U bir so'zki, quyosh yanglig' bag'ishlar nur – o'lim bilmas

O'zbekiston xalq shoiri Sharifa Salimovaning o'chmas yodi

Besh-olti oycha muqaddam xalqimizning atoqli va ardoqli shoirasi, taniqli jamoat arbobi Sharifa Salimova og'ir xastalikka uchraganini eshitganimda, qalbim o'rtangan. Shofiy – shifo beruvchi Allohdan ziyoli va munisa opamizga komil shifo tilab, duoda bo'lganman. Oradan ko'p o'tmay, muborak Qurbon hayiti arafasida hurmatli Prezidentimiz “Madaniyat, san'at va adabiyot sohalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to'g'risida”gi Farmoni bilan Sharifa Salimovaga O'zbekiston xalq shoiri unvonini berdi. To'g'risi, qalbim mumday eridi, ko'zlarimga sevinch yoshlari qalqdi.

Davlat rahbarining ijodkor hayotidan, uning dardu iztiroblaridan xabardor bo'lishi naqadar muhim ekaniga dalil bu. Sharifa Salimova shunday yuksak e'tirofga har jihatdan munosib edi. Lekin xalq shoiri unvoni opamiz daldaga, qo'llab-quvvatlovga har qachongidan ham kattaroq ehtiyoj sezgan vaqtda berilgani ayni muddao bo'ldi. Shoira opamiz ruhlandi, xastaligi yodidan ko'tarildi, vujudiga g'ayrat-shijoat indi. Zavq-shavq va ilhom bilan yangi she'rlar yozdi.

— Siz o'zbek xalqining baxti uchun, Allohning buyuk irodasi bilan bizga yuborilgan ulug' zotsiz, — dedi Sharifa Salimova Yurtboshimiz qo'lidan O'zbekiston xalq shoiri unvonini olar ekan. — Yurtimizga Siz bilan Uchinchi Renessans havosi, Yangi O'zbekiston nafasi keldi. Hayitdagi bu Farmonni — bunaqasi hali bo'lmagan, — men sevinch yoshlari bilan qabul qildim. Bunday Farmonga imzo chekish uchun qalb qanchalik keng bo'lishi kerak, bag'ir qanchalik keng bo'lishi kerak! Butun aytganda, inson qadrini anglash qanchalik keng bo'lishi kerak. Shu ma'noda, butun yurt duoga qo'l ko'tardi. Barcha ijodkorlarimiz nomidan, avvalo, chin dildan tashakkurlarimizni, ehtiromlarimizni qabul qiling. O'zingiz ijod ahlining qanoti bo'lishini aytdingiz. O'sha qanot asrlar mobaynida yotuvdi-da qayrilib. Siz chinakam ijod erkinligini berdingiz. Bizning bo'g'zimizdagi tugunlar yechilib ketdi.

Biz endi boshqa odamga aylandik. Har bir mukofot el-yurt ishonchi, el-yurt iftixori va ayni paytda, Vatan ishonchi degansiz. Siz Vatan saodati uchun katta fidoyilik bilan ish olib borib, dunyolarni hayratga soldingizki, biz qarzdormiz!

Ushbu so'zlardan keyin shoira yangi yozgan “Vatandin yaxshi yor bo'lmas” sarlavhali she'rini o'qib berdi. O'tli ko'ngil izhorini ifodalagan she'r matni quyidagicha edi:

Muhabbat gullari ko'ksing bahorida

mudom so'lmas,

Vatan ishqi umrboqiy, u manguga zavol ko'rmas,

U bir so'zki, quyosh yanglig' bag'ishlar nur,

o'lim bilmas,

Usiz joningda jon yo'qdir,

bahorlar ham bahor bo'lmas.

 

Yurak aytur, yurak aytur,

Vatandin o'zga yor bo'lmas.

 

Go'zal jannat erur bog'lar,

tomirlarda jo'shar qonlar,

O'z elida baxtiyordir mehnatsevar,

hur insonlar,

Yangi O'zbekiston elga ochib berdi zo'r imkonlar,

Ming shukrkim, qo'l duoda,

duoli el zavol bilmas.

 

Yurak aytur, yurak aytur,

Vatandin yaxshi yor bo'lmas.

 

Vatan tufrog'ida bir tup nihol

ekmoq emas oson,

Bugun o'zbek shiddatidan

ko'hna dunyo lol-u hayron,

Vatan saodatin ko'zlab orom bilmas

ulug' sarbon,

Duolar ko'kka o'rlaydi, yuz quyoshi mangu so'nmas.

