Navoiy aeroporti: maqsad – yevroosiyoning yirik kargo markaziga aylantirish
Bugun Yangi O'zbekiston oldida turgan eng muhim vazifalardan biri — mamlakatning geografik o'rnini iqtisodiy ustunlikka aylantirish. Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta'kidlaganlaridek, O'zbekiston Sharq va G'arbni bog'lovchi yirik transport xabiga aylanishi uchun keng imkoniyatlarga ega diyor.
Mamlakat hududidan xalqaro ahamiyatga molik 4 ming kilometr tranzit yo'laklari o'tadi. Eng muhimi, Davlatimiz rahbari bu imkoniyatlardan hali to'liq foydalanilmayotganini ochiq aytib, zimmamizga xalqaro transport yo'laklaridan samarali foydalanish, logistika markazlari tarmog'ini kengaytirish, sohani raqamlashtirish va xususiy sektor uchun qulay sharoit yaratish vazifasini belgilab berdilar.
Ana shu keng ko'lamli vazifalar tizimida Navoiy xalqaro aeroportining o'rni alohida. Bu borada Davlatimiz rahbari aeroport faoliyati samaradorligini oshirish, uni loyihaviy boshqaruv tamoyillari asosida rivojlantirish, infratuzilma va terminallarni modernizatsiya qilish, jarayonlarni raqamlashtirish bo'yicha taqdimot bilan tanishib, u bo'yicha aniq vazifalar asosida ishlash, shu bilan birga, mavjud quvvatlardan hali to'liq foydalanilmayotganini ham ochiq qayd etgan edi. Bu — biz uchun orqaga qarash emas, aksincha, imkoniyatni natijaga aylantirish uchun berilgan aniq yo'nalishdir.
Muhtaram Prezidentimizning yana bir muhim tashabbuslari — Navoiy aeroportiga mahalliy va xorijiy aviakompaniyalar bilan yo'lovchi va yuk tashish, tranzit hamda texnik qo'nishlar bo'yicha mustaqil muzokaralar olib borish va shartnomalar tuzish huquqini berishi bo'ldi. Bu aeroport oldida yangi mas'uliyat bilan birga yangi uslubda ishlash imkoniyatini ham ochadi. Endi natija aviakompaniyalar soni, yo'nalishlar, yuk oqimi, xizmatlar sifati va tijorat samaradorligi bilan o'lchanadi.
Bugungi Navoiy xalqaro aeroporti ana shu yangi bosqichni qabul qilish uchun yetarlicha mustahkam texnik bazaga ega. Aerodrom hududimiz 480 gektarni tashkil etadi, uchish-qo'nish yo'lagining uzunligi 4000 metr, havo kemalari uchun 15 ta to'xtash maydoni mavjud. Bu ko'rsatkichlar yirik, shu jumladan, yuk tashuvchi havo kemalariga xizmat ko'rsatish uchun muhim asosdir.
Raqamlar ham o'zgarish sur'atini ko'rsatmoqda. 2026 yilning fevral-iyul oylari bo'yicha alohida hisobot natijalari ham ijobiy o'sishni tasdiqlaydi. Ushbu davrda 784 ta reysga xizmat ko'rsatildi, bu 2025 yilning mos davridagi 606 ta reysga nisbatan 29 foiz ko'p. Qayta ishlangan yuk hajmi 1 906,6 tonnadan 3 173,4 tonnaga, ya'ni 66 foizga oshdi.
Shu bilan birga, fevral-iyul oylarida kargo tashuvlari geografiyasi va operatorlar doirasi kengaydi. Hisobot davrida “Maersk Air Cargo” 234 ta, “CMA CGM Air Cargo” 143 ta, “MNG Airlines” 88 ta, “My Freighter” 39 ta va “MASAir” 13 ta reysni amalga oshirdi, boshqa operatorlar hissasiga esa 182 ta reys to'g'ri keldi. Bu ko'rsatkichlar Navoiyning Yevropa va Osiyo o'rtasidagi kargo yo'nalishlarida amalda ishlayotgan tranzit nuqta ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Navoiy aeroportining eng katta strategik imkoniyatlaridan biri — kargo yo'nalishidir. Aeroport hududida erkin bojxona zonasining “porto-franko” rejimi joriy etildi. Ayni paytda operator va rezidentlar ish tartibi, ombor va bojxona jarayonlari, yuklarni raqamli hisobga olish, tariflar hamda davlat organlarining o'zaro hamkorlik reglamentlari tayyorlanmoqda. May-iyul oylarida “TIR Park” orqali 367 ta yuk avtotransport vositasi o'tkazilib, 1 823,8 tonna yer usti yuki qayta ishlandi. Bu “Porto-franko” va multimodal logistika loyihalari amaliy bosqichga o'tayotganini ko'rsatadi.
Bu yo'nalishda infratuzilmaviy va institutsional ishlar ham davom etmoqda. 16 ming kvadrat metr maydonli yangi kargo terminalini loyihalash, yo'lovchi terminalini rekonstruksiya qilish, havo kemalariga texnik xizmat ko'rsatish va ularni bo'yash angarlarini barpo etish ishlari olib borilmoqda. Aeroport “FIATA”, “TIACA” va “World Free Zones Organization” tashkilotlariga a'zo bo'ldi; “RA3”, “ISAGO”, “GSP” va “IATA ICH/SIS” bo'yicha tayyorgarlik jarayonlari davom etmoqda. “SITA”, “CHAMP Cargosystems”, “UZINFOCOM”, “Unicom” va “Skylark Services” bilan aeroport, yuklar va tijorat faoliyatini raqamli boshqarish yechimlari ishlab chiqilmoqda.
