Jurnalist – adolat va haqiqat jarchisi bo'lishi kerak!

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist, taniqli publitsist Jabbor RAZZOQOV bilan so'z qudrati, mas'uliyati va mukammal iroda haqida

Matbuot — jamiyat ko'zgusi. U jamiyatning bor bo'y-bastini aks ettiruvchi, o'tmish va kelajakni bog'lovchi mustahkam ko'prikdir. U shunchaki voqea-hodisalarni qayd etib boruvchi vosita emas, balki ommaning ma'naviyatini yuksaltiradigan, dunyoqarashini shakllantiradigan hamda xalqni umummilliy g'oyalar atrofida birlashtiradigan qudratli kuchdir. Shu sababli ham bosma nashrlar, radio va televidenie azaldan “to'rtinchi hokimiyat”, “haqiqat ko'zgusi” va “adolat jarchisi” kabi yuksak e'tiroflarga sazovor bo'lib kelgan.

Bugun O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist, milliy matbuotimizda o'ziga xos tahririyat va muharrirlik maktabini yaratgan soha faxriysi, taniqli publitsist Jabbor Razzoqov bilan soha bo'yicha atroflicha, chuqur tahliliy suhbat e'tiboringizga havola etilmoqda. Unda zamonaviy jurnalistikaning rivojlanish tendensiyalari, bosma matbuotning o'ziga xos istiqbollari, raqamli media va bugungi muammolar, shuningdek, milliy so'z san'ati va mas'uliyati xususida so'z yuritildi.

— Assalomu alaykum, muhtaram ustoz! Dunyo tarixiga nazar tashlasak, har bir millatning uyg'onishi va o'zligini anglashi bevosita matbuotning oyoqqa turishi bilan chambarchas bog'liq ekaniga guvoh bo'lamiz. Siz o'zbek milliy gazetachiligining eng olovli va burilish davrlarida yetakchi tahririyatlarni boshqargan, ming-minglab mushtariylar qalbiga yo'l topgan ijodkorsiz. Suhbatimiz avvalida so'ramoqchi edim: bolalik yillaringizda murg'ak qalbingizda aynan jurnalistika sohasiga ishtiyoq va haqiqatgo'ylik tuyg'usi qanday paydo bo'lgan?

— Va alaykum assalom! Men Xorazmning ko'hna va tarixiy manzillaridan biri — Hazorasp qal'asi yonginasida kamol topganman. Bu zamin shunchaki oddiy qishloq emas, balki turkiy adabiyotning ilk yozma manbalaridan biri bo'lmish, payg'ambarlar tarixini turkiy tilda nasrda ravon bayon etgan “Qissasi Rabg'uziy” asari muallifi Nosiruddin Rabg'uziy tug'ilgan muqaddas tuproqdir. Bir tomonimizda Amudaryoning azim to'lqinlari jo'sh ursa, ikkinchi tarafimizda cheksiz Qoraqum sahrosi yastanib yotadi. Bolaligimiz juda ko'plar singari mehnatda, dala ishlari, qo'y-qo'zi boqish bilan o'tdi. U paytlarda qishloqlarda elektr manbai yo'q edi; kechalari kerosin lampasining xira yorug'ida qishloq kutubxonasidan olib kelingan kitoblarni bedor mutolaa qilardik. So'zga, badiiyatga bo'lgan bu mehr menga bobom — taniqli baxshi Eshniyoz Boboniyoz o'g'lidan o'tgan bo'lsa ajab emas. U kishidan “Alpomish”, “Go'ro'g'li”, “Kuntug'mish”, “Avazxon” kabi millatimizning o'lmas dostonlarini tinglab, so'zning sehrli qudratini his etganman.

Jurnalistikaning ilk “chig'irig'i”dan o'tishim va adolat jarchisiga aylanishim esa beshinchi sinfda o'qib yurgan paytimda yuz bergan. Bir kuni maktabga ketayotsam, qishlog'imizdagi yagona tibbiyot punkti eshigida katta qulf osig'liq, atrofda esa darddan azob chekayotgan bemor hamqishloqlarimiz shifokorni kutib sarg'ayib turishardi. Ish vaqti boshlanganiga bir soatdan ortiq vaqt o'tgan bo'lsa-da, salomatlik posbonidan darak yo'q edi. Bu holat murg'ak qalbimda qattiq tashvish va alam uyg'otdi. Maktabdan qaytgach, vaziyatni shunchaki kuzatib turishni istamay, tuman gazetasi tahririyatiga “Tibbiy punkt nega qulf?” nomli xolis va keskin tanqidiy xabar yozib yubordim.