 

Yurak aytur, yurak aytur,

Vatandin yaxshi yor bo'lmas.

 

Shukr neda? Shukr ilm, mehnat-u

baxt-saodatda,

Go'daklarning quvonchida, Yaratganga ibodatda,

Shukr qildim bu kunlarga, ijodu ruh rohatda,

Elim, boshing baland bo'lsin,

sen ekkan nihollar so'lmas.

 

Yurak aytur, yurak aytur,

Vatandin yaxshi yor bo'lmas.

 

Insonni tirikligida qadrlash kerak. Hayot vaqtida ko'nglini ko'tarish, boshiga mushkul ish tushganda, qalbiga shodlik ulashmoq zarur. Sharifa Salimova qismati buning ahamiyati nechog'liq katta ekaniga yana bir yorqin dalildir.

Shoira ijodining ko'lami

Sharifa Salimova ijodini qariyb o'ttiz yildan buyon muttasil kuzatib kelaman. “Hayot zavqi”, “Mening bahorim”, “Vatan suvrati”, “Bedor tun tomchilari” singari lirik she'rlardan tuzilgan va “Tongga qasam”, “Giyohlar bilan tillashgan inson” kabi badiiy publitsistik maqolalardan tarkib topgan to'plamlari, bolalarga bag'ishlangan ajoyib nazm namunalarini o'z ichiga olgan “Qushlar alifbosi”, “Hayvonot olamiga sayohat” kitoblari, “Xizr bulog'i”, “Duogo'yim onam” va “To'maris” singari dostonlari,  “Qabohat saltanati yoxud qor qo'ynida lolalar” she'riy romani, to'rt jildlik salmoqli “Tanlangan asarlar”i shoiraning ijodiy xirmoni havas qilsa arzigulik ekani isbotidir. She'rlari teran hayotiy mohiyatni ifodalagani, ohorli tashbehlariyu istioralari, ayol ijodkorlarga xos nafis uslubi bilan alohida ajralib turadi.

Sharifa Salimova she'riyatida ayol ruhiyati, o'zbek onasining orzu-armonlari, dardu iztiroblari o'ziga xos talqin etilgan. Shoiraning “Ayol uyg'onmasa – uyg'onmas millat” degan so'zlari xalqimiz orasida aforizmga aylanib ketgani ayon. Chunki bu so'zlar shunchaki qofiya uchun to'qilgan emas, ular millat dardi bilan yongan qalbdan vulqon kabi otilib chiqqan haroratli dil izhori edi. Ko'ngilning tub-tubidan chiqqani uchun ham ko'ngillarga yetib borgan edi bu so'zlar. Shu nomdagi she'rdan olingan mana bu satrlarni befarq o'qib bo'lmasligi ham buning isbotidir:

 

Qorako'z tulporlar yolin silasa,

Quyoshga uchguday quvvat beruvchi,

Sochini supurgi qilib Vatanga,

O'zi tog'lar kabi mag'rur turuvchi…

Jimgina suyuvchi… ko'z yosh to'kuvchi,

Ishqi ham gul kabi, nur kabi halol…

Hayotning tabarruk yukin yelkalab,

Shu zayl Haq sori ketmoqda… AYoL…

 

Sharifa Salimova she'rlar, dostonlar yozish bilan birga, badiiy publitsistika borasida ham samarali ijod qildi. Uning turli mavzulardagi, zamonamizning o'tkir muammolariga bag'ishlangan badiiy-publitsistik maqolalari, ustoz va zamondosh shoiru adiblar ijodiga doir esselari  ushbu fikrni tasdiqlaydi. Ushbu maqola va esselarni o'qir ekansiz, ularning salohiyatli shoira qalamidan chiqqani yaqqol seziladi. Ularda ohorli tashbehlar, tutilmagan obrazli ifodalar, so'zning ta'sir kuchini behad oshirib yuboradigan istioralar mahorat bilan qo'llanadi. Ushbu badiiy tasvir vositalari so'zga rang va jilo beradi. Uning she'rday, qo'shiqday ravon o'qilishini ta'minlaydi. Bular hammasi o'zbek va jahon adabiyoti namunalarining muttasil mutolaasi hamda tunni tongga ulab chekilgan ijodiy zahmatlar orqali erishilgan mahorat natijasidir.

