Vatan desam…

Yurtimizda mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligiga bag'ishlangan bayram tantanalari o'zgacha bir shukuh bilan bo'lib o'tdi. Ona Vatanimiz o'z hurligini qo'lga kiritganiga 35 yil – navqiron yoshga to'lgani barchamizga qutlug' bo'lsin!

Ming afsuski, elimiz bir asrdan ziyod vaqt mobaynida mustamlakachilik sharoitida, adolatsizlik va zo'ravonlik iskanjasida yashadi. O'z taqdirini o'zi belgilash erkidan mahrum edi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mustaqillik bayramiga bag'ishlangan tantanali marosimdagi nutqini hayajon bilan tingladik. U har bir vatandoshimiz qalbiga singib ketdi, desak xato bo'lmas. 

“Vatan ozodligi va milliy istiqlol yo'lida jonini fido qilgan Behbudiy, Munavvarqori, Fitrat, Qodiriy, Cho'lpon kabi jadid bobolarimizning hurriyat haqidagi orzu-niyatlari bugun Yangi O'zbekistonda to'liq ro'yobga chiqmoqda.

Mustaqillik, eng avvalo, bizga shonu sharafimizni, muqaddas dinimizni, ona tilimizni, unutilayotgan milliy qadriyatlarimizni qaytarib berdi…”

Yurtboshimizning mana shunday o'tli so'zlari har bir vatandoshimizni ruhlantirdi. Istiqlol sharofati tufayligina o'zligimizni angladik. Lekin ana shunday ulug' ne'matning qadriga hamma ham yetyaptimi? Mustaqillik bergan imkoniyatlarni shukronalik bilan yurakdan his qilyapmizmi?

Men esa Vatan haqida o'ylar ekanman, dilimda bir munavvar hislar uyg'onaveradi. Axir dunyo dunyo bo'libdiki, ne-ne zamonlar, ne-ne xoqonlar o'tmasin, jami muqaddas tushunchalar, tuyg'ular ichida “Vatan” deya atalmish manzildan buyukrog'i-suyuklirog'ini topmadik. Vatan tomirlarimizda oqayotgan qondayin qaynoq, ko'ksimizda urib turgan yurakchalik aziz.

Qardoshimiz ozar shoiri Akif Bag'irning “O'zbek kelayotir” she'rida aytilganidek:

Chiqarib nurafshon yo'lga karvonin,

Boshiga ko'tarib tengsiz sarbonin,

Kuch olib istiqlol zafarlaridan,

Yana yulduzlarga taqab narvonin,

O'zbek kelayotir tarix qa'ridan!

Shu o'rinda katta ustozlarimizdan eshitganim bir voqea yodimga tushadi. Mustaqillikning ilk yillarida davlat arbobi, professor olim, ustoz Erkin Yusupov O'zbekiston BMTning ta'lim, madaniyat va fan masalalari bilan shug'ullanuvchi tashkiloti bo'lgan YuNESKOga a'zo bo'lgandan so'ng ilk bor bir guruh davlatimiz vakillari bilan YuNESKO shtab-kvartirasi joylashgan Parij shahriga boradilar. Xalqaro tadbir boshlanish arafasida o'sha vaqtda YuNESKO bosh direktori bo'lgan Federiko Mayor yig'ilganlarga shunday  murojaat etadi: “Xonimlar va janoblar! Men sizlardan uzr so'ragan holda, bugun diplomatik qonun-qoidalarni biroz buzmoqchiman. Bugungi yig'ilishimizda tashkilotimizning yangi a'zosi bo'lgan mamlakat vakillari ishtirok etishmoqda. Men ularni sakkizinchi qatordan birinchi qatorga o'tib o'tirishlarini so'rayman”. Shunda mas'ullar kelib, O'zbekiston vakillarini birinchi qatorga o'tkazishadi. Hamma hayron. Aslida, bu holat xalqaro diplomatik etiket qoidalariga zid hisoblanardi. Shunda Mayor yana so'zida davom etadi: “Xonimlar va janoblar, men shu ishni qilmay, yig'ilishni boshlay olmas edim. Chunki bu yangi vakillarimiz O'zbekistondan kelishgan. Nima uchun ularni birinchi qatorga o'tkazganimni so'rasangiz, aytaman. Chunki bu yurt — dunyo tamadduniga, ilm-fan taraqqiyoti, ma'naviyat kamolotiga behisob hissa qo'shgan buyuk tarixiy shaxslar vatanidir. Biz bilamizki, dunyo tamadduniga eng ko'p hissa qo'shgan olimu fozillar saralanib, eng buyuk xizmat qilgan 200 nafari tan olinadi. Ularni ham saralab, munosiblar ichra munosib sakkizta buyuk daho tan olingan. Mana shu sakkiz dahoning oltitasi O'zbekiston hududida tug'ilib, yashab, ilm-fan rivojiga buyuk hissalarini qo'shgan. Bu vakillarimiz esa ana shu daho ajdodlarning avlodlaridir!” Shunda butun zal oyoqqa turib, O'zbekiston vakillarini bardavom olqishlay boshlashadi. “Shu damda mening ko'zlarimdan tinimsiz yosh oqardi, — deya xotirlagan ustoz Erkin Yusupov. — Va nihoyat, ba'zilar bizni kichik millat atab, tan olmay turgan bir davrda bu tarixiy haqiqatni biladiganlar, tan oladiganlar, e'tirof va ehtirom etguvchilar borligidan faxr va g'urur his etayotgandim”.

