolarni keskin tanqid qilardi.
— Otamiz nafaqat suyanchimiz — padari buzrukvorimiz, balki hayot saboqlarini o'rgatgan ilk ustozimiz ham edi, — dedi Sohibjon akaning o'g'li, telejurnalist Aziz Alijonov. — Aziz otamiz tug'ilib kamol topgan go'sha — Bag'dod tumaniga mehri tamomila bo'lakcha bo'lgan. Imkon tug'ilishi bilan tuman yoshlari uchun mahorat maktabi ochish rejalari borligini ko'p ta'kidlardilar. Ob-havo yoki vaziyat qanday bo'lishidan qat'i nazar, har oyda bir necha bor bobom va buvimni ko'rish, yaqinlari diydoriga to'yish maqsadida tumanga kelib-ketardilar. Bugungi davrada otamiz haqida u kishining safdoshlari, do'st-qadrdonlaridan juda ko'p xotiralarni tinglab, qattiq to'lqinlandim. Nasib etsa, “Bizni qaritolmas yillar, zamonlar” kitobining navbatdagi nashrini ana shu xotiralar bilan boyitishni rejalashtirdik.
— Tuman axborot-kutubxona markazida otam tahsil olgan 6-umumta'lim maktabining ustoz va o'quvchilarini, tengdoshlarini ko'rib ko'nglim tog'dek yuksaldi, — dedi marhum jurnalistning qizi, filologiya bo'yicha falsafa doktori Sadoqat Sohibjon qizi. — Otalarimiz biz uchun borini berishga hamisha tayyor turadi, zahmat chekib bizni o'qitadi, ulg'aytiradi. Ularning xotirasini ardoqlash esa har birimizning chin farzandlik burchimizdir. Yaqinda Urgut tumanida otamning ustozi Abdusaid Ko'chimov nomidagi kutubxona ochilganini ko'rib, “Biz ham ma'rifat ulashuvchi shunday xayrli ishlarni davom ettira olarmikanmiz?” degan savol ko'nglimdan kechgan edi. Bugun otam o'qigan maktabga “Qanot” loyihasi ko'magida 100 nusxa sara badiiy asarlarni taqdim etdik. Yil oxirigacha maktab fondiga yana 200 ta kitob tuhfa etmoqchimiz.
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi hamda “Qanot” loyihasi tashabbusi bilan Qibray tumanida jurnalistlar o'rtasida Sohibjon Alijonov nomidagi shaxmat turnirini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Lola JO'RAYEVA.
