Innovatsiya va tashabbus – yangi imkoniyatlar omili
Bugungi kunda mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta'minlash, “yashil” iqtisodiyot tamoyillarini keng joriy etish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish va atrof-muhitga salbiy ta'sirni kamaytirishga qaratilgan innovatsion yechimlarni ishlab chiqishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda ilm-fan va innovatsiyalarga intiluvchan, yangi g'oyalarni hayotga tatbiq etishga qodir yoshlarning tashabbuslari muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Toshkent shahrida o'tkazilgan “Yashil tashabbuslar” forumi doirasida tashkil etilgan “Yashil innovatsiyalar” tanlovida Farg'ona davlat texnika universiteti vakillarining ishtiroki samarali kechdi. Universitetning talaba, magistrant va yosh mutaxassislari tomonidan taqdim etilgan uchta istiqbolli loyiha jami 180 million so'mlik grant bilan qo'llab-quvvatlandi.
Toshkent shahrida o'tkazilgan “Yashil tashabbuslar” forumi doirasida tashkil etilgan “Yashil innovatsiyalar” tanlovi ham yoshlarning ilmiy-texnik salohiyati, ijodiy tafakkuri va ekologik tashabbuslarini namoyon etish uchun muhim maydon bo'ldi. Tanlovning dastlabki bosqichida 443 ta ekostartap loyihasi ko'rib chiqilib, ulardan 87 tasi eng istiqbolli loyiha sifatida finalga saralab olindi. Final bosqichida ishtirokchilar ekologiya, energiya samaradorligi, qayta tiklanuvchi energiya, yashil hududlarni kengaytirish va atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan innovatsion ishlanmalarini taqdim etdilar.
Yakuniy natijalarga ko'ra, Farg'ona viloyati yoshlari jami 200 million so'mlik grantni qo'lga kiritib, hududlar kesimida eng yuqori natijani qayd etdilar. Ayniqsa, Farg'ona davlat texnika universiteti vakillarining ishtiroki samarali kechdi. Universitetning talaba, magistrant va yosh mutaxassislari tomonidan taqdim etilgan uchta istiqbolli loyiha jami 180 million so'mlik grant bilan qo'llab-quvvatlandi.
“Quyoshdan 3-in-1 energiya manbai” — quyosh energiyasidan kompleks foydalanish imkoniyati
Farg'ona davlat texnika universitetining “FarPI Power Project” muhandisi Yunusaliyev Sanjarbek Yusuf o'g'li “Quyoshdan 3-in-1 energiya manbai” loyihasi bilan tanlovda 100 million so'mlik grantni qo'lga kiritdi. Mazkur loyiha quyosh energiyasidan kompleks va samarali foydalanishga asoslangan bo'lib, bitta tizim orqali bir vaqtning o'zida elektr energiyasi, issiq suv va issiq havo bilan ta'minlash imkonini yaratadi. Qurilmada quyosh panellari, vakuum kollektor va havo isitish moduli yagona tizimga birlashtiriladi. Uning muhim jihatlaridan biri — tizim quvvati va tarkibiy qismlarini iste'molchining ehtiyoji, foydalanish sharoiti hamda talab etiladigan energiya miqdoriga moslashtirish imkoniyati borligidir. Shu sababli qurilma kichik xonadonlar uchun ixcham shaklda, katta turar-joylar, qishloq xo'jaligi ob'yektlari va issiqxonalar uchun esa yuqori quvvatli variantlarda ishlab chiqilishi mumkin. Aqlli boshqaruv imkoniyatlari esa energiya resurslaridan yanada oqilona va tejamkor foydalanishga xizmat qiladi.
“Bir qurilma — uch xil energiya yechimi” tamoyiliga asoslangan mazkur loyiha, ayniqsa, elektr va isitish ta'minoti cheklangan hududlarda energiya mustaqilligini oshirish, an'anaviy energiya resurslariga bo'lgan ehtiyojni kamaytirish hamda qayta tiklanuvchi energiya texnologiyalarini keng joriy etish nuqtai nazaridan istiqbolli hisoblanadi.
“SeedBombs” — ko'kalamzorlashtirishning yangi usuli
Mexanika-mashinasozlik fakulteti M9-25 TVM guruhi magistranti Nizomiddinova Maftunaxon Shoirjon qizi “SeedBombs” ekologik loyihasi bilan 60 million so'mlik grant sohibi bo'ldi. “SeedBombs” — urug'larni tashqi muhitning salbiy ta'siridan himoyalash, ularni zarur namlik va ozuqa moddalari bilan ta'minlash orqali unib chiqishi uchun qulay sharoit yaratishga xizmat qiluvchi innovatsion ekologik urug' kapsulasidir. Loyihaning asosiy maqsadi ekologik xavfsiz urug' kapsulalari yordamida ko'kalamzorlashtirish jarayonini tezlashtirish va soddalashtirish, daraxt hamda o'simliklarni ko'paytirish, yashil hududlarni kengaytirish va ekologik muhitni yaxshilashdan iborat. Kapsulalar urug'larni noqulay tashqi muhit ta'siridan himoyalash bilan birga, namlikni saqlash va unib chiqish uchun zarur mikromuhitni yaratishga xizmat qiladi. Organik hamda mineral ozuqa komponentlaridan foydalanish esa nihollarning dastlabki rivojlanishini qo'llab-quvvatlash imkonini beradi.
