Ibrat sabog'i
(Mashhur huquqshunos Halima Muhitdinova tavalludining 110 yilligi)
Adolatli sudya uchun faqatgina qonunni bilishning o'zi kifoya qilmaydi. Undan mustahkam iroda, xolis tafakkur, pok vijdon va har qanday paytda haqiqatni himoya qilish jasorati ham talab etiladi.
Inson umrining munosib bahosi el-yurtga keltirgan nafi, odamlar qalbida qoldirgan ezgu izi va kelgusi avlodlarga ko'rsatgan ibrati bilan o'lchanadi. Zero, ezgu amalning nuri so'nmaydi; uning pok nomi, yaratgan maktabi va xalqqa qilgan xizmati yashashda davom etadi.
Xalqimiz “Yaxshining nomi o'chmas”, “Yuk ko'targan yuzaga chiqadi”, deb bejiz aytmagan. Zimmasiga el-yurt tashvishini olgan, mas'uliyatdan qochmay, hayot sinovlari qarshisida iroda va matonat ko'rsatgan insongina xalq mehriga, tarix e'tirofiga sazovor bo'ladi.
Bugun biz xotirlayotgan xalqimizning asl farzandlaridan biri — taniqli huquqshunos, o'z davrining mohir sudyasi, davlat va jamoat arbobi Halima Muhitdinovaning umri ham ana shu ezgu aqidaning hayotiy ifodasi desak, aslo mubolag'a bo'lmaydi.
U kishining yoshlik va o'smirlik yillari o'tgan asrning murakkab hamda ziddiyatli davriga to'g'ri kelgan. Halima Muhitdinova hayotning eng mas'uliyatli sohalarida qat'iyat va jasorat ko'rsatib, halol mehnati, tashkilotchilik qobiliyati, odamlarga mehr-e'tibori bilan jamoatchilik o'rtasida yuksak obro'-e'tibor qozondi.
Bu matonatli ayol 1916 yilda Namangan viloyatining Uychi tumanidagi qishloqlardan birida, oddiy dehqon oilasida dunyoga keldi. O'sha davrning og'ir ijtimoiy sharoiti, turli qiyinchilik va cheklovlariga qaramay, ilm-ma'rifatga bo'lgan cheksiz intilishi, mehnatsevarligi va mustahkam irodasi tufayli sharafli hayot yo'lini bosib o'tib, o'zidan o'chmas nom qoldirdi.
Mehnat faoliyatini jamoa xo'jaligi kotibaligidan boshlagan bu oqila ayol yillar o'tib, tinimsiz izlanishi, qat'iyati, kasbiy mahorati va rahbarlik salohiyati bilan davlat va jamoat arbobi darajasiga ko'tarildi. Bu yuksalish tasodif yoki taqdirning in'omi emas, balki har bir bosqichi mashaqqatli mehnat, o'z ustida ishlash, bilimga tashnalik va xalq ishonchiga munosib bo'lishdek yuksak mas'uliyat evaziga qo'lga kiritildi.
Tarix sahifalarini varaqlar ekansiz, Halima Muhitdinovaning nafaqat mas'uliyatli lavozimlarda namoyon bo'lgan tashkilotchilik salohiyati, balki eng qaltis va tahlikali vaziyatlarda ko'rsatgan yuksak insoniy fazilatlariga ham guvoh bo'lasiz. Insonning asl qiyofasi osoyishta kunlarda emas, balki murakkab sinovlar qarshisida qanday qaror qabul qilishi va zimmasidagi mas'uliyatni qay darajada his etib bajarishida namoyon bo'ladi.
Halima Muhitdinovaning o'z xalqiga bo'lgan cheksiz muhabbati, fidoyiligi va jasoratini to'la ochib beradigan muhim bir tarixiy voqea 1944 yilda sodir bo'lgan. Ikkinchi jahon urushi hali davom etayotgan, mamlakat iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan nihoyatda og'ir ahvolda bo'lgan bir paytda Respublika hukumati tizimida mas'ul vazifada ishlayotgan Halima Muhitdinova hukumat darajasida tuzilgan maxsus komissiyaga rahbarlik qildi.
Xovos tumani hududidagi Jo'ylangar, Sarmich, Sovot va Changovul qishloqlarida ensefalit (bosh miya shamollashi) kabi o'ta xavfli kasallik tarqalib, aholi boshiga katta kulfat soladi. Odamlar sarosimaga tushgan, tibbiyot ojiz qolgan tahlikali bir paytda Halima Muhitdinova o'ziga yuklatilgan vazifani shunchaki rasmiyatchilik yuzasidan bajarmasdan, haqiqiy xalq farzandi sifatida o'z hayoti va salomatligini xavf ostiga qo'yib, kasallik tarqalgan qishloqlarda yashaydi, ahvolni o'rganadi. Mash'um kasallikdan azob chekayotgan insonlarga mehr ko'rsatib, ularga juda katta ma'naviy dalda va umid bag'ishlaydi.