Eng qizig'i, gazeta bu xabarni tahrirlab, darhol bosib chiqardi. Bu kichik xabar butun tumanda portlashdek shov-shuvga sabab bo'ldi. Tumandan maxsus komissiya kelib, tibbiyot punkti faoliyatini obdan tekshirdi, kamchiliklarni bartaraf etdi va shifoxona ertasi kuniyoq o'z faoliyatini qayta tikladi. Muallifni qidirib uyimizgacha kelishganida, qo'rquvdan tutzorga yashirinib olganim hanuz yodimda. Komissiya a'zolari ota-onamga sinchkovligim va adolatparvarligim uchun tashakkur bildirishibdi. Hamqishloqlarimning minnatdorchiligi va e'tirofi sabab ko'nglimda matbuot kuchiga ishonch paydo bo'ldi hamda kasbiy taqdirim uzil-kesil belgilandi.

— Orzular sizni poytaxt sari yetakladi, ammo oliy ta'limga kirish va keyingi amaliy faoliyatingiz ham sinovlarga boy kechgan ekan. Shu haqda to'xtalib o'tsangiz?

— Ha, oson kechmagan. Maktabni tugatgach, Samarqand davlat universitetiga hujjat topshirishga borganimizda, yurtda kutilmaganda vabo (xolera) epidemiyasi tarqalib, vaziyat juda murakkablashdi. O'shanda ilk bora uydan uzoqqa chiqib tashvish chekayotganimizni ko'rgan universitet rektori, donishmand olim Vohid Abdullayev bizga otalarcha maslahat berib, bir yil qishloqda mehnat staji to'plashni tavsiya etdilar. Shu tariqa Hazorasp tuman gazetasida bir yil ishlab, tajriba orttirdim.

Bir yildan so'ng poytaxtga kelib, Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zMU)ning filologiya fakulteti jurnalistika bo'limiga hujjat topshirdim. 1966 yilgi Toshkentdagi kuchli zilziladan so'ng naq 40 kun davom etgan og'ir va mashaqqatli ijodiy hamda nazariy imtihonlardan o'tib, talaba bo'ldim. Turmush taqozosi va sohada tezroq amaliyot o'tash ishtiyoqi sababli o'qishimni kechki bo'limga o'tkazdim. Kunduzi ishlab, kechqurun tahsil olishim kerak edi.

O'sha davrning eng ommabop va nufuzli nashri bo'lmish “Yosh leninchi” (keyinchalik “Turkiston”) gazetasiga ishga kirdim. Lekin meni birdaniga muxbirlikka olishmadi. Ishimni oddiy kuryerlikdan — xat tashuvchilikdan boshladim. Navoiy ko'chasidagi 30-uyda joylashgan tahririyatda navbatchilik guruhida ishlab, tayyor bo'lgan maqolalarni “Sharq” nashriyotining bosmaxonasiga olib borardik. Yaxshi bilasiz, u paytlar kompyuter yo'q, matnlar qo'lda, temir harflarda terilar edi. Biz korrektor sifatida har bir harf va tinish belgisini bittama-bitta tekshirib chiqardik. Gazeta bosilib chiqmaguncha tahririyatdan ketmasdik. Mana shu mashaqqatli tunlar va amaliy mehnat mobaynida haqiqiy jurnalistika maktabini o'tadik, haqiqiy ijod mahoratiga ega bo'ldik.

— Ma'lumki, Siz sobiq Ittifoq davrida Moskvaning eng nufuzli oliy ta'lim dargohida ham tahsil olgansiz. Jahon matbuoti andozalari va xorijiy tajriba Sizning keyingi ijodiy va rahbarlik faoliyatingizda qanday o'rin tutdi?

— Ha, Moskvaga — Oliy komsomol maktabi “Yoshlar matbuoti” bo'limiga o'qishga yuborilganim faoliyatimda yangi bosqich bo'ldi. Bu maskan Sobiq Ittifoq respublikalaridan tashqari, ko'plab xorijiy mamlakatlardan kelgan eng iqtidorli yosh liderlar va bo'lg'usi muharrirlar yig'ilgan eng zamonaviy, noyob mahorat maydoni edi. Raqobat va muhit nihoyatda kuchli bo'lgani sababli inson uzluksiz o'z ustida ishlashga majbur bo'larkan.

