Akademik nufuz va sifat belgisi

Toshkent davlat texnika universitetining xalqaro reytinglardagi muvaffaqiyati formulasi

Zamonaviy dunyoda texnologik taraqqiyot va innovatsiyalar har bir davlatning iqtisodiy qudratini belgilab beruvchi asosiy kuchga aylandi. Bu global poygada yuqori malakali, o'zi yashayotgan real dunyodan bir qadam oldinda yuradigan, kreativ fikrlaydigan muhandis kadrlarni tayyorlash tizimi, xususan, texnikaviy oliy ta'lim muassasalarining o'rni beqiyosdir. Zero, muhandislik sohasi olimlari xalq xo'jaligining barcha tarmoqlari uchun eng so'nggi texnika va texnologiyalarni yaratib berishga qodir bo'lgan qatlamdir. Shuning uchun ham texnika universitetlarida tayyorlanayotgan kadrlarning bugungi kun emas, balki kelajak bilan yashaydigan mutaxassislar bo'lib yetishishiga alohida e'tibor qaratish lozim. Mamlakatimizdagi oliy ta'lim islohotlari aynan shu maqsadni ko'zlab amalga oshirilmoqda.

Bugun nufuzli xalqaro reytinglarda jahonning “TOP-1000” taligidan joy olgan mamlakatimizdagi yetakchi universitetlar nafaqat yuksak ta'lim sifati, balki ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasining oliy namunasi hamda Prezidentimiz tashabbusi va bevosita rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar mahsuli hisoblanadi.

Bundan 8-9 yil avval ma'lum bir “TOP-1000” talik reytinglardan o'rin olish uyoqda tursin, 500 va 1000 taliklarni hatto xayolimizga ham keltira olmas edik. Shuning uchun ham bu yutuqlarimizga, birinchi navbatda, oliy ta'lim islohotlarining mahsuli sifatida qaraymiz.

Mamlakatimizda keyingi to'qqiz yil ichida oliy ta'lim sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, ta'lim sifati va ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirishga qaratilgan keng ko'lamli ishlarning natijasi bugungi kunda o'zining amaliy samarasini bera boshladi. Xalqaro standartlarga mos ta'lim tizimini shakllantirish, ilmiy-innovatsion faoliyatni rivojlantirish, xorijiy yetakchi oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish hamda professor-o'qituvchilar va talabalar uchun zamonaviy imkoniyatlar yaratish mamlakatimiz oliy ta'lim siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biriga aylandi.

Bugungi global raqobat sharoitida universitetlarning xalqaro reytinglarda munosib o'rin egallashi nafaqat ta'lim muassasasining, balki butun mamlakatning ilmiy, intellektual salohiyati va xalqaro maydondagi nufuzini namoyon etadi. Shu bois, jahonning eng nufuzli reytinglarida yuqori natijalarga erishish har bir oliy ta'lim muassasasi oldida turgan dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.

Zero, milliy ta'lim tizimi va hukumat tomonidan oliy ta'lim muassasalari oldiga qo'yilgan ustuvor maqsad va vazifalarni yaxshi bilamiz. Demak, har bir oliy ta'lim muassasasi ana shu ustuvor maqsadlardan kelib chiqqan holda o'z faoliyatini tashkil etishi kerak.

Bular:

Global raqobatbardoshlikni oshirish: 2030 yilga qadar respublikadagi kamida 10 ta OTMni nufuzli xalqaro reytinglarning (“QS”, “THE”) birinchi 1000 taligiga, shundan 2 ta OTMni “TOP-500” talik ro'yxatiga kiritish;

Ilmiy salohiyatni kuchaytirish: professor-o'qituvchilarning “Scopus” va “Web of Science” kabi xalqaro bazalardagi maqolalari sonini hamda iqtiboslik ko'rsatkichlarini oshirish;

Ta'lim va iqtisodiyot integratsiyasi: BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga (“BRM”) muvofiq ravishda yashil iqtisodiyot, gender tengligi, toza energiya va sifatli ta'lim tizimini muassasalarda to'liq joriy etish;

Internatsionallashtirish: xorijlik talabalar va chet ellik malakali pedagog-olimlar ulushini ko'paytirish orqali oliygohlarning xalqaro nufuzini oshirish.