Shaxsan Halima Muhitdinovaning talabi va tashabbusi bilan sog'lom bolalar kasallik tarqalgan qishloqlardan olib chiqilib, Toshkent viloyatining Zangiota tumaniga joylashtiriladi hamda shu yo'l bilan ularning hayoti saqlab qolinadi.
Halima Muhitdinovaning qat'iyati tufayli hatto Moskvadan malakali shifokorlar kasallikka qarshi kurashga jalb etiladi. Zarur tibbiy va tashkiliy choralar ko'rilib, ko'plab vatandoshlarimizning hayoti saqlab qolinadi.
Bu jasorat u kishining naqadar insonparvar ekanini ro'yirost ko'rsatadi. Ushbu fidoyi ayol rahbarlikning asl mohiyati odamlardan uzoqda turib topshiriq berishda emas, balki eng og'ir vaziyatda xalqning yonida bo'lishda ekanini o'z hayoti bilan isbotlab berdi. Zero, chin rahbar kulfat paytida xavfsiz joy izlamaydi: boshiga kulfat tushgan odamlar bilan birga bo'ladi. Halima Muhitdinovaning butun faoliyatida ana shunday insoniylik fazilatlari ustuvor ahamiyat kasb etgan.
Halima Muhitdinovaning Oliy sudga rahbarlik qilgan yillari ham tarixning eng murakkab va sinovli davriga to'g'ri keldi. Sud tizimi va rahbar kadrlarga nisbatan turli tazyiqlar kuchaygan, ko'plab insonlar taqdiri qil ustida turgan, qo'rquv va tahdidning sovuq shamollari hukmron bo'lgan sharoitda ham u kishi o'z vijdoniga, kasbiy e'tiqodiga va adolat mezonlariga xiyonat qilmadi.
Adolatli sudya uchun faqatgina qonunni bilishning o'zi kifoya qilmaydi. Undan mustahkam iroda, xolis tafakkur, pok vijdon va har qanday paytda haqiqatni himoya qilish jasorati ham talab etiladi.
U kishi qaysi rahbarlik lavozimida ishlamasin, mansabini o'ziga berilgan imtiyoz sifatida qabul qilmagan, aksincha, xalq va qonun oldidagi ulkan mas'uliyat deb bilgan. Sud tizimining obro'si va nufuzini himoya qilishda, najot va chora izlab kelgan insonlarning qonuniy manfaatlarini ta'minlashda qat'iyat ko'rsatgan. Har qanday tazyiq qarshisida ham qonun va vijdonga tayanish mumkinligini o'z faoliyati bilan isbotlay olgan.
Halima Muhitdinovaning sudyalik faoliyatidagi eng muhim fazilatlaridan biri — inson taqdiriga befarq bo'lmaslik edi. Sud hujjati ortida insonning hayoti, taqdiri, or-nomusi va kelajagi turganini u chuqur his qilganini bugun arxivlarda saqlanayotgan tarixiy hujjatlar ham isbotlab beradi. Ana shunday insoniy va kasbiy fazilatlari tufayli bu pokdomon ayol sud tizimida o'zining haqiqiy “ibrat maktabi”ni yaratgan kam sonli va betakror huquqshunoslardan biri sifatida tarixda qoldi.
Bu kishining mazmunli hayot yo'li va faoliyatida yana bir muhim haqiqat yaqqol ko'zga tashlanadi: yuksak lavozim insonni ulug' qilmaydi, aksincha, inson o'zining halol mehnati, pok vijdoni va ezgu amallari bilan lavozimga zeb beradi. Halima Muhitdinova egallagan har bir vazifasining nufuzini xalqqa sadoqatli xizmati bilan yuksaltira oldi.
Umrining so'nggi yillari Toshkent shahridagi yuridik texnikum bilan uzviy bog'liq holda kechdi. Mazkur ta'lim dargohida yosh avlodga huquq ilmining sirlarini o'rgatdi. Ularga faqat nazariy bilim berish bilan cheklanmay, hayot sabog'i, halollik, adolat, mas'uliyat va odamiylik mezonlarini ham singdirishga intildi.
Chinakam ustozning umri o'z shogirdlari hayotida davom etadi. Shu ma'noda, Halima Muhitdinovaning umri faqat o'zi yashagan yillar bilan chegaralanmaydi. Uning hayot va adolat maktabi shogirdlari, izdoshlari va u haqdagi ezgu xotiralar orqali hamon yashamoqda.
Ayni paytda muhtarama ustozimiz tavalludining 110 yilligini keng nishonlash, u kishining nomini abadiylashtirish bo'yicha ko'plab amaliy ishlar qilinmoqda.