U yerda faqat quruq nazariya bilan cheklanmay, jahon jurnalistikasining ilg'or metodlarini “Komsomolskaya pravda” gazetasida bevosita amaliyotda o'rganganmiz. O'sha paytdagi jurnalistika Konstantin Simonov, Vasiliy Peskov, Ernest Xeminguey, Anatoliy Agranovskiy, Aleksandr Ovechkin, Tatyana Tess, Genrix Borovik kabi dunyoning eng buyuk adib-jurnalistlarining hozirjavob, jangovar va jonli reportaj andozalariga suyanar edi. “Yaxshi jurnalist bo'lmagan insondan hech qachon buyuk yozuvchi chiqmaydi” degan haqiqatni o'sha yerda angladim.

Yana Moskva tahsilidan chiqargan eng muhim xulosam shu bo'ldiki, dunyoviy mahorat, yangi shakl va ish uslublarini xorijdan o'rganish shart, ammo ularni o'z milliy amaliyotimizga tatbiq etayotganda, albatta, xalqimizning asriy qadriyatlari, mentaliteti va davlatchilik manfaatlariga moslashtirib qo'llash lozim. Bu tajriba Toshkentga qaytgach, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Omon Matjon, Asqad Muxtor, Zulfiya, Xudoyberdi To'xtaboyev kabi mahoratli ustozlarimizning o'gitlari bilan boyib, mukammal shaklga ega bo'ldi.

— Ustoz, jahon matbuoti tarixiga nazar tashlasak, turli xalqaro model va maktablarni ko'ramiz. Bugungi o'zbek publitsistikasi xalqaro standartlarga qay darajada moslasha olmoqda va aynan qaysi jihatlarda oqsamoqdamiz?

— Dunyoda Amerika, ingliz, yapon va rus jurnalistikasi axborot to'plash, tahlil qilish, matnga ishlov berish va tezkorlik bilan omma e'tiboriga havola etish bo'yicha o'ziga xos, puxta va mustahkam tizimga ega. Masalan, fransuz mutafakkiri va adibi Jan-Jak Russoning XVIII asrdagi badialari va publitsistik maqolalari Fransiya jamiyatidagi ijtimoiy va ta'lim tizimini mutlaqo yangi, demokratik o'zanga burib yuborgan edi. Demak, o'zbek jurnalistikasi deganda biz shunchaki kundalik mayda xabar, lavha va yuzaki maqolalar yozadigan xodimlarni emas, balki mamlakat siyosati va jamiyat taraqqiyotiga bevosita ta'sir ko'rsata oladigan kuchli va salmoqli publitsistikani tushunishimiz lozim. Sohani o'z nuqtai nazariga ega, vatanparvar va xolis tahlil qila oladigan fidoyi kadrlar bilan to'ldirishimiz shart. Jurnalistika — korrupsiyaga, noqonuniy xatti-harakatlarga va ijtimoiy adolatsizlikka qarshi kurashadigan qudratli mafkuraviy quroldir.

Afsus bilan qayd etish kerakki, bugun biz jahon matbuoti talablaridan va tan olingan xalqaro me'yorlardan ancha ortda qolmoqdamiz. Masalan, mustaqil davlat sifatida dunyoning yetakchi mamlakatlarida o'z muxbirlar tarmog'imizga ega emasligimiz katta kamchiligimizdir.

— Siz rahbarlik qilgan yillarda “Turkiston” (hozirgi “Yoshlar ovozi”) va “Tong yulduzi” (sobiq “Lenin uchquni”) gazetalari xalqning eng sevimli, qo'lma-qo'l bo'lib o'qiladigan minbariga aylangan edi. Ayniqsa, bolalar nashri bo'lgan “Tong yulduzi”ning adadi 1 million 350 ming nusxaga yetgani o'zbek matbuoti tarixidagi yorqin mayoq, dalildir. Bu muvaffaqiyatning siri va tahririyatda yaratilgan sog'lom ijodiy muhitda nimalar asosiy o'rin tutar edi?

— Moskvadan katta tajriba va qat'iy rejalar bilan qaytib kelib, “Turkiston” gazetasida Siyosiy va ijtimoiy hayot bo'limini boshqardim. Bu bo'lim tahririyatning eng jangovar va asosiy yo'nalishlaridan biri edi. So'ng mas'ul kotib, so'ngra bosh muharrir o'rinbosari etib tayinlandim. Ko'p o'tmay, meni ommaviyligini biroz yo'qotib qo'ygan “Tong yulduzi” gazetasiga bosh muharrir etib yuborishdi.

