Xalqlar do'stligi — birligimiz va yuksalishimiz garovi
Har yili 30 iyulda mamlakatimizda alohida ko'tarinki ruh va samimiyat bilan nishonlanadigan Xalqlar do'stligi kuni jamiyatimizning eng bebaho boyligi bo'lmish millatlararo totuvlik, dinu e'tiqodlar o'rtasidagi hurmat va hamjihatlikka yanada chuqur e'tibor qaratish imkonini beradi.
Shu munosabat bilan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O'zbekiston xalqiga yo'llagan bayram tabrigida ta'kidlanganidek: “Turli millatga mansub yurtdoshlarimiz orasida o'nlab deputat va senatorlar, davlat va jamoat arboblari, taniqli ishlab chiqarish, ilm-fan, madaniyat, san'at va sport namoyandalari, biznes vakillari munosib faoliyat ko'rsatayotgani, ularning 2 ming nafarga yaqini Vatanimizning yuksak unvonlari, orden va medallari bilan taqdirlangani mamlakatimizda hukm surayotgan ijtimoiy tenglik, adolat va inklyuzivlikning amaliy namunasi, desak, to'g'ri bo'ladi”.
Ushbu fikr yurtimizda millatlararo totuvlik va hamjihatlik nafaqat ma'naviy qadriyat, balki amaldagi hayotiy haqiqat ekanini yaqqol namoyon etadi. Eslatib o'tish joizki, mazkur sana 2021 yilda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yurtimizda Xalqlar do'stligi kuni deb e'lon qilingan edi. Shu tariqa jahon miqyosida Xalqaro do'stlik kuni sifatida nishonlanadigan 30 iyul respublikamizda o'ziga xos milliy bayram maqomini oldi.
O'zbekiston zamini qadim-qadimdan Sharq va G'arbni bog'lab turgan Buyuk Ipak yo'li chorrahasida joylashgani bois, turli sivilizatsiyalar, madaniyatlar va millatlar tutashgan makon bo'lib kelgan. Asrlar davomida bu tuproqda yashagan turli xalqlar bir oila farzandidek totuvlikda, bir-birining urf-odat va qadriyatlarini hurmat qilgan holda umrguzaronlik qilgan.
Bugungi kunda ana shu bebaho tarixiy meros zamonaviy O'zbekistonning bosh tamoyili — millatlararo totuvlik siyosatining mustahkam poydevoriga aylangan. Shu bilan birga, davlatimiz rahbari o'z tabrigida yana bir bor butun xalqimizni chin qalbdan muborakbod etib, ko'p millatli jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikning, millatlar va dinlararo do'stlik, bag'rikenglik hamda hamjihatlikning mamlakatimiz uchun naqadar bebaho ahamiyatga ega ekanini ta'kidladi. Umummilliy birdamlik va millatlararo totuvlikni mustahkamlash O'zbekiston taraqqiyotining muhim omili sifatida alohida qayd etildi.
Shuningdek, yurtimizda 130 dan ziyod millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari bir oila farzandlaridek ahil yashab, mamlakat ravnaqiga munosib hissa qo'shayotgani yuksak qadrlandi. Keyingi yillarda “Bizning kuchimiz — birlik va hamjihatlikda” degan ezgu g'oya asosida millatlararo totuvlik va bag'rikenglikning o'ziga xos ibratli modeli yaratilgani ta'kidlanib, bu borada qabul qilingan 10 ta normativ-huquqiy hujjat, jumladan, Millatlararo munosabatlar sohasida davlat siyosati konsepsiyasi muhim huquqiy asos bo'lib xizmat qilayotgani aytib o'tildi.
Mamlakatimiz rahbari ilgari surayotgan insonparvar g'oyalar zamirida xalqimizning mustahkam birligi, tinch-osoyishta hayoti va farovon kelajagi mujassam. Prezidentimiz o'z chiqishlarida xalqimizni doimo hamjihatlikka, bunyodkorlik va ezgu ishlarga da'vat etib, mamlakat taraqqiyotining asosiy omili sifatida jamiyat birligini belgilab kelmoqda. Bu boradagi eng yorqin tamoyil — “O'zbekiston — umumiy uyimiz” degan ulug'vor g'oyadir.
