Muallim – millat ma'rifatining me'mori
Har yili oktyabr oyining boshida yurtimiz o'zgacha kayfiyat bilan yashaydi. Bu kayfiyatning nomi — minnatdorlik. Biz har bir inson hayotida ilk harfni o'rgatgan, birinchi savoliga javob bergan, ilk bor “sen buni uddalay olasan” deya ishonch bildirgan muhtaram zotlarni eslaymiz. 1 oktyabr — mana shunday fidoyi insonlar, ya'ni ustoz va murabbiylarning kasb bayramidir.
O'zbek xalqi azaldan “Ustoz otangdan ulug'” degan hikmatga amal qilib kelgan. Bu naql zamirida chuqur ijtimoiy haqiqat mujassam: jamiyat bugun qanday muallimni tarbiyalasa, kelajakda ana shunday jamiyatga aylanadi. Shu bois davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Yangi O'zbekiston poydevorini yaratishda ta'lim, ilm-fan va muallim maqomini davlat siyosatining ustuvor yo'nalishi darajasiga ko'tardi.
Prezidentimizning ma'ruzalarini kuzatsak, ularda bir muhim fikr qizil ipdek o'tadi: taraqqiyotning kaliti bilimli va zamonaviy fikrlaydigan avlodda, bunday avlodni esa faqat yuksak ma'naviyatli hamda kasbiy jihatdan puxta muallimgina tarbiyalay oladi. Yurtboshimiz ta'lim tizimini Uchinchi Renessans poydevorini yaratish vazifasi bilan chambarchas bog'laydi. Bu shunchaki shior emas, balki muallimga yuklangan tarixiy mas'uliyatdir. Zero, biz bugungi sinfxonalarda ertangi kunning olimlari, muhandislari, shoirlari va davlat arboblarini tarbiyalamoqdamiz.
Ushbu qarashlarning asosiy mazmun-mohiyatini quyidagicha umumlashtirish mumkin:
Birinchidan, muallim, Prezidentimiz aytganlaridek, jamiyatda eng hurmatli va obro'li inson bo'lishi kerak. Bu tamoyil nafaqat ma'naviy e'tirofni, balki muayyan ijtimoiy va moddiy kafolatlarni ham ko'zda tutadi: muallimning ish haqi, munosib turmush sharoiti, ijtimoiy himoyasi va sha'ni hamisha davlat e'tiborida bo'lmog'i lozim. Zero, o'z qadr-qimmati va nufuzini his qilgan muallimgina yosh avlodga ishonch va g'urur bag'ishlay oladi.
Ikkinchidan, ta'limning sifati muallimning saviyasi bilan belgilanadi. Har qanday islohot — xoh yangi o'quv dasturi, xoh zamonaviy darslik yoki raqamli platforma bo'lsin — faqat muallim qo'lidagina jonlanadi. Shu sababli Davlatimiz rahbari pedagog kadrlarni tayyorlash, ularning malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimini muntazam takomillashtirishni alohida uqtiradi.
Uchinchidan, ta'lim va tarbiya — ajralmas yaxlit jarayon. Bugungi dunyoda axborot shiddati ichida ulg'ayayotgan bolaga faqat bilim berishning o'zi yetarli emas. Shu bilan birga, uni axborotni to'g'ri saralashga, Vatanga sadoqat hamda milliy qadriyatlarga hurmat ruhida kamol toptirish shart.
Murabbiylik muallimlik maqomining ikkinchi qanotidir.
To'rtinchidan, oliy ta'lim va ilm-fan rivoji jamiyatning intellektual salohiyatini belgilaydi. Universitetlar shunchaki diplom beruvchi maskanlar emas, balki yangi bilim yaratuvchi, yoshlarda tadqiqotchilik zavqini shakllantiruvchi yirik ilmiy markazlarga aylanishi darkor. Bu esa har bir professor-o'qituvchining o'zidan muntazam ilm bilan shug'ullanishni talab etadi.