Jamoamiz bilan yeng shimarib ishga kirishdik. Natijada bu nashrni nafaqat respublikamizda, balki butun O'rta Osiyo miqyosida eng ommabop gazetaga aylantirdik. Bolalar gazetasining adadi 1 million 350 ming nusxaga chiqdi! Gazetani faqat bolalar emas, ota-onalar, butun oila a'zolari jam bo'lib o'qishardi. Qo'shni Qozog'istonning Chimkent, Jambul, Tojikistonning Xo'jand, Turkmanistonning Chorjo'y, Toshhovuz, Qirg'izistonning O'sh va Jalolobod viloyatlaridagi vatandoshlarimiz ham sevib mutolaa qilishardi.

Muvaffaqiyatning bosh siri — o'quvchi bilan jonli, interaktiv muloqot o'rnatganimizda edi. Targ'ibot loyihalarini noan'anaviy usulda o'tkazardik. Masalan, “Payshanba — elektr energiyasini iqtisod qilish kuni” yoki “Danak operatsiyasi” kabi aksiyalarni yo'lga qo'yganmiz. Bolalar mahallalarda to'plagan meva danaklarini tahririyatga yuborishar, ulardan Qo'qondagi zavodlarda farmatsevtika va tibbiyot uchun qimmatli dorivor yog'lar ishlab chiqarilar edi. Tahririyat hovlisiga yuk mashinalarida qop-qop xatlar va danak kelardi. Internet va zamonaviy aloqa vositalari bo'lmagan o'sha davrda xatlar oqimi va mushtariylar ishonchi mislsiz darajada yuqori edi.

— Muharrirlik maktabi haqida gap ketganda, taniqli ijodkorlar Sizning rahbarlik jasoratingizni, xodimlarni yuqorining tazyiqlaridan himoya qila olganingizni alohida e'tirof etishadi. Safar Ostonov, Qulman Ochil, Norqobil Jalil kabi publitsistlar Siz haqingizda “jamoani ortidan ergashtira olgan, mas'uliyatni o'z bo'yniga olishdan qo'rqmagan muharrir” deb yozishgan. Sizningcha, haqiqiy bosh muharrir qanday bo'lishi kerak?

— Po'latdek iroda va qat'iy pozitsiyasiz haqiqiy gazeta yaratib bo'lmaydi. Birinchi navbatda, bosh muharrir o'z kreslosini, amalini va shaxsiy manfaatini o'ylamasligi shart. Muharrir — olov ustida o'tirgan odam. U bor kuch-qudrati, bilimi va jasoratini nashrga bag'ishlashi lozim. Agar uning qalbida bu olov so'nsa, hech ikkilanmay o'rnini bo'shatib berishi kerak.

Eng muhimi, muharrir — jurnalistga yo'l ochadigan, uning ortida to'fondek qalqon bo'lib turadigan rahbardir. Men o'sha murakkab yillarda Davlat xavfsizlik qo'mitasi (KGB) arxividan tayyorlangan eng qaltis surishtiruvlarni, tizimdagi illatlarni fosh qiluvchi maqolalarning faktlarini shaxsan o'zim tekshirib, sinchiklab o'qib, javobgarlikni to'liq o'z zimmamga olib, chop etishga yashil chiroq yoqardim. Gazetada chiqqan kichik bir xabardan tortib, katta tahliliy maqolagacha bosh muharrir mas'uldir. Ijodkorni xonaga, ish stoliga zanjirlab qo'yib bo'lmaydi; unga ijodiy erkinlik, qo'llab-quvvatlash kerak. Xodimlarimga doim aytardim: “Menga o'tkir, faktlarga boy, jamiyatga foydasi tegadigan material keltiring, qaerda yurishingiz va qanday ishlashingizning ahamiyati yo'q”. Mana shunday erkin va talabchan muhit sababli Qulman Ochil, Qurbon Eshmatov, To'lqin Hayit, Norqobil Jalil, Islom Hamro, Muqaddas Abdusamatova, Sirojiddin Rauf kabi o'nlab yetakchi jurnalistlar va publitsistlar tahririyatimizda kamol topdi. Guli Chehra (Gulchehra Aliboyeva), Mehr Bonu, Yashnar Karimova, Muyassar Isroilova, Zamira Egamberdiyeva singari qo'rqmas va jasur ayol qalam sohibalari yetishib chiqdi.