Sharifa Salimova mohir tarjimon sifatida jahon adabiyotining Gyote, Genrix Geyne, Anna Axmatova, Yohan Yellas Shlegel, Nikolaus Lenau, Hans Magnus Yenzensberger, Bartxold Henrih Brokes, Yozef fon Ayxendorf singari namoyandalari she'rlarini o'zbek tiliga o'girgan. Islomshunos olmon shoiri Hadayatulloh Hyubsh she'rlari tarjimasidan tarkib topgan “Oh, atirgul” to'plami, ayniqsa, shoira tarjimonlik faoliyatining eng yorqin namunasidir. Bu tarjimalar shoira uchun chet ellik ijodkorlar mahorati sirlarini o'rganish nuqtai nazaridan foydali bo'lishi barobarida she'riyat muhiblarini jahon adabiyotida kechayotgan ijodiy jarayonlar bilan tanishtirishi jihatidan ham qimmatlidir.

Ustozlarga ehtirom va ular e'tirofi

Sharifa opa so'zni nozik his etadigan, oz so'zga ko'p ma'no yuklay biladigan ijodkor bo'lishi barobarida, har qanday auditoriyada nutq so'zlasa, tinglovchilarning diqqatini o'ziga jalb eta olgan mahoratli notiq ham edi. Ulug' ustozlari Erkin Vohidov va Abdulla Oripovning sadoqatli shogirdi sifatida, ularning yulduzli onlarida ham, sinovli kunlarida ham oqibat ko'rsatgani Sharifa Salimovaning odamiylikda qat'iyatli bo'lgani isbotidir. Shoiraning ustoz Abdulla Oripov haqidagi xotirasida mana bunday so'zlarni o'qiymiz: “Qashqadaryo… Neko'z. Do'ppidekkina qishloq. O'zbek adabiyotiga ulug' Abdulla Orifni bergan mo''jizaviy maskan. Ko'z o'ngimda Neko'z kengliklarida yalangoyoq bo'lib chopayotgan, dunyoni yolg'iz Onadan iborat deb bilayotgan ushoqqina, tinib-tinchimas bolakay. Ona mehr bilan uning, kuzda o's(ayot)gan rayhonday ma'yus singil”ning boshini silaydi, gilam to'qiydi, kunduzi qo'shiqlar, tunda ertaklar aytib beradi. Farzandlariga qarab: “Sizlar osmonda uchib ketayotgan qushlarning suvratini shu zahoti gilamga ko'chira olmaysizlar-da, men bo'lsam tushira olaman”, – deydi erkalanib.

 

Quyundayin charx urardik doim to'zonda,

Chang neligin bilmas edik o'sha mahali.

Onamizni tushunardik inson deganda,

Ammo ona tanholigin bilmasdik hali.

 

Shoir bilan birga uning muhtarama onasi millionlab qalblarga kirib keladi va o'zimizga aylanadi. Onani yo'qotmoq – olamni yo'qotmoq qadar og'irligini shoir bizga kuygan yurak bilan, ko'z yoshlaridan ho'l bo'lgan qalam bilan anglatadi va ­O'ZBEK ONASI ruhiyatiga so'zdan tiklangan haykal qo'yadi”.

Sharifa opamiz o'zi ham ona bo'lgani uchun ustoz haqida yozganda, uning muhtarama onasini xotirlagan. She'rlarida ona timsoliga badiiy obida ­bunyod eta olganini yoniq qalb bilan izhor etgan.

Ikki ulug' shoir – Erkin Vohidov va Abdulla Oripov yubileylarida, ular ijodiga bag'ishlangan tadbirlarda, teleko'rsatuvlarda nutq so'zlar ekan, Sharifa opa ustozlar asarlaridagi eng shoh satrlarni yoddan keltirib, chuqur va professional tahlil qilib berardi. Bu misollar va ular tahliliga doir fikrlar uning ustoz shoirlar ijod laboratoriyasini nechog'liq puxta o'rganganini, asarlarini qanchalik ko'p o'qigan bo'lsa, shunchalik puxta o'zlashtirganini ko'rsatar ediki, bu hol shoira ijodiy kamoloti sirlarini oydinlashtirishi jihatidan ham qimmatlidir.