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 8-moddasida qayd etilganidek, “O'zbekiston xalqini millatidan qat'i nazar, O'zbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi”.
Ayni shu konstitutsiyaviy normaning amaldagi yorqin ifodasini davlatimiz rahbarining 2026 yil 21 mart kuni Navro'z bayrami munosabati bilan so'zlagan nutqida ham ko'rish mumkin. Tadbirda Yurtboshimiz: “Yagona Vatan, yagona xalq bo'lib, yangi hayot, yangi tarix, yangi kelajak yarataylik!” — deya, har bir yurtdoshimizni millati, tili va diniy e'tiqodidan qat'i nazar, umumiy maqsad yo'lida birlashib, bunyodkorlik ishlariga faol hissa qo'shishga chaqirdi.
Prezidentimizning bu boradagi fikrlari g'oyat teran va tarixiy ahamiyatga egadir. Jumladan, 9 may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan xalqimizga yo'llagan tabrigida davlatimiz rahbari: “Bugungi g'oyat tahlikali zamonning o'zi barchamizdan jamiyatimizdagi tinchlik va barqarorlik, millatlar va diniy konfessiyalar o'rtasidagi do'stlik va totuvlik muhitini yanada qadrlab yashashni talab etmoqda. Hech qachon unutmaylik, milliy birlik va hamjihatlik — bizning bebaho boyligimiz, barcha yutuq va g'alabalarimizning mustahkam asosidir”, — deb alohida ta'kidladi. Mazkur hayotiy haqiqatlar bugungi konferensiya mavzusi naqadar dolzarb va mamlakatimiz kelajagi uchun nechog'liq muhim ekanini yana bir bor isbotlaydi.
Ushbu da'vatlar bugungi kunda nafaqat ichki siyosatda, balki xalqaro maydonda ham o'zining munosib e'tirofini topmoqda.
Xususan, 2022 yilning sentyabr oyida Samarqand shahrida bo'lib o'tgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Samarqand birdamlik tashabbusi” bu yo'nalishdagi tarixiy qadam bo'ldi. Tashabbusning bosh maqsadi davlatlar va xalqlarning bugungi kuni hamda istiqboli uchun umumiy mas'uliyatni chuqur anglash, ochiq va konstruktiv muloqotga tayyor barcha tomonlarni global hamkorlikka keng jalb etishdan iborat.
Yangi O'zbekistonda milliy birlik va bag'rikenglik siyosatining navbatdagi mantiqiy davomi sifatida 2025 yil fevral oyida Prezident tomonidan “Vijdon erkinligini ta'minlash va din sohasidagi davlat siyosati konsepsiyasi” tasdiqlandi. Mazkur tarixiy hujjat ko'p millatli va ko'p konfessiyali mamlakatimizda demokratiya, erkinlik, ijtimoiy adolat hamda o'zaro hurmat tamoyillariga asoslangan barqaror ijtimoiy muhitni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Yurtboshimiz tashabbusining amaliy ifodalaridan yana biri — hududlarda “Umummilliy birdamlik bog'lari”ning tashkil etilishidir. Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 17 apreldagi qarori bilan 2025-2030 yillarda mamlakat bo'ylab istirohat bog'larini bosqichma-bosqich barpo etish dasturi tasdiqlangan. Ushbu bog'lar aholi, ayniqsa, bolalar va yoshlarning madaniy hordiq chiqarishiga xizmat qilish bilan birga, ularni milliy qadriyatlar, vatanparvarlik va bag'rikenglik ruhida tarbiyalovchi muhim maskanlarga aylanmoqda.