Mustaqillik arafasidagi o'sha qaltis yillarda tizim bilan to'qnashuvlardan aslo qo'rqmasdik. Jurnalistlarimiz Ahror Ahmad va Ziyovuddin Ortiqxo'jayevlar Sobiq Ittifoq miq­yosidagi eng yopiq maskan — qamoqxonalarga kirib, Inomjon Usmonxo'jayev bilan uchrashib, uning taqdiri haqida jonli reportaj tayyorlashgan. Ro'zimboy Hasan va Suvonqul Rustamovlar esa Turkmaniston Prezidenti Saparmurod Niyozovdan eksklyuziv suhbat olib kelishgan. Vazirlarni tahririyatga chaqirib, mushtariylar savollariga to'g'ridan-to'g'ri javob berishga undardik, bir kunda 200 ta dalolatli shikoyat va muammo gazeta aralashuvi bilan o'z yechimini topardi. Shu sababli gazetamiz adadi 1 million nusxaga yetgandi.

Hatto davlat arbobi Erkin Samandarov ishdan olinganida, she'rlarini hech qaysi nashr bosishga botinmagan bir paytda: “U lavozimidan ketgan bo'lsa, shoirlikdan ketgani yo'q-ku!” deb gazetada e'lon qilganmiz. Qo'shni nashrlardagilar “Sizlarni endi tinch qo'yishmaydi” deb vahima qilishsa-da, chekinmaganmiz. Sho'ro davrida otib ketilgan jadid shoiri Usmon Nosirning qabrini izlab topib, matbuotda ilk bor e'lon qilganmiz. Majlisbozlik qilmay, fikrlar to'qnashuvi orqali yangi g'oyalar yaratardik.

Tahririyat qoshidagi “Shu'la” ijodiy uyushmamizda jasur, iste'dodli ustoz shoira Mukarrama Murodova rahbarligida juda ko'plab yosh iste'dodlarni kashf qilgan. Hozirgi kunda ushbu uyushmada faol qatnashgan ko'pgina ijodkorlar elning nazaridagi yozuvchi va shoirlardir.

— Ustoz, matbuotning davlatchilik poydevorini mustahkamlash va milliy o'zlikni anglashdagi o'rni haqida so'z ketganda, 1989 yildagi “Davlat tili haqida”gi Qonun loyihasi atrofidagi kurashlarni eslash o'rinlidir. “Turkiston” gazetasida chop etilgan birgina maqola tarixiy jarayonni butunlay o'zgartirib yuborgan edi, shunday emasmi?

— Mutlaqo to'g'ri. 1989 yili “Davlat tili haqida”gi Qonun loyihasi ilk bor jamoatchilik muhokamasiga qo'yilganda, unda o'zbek va rus tillariga teng maqom berilishi, ya'ni ikki tillilik ko'zda tutilgan edi. Ko'pgina mansabdorlar va ba'zi taniqli ziyolilar rus tilini ikkinchi asosiy davlat tili sifatida qoldirish tashabbusi bilan chiqishayotgandi.

Biz gazeta sahifasida bu murosasozlik va chala loyihani keskin tanqid qilib, “Chala tug'ilgan bola” nomli keskin va jangovar publitsistik maqolani e'lon qildik. Maqola jamiyatda juda katta aks-sado berdi. Yuqori rahbarlar ushbu maqolani o'qib chiqqach, loyiha muhokamasini darhol to'xtatib, yangi komissiya tuzish haqida qaror chiqargan.

So'ng Vazirlar Mahkamasi binosida Erkin Vohidov, O'tkir Hoshimov singari deputatlar, Jurnalistlar uyushmasidan kamina, Yozuvchilar uyushmasidan Mirzo Kenjabek hamda bir guruh yetakchi olim va tilshunoslar yig'ilib, ikki hafta davomida kechayu kunduz mehnat qilib, o'zbek tiliga yagona Davlat tili maqomini beradigan mukammal qonun loyihasi ishlab chiqilishiga hissa qo'shganmiz. Bu matbuotning, so'z kuchining real siyosiy jarayonlarga va millat taqdiriga ko'rsatgan bevosita amaliy ta'siri edi.

— Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev: “Jurnalistlar kimgadir yoqmasligi mumkin, ammo menga juda yoqadi” deb soha xodimlarini doimo qo'llab-quvvatlab kelmoqda. Bugungi Yangi O'zbekiston sharoitida jurnalistning ijtimoiy pozitsiyasi qanday bo'lishi lozim?

