“Shifokorlik – jamiyat taqdiridagi eng mas'uliyatli soha”

Tibbiyot fanlari doktori, professor, tajribali jarroh Murod Shavkatovich Hakimov bilan suhbat

– Hurmatli Murod Shavkatovich, ruxsat bersangiz, suhbatimizni kutilmagan savol bilan boshlasak.

– Marhamat.

– Siz Toshkent tibbiyot instituti (hozirgi Toshkent davlat tibbiyot universiteti)ni bitirgach, oradan 31 yil o'tibdi hamki, shu oliygoh qoshidagi ko'p tarmoqli klinikada shifokorlik qilib kelyapsiz, shu dargohda fan doktori, professor darajasiga yetishdingiz. Savolimiz shunday: ko'plab hamkasblaringiz ish joyini tez-tez o'zgartirishlarini nazarda tutgandim. 40 yil davlat tizimidagi muassasada xizmat qilgan bir jarrohning nodavlat shifoxonaga o'tganini eshitib, ochig'i, hayron bo'ldim. Buning asosiy sababi nimada deb o'ylaysiz? Shifokor uchun bir joyda qo'nim topib ishlash ma'qulmi yoki?..

– Toshkent tibbiyot institutini tugatganimga o'ttiz yildan ko'proq vaqt o'tdi va mening butun professional hayotim bitta muassasa bilan bog'liq bo'ldi. Men bu yerda yosh jarroh sifatida ish boshladim, malaka oshirdim.

Tadqiqot olib bordim, nomzodlik va doktorlik dissertatsiyasini himoya qildim va bosqichma-bosqich assistent lavozimidan professor va kafedra mudiri lavozimigacha yetib keldim. Bu aziz dargoh kamina uchun erta kelib, kechda ketadigan shunchaki ish joyi emas – bu mening professional hayotimning asosiy qismi, ikkinchi yashash joyim-uyim. Shuni alohida ta'kidlagim keladi: faoliyatimning dastlabki daqiqalaridan to hozirgi kunga qadar o'zimni bugungi milliy tibbiyotimiz darg'asi, ulkan mutaxassis, akademik Shavkat Ibrohimovich Karimovning o'nlab, yuzlab shogirdlarining biri deb hisoblayman. Domla men uchun nafaqat taniqli olim, buyuk jarroh va yirik jarrohlik maktabining asoschisi, balki ilmiy izlanishlarimda yo'l ko'rsatgan, jarrohlik mahoratini egallashimda ustozlik qilgan va hayotda to'g'ri yo'l tanlashga o'rgatgan aziz inson hisoblanadi. U kishining talabchanligi, mehnatsevarligi, qat'iyati va kasbiga bo'lgan cheksiz sadoqati biz shogirdlar uchun hamisha ibrat bo'lib kelgan.

Savolingizga qaytsak, men har bir shifokor butun umri davomida bitta muassasada ishlashi kerak deb o'ylamayman. Har kimning maqsad-maslagi, kelajak rejasi bor, ixtiyor o'zida.

Ko'p yillar davomida davlat sektorida ishlagan ayrim tajribali shifokorlar turli sabablar tufayli xususiy klinikalarga o'tayotganini tushunish mumkin. Misol uchun, xususiy tibbiyot ba'zan shifokorlarga yaxshiroq shart-sharoit yaratadi, ko'proq tashkiliy erkinlik beradi, shuningdek, yangi texnologiyalarni tezroq joriy etish, o'z jamoasini tuzish, byurokratik cheklovlarni kamaytirish, qolaversa, o'z mehnatlari evaziga munosib e'tirof omillaridan kelib chiqiladi. Fikrimcha, buning hech qanday e'tirozli joyi yo'q.

Masalaning boshqa tomoni ham bor. Davlat klinikalarida ko'pincha og'ir ahvoldagi bemorlar, shoshilinch jarrohlik amaliyotlari, murakkab va noodatiy holatlar yuzaga keladi. Turli darajadagi bu kabi ekstremal holatlar pirovardida tibbiy xodimning ham, tibbiyotning ham rivojlanishiga keng imkoniyat yaratadi. Bundan tashqari, davlat shifoxonalari nafaqat bemorni davolash, balki talabalarni o'qitish, yosh jarrohlar malakasini oshirish, ilmiy tadqiqot bilan shug'ullanish va jarrohlik maktablarini yaratishga keng yo'l ochadi.