“Umummilliy birdamlik” tushunchasi bugun Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasining tayanch g'oyalaridan biriga aylandi. “O'zbekiston — 2030” strategiyasida ham xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini yo'lga qo'yish, jamoatchilik nazorati va ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish alohida ustuvor yo'nalish sifatida belgilangan. Zero, ko'p millatli va ko'p konfessiyali jamiyatda barqaror taraqqiyotga faqat o'zaro hurmat, ishonch va hamjihatlik orqali erishish mumkin. Shu nuqtai nazardan, bugungi konferensiya mavzusi nafaqat dolzarb, balki davlatimiz istiqboli uchun strategik ahamiyat kasb etadi.
Umummilliy birdamlikning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar jarayonida jamiyatni jipslashtirish, millatlararo totuvlik va bag'rikenglik muhitini mustahkamlash ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Bu borada, eng avvalo, 2023 yilda umumxalq referendumi orqali qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada davlat qurilishining strategik maqsadi — suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat barpo etish ekani mustahkamlandi; ijtimoiy adolat va birdamlik tamoyillari konstitutsiyaviy maqomga ko'tarildi. Shuningdek, ilk bor fuqarolik jamiyati institutlariga bag'ishlangan alohida bob kiritilib, ular mustaqil konstitutsiyaviy institut sifatida e'tirof etildi. Bosh qomusimizda davlatning barcha xalqlar tili, urf-odat va an'analarini hurmat qilish majburiyati qat'iy belgilab qo'yildi.
Bugungi kunga qadar sohaga oid 40 dan ziyod qonun, farmon va qarorlar qabul qilinib, irqiy va milliy kamsitishga qarshi huquqiy kafolatlar sezilarli darajada kuchaytirildi.
Ma'lumki, 2026 yilning yanvar-fevral oylarida mustaqillik yillaridagi ilk to'liq va raqamlashtirilgan aholini ro'yxatga olish tadbiri amalga oshirildi. Mazkur jarayon 1989 yildan buyon — ya'ni so'nggi 37 yil ichida — o'tkazilgan aholini birinchi raqamli ro'yxatga olish bo'lib, uning dastlabki natijalariga ko'ra, mamlakatimiz aholisi ilk bor 39 million nafardan oshdi. Bu mustaqillik yillarida aholi soni deyarli ikki baravarga ko'payganini ko'rsatadi. Aholining etnik tarkibi esa yurtimizdagi ko'p millatlilik muhitining o'ziga xos ko'rinishini namoyon etadi: bugungi kunda O'zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat vakillari totuv, ahil yashab, birgalikda mehnat qilmoqda. Xususan, aholining 89,4 foizini o'zbeklar, 3,3 foizini tojiklar, 2,2 foizini qoraqalpoqlar, 1,8 foizini qozoqlar, 1,6 foizini ruslar, 0,6 foizini qirg'izlar, 0,5 foizini turkmanlar va 0,8 foizini boshqa millat vakillari tashkil etadi.
Ushbu raqamlar ortida har bir insonning o'z tili, madaniyati va an'analarini erkin asrab-avaylash huquqi kafolatlangani mujassamdir.
Umummilliy birdamlikning institutsional mexanizmlari
Mamlakatimizda millatlararo hamjihatlikni ta'minlashga xizmat qiluvchi institutsional infratuzilma ko'lami ham yildan-yilga kengaymoqda.
2025 yilda Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari qo'mitasi qayta tashkil etildi, shuningdek, “Vatandoshlar” jamoat fondi ta'sis qilindi. 2024 yilda mehnat migratsiyasini tartibga soluvchi, fuqarolarning huquqlarini himoya qiluvchi hamda xususiy bandlik agentliklari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Migratsiya agentligi faoliyati qaytadan yo'lga qo'yildi.
Shu bilan birga, mahalliy hokimliklar huzuridagi mavjud kengashlar “Umummilliy birdamlik va hamjihatlikni ta'minlash bo'yicha jamoat kengashlari” sifatida qayta nomlanib, ular millatlararo totuvlikni mustahkamlashda maslahat organi vazifasini bajarib kelmoqda.
Bundan tashqari, barcha hududlarda tashkil etilgan “Do'stlik uylari” millatlararo aloqalarni mustahkamlash va madaniy hamkorlikni rivojlantirishda muhim o'rin tutmoqda.
