O'zbekxon – elim farzandi

Sharqshunos olim, mohir diplomat va davlat arbobi O'zbekxon Rustamovni yod etib…

Diplomat hayotini qaysidir jihati bilan arqon ustida langarcho'psiz harakatlangan dorbozga o'xshataman. Diplomat O'zbekxon Rustamovga ko'plar havas qilardi. U qaerda bo'lmasin, o'z yurti obro'si, sha'nini saqlashga harakat qildi.

Aslida, tabiat bilan insonni bir-biridan ayro qilib sira ajratib bo'lmaydi. Yaqinda “shajara” so'zining lug'aviy ma'nosi haqidagi maqolaga duch keldim. “Shajara” arabchadan o'girilganda “daraxt” degan ma'noni bildirar ekan. Bunday qaralsa, inson umri ham daraxtga o'xshaydi. Yerga ekilgan urug' va kurtak unib chiqadi, ko'karadi, gullaydi. Odamlar uning mevasidan, soyasidan bahramand bo'ladi.

Yaratganga shukurki, hayotda o'zining ezgu amallari, yaxshiligi, halol mehnati bilan “hazrati inson” nomini ko'kka ko'tarib, ulug'lab kelayotgan odamlar ko'p. Ana shunday insonlardan biri O'zbekxon Rustamov edi. O'zbekxon aka Abdurahmon Jomiyning:

Halollik, poklikda chiqar yaxshi nom,

Xayolingda bo'lsin yaxshilik mudom, —

degan satrlarini juda yaxshi ko'rardilar. O'zlari ham hayotda yaxshilikni shior qilib, odamlarga faqat ezgulik ulashib yashagan inson edi.

O'zbekxon Rustamov agar hayot bo'lganlarida yuz yoshga to'lgan bo'lardi. Ha, bu yil taniqli davlat va jamoat arbobi O'.Rustamov tavalludining 100 yilligi nishonlanmoqda. Ammo bir haqiqat bor: inson umri ko'pincha yillar bilan emas, uni qanday o'tkazgani va mazmuni bilan o'lchanadi.

1926 yilning 11 sentyabri… O'sha kuni Toshkent shahridagi ziyolilar oilasida o'g'il farzand dunyoga keldi. Bu — A'zamxon aka va Vaziraxon opalarning orzusi ushalgan kun edi. Katta qizi Lazizaxondan so'ng dunyoga kelgan farzandga kam uchraydigan ism qo'yildi: O'zbekxon deb!

Tarixga murojaat qiladigan bo'lsak, O'rta Osiyo tarixida O'zbekxon ismli shaxs o'tgan. U Oltin O'rda xonlari orasida eng mashhuri bo'lgan. O'zbekxonning o'ttiz yillik hukmronligi davrida Oltin O'rda qudratli davlatga aylangan. U haqda mashhur arab sayyohi Ibn Battutaning “Sayohatnoma” asarida anchagina ma'lumotlar bor. Hatto o'sha xonning buyrug'iga ko'ra, 1314 yili Eski Qrimda hashamatli maqbara qurilgan.

Qahramonimiz O'zbekxon Rustamovga O'zbekxon deb ism berilishining aslida boshqa sababi bor. Bu ism bilan bog'liq masalada O'rta Osiyoning milliy chegaralanishi davri ko'z o'ngimizdan o'tadi. Bu paytda millat ziyolilarining mustaqil O'zbekiston g'oyasi yo'lidagi urinishlarini, katta jasoratini ko'rish mumkin. O'zbekxon akaning otasi A'zamxon domla savodxon yoshlar qatorida tashkiliy ishlarda faol qatnashadi. Aynan o'sha kezlari oilada to'ng'ich farzand kutilayotgan edi. Bundan xabardor bo'lgan oshna-og'aynilari: “Agar kutilayotgan farzand o'g'il bo'lsa, unga O'zbekxon deb ism bersangiz, ajoyib ish bo'lardi”, — degan fikrni bildirishadi. Bu niyat A'zamxon akaga ham ma'qul tushadi. Biroq to'ng'ich farzandi qiz bo'lgani sababli unga Lazizaxon deb ism qo'yishadi. Oradan uch yil o'tar-o'tmas o'g'il farzand dunyoga keladi. “Kechikibroq bo'lsa-da, orzuga yetdik”, — deb ota-onasi unga O'zbekxon deb ism qo'yishadi.

