Vatan madhi

Zuvalam iylanib qorilgan tuproq,

Bag'ringda topishdi mana jon va tan.

Ulug' kechmishingda bo'lib bir urpoq,

Borim ham, yo'g'im ham sen bilan, Vatan!

 

Sen shunday muhtasham, shunday muazzam,

Havolaring harir, suvlaring zam-zam,

Tavof qilmoq kerak seni muntazam,

Borim ham, yo'g'im ham sen bilan, Vatan!

 

Senda shahid bobom tabarruk qoni,

Momom yurak dog'i, ozurda joni.

Otamni o'rtagan yillar armoni,

Borim ham, yo'g'im ham sen bilan, Vatan!

 

Mushfiqu munavvar, azizim onam,

Etti iqlim aro tanho, yagonam.

Ko'zlarni kuydirgan noyob durdonam,

Borim ham, yo'g'im ham sen bilan, Vatan!

 

Magar olislarda bo'lsam ovora,

Sog'inchimga zor-zor izlarman chora,

Quyoshim o'zingsan, men-chi sayyora,

Borim ham, yo'g'im ham sen bilan, Vatan!

 

Shiroqdan o'rgandim: hayot yo'q sensiz,

Bu taqdir hikmati ibratdir tengsiz —

Yurtga fido umr barhayot, so'ngsiz,

Borim ham, yo'g'im ham sen bilan, Vatan!

 

Olamda sen kabi ma'vo ko'rmasman,

Hijronda dardimga davo ko'rmasman.

Bolamdan o'zgaga ravo ko'rmasman,

Borim ham, yo'g'im ham sen bilan, Vatan!

Sirojiddin Rauf

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seven − four =