Hayotdagi har bir ezgulik, har bir kashfiyot va zafar zamirida o'qituvchining mashaqqatli mehnati, matonati va cheksiz mehr-muhabbati mujassam ekanini haqli ravishda e'tirof etgan Prezidentimiz ilm, ta'lim va muallim so'zlarining qadrini yuksaklarga ko'tara turib, shunday ta'kidlagan edi:
“Insonning ongi, dunyoqarashi o'zgarmasa, jamiyat o'zgarmaydi. Jamiyat o'zgarmasa, taraqqiyot ham bo'lmaydi. Odamlarning tafakkurini, shu asosda butun jamiyatni kim o'zgartira oladi? Yangi beruniylarni, xorazmiy va farg'oniylarni kim kamolga yetkazadi? Bunday ulug'vor vazifani, tom ma'nodagi tarixiy missiyani ado etishga faqat siz — ustoz va murabbiylar qodirsiz”.
Zamon talabi: yangi davr muallimi qanday bo'lishi kerak?
Bugungi maktab sinfxonasi yoki universitet auditoriyasidagi o'quvchi va talabalar bundan yigirma yil oldingi tengdoshlaridan tubdan farq qiladi. Zamonaviy yoshlar axborotni kitobdan ko'ra ko'proq smartfon orqali oladi, istalgan savoliga javobni bir lahzada qidiruv tizimlaridan topa oladi. Muallim bunday sharoitda endilikda “bilimning yagona manbai” bo'lib qola olmaydi. Biroq bu uning qadrini tushirmaydi, aksincha, mas'uliyatini yanada oshiradi: pedagog endilikda bilimning odil hakamiga, to'g'ri yo'naltiruvchisiga va ma'naviy mezoniga aylanmoqda.
Shunday ekan, zamonaviy pedagog o'z faoliyatida quyidagi muhim fazilatlarni mujassam etishi zarur:
- Chuqur kasbiy va ilmiy bilim.
O'z fanini mukammal bilmagan muallim o'quvchi oldida ham, o'z vijdoni oldida ham ojizdir. Bugungi kunda bilim ko'lami ham shiddat bilan o'zgarmoqda: fan-texnika tezkor rivojlanib, kechagi bilimlar ertaga eskirmoqda. Binobarin, muallim umr bo'yi izlanuvchi, o'rganuvchi bo'lib qolmog'i kerak. “O'qimagan o'qituvchi boshqalarni o'qitolmaydi” — bu oddiy, ammo o'zgarmas haqiqatdir.
Professor-o'qituvchilar uchun bu talab ikki karra dolzarbdir. Ular shunchaki tayyor bilimni yetkazuvchi emas, balki o'z sohasida ilmiy yangiliklar yaratuvchi tadqiqotchi bo'lishi shart. Agar talaba ma'ruza qilayotgan ustozining muntazam ilmiy izlanishda ekanini, salmoqli maqolalar yozayotganini va nufuzli xalqaro anjumanlarda faol qatnashayotganini ko'rib tursa, unda darsga va ilmga bo'lgan ixlos hamda ishonch yanada ortadi.
- Yuksak kommunikativ kompetentlik va nutq madaniyati.
Muallimning asosiy quroli — bu so'z. Tibbiyotda shifokorning mahoratli qo'li, harbiy sohada qurol qanday ahamiyat kasb etsa, pedagogikada jonli so'z shunday qudratga ega. So'z san'atini egallamagan muallim bilimni ham mukammal yetkazib bera olmaydi.
Pedagogning nutq madaniyati nimalarda ko'rinadi? Avvalo, adabiy til me'yorlariga qat'iy amal qilishda: to'g'ri talaffuz, aniq ifoda va boy so'z boyligida. So'ngra fikrning mantiqiy izchilligi va ravonligida. Va nihoyat, yuksak muloqot odobida: dars jarayonida o'quvchini diqqat bilan tinglay bilish, uning shaxsiyatini kamsitmaslik hamda tanqidiy fikrni hurmat va odob saqlagan holda yetkazishda namoyon bo'ladi.
Bugungi pedagog uchun kommunikativ kompetentlik faqatgina chiroyli gapirishdan iborat emas. Bu — ta'lim oluvchilar bilan samarali muloqot o'rnata olish, o'rinli savol berish, bahs-munozaralarni yo'naltira bilish, har bir shaxsning fe'l-atvoriga mos yondashuv topish va hatto raqamli muloqot (masofaviy ta'lim, ijtimoiy tarmoqlar) madaniyatini chuqur egallash demakdir. Afsuski, amaliyotda dars jarayoni ko'pincha bir tomonlama zerikarli monologga aylanib qolmoqda. Vaholanki, bugungi talaba-yoshlar oddiy tinglovchi emas, balki muhokamalarning faol ishtirokchisi bo'lishga intilmoqda.