— Davlatimiz rahbarining bu so'zlarida juda teran ma'no va yuksak ishonch yotibdi. Prezidentimiz jurnalistlarga erkinlik berib, ularni islohotlarning faol ishtirokchisi sifatida ko'rmoqda. Jurnalist aslo passiv kuzatuvchi yoki quruq qarsakboz bo'lib qolmasligi kerak. Jurnalist — xalq fidoyisi, adolat va haqiqat jarchisi, ma'naviyat targ'ibotchisi va Vatan tarixini yaratuvchidir.

Agar biz jurnalistikaning jamiyat hayotidagi o'rni va ahamiyatini qadrlamasdan, sohada sustkashlikka yo'l qo'ysak, kelajakda katta ma'naviy va ijtimoiy yo'qotishlarga duch kelamiz. Tarix sahifalariga bugungi bunyodkorlik ishlari va ularning asl mualliflari halollik bilan muhrlanishi lozim. Bosma nashrlar va tahliliy publitsistika kelajak avlod uchun bebaho yilnoma — tarixiy manbadir.

— Bugun axborot xurujlari kuchaygan, ijtimoiy tarmoqlar va blogerlik harakati keng avj olgan davrda yashayapmiz. Bosma matbuot o'z mavqeini qaytara oladimi yoki raqamli texnologiyalar uni butunlay siqib chiqaradimi?

— Bosma matbuot, hech shak-shubhasiz, o'z mavqeini qaytaradi, chunki biz bunga majburmiz! Matbuot shunchaki axborot yetkazish vositasi emas, u davlat tarixi va taraqqiyot yo'li muhrlangan muqaddas yilnomadir.

Masalan, texnik mas'uliyatsizlik sababli, mustaqilligimizning ilk yillarida Birinchi Prezidentimizning Hindistonga tarixiy tashrifi aks etgan yagona videokasseta ustidan Moskva TVga qarashli boshqa ko'rsatuv yozib yuborilib, o'chirib yuborilgan. Endi o'ylab ko'ring: bugungi blogerlarning chiqishlari, ijtimoiy tarmoqdagi vaqtinchalik postlar qaerda saqlanadi? Ertaga 20-50 yildan keyin qaysi tadqiqotchi yoki tarixchi Feysbuk yoki Telegram kanallaridan ishonchli tarixiy manba qidiradi? Elektron manbalar o'chib ketishi, serverlar ishdan chiqishi yoki chalkashib ketishi mumkin, ammo kutubxonalarda saqlanayotgan bosma nashrlar — mangu tarixiy hujjat bo'lib qolaveradi.

Bugun sun'iy intellekt (SI) ham shiddat bilan rivojlanmoqda. U axborotni qayta ishlashi, tarjima qilishi va standart matnlar tuzishi mumkin. Lekin sun'iy intellekt deganlari ham hech qachon insoniy ruhni, qalb dardini, erkin va ijodiy tafakkurni, badiiy-publitsistik mahoratning o'rnini bosa olmaydi. Mafkurasiz, ma'naviyatsiz va kitobsiz inson inqirozga yuz tutadi, fikrlashdan to'xtagan jamiyat esa manqurtlashadi.

— Bugungi blogerlar va internet nashrlarining faoliyatiga, ulardagi savodxonlik va axloq-odob me'yorlariga qanday baho berasiz?

— Blogerlar tezkorligi, korrupsiya holatlarini va joylardagi muammolarni tezkor yoritib berishi bilan bugungi kun jurnalistikasidagi ba'zi bo'shliqlarni to'ldirib turganini tan olish kerak. Ammo ularning aksariyatida chuqur bilim va eng achinarlisi, oddiy savodxonlik va axloqiy me'yorlar yetishmayapti.

Ko'pchiligi shunchaki arzon shov-shuv ortidan yugurib, faoliyatini tijoratga yoki mansabdorlarni qo'rqitish quroliga aylantirib oldi. Faqat telefonga tasvirga olib, mas'uliyatsizlik va betgachoparlik bilan axborot tarqatish bu — jurnalistika emas. Jurnalist axborot tarqatishdan avval uning ijtimoiy va huquqiy mas'uliyatini, millat ma'naviyatiga yetkazadigan ta'sirini puxta o'ylashi shart.