– Javobingizdan tibbiyot tizimidagi o'zgarishlar bilan bog'liq boshqa masala kelib chiqmoqda: davlat tizimiga qarashli tibbiyot va nodavlat tibbiyot tizimi. Sir emas, avvalgi tuzum davrida yashagan katta yoshdagi fuqarolarning nodavlat tibbiyot tizimiga ko'nikishlari qiyin kechmoqda. Bu jarayonni ortga qaytarib bo'lmaydi, albatta, shunday bo'lsa-da, ushbu holatga Sizning qarashlaringiz qanday? Nodavlat tibbiyot tizimining paydo bo'lishi mamlakatimiz aholisining umumsalomatlik darajasini oshirishga hissa qo'shmoqdami? Davlat va nodavlat tibbiyot tizimi o'rtasida raqobat mavjudmi? Bu ikki yo'nalish faoliyati qay tarzda muvofiqlashtirilmog'i darkor deb o'ylaysiz? Qisqa qilib aytganda, bemor uchun davlat tibbiy tizimiga qarashli muassasa ma'qulmi yoki nodavlat tibbiy tizimmi?

– Xususiy tibbiyotning aniq afzalliklari bor va ularni inkor etolmaymiz. U yerda bemorlarning ehtiyojlari tezroq qondiriladi, qulayroq sharoitlar taklif etiladi, navbat kutish yo'q, dori-darmonlar va zarur ashyolar topila qoladi, yangi uskunalar va texnologiyalarni joriy etishda moslashuvchanlik kuzatiladi. Shular sabab bemorlar xususiy shifoxonalarga murojaat qilishadi.

Mulohazalar ham yo'q emas. Asosiysi, iqtisodiy manfaatlar tibbiy qarorlarga ta'sir ko'rsata boshlaganda yuzaga keladi. Xususiy tibbiyot pul topganda emas, balki moliyaviy manfaatlar tibbiy qarorlarni belgilay boshlaganda muammoga aylanadi. Bu ortiqcha tekshiruvlarga, keraksiz muolajalarga yoki qo'shimcha jarrohlik amaliyotlariga olib kelishi mumkin, chunki aksariyat xususiy sektor shifokorlari “foiz”ga ishlaydi. Ming afsus, hozirgi kunda xususiy tibbiyot “tibbiyotdagi biznes”ga aylanib ketmoqda.

Boshqa muammolar ham mavjud, chunonchi, davolash xarajatlarining qimmatligi, klinikalar orasida davolash sifatining turlicha ekanligi, ba'zi muassasalarning “qulayroq” bemorlarni davolash uchun qabul qilib olib, og'ir ahvoldagi bemorlarni davlat markazlariga yuborish hollari ham uchraydi. Aytmoqchimanki, maqsad – xususiy tibbiyotni cheklash emas. Aksincha, uni takomillashtirish zarur, toki bemorning manfaatlari har doim klinikaning moliyaviy manfaatlaridan ustun turishini ta'minlaydigan tartib-qoidalar yaratilmog'i kerak.

Bir necha asosiy yo'nalishni sanab o'tish mumkin:

– davlat va xususiy muassasalarda xizmatlar uchun yagona klinik standartlar, tekshiruvlar hajmi va jarrohlik amaliyoti uchun ko'rsatmalar klinikaning mulkchilik turiga bog'liq bo'lmasligi;

– davlat va xususiy klinikalar o'rtasida sog'lom raqobatni ta'minlash uchun davlat va xususiy muassasalarda xizmatlar uchun teng narxlarni va shifokorlar uchun teng maosh belgilash;

– kuchli akkreditatsiya tizimi. Murakkab jarrohlik muolajalarini bajarish huquqi klinikaning jihozlariga, jamoaning malakasiga, intensiv terapiya mavjudligiga va asoratlarni boshqarish qobiliyatiga bog'liq bo'lishi;

– shifokorlar uchun majburiy kasbiy rivojlanish. Toki xususiy klinika shifokorlar faqat xizmat ko'rsatadigan joyga aylanib qolmasin. Shifokorlarning uzluksiz malaka oshirishi, ularning ilmiy izlanishlari yo'lga qo'yilmog'i (menimcha, xususiy klinikalar xodimlari uchun ayrim talablarni belgilash, chunonchi, shifokorlarning muayyan foizi ilmiy darajaga ega bo'lishi);

– davlat va xususiy sektor yaqin hamkorlikda faoliyat yuritishi (ular raqobatchi emas. Bemorlar uchun yagona yo'l xaritasi, axborot almashinuvi, shoshilinch tibbiy yordam tizimi va murakkab holatlar bo'yicha hamkorlik umummaqsadimiz uchun faqat naf keltiradi);

– tibbiyot muassasalari reklamasi monitoringi tizimini yaratish.