O'z navbatida, har ikki ustoz shoir Sharifa Salimova ijodiga yuksak baho bergan. Jumladan, “Xizr chashmasi” dostonini o'qigach, Abdulla Oripov mana bunday fikr bildirgan edi: “Sharifaxon, singlim! G'oyat go'zal doston yozibsiz! Rahmat! Buyuk va sho'rlik bir xalqning dahosiga ehtirom sharofati bilan hammamizning dilimizdagi iztiroblarni, unut bo'lgan xayollaru beamal qolgan orzu-umidlarni, muhimi, achchiq armonlarimizni bir shoda dur kabi tizibsiz. Uning har bir donasi ko'z yoshlarimiz kabi tiniq va beg'ubordir. Umidimiz Navoiy hazratlarining dahosi yanglig' poydor bo'lib ko'rinib turibdi. Ayniqsa, satrlarda ona qalbi, ayol mehri, uning cheksiz samimiyati, kuyunchakligi muhrlangan. She'riy mahoratingiz kamol topmoqda ekan – muborak bo'lsin. Bu yo'lda sizga tag'in ham inja san'at tilayman. Dostonning nomi ham teran, ma'nili. Ba'zi tilaklarimni o'rni kelganda aytarman. Hozircha esa tabriklayman”.

Bunday ulug' ustozlar e'tiboriga tushish, ular e'tirofini qozonish – chinakam baxt. Sharifa Salimova ana shunday baxtga noil bo'lgan ijodkor edi.

Iymon yog'dusi

Hazrat Alisher Navoiyning:

 

Kimki jahon ahlida inson erur,

Bilki, nishoni anga iymon erur, –

 

degan satrlari ustoz shoiru adiblarimizga, millatimiz darg'alariga juda yaxshi ma'lum. Sharifaxon opamiz ham hazrat Navoiy bobomiz singari iymon to'g'risida ko'p ta'sirli satrlarni bitgan. Ota makoni Parkent haqidagi she'rda: “Buloqlardan tiniq toza iymonim” deb yozsalar, “Ruh manzaralari” she'rida:

 

Qushlar sayrog'idan uyg'onsa iymon,

Gullar shiviridan shifo topsa jon, –

deb iymonning hamisha uyg'oq bo'lishini orzu qilganlar. Yana bir she'rlarida iymon mehrobiga kir tovonini surtganlardan qo'rquvlarini izhor etganlar.

“Yaxshiroq” sarlavhali she'rda esa mana bunday satrlarni o'qiymiz:

 

Ey dil, uyg'on, Haqni anglar vaqt yetdi,

Bu manzilga kim hushyor, karaxt yetdi?

Arshdan Yerga nur qurshagan taxt yetdi,

Mingta so'zdan bitta Qur'on yaxshiroq.

 

Bular barchasi Sharifaxon Salimovaning ulug' shoira bo'lish barobarida asil iymon sohibasi sifatida umr kechirganidan darak beradi. She'rlaridan taralgan iymon yog'dusi uning siyrati, xulqi, odobu hayosi bilan benihoya uyg'un ekani esa har kimda ham kuzatilmaydigan noyob fazilatlardir.

Tahririyatlarda ishlab yurgan kezlarida ham, Oliy Majlis deputati sifatida va boshqa mas'ul lavozimlarda faoliyat yuritganda ham Sharifa Salimova o'zbek ayoliga xos odobu nazokatni, hayo-yu iboni mukammal saqlay olgan, millatimiz onalariga xos fazilatlarni ko'z qorachig'iday asrab, hayotda shunga to'liq amal qila bilgan insondir. Opa turmush o'rtog'i, o'zbek adabiyoti va folklori namunalarini nemis tiliga tarjima qilib, Germaniya timsolida Yevropaga targ'ib qilishda hormay-tolmay xizmat qilayotgan muhtaram olimimiz Xurram aka Rahimov bilan qo'sh qanot bo'lib, xalqimiz adabiy-estetik tafakkuri yuksalishiga munosib xizmat qilib kelgani ham tahsinga loyiqdir.

Ona obrazining ohorli talqini

Shoira lirikasida Ona obrazi alohida o'rin egallaydi. Orzulari chechaklarday mo'l, umidlari o'zi bir jahon ijodkor tuyg'ulari kabi toza nurlarga yuzini yuvayotgan osmon, yo'lga chorlab chalinayotgan nayni eslatar ekan, munis onasidan oq fotiha tilaydi (“Oq fotiha bergin” she'ri).  Onaizorning tomirlari bo'rtib-bo'rtib ko'ringan qadoq qo'llari, peshonasidagi mayda chiziqlarga bo'lingan ajin yo'llari, bir paytlar nur bilan porlab, ko'kdan termilgan yulduzlarga to tongga qadar yog'du ulashgan-u, endi xiragina nazar tashlayotgan ko'zlari… qordek oq suyumli sochlari… o'quvchi ko'z o'ngida mushtipar volida suvratini jonlantiruvchi, ko'ngillarga uning yurak taftini his etish imkonini tuhfa etuvchi bu satrlar samimiyatidan mijjalarga yosh qalqiydi… (“Onamning qo'llari” she'ri). Mana bu satrlar ona duosining qimmati nechog'liq baland ekani haqida:

 

Tillolar olmadim, zarlar olmadim,

Zo'rlarga boshimni egib bormadim.