Masalan, bundan ikki yil muqaddam tibbiyotda birinchi marta buyrak ko'chirib o'tkazildi deb shov-shuv qilishdi. Vaholanki, tarixni o'rgangan jurnalist yaxshi biladi: O'zbekistonda ilk bor o'tgan asrning 70-yillaridayoq mashhur akademik O'.Oripov va boshqa professorlarimiz tomonidan buyrak ko'chirish amaliyoti muvaffaqiyatli amalga oshirilgan. Jurnalist tayyor narsani ko'chirib qo'ymay, arxivlarni va tarixni titkilab izlanishi, tinmay o'z ustida ishlashi shart.

Shuningdek, til va imlo sofligini asrash — eng og'riqli nuqtamiz. Tarmoqlarda va reklamalarda “kasha” so'zini “bo'tqa” deb hanuz noo'rin ishlatishmoqda. Vaholanki, “bo'tqa” — chorva mollariga yem sifatida beriladigan narsa, inson tanovul qiladigani esa “bulamiq” deyiladi! Bu qadimdan bor turkiy so'z. “Iymon” va “imon” so'zlari imlo qoidasiga ko'ra ikkisi ham to'g'ri bo'lsa-da, ba'zi o'qituvchilar bolalarga noo'rin tanbeh berishmoqda. Amaldagi qonuniy imlo qoidalarimizga ko'ra, Olmoniyani — Germaniya, Gurjistonni — Gruziya deb yozish lozim. Vaqtinchalik internet trendlarini deb milliy tilimiz va qadriyatlarimizni toptashga, hali amalda bo'lgan kirill imlo qoidalarini o'zimizcha buzishga aslo haqqimiz yo'q!

— Bugun bolalar va yoshlar matbuotining ahvoli ham zahmatkash muharrir sifatida Sizni xavotirga solayotgan bo'lsa kerak?

— Juda ham xavotirga soladi! Eshitishimcha, markaziy yoshlar nashrlarining adadi atigi bir necha ming nusxaga tushib qolgan. Vaholanki, bugun mamlakatimizda 10 mingga yaqin maktab bor! Agar har bir maktab loaqal bittadan obunani amalga oshirganda ham, “Yoshlar ovozi”, “Tong yulduzi”, “G'uncha”, “Gulxan” kabi tabarruk nashrlar kamida 10 mingdan ziyod nusxadan chiqqan bo'lardi.

“Majburiy obuna”ga qarshi kurashamiz deb, ayrim kimsalar kasriga butun boshli millat farzandlarining savodxonligini, ma'rifiy didini va kitobxonlik madaniyatini o'ldirib qo'yyapmiz! Ilm olishga, gazeta va kitob o'qishga yo'naltirish qachondan beri salbiy holatga aylandi? To'rtinchi-beshinchi sinf bolasi o'zi borib gazetaga obuna bo'la olmaydi-ku, bunga ota-ona va maktab muhit yaratishi kerak. Gazeta o'qimaslik oqibatida bolalarimiz telefondagi yengil-elpi, mazmunsiz videolarga qaram bo'lib, dunyoqarashi torayib boryapti. Bolalar matbuotini davlat darajasida qo'llab-quvvatlashimiz va ularning maktablarga kirib borishini to'la ta'minlashimiz zarur.

— Ustoz, bugun ko'plab oliy ta'lim maskanlarida jurnalistika fakultetlari faoliyat yuritmoqda. Ammo sohaga kirib kelayotgan yosh kadrlarning tayyorgarlik darajasi va professional salohiyati zamonaviy talablarga javob beryaptimi?

— Guruch kurmaksiz bo'lmaydi. Lekin juda iqtidorli, izlanuvchan yoshlarimiz bor. Ammo umumiy ta'lim tizimidagi ahvolimiz bizni chuqur o'ylantirishi kerak. Bundan 22 yil oldin O'zbekiston davlat jahon tillari universitetida xalqaro jurnalistika fakulteti tashkil etilgan edi. Asosiy maqsad — xalqaro maydonlarda va dunyo minbarlarida turib O'zbekiston so'zini va manfaatlarini ayta oladigan, xorijiy tillarni mukammal biladigan o'tkir jurnalistlarni tayyorlash edi.

Biroq oradan shuncha yil o'tgan bo'lsa-da, nima uchun u yerdan xalqaro miqyosda tanilgan, salmoqli jurnalistlar barqaror yetishib chiqmayapti? Nima uchun hanuzgacha Milliy axborot agentligimiz (O'zA) va MTRKning rivojlangan xorijiy davlatlarda muxbirlar tarmog'i shakllanmagan? Sababi, biz nazariyaga haddan tashqari yopishib oldik, ijodiy imtihonlarni va tug'ma iste'dod egalarini saralash tizimini yengillashtirib yubordik.