Bu borada Sharq notiqlik san'ati va milliy muloqot madaniyatining boy tajribasiga suyanish maqsadga muvofiqdir. Mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy so'zni insonning ma'naviy qiyofasi va asl mohiyatini ko'rsatuvchi ko'zgu deb ta'riflagan. Demak, ustozning har bir aytgan so'zi yoshlar qalbida o'chmas iz qoldiruvchi qudratli tarbiya vositasidir. Ushbu ulkan ma'naviy meros bugungi pedagog uchun ham uslubiy, ham axloqiy manba bo'lib xizmat qiladi.
- Germenevtik qobiliyat: matn va inson ruhiyatini anglash san'ati.
Pedagogik faoliyatning ko'pchilik e'tibor bermaydigan, ammo nihoyatda muhim bo'lgan jihati — bu anglash va talqin qila bilish mahoratidir. Germenevtika, ya'ni tushunish va sharhlash san'ati, muallimga ikki asosiy yo'nalishda kerak bo'ladi:
Matnni chuqur tushunish: Darslikdagi har bir mavzu, badiiy asar yoki tarixiy manba chuqur tahlil va sharhni talab qiladi. Muallim materialni yuzaki emas, uning ichki ma'no qatlamlarini, tarixiy-madaniy zaminini anglagan holda o'quvchiga yetkazishi lozim. Ayniqsa, o'zbek mumtoz adabiyoti va xalq og'zaki ijodini o'qitishda bu san'at bebaho ahamiyat kasb etadi: Navoiy hikmati yoki xalq dostoni satrlari orasida yashiringan teran ma'nolarni ochib berish katta mahorat talab qiladi.
O'quvchini tushunish: Har bir farzand — alohida bir olam. Uning har bir xatti-harakati, sukuti yoki e'tirozi zamirida nima yotganini his qila olish — haqiqiy pedagogik mahorat namunasidir. Salohiyatli ustoz o'quvchining faqat “nima deyayotganini” emas, balki “nima demoqchi ekanini” ham qalban tushunadi.
- Raqamli savodxonlik va innovatsion tafakkur.
Davlatimiz rahbari ta'lim tizimini raqamlashtirishga va zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etishga ustuvor ahamiyat qaratmoqda. Elektron darsliklar, onlayn ta'lim platformalari va sun'iy intellekt vositalari o'quv jarayonining ajralmas qismiga aylandi. Pedagog bu jarayondan chetda qolmasdan, aksincha, zamonaviy texnologiyalarni o'z faoliyatining samarali vositasiga aylantirishi lozim.
Biroq bir muhim haqiqatni yodda tutmoq kerak: texnologiya — maqsad emas, balki vositadir. Agar muallimning qalbida o'quvchiga nisbatan cheksiz mehr va kasbiga mas'uliyat bo'lmasa, eng zamonaviy interaktiv doska ham oddiy bir jihoz bo'lib qolaveradi. Sun'iy intellekt ulkan ma'lumot bera oladi, ammo u shaxsiy ibrat ko'rsata olmaydi, qalbda ishonch uyg'ota olmaydi, insoniy mehr-muhabbat bag'ishlay olmaydi. Shu bois chinakam ustozning o'rnini hech bir algoritm egallay olmaydi.
Shu bilan birga, muallim yangi texnologiyalardan foydalanish barobarida o'quvchilarda axborotni tanqidiy baholash ko'nikmasini, akademik halollik madaniyatini va mustaqil fikrlashni shakllantirishi shart. Bu davrimizning eng muhim pedagogik vazifalaridan biridir.
- Shaxsiy ibrat va ma'naviy yetuklik.
Milliy pedagogikamizning oltin qoidasi shunday: muallim faqat so'zi bilan emas, avvalo, o'z hayoti va shaxsiy namunasi bilan ta'lim beradi. O'quvchi ustozidan shunchaki “rostgo'y bo'l” degan pand-nasihatni emas, balki uning hayotiy to'g'riso'zligini ko'radi; “mehnatsevar bo'l” degan da'vatni emas, uning tinimsiz zahmatini kuzatadi.