Mamlakatimizdagi har bir oliy o'quv yurtining xalqaro miqyosda tan olingan reytinglardan o'rin olishini millat quvonchi, millat yoshlarining kelajakdagi baxti sifatida e'tirof etishimiz kerak, deb bilaman. Chunki bunday yutuqlar nafaqat universitet jamoasi, balki mamlakatimiz oliy ta'lim tizimi uchun ham muhim tarixiy qadamdir. Zero, xalqaro reytinglarda munosib o'rin egallash universitetning ilmiy maqolalari, innovatsion loyihalari, ta'lim sifati, akademik obro'si va bitiruvchilarning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligi kabi ko'plab mezonlar bo'yicha erishilgan yuqori natijalarning amaliy ifodasidir.

Toshkent davlat texnika universitetida keyingi yillarda amalga oshirilgan tizimli islohotlar, ta'lim sifati, ilmiy muhit va xalqaro hamkorlik yo'nalishida olib borilayotgan faoliyatning jahon ekspertlari tomonidan yuqori baholanayotgani bizni quvontiradi hamda yangi marralar, zafarlar sari yetaklaydi.

Texnika universitetining xalqaro reytinglarda o'z o'rnini mustahkamlab, jahon miqyosida tan olinayotgan yetakchi oliy ta'lim muassasalari qatoriga kirib borayotgani biz uchun quvonchlidir. Bu natija universitet jamoasining ko'p yillik mehnati, ilmiy izlanishlari, ta'lim sifatini yuksaltirish borasida amalga oshirgan keng qamrovli ishlari hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash yo'lidagi sa'y-harakatlarining munosib e'tirofidir.

Universitetning 2024-2025 yillardagi ilmiy faoliyati natijalari tahlili shuni ko'rsatmoqdaki, so'nggi yillarda nashr faolligi, ilmiy salohiyat va grantlar hajmi barqaror o'sib bormoqda.

Avvalo, respublika ilmiy jurnallarida chop etilgan maqolalar soniga to'xtaladigan bo'lsak, 2024 yilda universitet olimlari tomonidan 667 ta maqola nashr qilingan bo'lsa, 2025 yilda ushbu ko'rsatkich 817 taga yetdi. 2026 yil uchun esa mazkur indikator bo'yicha 820 ta maqola nashr qilish rejalashtirilgan.

Xalqaro ilmiy bazalar, xususan, “Scopus” ma'lumotlar bazasiga kiruvchi maqolalar soni ham yildan-yilga ortib bormoqda. 2024 yilda 634 ta maqola nashr etilgan bo'lsa, 2025 yilda bu ko'rsatkich 689 taga yetdi. 2026 yil uchun esa 700 ta maqola nashr etish maqsad qilingan. Umuman olganda, oxirgi uch yillik davrda universitetning ilmiy nashrlar hajmi qariyb 200 foizga o'sganini ko'ramiz.

Ma'lumki, universitetning xalqaro reytinglardagi o'rni bevosita professor-o'qituvchilarning ilmiy faolligi, maqolalar soni va ularning iqtiboslanish darajasiga bog'liq. 2025 yilda universitet professor-o'qituvchilari tomonidan “Scopus” bazasida jami 689 ta ilmiy maqola chop etildi. Ulardan 154 tasi “Q1”, 55 tasi “Q2”, 106 tasi “Q3” va 374 tasi “Q4” jurnallariga to'g'ri keladi. Shuningdek, “Web of Science” bazasida 263 ta yuqori impakt-faktorga ega maqola nashr etildi. Mazkur ilmiy ishlarga 2025 yil davomida “Scopus” va “Web of Science” bazalarida 12 500 tadan ortiq iqtibos qayd etildi.

Ilmiy salohiyatni baholovchi muhim ko'rsatkichlardan biri bo'lgan Xirsh indeksi bo'yicha ham ijobiy dinamika kuzatilmoqda. Hozirgi kunda h-indeksi ≥5 bo'lgan professor-o'qituvchilar soni 102 nafarni tashkil etib, o'tgan yilga nisbatan 7 nafarga oshdi. 2026 yilda ushbu ko'rsatkichni 115 nafarga yetkazish rejalashtirilgan.