* * *

Tashkilotimizga xizmat safari bilan kelgan latviyalik hamkasblarimizga hamroh bo'lib Toshkent viloyatining keng paxtazorlaridan o'tib borarkanmiz, mehmonlarimizdan biri K.Kaspars: “Bu paxta emasmi?” deb so'radi dalani ko'rsatib. Uning so'zlarini tasdiqladik. U esa: “Men paxtani faqat televizorda ko'rganman”, dedi hayrat bilan paxtazorga boqib. Mehmonlarimizga rostakam paxtani ko'rsatish uchun haydovchimizga yo'l chetida bir-ikki daqiqaga to'xtashini so'radik. Yo'l-yo'lakay hamkasblarimizdan biri paxta haqida bilganlarini, u bizning milliy boyligimiz ekani, yoshligidan paxta tergani, bu yerlar fermerlarga tegishliligini tushuntira ketdi.

Latish do'stlarimiz paxtazorga o'zgacha bir hayajon bilan kirib borisharkan, chanoqlardagi qiyg'os ochilgan paxtalarni avaylab ushlab ko'rishdi, u yoq-bu yog'idan o'tib, suratga ola boshlashdi.

Men paxtaning nima ekanligini his etishlari uchun uni qo'lda uzib olib ko'rishini aytdim. Ular esa bir menga, bir paxtaga qarab: “Axir bu mumkinmi?” deya so'rashdi. “Nega mumkin emas?” so'radim anglamay. Mehmon: “Axir bu birovning plantatsiyasi, mulki bo'lsa, uni so'ramasdan olsa bo'ladimi?” dedi. Men qo'limdagi uzib olganim, lo'ppi paxta chanoqlarini uzatdim-da: “Faqat mehmonlar uchun mumkin, axir biz mehmondo'st xalqmiz, chinakam paxtaning nimaligini bilmay ketmaysiz-ku?!”, deya kulib vaziyatdan chiqqan bo'ldim. Ammo ichimda bir narsa uzilgandek bo'ldi. Negaki, birovning haqi, birovning omonati degan muqaddas tushunchalar aslida bizniki, bizning xalqning asosiy qadriyati, qonuni bo'lib kelgan emasmidi?

Ha, mehmonlar bilan o'tgan shu uch kun ichida ulardan ko'p narsani, jumladan, o'z millatiga, milliy tiliga g'urur-or deb qarashni, millatiga juda baland ehtirom va o'ta halollikni ko'rdim, o'rgandim. Angladimki, aslida “insof”, “halollik”, “birovning haqi”, “vijdon” degan tushunchalar insonning millati, dini bilan bog'liq emas. U qaysi yurtdan bo'lmasin, haqiqiy insonning qalbida bo'lar ekan. Uni oiladagi tarbiya, mamlakatdagi qonunlar va qadriyatlar hamisha mustahkamlab turadi.

