O'zbekiston – ikki karra olimpiada chempioni!

Sportchining shaxsiy hisobda olimpiadada g'olib chiqishi mushkul masala. Olimpiadaning jamoaviy musobaqasida g'olib chiqish – olamshumul voqea. Jamoaning ikkinchi bor olimpiadada g'olib chiqishi esa tarix sahifalariga zarhal harflarda yozilguvchi g'alaba. Shaxmat bo'yicha O'zbekiston erkaklar milliy terma jamoasi Samarqandda o'tkazilgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida yurtimiz va sport tarixiga zarhal harflar bilan yozilguvchi ana shunday g'alabaga erishdi!

Samarqanddagi olimpiadada 200 dan ortiq davlatdan 2000 nafardan ziyod shaxmat ustalari dona surishdi. Shveysarcha tizimda o'tkazilgan musobaqada reyting asosida juftliklar aniqlanadi. Jahon reytingida yuqori o'rinda bo'lgan Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov va Muhiddin Madaminovdan iborat milliy terma jamoamiz jahon chempioni Rustam Qosimjonov murabbiyligida dastlabki tur o'yinlarida raqiblari ustidan yirik g'alabalarga erishdi: Yamayka – 4 : 0, Peru – 3,5 : 0,5, Avstriya – 3 : 1, Turkiya – 3 : 1, Vengriya – 4 : 0.

Shveysarcha tizimda asosan 5-turdan boshlab g'oliblikka da'vogarlar bir-biriga qarshi dona surishadi. Aynan 5-turda jamoamizning kuchlilar qatoridagi Vengriya vakillarini tor-mor etgani barcha jamoalarni sergak torttirdi. Ko'tarinki kayfiyatdagi jamoamiz 6-turda amaldagi olimpiada chempioni Hindiston vakillariga qarshi jangga chiqishdi. Uchta taxtada jangovar durang qayd etildi. Mardonavor dona surgan Nodirbek Yoqubboyev 65-yurishda yutug'ini rasmiylashtirdi va umumiy hisobdagi g'alabamizni ta'minladi – 2,5 : 1,5.

Ettinchi turda grossmeysterlarimiz “Xitoy devori”ni zabt etishdi. Abdusattorov va Yoqubboyevda yutuq, Sindorov va Madaminovda durang, 3 : 1 hisobidagi g'alaba. Biroq 8-turda Germaniyaga qarshi o'yinda Sindorov g'alaba qozonsa-da, Yoqubboyev va Vohidov mag'lubiyatga uchradi. Jamoamiz yetakchisi Abdusattorov Kaymerga qarshi o'yinda so'nggi yurishgacha g'alabaga intildi, baribir, durang qayd etildi. Jamoamiz 1,5 : 2,5 hisobidagi mag'lubiyatni qabul qildi.

Sakkizinchi turda taniqli grossmeysterlardan iborat AQSh vakillariga qarshi dona surishimiz kerak. Tajribali Rustam Qosimjonov jamoani mas'uliyatli bahsga tayyorlay oldi. Madaminov o'z vazifasini a'lo darajada bajardi, 31-yurishdayoq ikki karra olimpiada chempioni Aronyan bilan durangga kelishdi. Lekin Sindorov raqibiga yutqazdi. Abdusattorov Karuanani yutib, hisobni tenglashtirdi. Uzoq davom etgan Yoqubboyev – Niamen o'yinida hamyurtimiz 66-yurishda raqibini taslim qilib, jamoamizning g'alabasini rasmiylashtirdi – 2,5 : 1,5.

G'alabadan ruhlangan jamoamiz 10-turda Armanistonni yirik hisobda yengdi – 3,5 : 0,5. Yirik hisobdagi g'alaba ortida teran tayyorgarlik bo'lganligini ta'kidlashni istardim. Abdusattorov durangni xush ko'ruvchi Martirosyanni birinchi yurishdayoq jangga chorladi, ya'ni raqibining “e4” yurishiga “d4” yurishi bilan javob qaytardi. Ochiq jangga tayyor bo'lmagan Martirosyan oxir-oqibat mag'lubiyatga uchradi. Sindorov Oganesyanga qarshi 13-yurishdayoq sifat qurboni bilan boshlanuvchi o'yinni taklif qildi. Keyin Sindorov shu qadar aniq yurishlar qildiki, raqibi taslim bo'lishdan boshqa iloji qolmadi. Madaminov esa uch karra olimpiada chempioni Sarkisyanni mag'lub etdi. Yosh shaxmatchimizga ofarin! Hisobni kuzatib turgan Yoqubboyev raqibi bilan durangga kelishdi.