– Shifokorlik kasbining ahamiyatini, xalq va jamiyat hayotida tutgan o'rnini ta'riflasak, gazeta sahifasi torlik qiladi. Keling, uning bosh missiyasi xususida to'xtalaylik. Jamiyat a'zolarining sog'lik-salomatligiga birinchi navbatda mas'ul hisoblangan shifokorlar armiyasi vakili sifatida ayting-chi, mamlakatimizda milliy tibbiyot qudrati (potensiali) hozirgi zamon talablariga nechog'liq javob beradi? Ilmiy salohiyat, malaka, tajriba almashinuvi, zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta'min etilganlik, soha ichidagi tizim va hokazo masalalarga umumlashma xulosa berish mumkinmi?

– Bu savolga javob berishdan oldin shuni aytish lozimki, jamiyat a'zolarining sog'lik-salomatligiga birinchi navbatda shifokorlar emas, har bir odamning o'zi mas'ul.

Muhtaram gazetxonlarimiz bu gapni to'g'ri talqin qilishlarini so'ragan bo'lur edim. Gap shundaki, shifokor insonni davolaydi, maslahat beradi, kasallikning oldini olishga yordam beradi. Lekin odamning salomatligiga ta'sir ko'rsatadigan qarorlarni har kuni-har soatda uning o'zi qabul qiladi. Nima yeydi, qancha harakat qiladi, qanday dam oladi, zararli odatlardan o'zini tiyadimi-yo'qmi, profilaktik ko'rikdan o'z vaqtida o'tadimi – bularning barchasi oxir-oqibat uning salomatligida aks topadi.

Amaliyotda ko'p uchraydigan muammo shuki, odamlar ba'zan salomatlik haqida kasallik paydo bo'lgandan keyingina qayg'ura boshlashadi. Vaholanki, zamonaviy tibbiyotning asosiy yo'nalishi kasallikni faqat davolash emas, uning oldini olish va erta aniqlash. Bu esa aholi o'rtasida tibbiy madaniyatni shakllantirish masalasiga borib taqaladi. Nazarimda, tibbiy madaniyat targ'iboti borasida ko'p ish qilishimiz kerak.

Savolga qaytib, tibbiyotimiz holatiga baho beradigan bo'lsak, bugun O'zbekiston tibbiyotining salohiyati kechagi kun bilan solishtirganda mutlaqo boshqa darajaga ko'tarildi. Ilgari bemorlarimiz ayrim murakkab tashxis yoki operatsiyalar uchun xorijga borishga majbur bo'lgan, bugun uning katta qismi o'zimizda amalga oshirilmoqda. Yuqori texnologiyali jarrohlik, transplantologiya, kardiojarrohlik, endovaskulyar va endoskopik amaliyotlar, zamonaviy onkologiya kabi yo'nalishlarda salmoqli tajriba to'plandi. Tibbiy muassasalarni zamonaviy uskunalar bilan ta'minlash va raqamlashtirish ham izchil davom etmoqda.

Lekin zamonaviy tibbiyot mavqeini faqat yangi bino yoki qimmatbaho apparat bilan o'lchab bo'lmaydi. Tibbiyotning haqiqiy kuchi, avvalo, uning kadrlarida. Yuksak mahoratli shifokor, yaxshi klinik maktab, ilmiy tafakkur, to'g'ri qaror qabul qilish madaniyati va natija uchun javobgarlik bo'lmasa, eng zamonaviy texnologiya ham kutilgan samarani bermaydi.

– Malakali va ko'p yillik qo'li yengil jarroh sifatida ayting-chi, aholi o'rtasida turli sabablardan kelib chiqib jarroh tig'i ostiga yotish ko'paymoqdami yoki kamaymoqdami? Kasallik darajasi, ya'ni og'ir-engilligi dinamikasi o'zgarmoqdami?

– Bu masalaga faqat operatsiyalar soni nuqtai nazaridan qarash u qadar to'g'ri bo'lmaydi. Bugun jarrohlik amaliyotlari ayrim yo'nalishlarda ko'paygan, ayrim kasalliklarda esa, aksincha, zamonaviy davolash usullari tufayli operatsiyalarga ehtiyoj kamaygan.

Operatsiyalar sonining ko'payishi har doim ham aholi ko'proq kasallanmoqda, degani emas. Buning ijobiy sabablari ham bor. Diagnostika imkoniyatlari kengaydi, kasallikni erta aniqlash yaxshilandi, aholining tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyati oshdi.