“Ismning ham yuki bor”, deyishadi. Ota-ona, millat oydinlari niyati ila qo'yilgan O'zbekxon ismining yuki og'ir va mas'uliyatli ekanini anglagan O'zbekxon Rustamov qachon, qaerda bo'lmasin, shu ism yukini oqlashga harakat qilib yashagan inson edi.

1945 yilda o'rta maktabni tugatgan O'zbekxon oldida ikki yo'l paydo bo'ladi. Biri — Moskvadagi Xalqaro munosabatlar institutida tahsil olish, ikkinchisi — Toshkentdagi oliy o'quv dargohida o'qish. Ota rozi, lekin ona… O'g'il ona ko'ngliga qarab, O'rta Osiyo universitetining sharqshunoslik fakultetida o'qiy boshladi.

Talabalik yillarida fidoyi ustozi, dotsent Ilya Albertovich Kissenning bittagina orfografik xato uchun “ikki” qo'yib: “Rustamov! Siz o'zbeksiz, ismingiz ham O'zbekxon! Sizning o'z ona tilingizda birorta xato qilishga haqqingiz yo'q!” deya bergan daqiq sabog'i O'zbekxon domla uchun bir umrlik shiorga aylandi.

U ona tili bilan birga rus, ingliz, arab, turk va fors tillarini o'rgandi. Bularning bari chet ellarga qilgan safarlarida, xalqaro anjumanlarda, nufuzli minbarlarda turib so'zga chiqqanda hamda ilmiy izlanishlarida mushkulini oson qildi.

* * *

O'zbekxonning otasi A'zamxon domla haqiqiy ma'rifatparvar kishi edi. Bugun yoshi oltmishdan oshganlar 1968-1972 yillarda akademik Qori Niyoziy bilan birgalikda O'zbekiston televideniesi orqali farzand tarbiyasi, ota-onaning burchi va o'rniga bag'ishlangan ko'rsatuvlarni eslashlari mumkin. Millionlar nazariga tushgan bu ko'rsatuv — “Ota-onalar universiteti”ning tashkilotchilaridan biri respublikada xizmat ko'rsatgan o'qituvchi A'zamxon Rustamov edi.

Darvoqe, 1991 yili Toshkentning Ibn Sino mavzesida joylashgan o'rta maktabga A'zamxon Rustamov nomi beriladi. Domlaning shogirdlari haqida gap ketganda, taniqli olimlar Ahror To'laganov, Sodiq Azimov, Habib Tursunovlarning nomlari tilga olinishining o'ziyoq A'zamxon domlaning qanchalik hurmatli inson bo'lganidan dalolat.  Bu oilada kim nimaga erishgan bo'lsa, hammasini halol mehnati natijasida qo'lga kiritgan. Bunga Rustamovlarning hayot daftarini ko'zdan kechirgan kishi amin bo'ladi.

* * *

Rozaxon opa. U O'zbekxon akaning oltmish yildan ortiq ahil-inoq umrguzaronlik qilgan sevimli rafiqasi, besh qizning onasi. Shu o'rinda O'zbekxon akaning xotiralariga murojaat qilsak:

“Fikri ojizimcha, har bir insonning haqiqiy do'sti — bu uning ota-onasi va jufti haloli bo'lsa kerak. Taqdir menga Rozaxondek ajoyib ayolni jufti halollikka nasib etgan ekan, Yaratganga ming bora shukronalar aytaman”, — deb yozgandilar.