Shu ma'noda professor-o'qituvchi, olim va murabbiy — bu jamiyatning ma'naviy ko'zgusidir. Uning kasbiy odobi, halolligi, muomala madaniyati, hatto kiyinish va yurish-turishi ham ulkan tarbiyaviy kuchga ega. Talaba oliy dargohda nafaqat fan asoslarini, balki komil inson bo'lish sirlarini ham o'rganadi.
- Milliy va umuminsoniy qadriyatlar uyg'unligi.
Globallashuv davrida yoshlarimiz jahon madaniyatiga ochiq bo'lishi, xorijiy tillarni mukammal egallashi va zamonaviy ilmiy-texnik taraqqiyot bilan hamnafas yashashi zarur. Ammo ildizidan uzilgan daraxt uzoq yashamaydi. Shu bois muallim yosh avlodda milliy o'zlikni anglash, tarixiy xotiraga sadoqat va ajdodlar merosiga ehtirom tuyg'usini tarbiyalashi lozim.
Bu o'rinda xalq og'zaki ijodi, mumtoz adabiyotimiz, qadimiy yozma yodgorliklar, shu jumladan, arab yozuviga asoslangan eski o'zbek tilidagi noyob qo'lyozmalar va toshbosma manbalar bebaho ma'naviy boylikdir. Afsuski, bugungi yosh avlod o'z ajdodlari qoldirgan ushbu boy merosdan bevosita bahramand bo'lish imkoniyatidan hamon yetarlicha foydalana olmayapti. Muallimning muhim vazifalaridan biri — yoshlarni mana shu boy xazinaga oshno etish, ularda tarixiy manbalarni o'rganishga kuchli qiziqish uyg'otishdir. O'z o'tmishini teran bilgan avlod kelajak sari dadil va ishonchli qadam tashlaydi.
Muallim — ijodkor va tarbiyachi
“Murabbiy” tushunchasi tilimizda teran ma'noga ega. Uning negizida turgan so'z tarbiya qilish, parvarishlash va kamolotga yetkazish ma'nolarini anglatadi. Demak, murabbiy faqat bilim berish bilan cheklanmay, shaxs ongi va tafakkurini shakllantiradi. Ayniqsa, bugungi global axborot muhitida turli salbiy ta'sirlar ko'paygan bir paytda maktab va oliy ta'lim muassasalaridagi murabbiyning mas'uliyati karra-karra oshdi.
Haqiqiy murabbiy quyidagi muhim ko'nikmalarga ega bo'lishi shart:
o'quvchi va talabalarning individual qobiliyatini o'z vaqtida payqash hamda rivojlantirish;
sog'lom ma'naviy-ruhiy muhit yaratib, har bir ta'lim oluvchiga “sen qadrlisan” degan yuksak tuyg'uni bag'ishlay olish;
yoshlarni turli yot va buzg'unchi ta'sirlardan himoya qilib, mustahkam axloqiy chegaralarni anglatish;
ota-onalar bilan samarali hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'yish.
Bu jarayonda pedagogik takt va sabr-toqat hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bolaga baqirish emas, balki unga ishonish; jazolash emas, balki tushuntirish; kamsitish emas, balki rag'batlantirish — mana shu chinakam milliy tarbiyaning asosidir.
Muallim va jamiyat: o'zaro mas'uliyat
Biz ko'pincha muallimdan ko'p narsa talab qilamiz. Biroq jamiyat ham o'z navbatida ustoz oldidagi qarz va majburiyatlarini munosib bajarmog'i lozim.
Davlatimiz tomonidan pedagoglarga yaratilayotgan ijtimoiy kafolatlar, oylik maoshlarning bosqichma-bosqich oshirilishi, zamonaviy o'quv sharoitlarining barpo etilishi va muallim sha'nini qonun yo'li bilan himoya qilish choralari ana shunday yuksak e'tibor va mas'uliyat ifodasidir. Lekin bu e'tibor faqat huquqiy me'yorlar doirasida cheklanib qolmasligi kerak. Oila, ota-ona va butun jamoatchilik ustozlarni e'zozlashi shart. Farzandi huzurida muallimni kamsitgan yoki uni obro'sizlantirgan ota-ona aslida o'z bolasining kelajagiga bolta urgan bo'ladi. Zero, muallimni hurmat qilmagan bola hech qachon ilm va ma'rifatni ham qadrlamaydi.