Xiyonat, ig'voning loyin qormadim,

Olganim duolar bo'ldi, onajon!

 

…G'animning o'qiga bo'lsam-da nishon,

Ko'zimdan chakillab tomganda ham qon.

Sidirib, men uni tiladim iymon,

Olganim duolar bo'ldi, onajon!

 

Onadan ayrilmoq – dunyodagi eng og'ir musibat… Shoiraning “Onajon” she'rida ana shu og'ir yo'qotish iztiroblari behad ta'sirli ifodalangan. Kuzgi yaproqlar uzilishi og'ir oh chekishiga bois bo'lgan ijodkor tonglarda: “Sen uni ko'rdingmi, mehribon quyosh?”, deya iltijo qiladi. Tog'lar qoshida bosh egar ekan, onaizorini sog'inib chunon yig'laydi…”.

Shoir, odatda, yuragidagi cho'ng dardu iztirobni, qalbini o'rtagan g'amu anduhni she'rga soladi. Lekin uni mutolaa qilgan har bir kitobxon she'rdan o'z kechinmalarini, o'kinchu qayg'ularini his etadi. Nima uchun shunday? Chunki haqiqiy shoirning she'rida, tilidan, dinidan, irqidan qat'i nazar, bani basharning tuyg'ulari, dardu anduhlari qalamga olinadi. O'qigan har bir inson undan o'zi uchun xulosalar chiqaradi. Sharifa Salimovaning yuqoridagi she'ri ham ana shunday yuksak badiiyat namunasidir. Ijodkor vafotidan keyin “Facebook”ka uning qizi Gulrux Rahimova ushbu she'rni shoiraning surati bilan joyladi. Onadan ayriliq iztirobi endi unga ko'chgan edi. Ne ajabki, Sharifa opa bilib-bilmay bu she'rda farzandining kelajakdagi g'ussasini ham qalamga olgan ekan.

“Xizr chashmasi”ning hikmati

Sharifa Salimova lirik she'rlardan tashqari dostonlar ham ijod qildi. Bu dostonlar shoiraning katta poetik ko'lamda fikrlay olishi tasdig'i sifatida alohida ahamiyatga ega. “Xizr chashmasi” dostoni syujetining markazida hazrat Alisher Navoiy obrazi turadi. Shoira butun zaminu zamonni buyuk mutafakkir bobokalonimiz atrofida aylantiradi. Asrlar o'taveradi, zamon evrilaveradi, lekin millat hayotida bu ulug' siymoga bo'lgan ehtiyoj so'nmaydi.

Sahrodagi yolg'iz daraxt va uning tagidagi chashma yonida turgan hazrat Navoiy huzurida qo'lida ingragan go'dak bilan zo'rg'a qadam bosayotgan ona namoyon bo'ladi. To'rt farzandini tuproqqa topshirgan, beshinchi bemajol go'dagini bag'riga bosgan xastadil ona… Uning so'zlaridan buyuk mutafakkir – quyosh ruxsorli tabarruk siymo faryod chekadi. Onaizor esa boshiga tushgan musibatlarni bayon etadi. Uning aytishicha:

Siru asror to'la zamon aylandi,

Aylanganda ham ko'p yomon aylandi.

Shayton yuraklarda g'avg'o boshladi,

Millat orasiga nifoq tashladi…

Bugina emas. Shaytonlar ming fitna tuzavergani, eng sara gullarni uzavergani, ne-ne tilla boshlar kesilib ketgani, eng ulkan chinorlar o'tin, alangasi pinhon tutun bo'lgani, asl buloqlarning suvi aynigani, ona tuproqning sho'ri qaynagani, ­daryolar burilib oqmay, odamlar bir-biriga boqmay qolgani, avvallari sof bo'lgan havolar zahar sochgani, onalar daladan kelmay, go'daklar qulunday yelmay qo'ygani haqida kuyinib so'zlaydi. Uningcha: “Bir payt ayol ersa muhabbat guli, Endi nomi bo'ldi tiriklik quli. Ular o'ttizida o'tin bo'ldilar, Armon vodiysida tutun bo'ldilar. Bir payt visoliga Majnun bo'lgan zor, Tuproqqa teng bo'ldi Laylidek dildor… Ayol qal'asiga putur ketgan on, Dod deb sohilini tark etdi ummon…” Muloqot so'ngida bu xastadil ona hazrat Navoiyning “Isming ne, qizim?” – degan savoliga “Go'dagim Farhoddur, o'zim… Dilorom…” – deya javob beradi.