Umummilliy birdamlik: ta'lim va tarbiya
Bugungi kunda O'zbekistonda 157 ta milliy madaniy markaz faoliyat yuritmoqda va ular xorijdagi 98 ta vatandoshlar jamiyati bilan yaqin hamkorlik o'rnatgan. Teleradioeshittirishlar 12 ta tilda, matbuot nashrlari 14 ta tilda olib borilmoqda, umumta'lim maktablarida esa o'qitish 7 ta tilda yo'lga qo'yilgan. “Kelajak soati” ta'lim tashabbusi doirasidagi haftalik mashg'ulotlar bilan 11,8 million o'quvchi qamrab olindi. Alohida ta'kidlash joizki, ijtimoiy jihatdan himoyaga muhtoj qatlamlarga qaratilayotgan e'tibor ham izchil kuchaytirilmoqda: 16 ming 317 nafar lo'li millatiga mansub bolalar majburiy ta'limga jalb etildi, yurtimizdan boshpana topgan 157 nafar afg'onistonlik fuqaroga kasb-hunar o'rganish va tadbirkorlik faoliyatini boshlashda ko'mak berildi, 42 nafar falastinlik bola esa ta'lim tizimiga to'liq integratsiya qilindi. Hozirgi vaqtda davlat xizmatida 35 ta millatga mansub qariyb 5 ming nafar kadr faoliyat yuritmoqda, parlament deputatlarining 12,7 foizi esa notitul millat vakillaridir.
Umummilliy birdamlik va fuqarolik jamiyati institutlari
Alohida ta'kidlash lozimki, fuqarolik jamiyati institutlari umummilliy birdamlikni mustahkamlash borasidagi islohotlarning eng yaqin hamkoriga aylandi. Mamlakatimizda ta'lim, sog'liqni saqlash, madaniyat va boshqa sohalarda qariyb 10 mingta nodavlat notijorat tashkiloti erkin faoliyat ko'rsatmoqda. Ularda 70 mingga yaqin fuqaro mehnat qilmoqda. Jumladan, nogironligi bo'lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish yo'nalishida 652 ta, yoshlar sohasida 650 ta, huquqiy-demokratik institutlarni rivojlantirish yo'nalishida 839 ta, madaniyat, tarix va ma'rifat sohasida 564 ta NNT faoliyat olib bormoqda. Nodavlat notijorat tashkilotlarining tadbirlar o'tkazishida adliya organlaridan ruxsat olish tartibi bekor qilinib, xabarnoma tizimi joriy etilgani hamda ularning har yili qabul qilinadigan davlat dasturlaridagi 350 ta band ijrosida bevosita ishtirok etayotgani — fuqarolik jamiyatiga ko'rsatilayotgan yuksak ishonchning amaliy tasdig'idir.
Umummilliy birdamlik: monitoring va baholash asoslari
Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz mazkur jarayonlarda fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqin hamkorlikda ish olib bormoqda. Xususan, O'zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari doirasida tayyorlanadigan davriy ma'ruzalar hamda milliy harakatlar rejalari loyihalarini ishlab chiqishga jamoatchilik vakillari faol jalb etilmoqda. Bugungi kunga qadar BMTning tegishli kengashlari va shartnomaviy qo'mitalariga 50 dan ortiq milliy ma'ruza taqdim etildi, ularning tavsiyalari asosida esa 7 ta milliy harakatlar rejasi ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etilmoqda. Birgina 2024-2026 yillarda markaz fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda 15 ta tadbir, jumladan, BMTning bir qator konvensiyalari ijrosi yuzasidan mustaqil monitoringlarni tashkil etdi.
Umummilliy birdamlik va xalqaro hamkorlik
Xalqaro miqyosda ham mamlakatimizning bu boradagi sa'y-harakatlari munosib e'tirof etilmoqda. Joriy yilning aprel oyida Jenevada BMTning Irqiy kamsitishni tugatish qo'mitasining 117-sessiyasida O'zbekistonning 13-14-davriy hisoboti ko'rib chiqildi. Mazkur hisobot 40 dan ziyod davlat organi va fuqarolik jamiyati institutining bevosita ishtirokida tayyorlandi.