Innovatsion faoliyatga to'xtaladigan bo'lsak, universitet professor-o'qituvchilari tomonidan qilingan ixtirolar va foydali modellar asosida 2025 yilda jami 40 ta patent olingan bo'lib, bu 2024 yilga nisbatan 12 taga ko'pdir. 2026 yil uchun mazkur indikator bo'yicha 25 ta patent olish rejalashtirilgan. Shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, elektron bazalar va mualliflik huquqi bilan himoya qilinadigan materiallar bo'yicha 2025 yilda jami 165 ta guvohnoma olindi, bu 2024 yilga nisbatan 27 taga ko'p. 2026 yil uchun esa 110 ta guvohnoma olish maqsad qilingan.

Kadrlar salohiyati va dissertatsiya himoyalari masalasida oxirgi ikki yillik tahlil shuni ko'rsatadiki, universitetda ilmiy daraja olgan kadrlarning qo'nimsizligi yuqoriligicha qolmoqda. Jumladan, 2025 yilda 43 nafar “PhD” va 13 nafar “DSc” ilmiy darajasini olib, universitetda faoliyatini davom ettirgan bo'lsa, ayni paytda 48 nafar “PhD” va 11 nafar “DSc” ilmiy darajasiga ega kadrlar o'z faoliyatini boshqa tashkilotlar va OTMlarda davom ettirishmoqda. Shu bilan birga, universitet kontingenti qisqarishi hisobiga ilmiy salohiyat ulushi 2024 yildagi 51,3 foizdan 2025 yilda 55,15 foizgacha oshdi.

Ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarini moliyalashtirish masalasida ham sezilarli o'sish kuzatildi. 2025 yilda davlat grantlari asosida amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlar bo'yicha 37 ta shartnoma bajarilib, universitet hisob-raqamiga jami 30,02 mlrd so'm mablag' tushdi. Bu ko'rsatkich 2024 yilga nisbatan 2,5 barobarga oshgan. Shuningdek, sohalar buyurtmasi asosida bajarilgan 67 ta shartnoma doirasida 2025 yilda 2,64 mlrd so'm mablag' tushdi. 2026 yilda barcha ko'rsatkichlarni va yo'nalishlar bo'yicha moliyalashtirishni bir barobarga oshirish rejalashtirilgan.

Ushbu ko'rsatkichlardan xulosa qilib aytganda, Toshkent davlat texnika universitetida so'nggi yillarda ilmiy faoliyat, xalqaro nashrlar, innovatsiya va grantlar bo'yicha barqaror o'sish ta'minlanib kelinmoqda.

Universitet so'nggi yillarda xalqaro reytinglarda ham o'z o'rnini mustahkamlab, jahon miqyosida tan olinayotgan yetakchi oliy ta'lim muassasalari qatoriga kirib bormoqda.

Avvalo, “Quacquarelli Symonds” (“QS”) agentligi tomonidan e'lon qilingan “QS World University Rankings 2026” natijalariga to'xtalib o'taman. Ushbu reytingda universitetimiz 901-950-o'rinni egallab, O'zbekistonda “TOP-1000” talikka kirgan 3 ta universitetdan biri bo'ldi. Ayniqsa, universitetimizning “akademik obro'” ko'rsatkichi bo'yicha jahonda 701, “barqarorlik” ko'rsatkichi bo'yicha 540-o'rinni egallagani alohida e'tiborga loyiq. Shuningdek, “xalqaro ilmiy hamkorlik tarmog'i” ko'rsatkichi bo'yicha universitetimiz O'zbekiston oliy ta'lim muassasalari orasida 2-o'rinni qayd etdi.

“QS Asia University Rankings 2026” natijalariga ko'ra esa universitet Osiyo universitetlari orasida “TOP 301”-o'rinni egalladi. Bu ko'rsatkich Markaziy Osiyo miqyosida “TOP 18”, O'zbekiston bo'yicha esa “TOP 4” natija hisoblanadi. Qiyos uchun aytib o'tish joizki, o'tgan yili universitetimiz ushbu reytingda “TOP 362”-o'rinda bo'lgan edi, ya'ni yil davomida sezilarli o'sishga erishildi.

“Times Higher Education (THE) World University Rankings 2026” reytinglarida universitetimiz ilk bor ishtirok etib, 1001-1200-o'rinni egalladi. Ushbu reytingda O'zbekistondan 60 dan ortiq oliy ta'lim muassasasi qatnashgan bo'lib, ToshDTU respublika bo'yicha 2-o'rinni egalladi.