Shu bilan birga, ustozlarning o'zlari ham muallimlik sha'ni va nufuzini hamisha yuksak saqlamog'i lozim. Obro'-e'tibor buyruq bilan berilmaydi; u halol mehnat, teran bilim, yuksak odob va shaxsiy namuna bilan qo'lga kiritiladi.
Professor-o'qituvchi: bilim va tafakkur yetakchisi
Oliy ta'lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan hamkasblarim xususida alohida to'xtalmoqchiman. Bugungi kunda oliy o'quv yurti professori yoki dotsenti bir vaqtning o'zida uchta ulkan vazifani bajarmoqda: u mohir o'qituvchi, izlanuvchan tadqiqotchi va ma'naviy yo'lboshchidir.
Oliy ta'lim tizimida yangi standartlar, kredit-modul tizimi, xalqaro hamkorlik va xorijiy universitetlar bilan qo'shma ta'lim dasturlari keng yo'lga qo'yilmoqda. Bu holat har bir professor-o'qituvchidan yuqori darajadagi kasbiy mahoratni, chet tillarni mukammal bilishni hamda global ilmiy hamjamiyat bilan faol aloqada bo'lishni taqozo etmoqda. Ammo bu jarayonda eng asosiy mezon ta'lim sifatidir. Shunchaki hisobot uchun yozilgan maqolalar emas, balki soha rivojiga hissa qo'shadigan haqiqiy ilmiy yangiliklar; quruq ma'ruza emas, balki talabaning tafakkurini charxlaydigan erkin munozaralar; reyting ketidan quvish emas, balki ilm oldidagi yuksak halollik eng ustuvor vazifa bo'lmog'i lozim.
Yana bir muhim yo'nalish — bu ilmiy rahbarlikdir. Yosh tadqiqotchini ilm yo'liga boshlash, unga chin ma'noda yo'lchi yulduz bo'lish, halol va qat'iyatli bo'lishni o'rgatish katta ma'naviy mas'uliyatdir. Mahoratli ustoz qo'lida kamol topgan shogird ertaga yangi ilmiy avlodni tarbiyalaydi. Chunki ilm maktablari aynan mana shunday vorisiylik an'analari asosida bardavom yashaydi.
Muxtasar aytganda, bugungi muallim chuqur bilimli, keng fikrlovchi, notiqlik san'atini egallagan, tushunish va tushuntira olish mahoratiga ega, ilg'or texnologiyalarni o'zlashtirgan, shu bilan birga milliy qadriyatlarga sodiq va shaxsiy ibrati bilan atrofdagilarga yo'l ko'rsata oladigan komil insondir. Bu — katta talab. Biroq muallimlik kasbi azaldan ana shunday yuksak sharafli yo'l bo'lib kelgan: u oddiy vazifa emas, balki muqaddas burch va sharafli missiyadir.
Prezidentimiz ta'kidlaganlaridek, ta'limga va muallimga qaratilayotgan e'tibor — bu ertangi kelajakka qo'yilgan eng ishonchli sarmoyadir. Ushbu sarmoya o'z mevasini berishi uchun har birimiz — ustoz ham, olim ham, ota-ona va butun jamiyat ham o'z o'rnida yuksak mas'uliyatni chuqur his etmog'imiz lozim.
1 oktyabr bayrami munosabati bilan barcha aziz ustoz va murabbiylarga mustahkam sog'liq, oilaviy xotirjamlik va sharafli faoliyatlarida ulkan zafarlar tilayman. Sizning mashaqqatli mehnatingiz Vatan kelajagining poydevoridir. Siz kamolga yetkazgan har bir shogird Yangi O'zbekiston qasrining mustahkam g'ishtidir.
Ustoz millatning vijdoni, ma'rifat mash'alidir. Ushbu mash'al hech qachon so'nmasin!
Rahimboy JUMANIYoZOV,
pedagogika fanlari doktori, professor,
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Milliy tadqiqot universiteti rektorining axborot siyosati masalalari bo'yicha maslahatchisi, matbuot kotibi.