Nihoyat, hal qiluvchi 11-tur. Raqibimiz sovrinli o'rinlarga da'vogar Ukraina jamoasi. Murosasiz bahs boshlandi. Yana Madaminov 55-yurishda raqibini yengib, vazifamizni yengillashtirdi. Lekin Sindorov va Yoqubboyev durangga harakat qilishlari lozim. Vaziyatni kuzatib turgan Abdusattorov yana g'alaba uchun o'ynay boshladi. O'yinlar qizg'in davom etayotgan vaqtda asosiy raqibimiz Hindiston Vengriya bilan durang qayd etgani ma'lum bo'ldi. Bu natija O'zbekistonning olimpiada chempioni bo'lganini anglatardi. Ammo yigitlarimiz o'z vazifalarini sidqidildan bajarishda davom etishdi. Sindorov va Yoqubboyev o'z o'yinlarini durang bilan yakunladi. O'yinlar qanday tugashini kuzatib turgan Abdusattorov raqibi bilan durangga kelishdi. Bu O'zbekiston Ukrainani 2,5 : 1,5 hisobida mag'lubiyatga uchratganini, olimpiada chempioni bo'lganini bildirdi.

Ha, yurtimiz grossmeysterlarining Samarqand olimpiadasidagi chempionligi jumla jahonga Chennay olimpiadasidagi oltin, Budapesht olimpiadasidagi bronza medalimiz tasodif emasligini, O'zbekistonda davlatimiz rahnamoligida shaxmat jadal sur'atlarda rivojlanayotganini isbotladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shaxmat bo'yicha O'zbekiston terma jamoasiga tabrik yo'llab, g'olib grossmeysterlarimizni, ularning ota-onalari va murabbiylarini, xalqimizni olamshumul g'alaba bilan muborakbod etdi.

Olimpiada davom etayotgan vaqtda Xalqaro shaxmat federatsiyasi(FIDE)ning Samarqandda navbatdagi kongressi bo'ldi. Bosh assambleya qozog'istonlik Timur Turlovni FIDE prezidenti etib sayladi. Quvonarlisi, Rustam Qosimjonov FIDEning faxriy vitse-prezidenti, Hulkar Tohirjonova FIDEning Markaziy Osiyo davlatlari bo'yicha mintaqaviy prezidenti etib saylandi, O'zbekiston shaxmat federatsiyasi “Yilning eng yaxshi federatsiyasi” deya e'tirof etildi.

Endi olimpiada natijalariga qaytsak. Erkaklar musobaqasida sovrindorlar quyidagi tartibda joylashdi: 1. O'zbekiston 20 ochko. 2. Hindiston 18 ochko. 3. Germaniya 18 ochko (o'rinlar qo'shimcha ko'rsatkichlarga ko'ra aniqlandi). Ayollar musobaqasida: 1. Xitoy 20 ochko. 2. Qozog'iston 18 ochko. 3. Hindiston 17 ochko. O'zbekiston ayollar terma jamoasi 15 ochko bilan 13-o'rinni egalladi. Olimpiadada o'z taxtalarida yaxshi natijaga erishgan shaxmatchilar ham taqdirlanadi. Birinchi taxtada 8,5 ochko to'plagan Nodirbek Abdusattorov oltin, ikkinchi taxtada 7 ochko to'plagan Sindorov bronza (unga “Olimpiadaning eng yaxshi shaxmatchisi” sovrini ham berildi), uchinchi taxtada 7,5 ochko to'plagan Nodirbek Yoqubboyev kumush medalga sazovor bo'ldi. Shuningdek, ko'plab nominatsiyalar bo'yicha jamoalarga sovrinlar berildi.

Taqdirlash marosimi nihoyasida FIDE prezidenti Timur Turlov 47-Butunjahon shaxmat olimpiadasi 2028 yili Abu Dabi shahrida bo'lishini e'lon qilib, Birlashgan Arab amirliklari shaxmat federatsiyasi vakillariga olimpiada bayrog'ini topshirdi.

Asror MO'MIN,

O'zbekistonda xizmat

 ko'rsatgan jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × 4 =