Qo'mita a'zolari O'zbekiston hisoboti yuqori kasbiy mahorat va ochiqlik ruhida taqdim etilganini e'tirof etib, mamlakatda keyingi yillarda amalga oshirilgan islohotlarni, xususan, fuqarolarning irqiy, milliy va diniy mansubligidan qat'i nazar teng huquqlarini ta'minlash, zaif qatlamlarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash, shuningdek, til, madaniyat va ta'lim sohasidagi ko'pmillatlilik siyosatini ijobiy baholadi.
Shuningdek, Qo'mita a'zolari tomonidan O'zbekistonning Inson huquqlari bo'yicha milliy strategiyasi doirasida va fuqarolik jamiyati institutlari bilan aloqalarni mustahkamlash yo'nalishida erishilgan natijalar alohida ta'kidlandi.
Muhokamalar yakunida O'zbekiston uchun bir qator amaliy tavsiyalar ilgari surildi. Jumladan, aholining barcha qatlamlari, xususan, ehtiyojmand oilalar va turli millat vakillarining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish, sud-huquq tizimida tenglik prinsipini mustahkamlash hamda ommaviy axborot vositalarida irqiy va milliy tenglik mavzusidagi ta'lim-targ'ibot ishlarini kengaytirish bo'yicha takliflar bildirildi.
Bu esa mamlakatimizning BMT va uning ixtisoslashgan tuzilmalari bilan ochiq, ishonchli hamda samarali sheriklikka tayyorligini yaqqol namoyon etadi. O'zbekistonning mazkur sessiyadagi faol ishtiroki xalqaro maydonda davlatimizning inson huquqlari sohasidagi nufuzini oshirib, islohotlarni xalqaro standartlar asosida davom ettirish muhimligini yana bir bor tasdiqladi. Hukumat va fuqarolik jamiyatining birgalikdagi sa'y-harakatlari yurtda tinchlik, barqarorlik va bag'rikenglikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bunday xalqaro baholar va tavsiyalar esa davlatimizning istiqboldagi inson huquqlari siyosatini yanada takomillashtirish uchun puxta zamin yaratadi.
Xalqaro majburiyatlarning ijrosi va inson huquqlari sohasidagi islohotlar samaradorligini o'rganish maqsadida mamlakatimizga bir qator nufuzli xalqaro ekspertlar tashrif buyurdi. Jumladan, BMTning ikki nafar bosh komissari, to'rt nafar maxsus ma'ruzachisi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (EXHT) Milliy ozchiliklar ishlari bo'yicha oliy komissari O'zbekistondagi islohotlarni o'rganib, ularga yuqori baho berdi.
Ta'kidlash kerakki, Barqaror rivojlanish maqsadlarining 169 ta vazifasidan 92 foizi bevosita inson huquqlari bilan chambarchas bog'liq holda amalga oshirilmoqda.
Bu o'rinda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning xalqaro maydondagi tashabbuskor faoliyatini alohida ko'rsatib o'tish o'rinlidir. Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining 72-, 75-, 76-, 78- va 80-sessiyalarida, shuningdek, BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashining 46-sessiyasida ishtirok etib, jahon minbaridan 100 dan ziyod tashabbusni ilgari surdi. Bu tashabbuslar xalqaro va mintaqaviy xavfsizlik, ta'lim, ma'naviyat, ekologiya, turizm hamda inson huquqlarini himoya qilish kabi muhim yo'nalishlarni qamrab olgan.