Lekin masalaning xavotirli tomoni ham bor. Aholi orasida qandli diabet, ortiqcha vazn, yurak-qon tomir kasalliklari, ateroskleroz va boshqa surunkali kasalliklarning keng tarqalishi jarroh uchun murakkab bemorlar sonini oshiradi. Aholining umr ko'rish davomiyligi uzayishi bilan biz yoshi katta, bir vaqtning o'zida bir nechta hamroh kasalligi bo'lgan bemorlarni ham ko'proq operatsiya qilishimizga to'g'ri kelmoqda.

Kasalliklarning og'irlik darajasi haqida ham qiziq bir holatni ko'ryapmiz. Bir tomondan, zamonaviy diagnostika tufayli kasalliklarni erta bosqichda aniqlab, rejali va nisbatan yengil sharoitda operatsiya qilish imkoniyati ko'paymoqda. Ikkinchi tomondan esa, kech murojaat qilgan, bir nechta kasalligi bor, avval bir necha marta operatsiya o'tkazgan yoki asoratlangan holatda kelgan bemorlar haligacha uchrab turadi. Shuning uchun bugungi jarrohlikda operatsiyaning o'zi ba'zan texnik jihatdan yengillashgan bo'lsa-da, bemorning o'zi murakkablashib bormoqda, desak, xato bo'lmaydi.

Menimcha, zamonaviy tibbiyotning maqsadi operatsiyalar sonini ko'paytirish emas. Aksincha, zarurati bo'lmagan operatsiyani qilmaslik, zaruriyati tug'ilgan operatsiyani esa o'z vaqtida, eng xavfsiz va eng kam shikastlarsiz mavqeda bajarish – yaxshi jarrohlikning asosiy mezonidir.

– Xalqimizning asosiy qismi viloyatlarda, olis qishloq joylarida istiqomat qiladi. Eshitishimcha, Siz xizmat yuzasidan viloyatlarga ko'p borasiz. Demak, kuzatasiz. Muayyan xulosalaringiz bor, albatta.

– O'rni keldi, ayta qolay. O'zim Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida tug'ilganman. O'sha yerda o'qidim, voyaga yetdim. Olis viloyat yo tumandan so'z ochilsa, Sariosiyo, Uzun tomonlarga qanot qoqib uchgim keladi. Xizmat yuzasidan viloyatlarga bajonidil boraman. Tabiatan qishloq hayotini sevaman, demoqchiman.

So'nggi yillarda viloyatlarimizda jarrohlik sezilarli darajada yaxshilandi. Ilgari, asosan, poytaxtda amalga oshirilgan ko'plab yuqori texnologiyali muolajalar viloyat va tumanlarda allaqachon joriy etilgan. Yuzlab murakkab texnologiyalar viloyat darajasiga o'tkazildi va minimal invaziv jarrohlik amaliyotlari tuman darajasida ham amalga oshirila boshlandi. Aytmoqchimanki, O'zbekistonda viloyat jarrohligi tez sur'atlar bilan yangi bosqichga ko'tarilmoqda. Zarur uskunalar sezilarli darajada yangilanmoqda, zamonaviy texnologiyalar paydo bo'lmoqda. Ta'kidlash ham zarurki, viloyat va tuman darajasida murakkab operatsiyalarga qodir malakali jamoani shakllantirishga qaratilmog'i zarur maqsadlarimiz.

– Xalq va tibbiyot o'rtasidagi munosabat haqida o'ylaganda g'alati formula kelib chiqayotgandek: shifokor qanday bo'lsa, xalq shunday bo'ladi. Yoki teskarisi: xalq qanday bo'lsa, shifokori ham shunday. Basharti bu teoremani qabul qilsak, bizda bu borada ahvol bundayroq emasmi? Xalqaro tajribalarni, xususan, rivojlangan davlatlardagi rivojlangan tibbiyot maqomlariga chiqib borish biz uchun qanchalik real orzu?

– Shifokorlar va bemorlar bitta jamiyatda yashaydi, bir xil umumiy muhit, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa sharoitlarga ega. Bu esa yuqorida ko'rsatilgan fikrga olib keladi. Shu ma'noda, “Shifokor qanday bo'lsa, xalq shunday bo'ladi, yoki teskarisi – xalq qanday bo'lsa, shifokori ham shunday”. Lekin, aslida, shifokorlarning ichki dunyosi ko'pchilik tasavvur qilganidan ko'ra murakkabroq.