Dostondagi Xizr chashmasi bu – turkiy til, mangu yashil daraxt – hayot timsoli. Dunyoning eng qadimiy va eng boy tillaridan bo'lgan ona tilimiz timsoli bo'lgan Xizr chashmasi, mangu hayot ramzi hisoblangan yashil daraxt va hazrat Alisher Navoiy yonma-yon tasvirlanishi, zaminu zamonning ana shu uchlik tegrasida aylanishi shoiraning taxayyul va tafakkur olami nechog'liq keng ekani isbotidir.

Hazrat Navoiy yoniga, Xizr chashmasiga kelgan keyingi yo'lovchi – qo'llariga kishan solingan ayol. Axloqsizlik, fahsh botqog'iga botgan jamiyat qurboni bo'lgan bu ayolning musibati toshlarni yoradi. Na millat dardidan g'ami, na tuqqan elining va na ona tilining qadri bilan ishi bo'lmagan, tillaga ko'milib, sutlarga cho'milib, pul uchun dinu iymonini sotgan, “Ummon quriyversa, na tashvishi bor, Haqiqat toptalsa, nima ishi bor” kimsalar bois baxti toptalgan jonlar qismati haqidagi fojialarni so'zlagan bu musibatzadaning ismi Layli…

Shoira shu tarzda hazrat Navoiy pok ishq va insoniy kamolot timsoli sifatida tasvirlagan Farhodu Diloromu Laylilar zamonaviy otdoshlarining nomi ham, shoni ham toptalgan ziddiyatli davr fojialarini o'ziga xos uslubda talqin etadi. Zamon chindan ham yomon tomonga evrilganini obrazlar asosida ta'sirli suratlantiradi.

Shoira doston qahramonlari tilidan bugun tarixga aylangan, lekin xalqimiz kechmishida og'ir iz qoldirgan fojiani butun ko'lami bilan tasvirlaydi. Har bir satrdan, har bir so'zdan ona yurt g'amida kuygan ijodkorning ko'ngil iztiroblari silqib turadi. Ona xalqining dardi uning ko'zlaridan uyquni, qalbidan halovatni olgani, qo'liga qalam tutqazib, faryodlarini oq qog'ozga to'kmoqni diliga solgani yaqqol sezilib turadi.

Buyuk Navoiy yoniga kelgan keyingi qahramon – yetmishlarga borib qolgan qomati dol chol va uning kalom bilmas o'g'li. Otaxon o'g'lining ahvolini aytib kuyinadi. Uning so'ziga ko'ra, o'g'li o'z tilida salomni ham, bir kalima xush kalomni ham bilmaydi. Maqomlardan peshonasi tirishadi, g'azal ne deb bir chekkada qunishadi. Qodiriyning kimligini bilmaydi, Abdulloni nazar-pisand qilmaydi. Xotinining sochin kesib qo'yadi, Farzand qolib, kuchugini suyadi. Ona xalqini savodsiz deb ustidan kulgan. Otasini g'aribxonaga eltib qo'ygan… Millat nadir, armon nadir, hushi yo'q, Olamni suv bossa magar ishi yo'q. Gadolarning kaftiga tosh qo'yadi, G'arb olamin poyiga bosh qo'yadi…

Sharifa Salimova shu tarzda qahramonlar tilidan millatni o'zligidan ayirgan illatlar mohiyatini fosh eta boradi. U qo'llagan ijodiy uslub – turli davrning turli holatdagi kishilarini hazrat Navoiy qoshiga keltirib, ular fojiasining asl ildizlarini ochib berishi shoiraning ijodkor sifatidagi mahoratidan tashqari, ma'naviy jasorati sifatida ham baholanmog'i zarur.