Bu mo''tabar ayolning mashaqqatli va sharafli hayot yo'li, ibratli faoliyatini ochib berishga qaratilgan keng qamrovli avtobiografik kitob nashr etilishi arafasida turibdi. Shuningdek, ushbu fidoyi insonning yorqin va o'chmas qiyofasini katta ekranda gavdalantiradigan hujjatli film tayyorlanmoqda.
Bulardan ko'zlangan asosiy maqsad — qaysi davr va qanday siyosiy-ijtimoiy sharoit bo'lmasin, o'z xalqi va Vataniga sodiq qolib, vijdonan va pok mehnat qilgan mo''tabar o'zbek ayolining hayot maktabini keng jamoatchilikka yetkazishdir.
Ushbu kitob va hujjatli film orqali bugungi va kelgusi avlod vakillari Halima Muhitdinovaning bosib o'tgan murakkab, ammo sharafli hayot yo'li, sudyalik faoliyati, davlat va jamoat ishlaridagi xizmatlari, insoniy fazilatlari hamda ustozlik merosi bilan yaqindan tanishadi. Bu yosh avlodni inson umrining qadri, vijdon oldidagi mas'uliyat, haqiqatga sadoqat va xalqqa xizmat qilishning buyuk ma'nosi haqida mushohada yuritishga undaydi.
Bugun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yangilanayotgan O'zbekistonda inson qadrini ulug'lash, jamiyat hayotida adolatni qaror toptirish, qonun ustuvorligini ta'minlash hamda xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlariga aylandi. Shu ma'noda, Halima Muhitdinovaning hayoti va ma'naviy-huquqiy merosi g'oyat qimmatli va ibratlidir.
Darhaqiqat, Halima Muhitdinova singari fidoyi insonlarning ibratli taqdiri bugungi Yangi O'zbekistonni barpo etish yo'lidagi shiddatli islohotlarda faol ishtirok etayotgan, davlat va jamiyat boshqaruvida o'z salohiyatini namoyon qilayotgan zamondoshlarimiz uchun ham matonat va jasorat namunasidir. Ayni paytda bu hayot yo'li sudyalar, huquqshunoslar, davlat xizmatchilari va mustaqil hayotga qadam qo'yayotgan yoshlar uchun ulkan ma'naviy saboqdir.
Halima Muhitdinovaning xalq va Vatan oldidagi xizmatlarini munosib e'tirof etish, uning pok nomini abadiylashtirish hamda boy hayotiy merosini kelgusi avlodlarga yetkazish burchimizdir.
* * *
ADOLAT QUYoShI
Zamonlar almashar, yillar o'tar jim,
Tarixga aylanar kecha va bugun.
Ammo ezgu amal bilan o'tdi kim,
El qalbida yashar mangu, bus-butun.
Haq yo'lin yoritgan nurli bir siymo,
Adolat so'ziga baxsh etgan hayot.
Halima opaning pokiza umri –
Vatanga sadoqat, xalqqa ibodat.
Vijdoni pok edi, oq edi yuzi,
Haqiqat jilosi porlar yo'lida.
Mayoq deb bildi el ishonchin, so'zin,
Qonunni muqaddas tutdi dilida.
Oliy sud minbari yuksak bag'oyat,
Unda ong sinalar, charxlanar inson.
O'n yillik mehnat bu –
ming yillik zahmat,
Matonat atalmish yorqin bir doston.
Og'ir sinovlarda, mashaqqatlarda,
Qat'iyat hamrohi bo'ldi har doim.
Boshin baland tutdi mashvaratlarda,
O'z vijdoni amriga qololdi qoim.
Qilichi – haqiqat, qalqoni – qonun,
E'tiqodi ezgu qal'a bu yurak.
El tashvishin zimmaga olib,
Xalqqa xizmat qildi kun-tun, jonhalak.
Ona edi – mehri tongdek musaffo,
Farzand tarbiyasi – eng oliy burchi.
Sudya edi – odil, donishmand, dono,
Adolat timsoli, elning suyanchi.
Bu ikki kalima – muqaddas maqom,
Bir umr sharaflab tutilmish boshda.
Diyonat ahliga esh etilgan nom
Bugun, mana qutlug' bir yuz o'n yoshda…
Quyosh botar, ammo ziyosi so'nmas,
Oydin odamlarning amali ezgu.
Kimki Haq yo'lida nur taratdi, bas,
Avlodlar qalbida qolajak mangu.
* * *
Albatta, inson umrining eng munosib bahosi — uning ortidan aytiladigan ezgu so'z va davom etadigan xayrli ishlaridir. Zero, bu eng katta ibrat sabog'idir. Xalq qalbiga muhrlangan nom tarix sahifalaridan o'chmaydi.
Halima Muhitdinovaning adolatga, xalqqa va Vatanga baxshida umri ana shunday boqiy umrlar sirasiga kiradi.
Xolmo'min YoDGOROV,
O'zbekiston Respublikasi
Sudyalar oliy kengashi raisi.