Loyihaning yana bir muhim jihati — katta maydonlarni nisbatan sodda usulda ko'kalamzorlashtirish imkonini yaratishidadir. Kelgusida mahsulotni yanada takomillashtirish, uni turli hududlar va o'simlik turlariga moslashtirish hamda ommaviy ishlab chiqarishga yo'naltirish rejalashtirilgan.
“EcoAir Uzbekistan” — toza havo va barqaror kelajak sari
Universitet talabasi Ergasheva Dilnora Abdunabijon qizi “EcoAir Uzbekistan — toza havo va barqaror kelajak sari” loyihasi bilan 20 million so'mlik grantni qo'lga kiritdi. “EcoAir Uzbekistan” — atmosfera havosidagi karbonat angidrid miqdorini kamaytirishga ko'maklashish maqsadida “Chlorella vulgaris” mikrosuvo'tlaridan foydalanishga asoslangan ekologik innovatsion loyiha. Loyiha doirasida maxsus fotobioreaktorda mikrosuvo'tlarni yorug'lik va aeratsiya yordamida yetishtirish, fotosintez jarayonida ularning karbonat angidridni o'zlashtirishi va kislorod ajratish imkoniyatidan samarali foydalanish ko'zda tutilgan. Loyihaning asosiy maqsadi — havo tarkibidagi karbonat angidrid miqdorini kamaytirishga hissa qo'shuvchi ekologik va barqaror biotexnologik tizim yaratishdir. Buning uchun xlorella asosidagi bioreaktorni ishlab chiqish, karbonat angidrid o'zlashtirilishi va biomassa hosil bo'lish jarayonlarini o'rganish, tizim samaradorligini esa maxsus sensorlar yordamida kuzatib borish rejalashtirilgan.
Kelgusida ushbu texnologiyani turli hajm va sharoitlarga moslashtirish, takomillashtirish hamda amaliyotga keng joriy etish ko'zda tutilmoqda. “Toza havo. Barqaror kelajak. Yashil innovatsiya” shiori loyihaning mazmuni va uning ekologik ahamiyatini o'zida mujassam etadi.
Mazkur uch loyiha turli yo'nalishlarga mansub bo'lsa-da, ularni yagona maqsad — ekologik muammolarga zamonaviy ilmiy-texnik yechim taklif etish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va barqaror kelajak uchun innovatsion texnologiyalarni rivojlantirish g'oyasi birlashtirib turadi.
Farg'ona davlat texnika universiteti yoshlarining ushbu natijasi ularning zamonaviy bilim va texnologiyalarni amaliyot bilan uyg'unlashtira olayotganini ko'rsatadi. Energiya samaradorligi, qayta tiklanuvchi energiya, ekologik tozalik va ko'kalamzorlashtirish kabi muhim yo'nalishlarni qamrab olgan mazkur loyihalar yoshlarning nafaqat yangi g'oyalar yaratayotgani, balki ularni amaliy yechimlarga aylantirishga intilayotganidan dalolat beradi. Bugun qo'lga kiritilayotgan har bir grant va e'tirof yoshlarning yangi izlanishlarga bo'lgan ishonchini mustahkamlaydigan muhim qadamdir. FDTU yoshlarining ushbu yutug'i ham ilm-fan, innovatsiya va amaliy faoliyatni uyg'unlashtirgan holda yangi loyihalarni ro'yobga chiqarish uchun keng imkoniyatlar mavjudligini ko'rsatmoqda. Eng muhimi, bunday tashabbuslar yoshlarning ijodiy va muhandislik salohiyatini ro'yobga chiqarish bilan birga, jamiyat va tabiat uchun dolzarb bo'lgan masalalarga amaliy yechimlar topishga xizmat qiladi. Bu esa innovatsion fikrlaydigan, tashabbuskor va zamonaviy texnologiyalarni puxta egallagan yosh avlodni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Universitet yoshlarining 180 million so'mlik grantni qo'lga kiritishi — ularning bilimi, izlanishlari va tashabbuslari munosib e'tirof etilganining yorqin namunasidir. Bu loyihalar ortida yangi g'oyalar, izlanishlar va amaliy natijaga intilayotgan yoshlar turibdi. Bunday yutuqlar universitetda innovatsion muhitni yanada rivojlantirish, yoshlarni ilmiy-tadqiqot va startap faoliyatiga keng jalb etish hamda istiqbolli g'oyalarni hayotga tatbiq etish uchun muhim rag'bat vazifasini bajaradi. Zero, yoshlarning bilimi, tashabbusi va innovatsion salohiyati — jamiyat taraqqiyoti va barqaror kelajakning muhim omillaridandir.
Shohsanam EShMATOVA,
Farg'ona davlat texnika
universiteti matbuot kotibi.