Dostonning poetik xulosasi o'quvchi qalbida umidbaxsh tuyg'ularni uyg'otishi bilan ahamiyatlidir. Hazrat Navoiyning shitob bilan buloq bo'yiga borib, uni kengliklar sari ochib yuborishi millat hayotiga ozodlik, ro'shnolik kelishi ramzidir. Asar so'ngida buyuk bobokalonimiz huzuriga ilk bor qo'lida ingragan go'dak bilan zo'rg'a odimlab kelgan onaizorning farzandiga hazrat buloq suvin ichiradi, tandan dard qushlarin bir-bir uchiradi. Baxtsiz ota-bolaga iymonu insof tilaydi. Ya'ni Xizr chashmasi – turkiy til millat taraqqiyotining asosi sifatida xalqimizning ko'ngli shod, hayoti obod bo'lishiga yo'naltiriladi. Shu tarzda asarda tilga olingan tugunlar birma-bir yechiladi.

Umuman, “Xizr chashmasi” dostoni ona yurt tarixining eng murakkab va ziddiyatli davrlari, Vatan va millat inqirozining sabablari teran badiiy talqin etilgani bilan ham, buyuk Alisher Navoiyday mutafakkirlari bor xalq baribir o'zligiga qaytishi, taraqqiyga erishmog'i muqarrarligi haqidagi umidbaxsh g'oya bilan yakunlanganiga ko'ra ham, shoira ijodiy niyatining o'ziga xos ramzlar, timsollar orqali betakror ifodalangani jihatidan ham ko'lamli badiiy polotno darajasiga ko'tarilgan.

Millat dardi va badiiy ifoda uyg'unligi

Sharifa Salimovaning “Qabohat saltanati yoxud qor qo'ynida lolalar” she'riy romani jami 272 sahifani tashkil etib, uch qism, o'n uch fasldan tarkib topgan. Ushbu salmoqli nazmiy asar millatning o'tgan asr avvalida  qatag'on qurboni bo'lgan fozila qizlari qismati badiiy talqin etilgani jihatidan qimmatlidir.

Asarning birinchi fazilati katta mehnat va zahmat hosilasi ekanida ko'rinadi. Shoira arxiv hujjatlarining changini yutib, qatag'on qurbonlariga doir ma'lumotlarni yiqqan, tartibga solgan va tarix haqiqatini qunt va sabot bilan o'rgangan. She'riy roman uchun boy material to'plagan. Lekin qanchalik mashaqqatli bo'lmasin, material yig'ilgani va anglangani hali dastlabki bosqich, xolos. Eng muhim va murakkab ish, odatda, shundan keyin boshlanadi. Arxiv hujjatlaridagi xotin-qizlar taqdiri bilan bog'liq murakkab va ziddiyatli, ayanchli va fojeiy haqiqatlarni ijodkor qalb va ruh bilan his etmasa, ular tortgan azoblarni o'z yuragidan o'tkazmasa, natija kutilganidek bo'lmasligi ayon. “Qabohat saltanati”ni mutolaa qilar ekansiz, Sharifa Salimova ana shu hasrat va anduh olamiga chuqur kira olganiga guvoh bo'lasiz. Asarning ushbu muhim fazilatini she'riy romanga so'zboshi yozgan O'zbekiston Qahramoni ustoz Ibrohim G'afurov ham alohida ta'kidlagan: “…shoiraning yuragi qanday chidadi ekan zamonlar kechib bu mash'um voqealarni qayta tiriltirishga? Muallifga bunda kuch-quvvat, bardosh, matonat-chidam bergan hodisa – bu uning zulm qurbonlariga o'zini singilday, jigarday, qondosh-qarindoshday tutishi va his qilishidir. U nohaq jabrdiydalarning holi-ahvoli, kechinmalari, muhabbat-sadoqatlarini teran tushunadi, dard-alamlarini o'z jonida sezadi. Ularga eng og'ir damlarda iroda-matonat qaerdan kelganligini uqadi, anglaydi. Asar shunday milliy negizlardan kelib chiqayotgan noyob darddoshlikdan tug'ilgan. Bunday asarni sovuq qalam, sovuq nigoh, sovuq yurak bilan aslo yozib bo'lmaydi”.

