Uchinchi renessans va “Samarqand – 2028”
Yurtimiz birinchi sun'iy yo'ldoshni koinotga uchirgani munosabati bilan
Inson zoti intiladi doim yuksakka,
Orzularga soya solgan yerdagi hayot.
Xayol kabi uchish uchun ozod falakka
Uchayotgan qushga boqib yasadi qanot.
Ba'zan cheksiz tasavvurdan tolsa ham xayol,
Izlanishdan to'xtamadi aql, tafakkur.
Yuragini tig'layverdi tinimsiz savol,
Yulduzlarga qo'nganini qildi tasavvur.
Rasadxona va usturlob qildi ixtiro,
O'ylab topdi koinotni o'rganish sirin.
Ulug'bekning oyog'iga egildi samo,
Falak bilan Mirzo sevib qoldi bir-birin.
Mana Mirrix, mana Zuhra, mana bu Cho'lpon,
Samolarga termulardi intizor ko'zlar.
Koinotda “Samarqand”ni ko'rib, lol-hayron
Ulug'bekning jadvaliga tushgan yulduzlar.
Koinotdan berar Samarqandning xabarin
Havo kemalari – fazo tayyoralari.
Falaklarda yonib turgan yulduzlar bari
Sulton Mirzo Ulug'bekning sayyoralari.
Kitobida yozib qo'ygan Mirzo Ulug'bek
Yulduzlarga nimalar deb so'zlaganini.
Jahon ahli tan oladi qadimdan o'zbek
Osmonlarni zabt etishni ko'zlaganini.
Osmonga chiqdim,
Kayvonga chiqdim.
Arshi falakka –
Ayvonga chiqdim.
Tan-tan-a, tan-tan-a, tan-tan-a-hey!
Tan-tan-a, tan-tan-a, tan-tan-a-hey!
Kamolqandim bor,
Qamarqandim bor.
Arshi falakda
“Samarqand”im bor.
Tan-tan-a, tan-tan-a, tan-tan-a-hey!
Tan-tan-a, tan-tan-a, tan-tan-a-hey!
Davronga chiqdim,
Hayronga chiqdim.
Bobom zabt etgan
Maydonga chiqdim.
Tan-tan-a, tan-tan-a, tan-tan-a-hey!
Tan-tan-a, tan-tan-a, tan-tan-a-hey!
Hay, yoralar-hey,
Voy, yoralar-hey!
Kayvonda yo'ldosh
Sayyoralar-hey!
Tan-tan-a, tan-tan-a, tan-tan-a-hey!
Tan-tan-a, tan-tan-a, tan-tan-a-hey!
Yulduzlar burji
Alfa va beta
“Samarqand” bilan
“Tet-(v)a-tet”a.
Tan-tan-a, tan-tan-a, tan-tan-a-hey!
Tan-tan-a, tan-tan-a, tan-tan-a-hey!
Rustam MUSURMON,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi,
Qoraqalpog'iston xalq shoiri