Taniqli jurnalistlar Nabijon Boqiy va Anvarbek Xalilovlar opaning yetmish besh yoshga to'lishi munosabati bilan ajoyib maqola yozishgan ekan. Ana shu maqoladan bir parcha:

“Dilbar adibimiz Abdulla Qodiriyning “O'tkan kunlar” romanida Kumushbibining xolasi borligi to'g'risida hech qanday ma'lumot berilmagan, lekin Rozaxonimni ilk bor ko'rgan odam: “Hoynahoy, bu ayol Oftoboyimning singlisi bo'lsa kerak”, — deb o'ylaydi. Chunki Rozaxonim ham aynan ro'zg'orparvar, eng muhimi, sadoqatli, bolam-chaqam deb yashaydigan o'zbek ayollarining mushtarak timsolidir”.

Haqiqatan ham bu ayol ana shunday rafiqa, ana shunday ona bo'lgan. Besh qiz: Go'zalxon, Lolaxon, Hilolaxon, Nigoraxon va Niholaxon. Har biri haqida alohida yozsa arziydigan farzandlar. Bu oila haqidagi shu satrlarni yozayotganimda, xona eshigi sekin ochildi.

— Dadasi, men ishga ketyapman. Bemalol yozavering.

— Hozir kuzatib qo'yaman.

— Ovora bo'lmang…

— Bir gapim bor.

— Nima gap ekan, ayting…

Darvoza oldida: “Manzura, hozir men yozayotgan maqoladagi O'zbekxon bobo bilan Rozaxon opa salkam yetmish yil nihoyatda ahil yashashgan ekan”, — degandim, u to'xtab: “Dadasi, havas qiling, barchaga ham shunday uzoq yillar ahil yashash nasib etsin”, — dedi-da, kayfiyati ko'tarilgan holda ishga jo'nab ketdi.

Xonamga kirib o'ylanib qoldim. Aslida, maktabni uzoqdan izlash kerak emas. Hayot maktabi yonginamizda bo'ladi-yu, ko'pchiligimiz beparvolik qilib…

Endi besh qiz haqida… Ularning hayoti bilan batafsil tanishgan kishi beshta kitob yozsa bo'ladi. Hozircha qisqa satrlar bilan cheklanamiz.

Bu oilaning eng katta qizi — Go'zalxon. U ilm yo'lidan ketdi. Bir necha yil O'zbekiston Fanlar akademiyasida ishladi. Lolaxon — oilaning ikkinchi farzandi. U bolaligidan shifokor bo'lishni orzu qilgandi, niyatiga yetdi. Hilolaxonga ham yoshligidan hamma havas qilgan. U dizayner-arxitektor bo'ldi. 1958 yilning 27 fevralida Rustamovlar oilasi safi yanada kengaydi. Xonadon xursandchiligiga sababchi bo'lgan Nigoraxon ota kasbini tanladi. Niholaxon ham ilm yo'lini tanlab, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining professori bo'ldi.

O'zbekxon Rustamov faoliyati haqida gap ketganda, ilm yo'lidagi mehnatlari juda katta bo'lganini tan olmoq kerak. Olim O'zbekxon Rustamovning uchta monografiya va ellikdan ortiq ilmiy maqolalari bilan tanishgan kishi bunga chuqur ishonch hosil qiladi.

U ilk bor Sohibqiron Amir Temurning tavsiyasi bilan 1374 yilda Kashmirga borib, islom ma'rifatini yoygan Mir Sayid Ali Hamadoniy faoliyatini arxiv hujjatlari asosida yoritib bergan zabardast olim edi.