Tibbiyotimiz uchun rivojlangan davlatlar darajasiga erishish orzu emas, bu – haqiqat!

O'zbekistonda jarrohlik katta o'zgarishlarni boshdan kechirmoqda. So'nggi yillarda yuqori texnologiyali amaliyotlar, endovideoxirurgik aralashuvlari, transplantatsiya, yurak jarrohligi va boshqa murakkab sohalardagi imkoniyatlar sezilarli darajada kengaydi. Biroq jahondagi yetakchi tibbiyot tizimlari darajasiga erishish faqat individual zamonaviy operatsiyalar yoki qimmatbaho uskunalar masalasi emas. Bu birinchi navbatda yuqori sifatli kadrlar tayyorlash, ilmiy maktablarni rivojlantirish, yagona klinik standartlar, kuchli uzluksiz ta'lim tizimi, davolash natijalarini ob'yektiv monitoring qilish va xalqaro tibbiyot hamjamiyatiga chinakam integratsiyani o'z ichiga oladi. Bu maqsad biz uchun qanchalik real? Bunga faqat tizimli yondashuv orqali erishish mumkin. Biz nafaqat xalqaro tajribani o'zlashtirishimiz, balki yuqori texnologik amaliyotlarni o'z sharoitimizga moslashtirishimiz, o'z ilmiy tadqiqotlarimizni rivojlantirishimiz va yosh jarrohlar professional darajada o'sishi, tadqiqotlar bilan shug'ullanishi va zamonaviy texnologiyalarni o'zlashtirishi uchun muhit yaratmog'imiz kerak.

– Mustaqillik yillarida, ayniqsa, hozirgi paytda fuqarolarimiz orasida xorijiy klinikalarga borish, operatsiya qildirish ommalashib bormoqda. Avvalo, mutaxassis sifatida bunday holat yuzasidan qarashlaringiz qanday? Qolaversa, xorijda davolanish, ayniqsa, operatsiya stoliga yotish natijalari, ya'ni samara hisob-kitob qilinadimi? Statistik ma'lumot bormi?

– Bu masalaga ikki jihatdan qarasa bo'ladi. Birinchidan, odamlar o'z sog'lig'ini ko'proq qadrlay boshladilar va shuning uchun davolanish uchun chet el shifoxonalarini tanlamoqdalar. Ikkinchidan, mahalliy sog'liqni saqlashga ma'lum darajada ishonchsizlik mavjud, ammo ba'zi hollarda biz o'zimiz bemorlarga chet elda davolanishni tavsiya qilamiz. Mavjud rasmiy statistika bizning foydamizga emas. So'nggi to'rt-besh yil ichida chet elga davolanishga borayotgan bemorlar soni ortib bormoqda. Masalan, 2021 yilda 32 mingdan ortiq odam davolanish uchun chet elga borgan bo'lsa, 2025 yilda bu ko'rsatkich 65 mingdan oshdi. Biroq sog'liqni saqlash sohasidagi haqiqiy vaziyat ko'ringanidan yaxshiroq.

Yaqin vaqtgacha og'ir va murakkab jarrohlik amaliyotiga muhtoj bemorlarning katta qismi chet elda davolanishga borar edi. Bu nafaqat xorijiy klinikalarga bo'lgan ishonch, balki mahalliy jarrohlikning ob'yektiv cheklangan imkoniyatlari bilan ham bog'liq edi, yuqori texnologiyali uskunalarning yetishmasligi, minimal invaziv usullarning cheklanganligi, murakkab rekonstruktiv jarrohlik amaliyotlari, transplantatsiyalar, endovaskulyar aralashuvlar va zamonaviy operatsiyadan keyingi intensiv terapiyaning cheklanganligi. Bugungi kunda vaziyat tubdan o'zgardi.

O'zbekistonda jarrohlik so'nggi yillarda sezilarli yutuqlarga erishdi. Ilgari faqat yetakchi xalqaro klinikalar bilan bog'liq bo'lgan murakkab muolajalar hozirgi kunda mamlakatimizni ko'plab ixtisoslashgan markazlarida bajarilmoqda. Zamonaviy, yuqori darajadagi jarrohlik uchun zarur bo'lgan diagnostika, anesteziologik va reanimatsiya imkoniyatlari ham sezilarli darajada yaxshilandi. Muhimi, nafaqat texnik daraja, balki mutaxassislarning kasbiy tayyorgarligi ham yaxshilandi. O'zbekistonlik jarrohlar muntazam ravishda yetakchi xalqaro markazlarda amaliyot o'tashyapti, xalqaro kongresslarda qatnashyapti, zamonaviy texnologiyalarni o'zlashtirib, ularni mahalliy amaliyotga tatbiq etishyapti. Natijada ko'plab bemorlar endi mamlakat ichida zarur bo'lgan yuqori texnologik jarrohlik yordamini olish imkoniyatiga ega. Ilgari chet elga davolanishga borish ko'pincha murakkab davoning yagona varianti sifatida qabul qilingan bo'lsa, bugungi kunda bu ehtiyoj kamroq uchraydi.