Jurnalistika — shunchaki diplom beradigan joy emas! U iqtidorlar, iroda va mahoratning sinov maydonidir. Eng chekka qishloqlarda tug'ilgan asil iste'dodlarni topib, ularni elakdan o'tkazib o'qitish tizimiga qaytishimiz kerak. Axir taniqli yozuvchi va shoirlarimiz, olimlarimiz eng uzoq viloyatlardan chiqishgan. Ular poytaxtda o'qib, ustozlardan saboq olib voyaga yetishgan. Nazariya cheksiz, ammo yozish mahorati va tahliliy tafakkur tinimsiz amaliy mehnatda chiniqadi.

— Sizningcha, haqiqiy professional jurnalist bo'lish uchun insondan qaysi fazilatlar talab etiladi?

— Jurnalist — bu shunchaki kasb emas, bu turmush tarzi va ruhiy holatdir. Jurnalistda “men soat beshda ishdan ketaman”, “men dam olyapman” degan tushuncha bo'lmaydi. U 24 soat fikrlaydigan, hatto uxlayotganda ham miyasi axborotni tahlil qiladigan inson. Jurnalist maqola tayyorlayotganda xuddi to'lg'oq tutayotgan onaga o'xshaydi: fikrlar qiynaydi, mavzu iztirob beradi, toki o'sha maqola bosilib chiqmagunicha halovat topmaydi. Har bir maqola azob va muhabbat bilan dunyoga kelgan farzanddir!

Jurnalistning oddiy odamlardan farqi shundaki, u oddiy ko'zlar payqamaydigan nozik detallarni va jamiyatdagi yashirin dardlarni ko'ra bilishi hamda uni o'z yuragidan o'tkaza olishi kerak. Jurnalist so'zi — pichoqdek keskir, suvda cho'kmaydigan va o'tda yonmaydigan adolat qurolidir. Agar ijodkorda tug'ma iste'dod, mehnatsevarlik, yuksak savodxonlik va eng muhimi, haqiqatni bayroq qilib olish jasorati bo'lmasa, undan hech qachon jurnalist chiqmaydi.

— Ushbu suhbatimiz aynan “Hurriyat” haftanomasi uchun maxsus tayyorlandi. Ulug' ayyom – Vatanimiz istiqlolining 35 yilligi arafasida gazeta tahririyati mushtariylariga bildiradigan ezgu tilaklaringiz, dil so'zlaringiz bilan o'rtoqlashsangiz.

— “Hurriyat” gazetasini muntazam kuzatib, har bir sonini intiqlik bilan o'qib boraman. Sahifalarni varaqlar ekanman, unda o'z ko'nglimdagi, aynan bugungi gazetxon talabiga javob beradigan teran tahlil va xolislikni ko'raman. Matbuot maydonida bu nashr o'zining o'zgacha ijodiy dastxati, tezkorligi hamda davr nafasini, zamon shiddatini to'la-to'kis aks ettira olishi bilan alohida ajralib turadi.

Ijodiy jamoa bilan samimiy muloqotda bo'lganimda, ba'zan ko'zga tashlangan muayyan kamchiliklarni ularning o'zlariga oshkora aytaman… Chunki bu nashr — istiqlolimizning asl ruhini, yurtimizdagi erkin so'z va oshkoralik tamoyillarini o'zida mujassam etgan haqiqiy mustaqil gazetadir!

Mening eng katta orzu va ezgu tilagim shuki, “Hurriyat” haftanomasi ommabopligi, zamonaviyligi va haqiqatgo'yligi bilan el suygan minbarga aylanishda davom etsin! Gazetaning adadi yuz minglab nusxalarga yetsin, uning dovrug'i va ovozi nafaqat yurtimizda, balki qardosh turkiy davlatlar va xorijiy mamlakatlarda ham keng yoyilsin.

Ushbu sharafli va mas'uliyatli yo'lda gazeta tahririyatining barcha ijodkor-qalamkashlariga, matbuot fidoyilariga kuch-g'ayrat, muvaffaqiyat va omadlar yor bo'lishini tilayman.

Eng ulug', eng aziz bayramimiz — Mustaqillik ayyomi barchamizga muborak bo'lsin!

Suhbatdosh:

Mehribon QURBONNIYoZOVA.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one + 7 =