Mazkur global tashabbuslar samarasi o'laroq, o'tgan davr mobaynida mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlash, millatlararo totuvlik muhitini ta'minlash hamda inson huquq va erkinliklarini kafolatlashga qaratilgan qator salmoqli natijalarga erishildi. Jumladan, Prezidentimiz tashabbusi bilan shu kunga qadar BMT Bosh Assambleyasining 15 ta rezolyutsiyasi qabul qilindi va ularning aksariyati Markaziy Osiyo mintaqasiga taalluqlidir. Joriy yilning 24 iyul kuni BMT Bosh Assambleyasi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi asosida ishlab chiqilgan “Ijtimoiy rivojlanishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to'g'risida”gi rezolyutsiyaning qabul qilinishi ham ushbu tizimli sa'y-harakatlarning davomi bo'ldi.
Tashqi siyosatdagi yutuqlar bilan bir qatorda, milliy hamjihatlik muhiti jamiyatning ichki hayotida ham o'z ifodasini topmoqda. “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o'rganish markazi ma'lumotlariga ko'ra, so'rovda qatnashgan respondentlarning 90 foizi yurtimizdagi millatlararo munosabatlar holatini ijobiy baholagan. Joriy yilning o'zida 23-30 iyul kunlari o'tkazilgan “Do'stlik” festivali va “Bag'rikenglik haftaligi” kabi ommaviy tadbirlarda 700 mingdan ziyod kishi ishtirok etib, madaniyatlararo muloqotni yanada jonlantirdi.
Erishilgan muvaffaqiyatlar bilan bir qatorda, ochiq va konstruktiv muhokamaga muhtoj bo'lgan qator vazifalar ham dolzarbligini yo'qotgani yo'q. Xususan, mintaqadagi migratsiya jarayonlari hamda ko'chirilgan shaxslarni jamiyatga to'laqonli integratsiya qilish, Orolbo'yi mintaqasidagi ekologik inqirozning aholi turmush tarziga salbiy ta'sirini yumshatish, shuningdek, davlat xizmatchilarining inson huquqlari sohasidagi huquqiy savodxonligi va malakasini tizimli oshirib borish talab etiladi.
Bugun jahonning turli nuqtalarida milliy va diniy nizolar avj olayotgan tahlikali davrda mamlakatimiz rahbari belgilab bergan ustuvor vazifalar yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Prezidentimiz ta'kidlaganidek: “Dunyoning turli mintaqalarida milliy va diniy asosda turli nizolar davom etayotgan hozirgi o'ta tahlikali sharoitda yagona O'zbekiston g'oyasi asosida eng katta boyligimiz — yurtimizdagi osoyishtalik va barqarorlik, o'zaro hurmat va totuvlik muhitini yanada mustahkamlash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, bilim-ma'rifat, kasb-hunarlar egasi etib tarbiyalash, inklyuzivlik tamoyillarini chuqurlashtirish borasidagi ishlarimizni kelgusida ham izchil davom ettiramiz”. Bu strategik vazifalar umummilliy birdamlik g'oyasi ro'yobida mustahkam tayanch vazifasini o'taydi.
Bugungi sinovlar va global tahdidlar sharoitida birdamlik hamda ahillik har qachongidan ham zarurdir. Bu borada buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning asrlar osha o'z qadrini yo'qotmay kelayotgan mashhur bayti yodga tushadi:
Olam ahli, bilingizkim, ish emas dushmanlig',
Yor o'lung bir-biringizgakim, erur yorlig' ish.
Hazrat Navoiy bashariyatni nizo va dushmanlikdan tiyilib, bir-biriga suyanch bo'lishga, ahillik va hamjihatlikda umr kechirishga undaydi. Zero, faqatgina yakdil birdamlik haqiqiy taraqqiyot va osoyishtalikni ta'minlashga qodir.
Darhaqiqat, bugun mamlakatimizda qaror topgan millatlararo totuvlik va bag'rikenglik — nafaqat ajdodlardan meros qolgan ulug' qadriyat, balki davlatimizni kelajak sari dadil yetaklovchi strategik salohiyatimizdir. Mazkur ulkan boylikni asrab-avaylash hamda do'stlik rishtalarini yanada mustahkamlash barchamizning muqaddas burchimiz hisoblanadi.
Akmal SAIDOV,
akademik