Kashmir… Bu juda go'zal maskanlardan biri. Mashhur davlat arbobi va adib Sharof Rashidovning “Kashmir qo'shig'i” nomli ajoyib bir dostonini ko'pchilik o'qigan. Sharof Rashidovni bu joy bekorga o'ziga tortuvchi kuchga ega bo'lmagan. O'zbekxon Rustamov tomonidan yozilib, “Fan” nashriyotida chop etilgan “Zamonaviy Kashmir: tarixi, iqtisodi va madaniyati to'g'risida ocherklar” deb nomlangan monografiya bilan tanishgan o'quvchining Kashmir haqidagi bilimlari yanada boyiydi. Olimning 1973 yilda chop etilgan “Fors qo'ltig'i mamlakatlari” nomli kitobchasi o'zi ko'rgan, kuzatgan va shohidi bo'lgan voqealar haqidadir. O'zbekxon aka qaerda bo'lmasin, O'zbekiston vakili ekanini aslo unutmadi.

O'zbekxon Rustamovning 14 yillik faoliyati O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bilan bog'liq. U ushbu nufuzli idorada vazir o'rinbosari sifatida faoliyat yuritdi. Bu joyda taniqli davlat va jamoat arboblari G'ani Sultonov, Sarvar Azimovdek mashhur diplomatlar bilan birga ishladi.

1966 yilning 10 yanvari. O'sha kuni tarixiy hujjat — Toshkent deklaratsiyasiga imzo chekilgandi. Hindiston Bosh vaziri bo'lib ishlagan La'l Bahodur Shastri va Pokiston Prezidenti Muhammad Ayubxon o'rtasidagi muzokaralar o'shanda oson kechmagan edi. Bu katta anjuman mas'uliyati Sarvar Azimov rahbarligidagi jamoa, ya'ni O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi zimmasiga yuklatilgandi. Bu yukning katta qismi shu idora vaziri o'rinbosari O'zbekxon Rustamov zimmasida bo'lgan.

Inson hayotida bir umr muhrlanib qoladigan, esdan chiqmas kunlar ko'p bo'ladi. 1971 yilning 21 yanvari. Bu kun O'zbekxon Rustamovning xotirasidan aslo chiqmaydigan sanaga aylangan edi. Uni birdaniga Markazkom byurosiga taklif etishadi.

Keng majlislar zali. To'rida sochlari tepaga silliq taralgan Sharof Rashidov. Qisqacha tanishuv bo'ldi. Sharof Rashidov O'zbekxon akaga bir nechta savol berdi. So'ng maqsadga ko'cha qoldi:

— Davlat tizimida ishlaganingiz yetar endi. Tajribangizni boshqa joyda ham ishlatish vaqti keldi. Nomzodingizni Markazkomning Informatsiya va tashqi aloqalar bo'limi mudirligiga loyiq topdik. O'zingiz nima deysiz?

— Shunchalik ishonch bildirar ekansiz, bor kuchimni sarflab ishlashga tayyorman.

Yangi ish, yangi mas'uliyat. Rustamov bu yerda ham o'zini ko'rsatdi.

U BMT minbarlaridan tortib, dunyoning 20 dan ziyod mamlakatida o'zbek xalqi nomidan so'zlab, yurtimiz nufuzini yuksaltirdi. O'zbekxon Rustamov Din ishlari kengashida ishlagan kezlarida ko'plab ziyolilar, mudarrislar va olimlarni nohaq ta'qiblardan himoya qildi. 1980 yilda Toshkentda “15-hijriy asr — tinchlik va do'stlik asri bo'lsin” mavzusida 30 davlat ulamolari ishtirokida o'tgan nufuzli xalqaro anjumanga bosh-qosh bo'ldi.

O'zbekxon akaning hayot yo'li ham tekis o'tmagan. Ayniqsa, o'sha davrda mafkuraning boshida turgan “Opaxon” bilan to'qnashuvlar… Nima bo'lganda ham, u “temir xotin”ning noto'g'ri topshirig'ini bajarmaydi. Ana undan keyingi tashvishli damlar… Rustamov bu kunlardan ham o'ziga xos diplomatik yo'llar bilan eson-omon chiqib ketadi.