Shuningdek, “THE Interdisciplinary Science Rankings 2025” natijalariga ko'ra, universitet ilk bor “TOP 301-350”-o'ringa munosib deb topildi. Mazkur reyting fanlararo tadqiqotlar samaradorligini baholaydi. Unda 96 davlatdan 911 ta universitet ishtirok etgan bo'lib, O'zbekistondan qatnashgan 19 ta universitetdan faqat 3 tasi reytingga kiritildi.

“THE Impact Rankings 2025” natijalariga muvofiq, ToshDTU 2318 ta universitet orasida “TOP 801-1000”-o'rinni egalladi. Bu reyting BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari (“SDG”) asosida baholanadi. Universitet, ayniqsa, quyidagi “SDG” yo'nalishlarida yuqori natijalarni qayd etdi:

“SDG 7” (“Affordable and Clean Energy”) bo'yicha “TOP 101-200”;

“SDG 13” (“Climate Action”), “SDG 14” (“Life Below Water”) va “SDG 15” (“Life on Land”) bo'yicha “TOP 201-300”;

“SDG 6” (“Clean Water and Sanitation”) bo'yicha “TOP 401-600”;

“SDG 5” (“Gender Equality”) bo'yicha “TOP 601-800”.

Bundan tashqari, “QS Stars” xalqaro baholash tizimida Toshkent davlat texnika universiteti ilk bor ishtirok etib, 1000 balldan 696 ball to'pladi va 4 yulduzli universitet maqomiga ega bo'ldi. Ta'lim sifati va bitiruvchilar bandligi yo'nalishlarida 5 yulduz, ilmiy faoliyat, xalqaro hamkorlik, atrof-muhitga ta'sir, boshqaruv va infratuzilma yo'nalishlarida 4 yulduz bilan baholandi.

Ekologik barqarorlik bo'yicha “UI GreenMetric World University Ranking 2025” reytingida universitet “TOP 505”-o'rinni egalladi.

Shuningdek, “THE World University Rankings by Subject 2026” doirasida universitet ikki fan yo'nalishi bo'yicha xalqaro reytingga kirdi:

“Physical Sciences” yo'nalishida 501-600-o'rin (O'zbekistonda 2-o'rin), ilmiy sifat ko'rsatkichi — 86.0 ball;

“Engineering” yo'nalishida 801-1000-o'rin (O'zbekistonda 2-o'rin), ilmiy sifat ko'rsatkichi — 78.5 ballni tashkil etdi.

Keltirilgan aniq misollardan ko'rinib turganidek, ToshDTUda ilmiy-tadqiqot ishlariga katta e'tibor qaratilgan va mazkur sohani yangi bosqichga olib chiqish uchun yetarli ilmiy salohiyat va moddiy bazaga egamiz.

Universitetda ilmiy tadqiqotlar bilan bir qatorda ta'lim sifati, ilmiy salohiyat, xalqaro hamkorlik va barqaror rivojlanish masalalari ham hamohang rivojlanib bormoqda.

Universitet faoliyatini rivojlantirish va moddiy-texnik bazani mustahkamlash maqsadida barcha o'quv auditoriyalari, ma'ruza xonalari hamda ilmiy va o'quv laboratoriyalari to'liq modernizatsiya qilindi. Ular zamonaviy laboratoriya asbob-uskunalari, elektron doskalar bilan jihozlangan. Laboratoriyalar faoliyatini samarali yo'lga qo'yish uchun metodik yo'riqnomalar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi.

Ta'lim jarayoni tubdan transformatsiya qilindi: kredit-modul tizimi, zamonaviy pedagogik texnologiyalar, virtual laboratoriyalar, “VR/AR” texnologiyalari, robototexnika va sun'iy intellektga asoslangan interaktiv platformalar joriy etildi. Universitetda dual ta'lim tizimi yo'lga qo'yilishi natijasida talabalar auditoriyada olgan nazariy bilimlarini ishlab chiqarish korxonalarida mustahkamlaydi. Barcha fakultetlarning mutaxassislik kafedralari ishlab chiqarish korxonalarida o'z filiallarini tashkil etgan.