Lekin nechog'liq mushkul bo'lmasin, materialni misqollab yig'ish, tahlil etish va o'z qalb chig'irig'idan o'tkazish ham hali to'laqonli muvaffaqiyat bo'la olmaydi. Bulardan keyin uchinchi va  eng asosiy shartni bajarish taqozo etiladi. Bu – tarix haqiqatini badiiy haqiqatga aylantirish. Aslida, eng qiyini ham shu. Buning uchun ijodiy salohiyat zarur. O'rganilgan materiallar asosida ilhom bilan quyilib kelgan satrlar ustida, kerak bo'lsa, har bir so'z ustida tunni tongga ulab ishlash, qayta va qayta tahrir qilish, sayqal berish. Ana shu ish bajarilmasa, asar xomgina bitik darajasida qolib ketishi aniq. Sharifa Salimovada katta ijodiy salohiyat ham, so'z ustida ishlash va bundan halovat topish fazilati ham mujassam edi. Asarda tahrirtalab so'z va jumlalar deyarli uchramasligi, uslub ravon va ifoda tiniq ekani buning isbotidir.

She'riy roman kompozitsiyasi ham chuqur o'ylangan. Debochadan avval Abdurauf Fitratning yovqur ruh ifodalangan mana bu satrlari epigraf qilib olingan:

 

Onam, seni qutqarmoq uchun jonmi kerakdir?

Nomusmi vijdon bila iymonmi kerakdir?

Temur bila Chingiz qoni  toshdi tomrimizdan,

Aytgil, seni qutqarmoq uchun qonmi kerakdir?

Yov suqg'ali kelgach qilichini yuragingga,

Tush oldiga, ol ko'ksumi – qalqonmi kerakdir?

 

Sharifa Salimova asarning bosh g'oyasini ham to'g'ri belgilagan. Bu – jadidlar ilgari surgan Turon sog'inchi, Turkiston ozodligi g'oyasidir. Iste'dodi va Vatanga muhabbatidan o'zga aybi bo'lmagan Xayriniso Majidova va Maryam Sultonmurodova taqdiri qalamga olinadimi, millatparvar Viloyat Xo'jayeva, Kimyoxon Ashurova yoki Tojixon Ahmedova qismatimi, ma'rifat fidoyilari Sobira Xoldorova, Maqsuda Ishoqova, Hikmatjon Fitratova yoki Tojixon Shodiyeva boshidan kechgan azoblar tasvirlanadimi – ularga eng og'ir damlarda kuch bergan, qalbiga matonat va sabot bag'ishlagan ana shu g'oya mahorat bilan talqin etiladi.

She'riy romandagi inja yaratiq sanalgan ayolga azob berishdek yirtqichlikdan lazzat oluvchi mash'um uchlik tergovchilari va mustabid tuzumning boshqa malaylari, shuningdek, millatning fozila qizlari qismatiga achinish o'rniga ularning onasiga, oila a'zolariga xalq dushmanining yaqinlari deb qarashga mahkum johil olomon obrazlari tasvirning epik ko'lamini ta'minlash barobarida, ifodaning ta'sir kuchini oshirgan. Asarning badiiy quvvati baland bo'lishini ta'minlagan.

Xayriniso Majidovaning mana bu so'zlari ham ushbu fikrni tasdiqlaydi:

 

Aybim yo'q,… Aybim yo'q, takror aytaman,

Yarador oqqushman. Ahvolim og'ir.

Bilaman, kun kelar, mening kimligim

Bilib ko'zga surar zaminu zamon.

Siz jirkanch maxluqlar o'chirolmaysiz,

Tarixning ko'ksida qolgan izlarni.

Ahli Turkiston to qiyomat qadar

La'natlab o'tadi sizlarni.

 

She'riy roman katta tadqiqotlarga mavzu bera oladigan ko'lam va mazmunga ega. Badiiyat va uslub jihatdan ham chuqur tahlil etilishi, tarixiy va badiiy haqiqat uyg'unligi nuqtai nazaridan ham tadqiq qilinishi zarur.

Tuganch o'rnida

Odamzod umri o'lchovli. Buni his etgan tafakkur egalari shuning uchun ham tiriklikning har lahzasini g'animat biladi. Ezgu amal, yaxshi nom qoldirishga intiladi. Zero, donishmandlar yaxshi nom qoldirishni ikkinchi umr deyishgan. O'zbekiston xalq shoiri Sharifa Salimova salohiyatli ijodkor va jamoat arbobi sifatida hayotini milliy adabiyotimiz va madaniyatimiz ravnaqiga bag'ishladi, asarlarida Vatan va millat baxtini yonib kuyladi. Ishonamizki, adabiyotsevar xalqimiz ham uni zinhor unutmaydi. Joyingiz jannat bog'larida bo'lsin, opajon!

Nurboy JABBOROV,

filologiya fanlari doktori,

professor.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seven + six =