* * *

O'tgan yili xizmat safari bilan Belarus Respublikasida bo'ldik. Biz hafta davomida hamkorlarimiz bilan muzokaralarni bitirgach, yurtga shoshdik. Mehmonxonadan chiqib, aeroport tomon yo'l olarkanmiz, manzilgacha bir soatlik yo'l, o'zaro suhbat avjida edi. Nima bo'ldiki, biz chiqqan yengil mashinamiz va yana old tomonda besh-oltita ulov tezlikni sekinlashtirib, bamaylixotir yura boshladi. Biz hayronmiz, hech kim signal chalmaydi, yo'l so'ramaydi. Yaxshilab qarasak, old tomonda g'alla o'radigan kombayn ketayotganini ko'rdik. Qarama-qarshi yo'nalish bo'm-bo'sh bo'lsa-da, ortda ketayotgan hech bir mashina quvib o'tay demasdi. Biroz fursatdan keyingina olddagi ulovlar sekin-asta yo'rg'alab o'ta boshlashdi. Shunda ham kombayn haydovchisidan ruxsat so'raganday tavoze bilan bosh irg'ab, iliq so'zlar aytib, qo'l silkitib, so'ngra aylanib o'tishardi. Kombaynchi ham bularga javoban qo'l ko'tarib, oq yo'l tilardi. Biroz sukutdan so'ng hamrohimiz qiziqishini yashirolmay, haydovchimiz belorus yigitidan oddiy bir kombaynchiga bo'lgan bu muomalayu iltifotning ma'nosini so'radi. Haydovchimiz xushchaqchaqqina yigit emasmi, jilmayib atrofni ko'rsatib, “Bular nima?” deya savol berdi. Hamrohimiz atrofga bir qarab oldi-da: “Keng dalalar”, dedi. Shunda yigit bosh silkidi: “Yo'q, bu jannat-ku! Bu dalalar bizni to'ydiradi, rizq beradi. Bu rizqni ekuvchi, yetishtiruvchi, bu ne'matlarni yig'ib olib, dasturxonimizga yetkazib beruvchi mana shu dehqon birodarlarimiz-da. Ular bizni to'ydiradigan, oilamizga barakot va xursandchilik olib keluvchi jannatiy insonlar. Ularga hurmat ko'rsatib, bir og'iz iliq so'z, rahmatimizni aytmay o'tish xudoga-da xush yoqmaydi”. Bu javobdan keyin biz bir-birimizga ma'noli qarab oldig-u, o'rtaga bir muddat sukunat cho'kdi. Boshqalarni bilmadim, ammo mening tomog'imga-da bir nima tiqildi.

Biz bugun har narsadan ulug' bo'lgan inson qadri haqida ko'p gapiryapmiz. Men guvoh bo'lganim voqea esa har qanday buyruq yo topshiriqlarsiz, dabdaba-yu shiorlardan xoli bo'lgan samimiy insoniy munosabat, oddiy insonning baland qadr-qimmatiga misol edi. Bir narsaga amin bo'ldimki, har bir mamlakatdagi taraqqiyot, o'sish va o'zgarishlar, avvalambor, shu yurtda yashovchi har bir fuqaroning qalbida yurtiga bo'lgan mehru muhabbatdan, fidoyilikdan boshlanadi.

Ha, bor bo'lsin fidoyi insonlar!

…Uyga qaytishimiz oldidan Minsk shahridagi katta bir do'konga kirdik: do'konning u boshida tursang, bu boshi ko'rinmaydi. Sovg'a-salom uchun ul-bul xarid etarkanmiz, mahsulotlarning xilma-xilligidan boshim aylanib, mezbon hamrohimizdan so'radim: “Mana bularning qaysi birini olganim ma'qul, toza, sifatlirog'i qaysi?” Mezbon biroz ajablanib, meni tushunmaganday, savolimga savol bilan javob qaytardi: “Tozasi qanaqa bo'ladi?” “Sen o'zing bolalaring uchun qaysini ko'proq xarid qilasan, sifati tozarog'i?” U anglab yetdi, shekilli, jilmayib javob berdi: “Bizda “tozaroq” degani yo'q. Men o'zim va bolalarimga xush yoqadiganini xarid qilaman, ammo bu mahsulot sifati bilan bog'liq emas, uning tarkibi, yog'lilik darajasiga bog'liq bo'lishi mumkin. Sifatsiz mahsulot savdo brendining obro'yini to'kadi, shuning uchun savdoga kiritilmaydi. Bu mahsulotlarimizning barchasi sifatli, men bunga aminman”.

Yaqinda yo'limiz tushib, “O'rikzor” bozoriga kirdik. Aksiga olib, yomg'ir quyib turibdi. Ro'zg'orga zaruriy mahsulotlarni ham ola ketish maqsadida rastalarni aylana boshladik. Kolbasa va pishloq olish uchun do'konga kirib, mahsulotlar yorlig'iga boqib, tanlay boshladik. E'tiborimni tortgani, savdo rastasi yonida sosiska, kolbasa mahsulotlari qoplarga solingan, ba'zilari eshik oldida shundoqqina oyoq ostida, yomg'ir tagida turardi. Sotuvchidan so'radim:

— Mahsulotni shunaqa ahvolda saqlaysizlarmi? Bular, aslida, qadoqlangan, sifat talablariga javob beradigan holda saqlanishi kerakmasmi?

— Bu mahsulotlar viloyatlarga jo'natiladigani, sizga tozasidan, qadoqlanganidan beraman, — dedi sovitkichni ochib.

— Axir viloyatdayam buni odamlar yeydi-ku! Viloyatlarda yashaydiganlar ham o'zimizning xalq, el emasmi?! Oladigan odamlarning sog'lig'iga ziyon ekanini bilasiz-ku!