Bundan tashqari, asta-sekin qarama-qarshi tendensiya paydo bo'lmoqda. O'zbekistonda davolanish uchun xorijdan bemorlar murojaat qilishyapti. Rasmiy statistikaga ko'ra, 2021 yilda taxminan 32 ming bemor chet eldan bizga murojaat qilgan bo'lsa, 2025 yilda bu ko'rsatkich 86 mingdan oshdi.

Biroq bu masala bizning mamlakatda allaqachon to'liq o'z yechimini topdi degani emas, albatta. Ba'zi o'ta murakkab texnologiyalar, noyob operatsiyalar va yuqori darajada ixtisoslashgan sohalar hali ancha rivojlantirishni talab qiladi.

– Ma'lumki, shifokorning millat, jamiyat, taraqqiyot taqdirida tutgan o'rnini ta'riflab tugatib bo'lmaydi. Shundan kelib chiqib, umuman, milliy meditsinaga, suhbatlashib o'tirganimiz uchun shaxsan Sizga katta da'volarimizni izhor etishga haqlimiz. Hatto aytgim keladi, o'zbek xalqi mutlaqo boshqacha maqomlarda yashamog'i kerak, buning mas'uliyati ko'proq shifokorlarimiz zimmasiga tushadi, desak, to'g'ri bo'ladimi? O'zbek tibbiyoti juda katta tajribaga ega, salohiyati ulkan. Ushbu tajriba, salohiyat amaliy hayotimizda o'z ifodasini topishini istaymiz. Ushbu istak ro'yobga chiqmoqda deb o'ylaysizmi?

– Shifokorlik sohasi jamiyat taqdiridagi eng ahamiyatli sohalardan biri, bu fikrga to'liq qo'shilaman. Millat salomatligi shunchaki tibbiy ko'rsatkich emas. Bu mamlakatning mehnatga layoqatlilik qobiliyati, xalqning umr ko'rish davomiyligi va sifati, oilalarning farovonligi va oxir-oqibat butun millatning salohiyatidir.

Biroq men nimaiki muammo bo'lsa, ularning hammasiga shifokorlar aybdor deb aytmagan bo'lardim. Tibbiyot – ulkan tizim. Hatto favqulodda iste'dodli shifokor ham profilaktika, erta tashxis qo'yish, tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyati, xodimlarni o'qitish yoki odamlarning o'z sog'lig'iga bo'lgan madaniy munosabati masalalarini bir o'zi hal qila olmaydi. Shu bilan birga, bizga, ya'ni shifokorlarga qo'yiladigan talablar haqiqatan ham yuqori bo'lmog'i kerak.

O'zbekiston haqiqatan ham katta va kuchli tibbiy salohiyatga ega. Bizda boy an'analar, kuchli mutaxassislar, ilmiy maktablar, keng klinik tajriba va zamonaviy texnologiyalarni tezda o'zlashtira oladigan yosh avlod shifokorlari bor. Menimcha, jarayon allaqachon boshlangan, ammo biz yakuniy maqsadga erishdik deb aytishga hali erta. Eng katta xato – erishgan natijalarga qarab, to'xtab qolish. Biz yuqori sifatli tibbiyot bir nechta yetakchi markazlarda emas, balki butun tizim uchun standart bo'lishini ta'minlashimiz kerak. Buning uchun kuchli tibbiy ta'lim, ilmiy taraqqiyot, shifokorlarni doimiy ravishda tayyorlash, davolash natijalarini ob'yektiv baholash, xalqaro hamkorlik va eng muhimi, iste'dodli shifokorlarga professional o'sishi va mamlakatimizda o'z g'oyalarini amalga oshirish imkonini beradigan sharoitlar yaratish talab etiladi.

– Mazmunli suhbatingiz uchun katta rahmat!

Dilmurod Qirg'izboyev 

suhbatlashdi.

 

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × 1 =