Xorijga safarlar: Belgiya, Lyuksemburg, Fransiya, Shveysariya, Afg'oniston, Hindiston, Iroq, Pokiston, Singapur, Suriya, Eron, Keniya… U dunyoning 20 dan ortiq mamlakatida bo'lgan. O'shanda bir hayratlanarli holat: Sho'rolar hukumati delegatsiyasi tarkibida o'zbekistonlik O'zbekxon Rustamov nomi albatta bo'lardi. Buning sababi bor. O'zbekxon aka o'sha davrda delegatsiya a'zolaridan ayrim jihatlari bilan bir pog'ona ustun turgan. Chunki u ko'p tillarni bilardi. Sharqshunoslik fakultetida o'qib, o'rgangan tillari unga har qadamda qo'l kelardi. O'sha paytda o'ta ehtiyotkorlik bilan yurish, qo'ygan har bir qadamini bilib bosish talab qilinardi. O'zbekxon aka bu ishlarning barining uddasidan chiqqan.

* * *

Diplomat hayotini qaysidir jihati bilan arqon ustida langarcho'psiz harakatlangan dorbozga o'xshataman. Diplomat O'zbekxon Rustamovga ko'plar havas qilardi. U qaerda bo'lmasin, o'z yurti obro'si, sha'nini saqlashga harakat qildi. Ma'lum bir davr atoqli davlat arbobi Nuriddin Akramovich Muhiddinov bilan ham ishladi. Imkoni yetguncha ayrim muammolarni hal qildi. Shuning uchun ham mashhur davlat arbobi uni juda hurmat qilardi.

Sal bo'sh qolsam, Oybek domlaning “Navoiy” romanini qo'lga olaman. O'sha romanda Hazrati Navoiyga noyob iste'dod egasi deb tanishtirilgan kamtar olim yigit Sultonmurod bilan uchrashganda, u suyunib ketib: “Himmat va g'ayratni aslo qo'ldan bermang. El, ulus sizdek zotlarga g'oyat muhtojdir. Ilm daraxtini yaxshi parvarish etib, yurt tuprog'iga chuqur tomir yoydirmog'imiz va undan mo'l hosil olmog'imiz kerak”, deydi. Ana, donishmand Oybekning romanidagi Navoiy!

O'ylanib qolasan kishi: bu oila erishgan yutuqlar siri nimada ekan? Ilm daraxtining yaxshi parvarishi-yu, tuproqqa chuqur tomir yoydirgani emasmi? Bunisi haqiqat. Rustamovlar oilasining barchasi ilmli, ilmga intilib yashagan va yashaydigan odamlar. Shuning uchun ham hosili mo'l, havas qiladigan hosil.

Bugun O'zbekxon Rustamov oramizda yo'q bo'lsa-da, u qoldirgan ilmiy meros, shogirdlar armiyasi, farzandlar kamoli va pok nom millatimiz qalbida barhayot yashamoqda. Uning hayoti o'z nomiga munosib yashash, ona tilini muqaddas bilish, ota-ona duosini olib, Vatanga halol xizmat qilishning yorqin namunasidir. Maqsud Shayxzoda yozganidek, bunday umrlar hech qachon unutilmaydi, ular ezgulik mayog'i bo'lib kelajak avlodlarga yo'l ko'rsataveradi.

“Ko'pchilikka yoqaman desangiz, aqlli so'zdan va odobli xulqdan ajralmang. El-yurt oldida obro' qozonaman desangiz, “o'zing uchun o'l yetim” degan qarashdan yiroq bo'lib, elga sidqidildan xizmat qiling!”

O'zbekxon Rustamov

 o'gitlaridan.

Anvar ABDUVALIYEV,

O'zbekistonda xizmat

ko'rsatgan jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fourteen − two =