Sotuvchining ensasi qotdi:

— U yog'i mening muammom emas…

Yurt, Vatan oldidagi burch, avvalo, shu — seni voyaga yetkazgan zamin, millat, xalq, yurtdoshlaringga bo'lgan munosabat, mehru oqibat, o'z ishingga mas'uliyat va iymoning butligidan boshlanadi. Bugun sen ko'z yumgan kichkinagina illat ertaga katta bir talafot bo'lib o'z boshingga, yaqinlaring zimmasiga yuklanishi tarixda ko'p bora takrorlangan va takrorlanajak haqiqatdir. Avvalo, o'zimiz, qolaversa, Alloh oldida yuzimiz yorug'ligi, qalbimiz pokligi har birimiz uchun buyuk saodatdir.

* * *

Vatan mavzusida ko'p yozamiz, ammo bu tushuncha, bu mehrni qalbdan, ich-ichingdan his qilish qanchalar ulkan baxt ekanini anglab yetavermaymiz ba'zida. Yaqinda Haj ziyoratiga borib qaytgan bir dugonamizning onalarini yo'qlab bordik. Yetmishga yaqinlashgan bu onaxonning suhbatlarini eshitib, hayajonlandim. Hoji onaxonimiz Haj ziyorati taassurotlarini shunday hikoya qildilar: “Haj amallarini bajarib yurgan kunlarimizning birida ibodatga berilib, o'z guruhdoshlarim, yaqinlarimdan ajralib qolib ketibman. Bir payt qarasam, notanish joydaman, notanish odamlar. Boshqa mamlakat ziyoratchilari hammasi o'z bayroqlarini ko'tarib olgan. U yoqdan bu yoqqa alanglayman: qani endi biznikilar, bizning bayrog'imiz ko'rina qolsa. O'sha yerda yurgan nazoratchi yigitning yoniga borib: “O'zbekiston, men o'zbekistonlikman…” deya amallab adashib qolganimni tushuntirdim. U tushunib, bosh silkidi-da, yoniga bir dastyor yigitni chaqirib, allanimalar dedi. Muslim yigit menga yo'l boshlab ketdi. Yigitchaning ortidan ketyapman-u, har tomonga alanglayman, ko'zlarim ko'k, yashil, oq rangli qadrdon bayroqni izlaydi. Ancha yurdik va nihoyat bir muyulishdan o'tib, hilpirab turgan O'zbekiston bayrog'iga ko'zim tushdi. Yuragim bir hapqirdi, bir hapqirdiki, ko'zlarimdan yosh shashqator bo'lib oqa boshladi. Men shu yoshga kelib bunchalar sog'inchni, bunchalar hayajonni his etmagandim. Shu onda yurtim bayrog'ini olib, ko'zlarimga to'tiyo qilib surgim, bolamni erkalaganday bag'rimga bosib, quchib o'pgim keldi. Guruhdoshlarim ham mendan xavotir olib turishgan ekan, ko'rinishim bilan men tomon ildamlashdi. Ko'zlarimdagi yoshni ko'rib, xavotir aralash shoshib so'roqqa tutishdi. Biroz o'zimga kelgach, aytdim: “Qarang, bizning bayrog'imiz hamma yurtlarnikidan chiroyli-ya!..”

Keyin onaxon bir xo'rsinib qo'shib qo'ydilar: “Men-ku, muqaddas ziyoratgohda bir on yurtdoshlarimni yo'qotib qo'yib, Vatan qadrini his etdim, firog'iga chidayolmadim. Vatandan olisda yillab yurganlar bu ayriliqqa qanday chidarkan-a?” Bu hikoyalarni eshitib, o'tirganlar ancha payt sukutda qoldik…

* * *

Bir rassomdan baxtning suratini chizib berishini so'rashganida, u o'ylanib o'tirmay, kaftdagi bir siqim tuproq rasmini chizgan ekan. Ha, bizning baxtimiz, orzu-maqsadlarimiz ro'yobi, shodligimiz ta'mi mana shu tuproqdagina totli, huzurbaxsh. Biz mana shu tuproq — ona Vatan bag'ridagina chinakam baxtni his eta olamiz, usiz esa har qanday boyligu shodligimiz, yuksalishlarimiz qiymati nolga tenglashadi.

Vatanni sevish nimadan boshlanadi?.. Ehtimolki, yurtga fidoyilik, sadoqat bu — har qanaqa balandparvoz so'zlar, otashin nutqlarda emas, shu yurt, shu millat uchun qilayotgan ijobiy amallarimizda, xalqning koriga yarovchi mehnatimiz mahsulida ko'rinsa, ajab emas.

Zilola XO'JANIYoZOVA,

shoira,

 “Shuhrat” medali sohibasi.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fourteen + 8 =