Universitetning xalqaro maydondagi nufuzi va mavqei tobora yuksalib bormoqda. Bugungi kunda ko'plab texnologik rivojlangan industrial mamlakatlarning universitetlari va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan yaqindan hamkorlik yo'lga qo'yilgan.

Akademik mobillik dasturlari doirasida 152 nafar xorijiy talabaning Toshkent davlat texnika universitetida tahsil olayotgani universitetning xalqaro ta'lim makonidagi nufuzi va jozibadorligi tobora ortib borayotganidan dalolat beradi. Shu bilan birga, 52 ta xorijiy universitet va xalqaro tashkilotlardan professor-o'qituvchilarning ta'lim jarayoniga jalb etilishi ilg'or xorijiy tajriba, zamonaviy ta'lim texnologiyalari va innovatsion pedagogik yondashuvlarni o'quv jarayoniga keng tatbiq etish imkonini yaratmoqda.

Xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida qo'shma va ikki diplomli ta'lim dasturlari sonini oshirish, akademik mobillik ko'lamini kengaytirish hamda dunyoning yetakchi oliy ta'lim muassasalari bilan strategik hamkorlikni rivojlantirish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan. Jumladan, “University of California San Diego” (AQSh, “QS” reytingida 72-o'rin), “University Malaya” (Malayziya, 58-o'rin), “University of Hamburg” (Germaniya, 125-o'rin), “University of Freiburg” (Germaniya, 201-o'rin), “RWTH Aachen University” (Germaniya, 92-o'rin), “Beijing Institute of Technology” (Xitoy, 259-o'rin), “Xi’an Jiaotong University” (Xitoy, 295-o'rin), “Harbin Engineering University” (Xitoy, 531-540-o'rinlar oralig'i), “Sapienza University of Rome” (Italiya, 128-o'rin), “City University of Hong Kong” (Gonkong, 73-o'rin) hamda “Kyushu University” (Yaponiya, 171-o'rin) kabi xalqaro miqyosda tan olingan nufuzli universitetlar bilan ta'lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash rejalashtirilgan.

Shuningdek, ilmiy-tadqiqot faoliyati bo'yicha xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirish, “Erasmus+”, “Horizon Europe” va boshqa nufuzli xalqaro grant dasturlarida faol ishtirok etish, shuningdek, sanoat va biznes tuzilmalari bilan global sheriklik munosabatlarini kengaytirish orqali ta'lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish bo'yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, “TOP-1000” talik va boshqa xalqaro reytinglar ro'yxatiga kirgan universitetda tahsil olish shunchaki “chiroyli nomli diplom” olish degani emas. Bu — bitiruvchining intellektual salohiyati xalqaro standartlarga to'liq javob berishini anglatuvchi global sifat belgisidir.

O'zbekistonda olib borilayotgan islohotlar doirasida davlat bunday kadrlarga “oltin fond” sifatida qaraydi. Jahon darajasidagi ta'lim sifati, zamonaviy laboratoriyalar bilan ishlash ko'nikmasi yuqori bo'lganligi sababli “TOP-1000” talik ro'yxatidagi oliy o'quv yurtlarini tamomlagan talabalar mehnat bozorida doim raqobatdan bir qadam oldinda yuradi. Diplomning sinovlarsiz tan olinishi va ishga kirishda beriladigan moddiy hamda maqomiy imtiyozlar tizimi ularning o'z sohasida tezroq yetakchi (top-menejer) bo'lib yetishishiga zamin yaratadi.

So'nggi ma'lumotlarga ko'ra, xalqaro reytinglarda dunyoning “TOP-1000”talik ro'yxatiga O'zbekistonning 8 ta universiteti kiritilgan. Ana shu ma'noda, buni O'zbekistonda oliy ta'limning yangi tarixiy davri boshlanishi deb aytishimiz mumkin. Yurtboshimiz ta'kidlaganidek, bu — yangi Renessans sari qo'yilgan dadil qadamdir. Uni saqlab qolish va rivojlantirish uchun bizdan izchillik, yangi g'oyalar, uzluksiz izlanish va tinimsiz mehnat qilish talab etiladi.

Sadriddin TUROBJONOV,

Toshkent davlat texnika universiteti

rektori,

akademik.

 

 

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

15 + eleven =