Navoiy aeroporti bugungi kunda Yevroosiyo havo yo'laklarida muhim kargo tuguni vazifasini bajarayotgani alohida qayd etilmoqda. Bu baho biz uchun oddiy e'tirof emas. Bu — aeroport oldiga qo'yilgan strategik ishonch va mas'uliyat. Chunki mamlakatimiz Tinch okeanidan Yevropagacha bo'lgan eng qisqa quruqlik yo'lagining asosiy bo'g'inlaridan biriga aylanish imkoniyatiga ega.
Shu maqsadda “porto-franko” rejimi asosida erkin bojxona zonasini tashkil etish, “TIR-park” barpo etish, yoqilg'i xo'jaligini kengaytirish, havo kemalariga texnik xizmat ko'rsatish, ta'mirlash va bo'yash markazini tashkil etish, kargo terminalining keyingi bosqichlarini rivojlantirish kabi loyihalar belgilangan.
Bu loyihalarning mohiyatini bir so'z bilan — integratsiya, deb atagan bo'lardim. Havo, temir yo'l va avtomobil transporti bir-biridan uzilgan holda emas, yagona logistika zanjiri sifatida ishlashi kerak. Transport-logistika tizimidagi mavjud muammolar — zamonaviy omborlar, tezkor bojxona rasmiylashuvi, raqamlashtirish va transport turlari o'rtasidagi integratsiya masalalari — Davlat rahbari tomonidan ochiq ko'rsatib berilgan. Navoiy aeroportining kelgusi rivoji ana shu vazifalarga amaliy javob bo'lishi kerak.
Keyingi bosqich uchun yanada katta maqsadlar belgilangan. 2030 yilgacha parvozlar sonini 2,3 barobarga oshirib, yiliga 7 mingtaga yetkazish, yo'lovchi oqimini 150 ming nafarga, yuk tashish hajmini esa 45 ming tonnaga olib chiqish rejalashtirilgan. Bu raqamlar bir-biri bilan bog'liq: ko'proq parvoz — ko'proq yo'nalish; ko'proq yo'nalish — ko'proq yo'lovchi va yuk; ko'proq yuk esa terminal, ombor, bojxona, avtomobil va temir yo'l infratuzilmasining uyg'un ishlashini talab qiladi.
Shu bois biz uchun asosiy mezon — mavjud imkoniyatdan unumli foydalangan holda qanchalik samarali ishlatayotganimiz. Masalan, bugun 4 000 metrlik uchish-qo'nish yo'lagi borligi muhim, ammo undan yuqori samara bilan foydalanish yanada muhim. Kargo terminalining katta quvvati borligi yaxshi, ammo uni barqaror yuk oqimi bilan ta'minlash juda muhim. Aviakompaniyalar bilan ishlash imkoniyati kengaygani yaxshi, ammo ular uchun raqobatbardosh tarif, tezkor xizmat va qulay logistika muhitini yaratish — natijaning asosiy sharti.
Navoiy aeroportining yana bir ustunligi — uning geografik o'rni. Aeroport konsepsiyasida Navoiy Osiyoning geografik markazidagi istiqbolli logistika xablaridan biri sifatida ko'rsatilgan. Qisqa havo yo'nalishlari, avtomobil va temir yo'l infratuzilmasi bilan bog'lanish imkoniyati hamda kargo operatsiyalari uchun yaratilgan texnik baza aeroportni multimodal markaz sifatida rivojlantirish uchun asos bo'la oladi.
Biz bugun aeroportni faqat samolyotlar kelib-qaytadigan maskan sifatida emas, balki O'zbekistonning eksport va tranzit salohiyatiga xizmat qiladigan iqtisodiy infratuzilmaning muhim qismi sifatida ko'rishimiz kerak. Davlat rahbari ta'kidlaganidek, transport-logistika tizimi eksport salohiyati, investitsiyaviy jozibadorlik va hududlar rivoji uchun strategik ahamiyatga ega. Navoiy aeroporti uchun bu fikr — har bir parvoz, har bir tonna yuk va har bir yangi yo'nalish ortida aniq iqtisodiy natija bo'lishi kerak, degan talabdir.
Shu nuqtai nazardan, Navoiy xalqaro aeroporti oldidagi vazifa aniq: mavjud infratuzilmani modernizatsiya qilish, xizmatlar sifatini oshirish, raqamlashtirishni jadallashtirish, yangi aviakompaniyalar va kargo operatorlarini jalb qilish, logistika zanjirlarini avtomobil va temir yo'l bilan yanada kuchli bog'lash. Eng muhimi, bu vazifalarning har biri aniq ko'rsatkich va natija bilan o'lchanishi kerak.
Aminmanki, Prezidentimiz belgilab bergan vazifalar Navoiy xalqaro aeroporti uchun ham yangi taraqqiyot bosqichini boshlab berdi. Biz uchun bu ishonch — avvalo, natija uchun mas'uliyat. Belgilangan loyihalar izchil amalga oshirilsa, 2030 yilga borib parvozlar, yo'lovchilar va kargo ko'rsatkichlarining o'sishi bilan bir qatorda, Navoiyning O'zbekiston va Yevroosiyo transport-logistika tizimidagi o'rni ham sifat jihatdan yangi bosqichga ko'tariladi. Bizning maqsadimiz esa aniq: Navoiy xalqaro aeroporti imkoniyatlarini to'liq ishga solib, uni Yevroosiyoning yirik kargo markazlaridan biriga aylantirishdir. Ishonamanki, bugun belgilab berilgan vazifalar ertangi natijalarimizning mustahkam poydevori bo'ladi.
Alisher Klichev,
Navoiy xalqaro aeroporti direktori
