Hazrat Navoiyning yosh izdoshlari
Shu kunlarda ulug' mutafakkir hazrat Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi keng nishonlanmoqda. Bu buyuk zotning ijodiy merosida shaxs kamoloti masalasi, komil inson g'oyasi asosiy o'rinni egallaydi. Biz bugun respublikamizda olib borilayotgan yangi-yangi islohotlar negizida ham ana shu g'oyaning uzviy davomini ko'ramiz. Ayniqsa, iste'dodli, iqtidorli yoshlarga qaratilayotgan e'tibor fikrimizning isbotidir.
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida ham talaba-yoshlarni qo'llab-quvvatlash, zamonaviy talablar asosida bilim berish borasida qator ishlar qilinmoqda. Xususan, universitetning filologiya va san'at fakultetida bu borada tizimli ishlar tashkil qilingan. Ana shu ishlar natijasida talaba-yoshlar qator muvaffaqiyatlarga erishib kelishmoqda. Jumladan, 2021 — 2022 o'quv yilida 6 nafar talaba davlat stipendiyasi sovrindori bo'lishdi. 2022 — 2023 o'quv yilida esa 5 nafar talaba davlat stipendiyasi, 2 nafar talaba viloyat hokimi stipendiyasi, 1 nafar talaba rektor stipendiyasi, yana 1 nafar talaba Haydar Aliyev nomidagi bir martalik xalqaro stipendiya sovrindori bo'ldilar. 2024 — 2025 o'quv yilida 6 nafar talaba davlat stipendiyasi, 1 nafar talaba rektor stipendiyasi, yana 1 nafar talaba filolog olima Munavvara Solayeva nomidagi stipendiya sovrindoriga aylandi. Bu o'quv yilida esa filologiya va san'at fakulteti talabalari oldingi yillardagi natijani yanada yaxshilashdi. Bir yo'la yetti nafar talaba Alisher Navoiy nomidagi davlat stipendiyasiga sazovor bo'lishdi. Bu esa Navoiy tug'ilgan kuniga munosib sovg'a bo'ldi. Biz bu talabalarni hazrat Navoiyning yosh izdoshlari degimiz keldi. Quyida esa ularning faoliyati xususida muxtasar so'z yuritamiz:
Botirova Anaxon Dilmurod qizi “filologiya va tillarni o'qitish: o'zbek tili” ta'lim yo'nalishida tahsil oladi. U faqat a'lo baholarga o'qib kelmoqda. Anaxon “Pirimqul Qodirovning obraz yaratish mahorati” mavzusida ilmiy tadqiqot ishi olib bormoqda. Bugungi kunga qadar 30 ga yaqin ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar nashr ettirdi. Ilmiy maqolalari OAK tomonidan e'tirof etilgan respublika va xorijiy jurnallarda chop etib kelinmoqda. Anaxon badiiy ijod bilan ham shug'ullanadi. Uning ijod namunalari “Sohir so'zlarim” nomi ostida chop qilingan. U ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarda faol ishtirok etadi. Universitetimizda an'anaviy tarzda o'tkazilib kelinayotgan “She'riyat shohsupasi” ko'rik-tanlovining 2025 yilgi final bosqichida faol ishtirok etib, faxrli 1-o'rinni egalladi va rektorat tomonidan qimmatbaho sovg'alar bilan taqdirlandi. Shuningdek, ingliz va turk tillarini puxta biladi.
Rahimova Iroda Islombek qizi ham “filologiya va tillarni o'qitish: o'zbek tili” ta'lim yo'nalishida tahsil olib kelmoqda. U barcha fanlarni talab darajasida o'zlashtirib kelmoqda. “O'zbek mumtoz adabiyotida harfiy san'at turlari” mavzusida izlanishlar olib bormoqda. Shu kungacha 20 dan ortiq ilmiy maqolalar chop ettirgan. U universitetda, viloyat va respublika miqyosida o'tkaziladigan ko'plab tadbirlarda faol ishtirok etadi. Jumladan, 2025 yilda 11 oktyabr — Xalqaro qizlar kuni munosabati bilan “Sening tashabbusing — sening kelajaging uchun” shiori ostida o'tkazilgan forum doirasidagi “Eng yaxshi notiq talaba-qiz” nominatsiyasi bo'yicha tashkil qilingan tanlovda faol ishtirok etib, faxrli II o'rin sohibasi bo'ldi. Bundan tashqari, yoshlarning bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida har yili o'tkaziladigan “Ma'rifat maydoni” respublika ko'rik-tanlovida, oliy ta'lim muassasalari talaba-yoshlarining tarixiy tafakkurini oshirishga qaratilgan “Yurtim qadriyatlari” respublika ko'rik-tanlovida ham faol ishtirok etib kelmoqda. U “Yosh jadidlar” tadqiqot markazi tomonidan o'tkazilgan “Ilmiy tadqiqot va startaplar forumi”da o'z maqolasi bilan ishtirok etdi hamda maxsus statuetka va diplom bilan taqdirlandi. Iroda chet tillarni o'rganishga qiziqishi natijasida ingliz tilini bilish darajasi bo'yicha “C1” darajali milliy sertifikatni qo'lga kiritdi. Bunga qo'shimcha ravishda “Ibrat Academy” platformasining ingliz va turk tili fanidan maxsus “C1” darajali sertifikati sohibasi bo'ldi.
Baxtiyorova Gulshoda Jo'rabek qizi ham fakultetimizning iqtidorli yoshlaridan. U ham barcha fanlarni a'lo baholarga o'zlashtirib, o'zining ilmga bo'lgan qiziqishi hamda jamoat ishlarida faolligini namoyon qilib kelmoqda. U aql-zakovatni charxlaydigan tanlovlarga qiziqadi. “Zakovat” intellektual o'yinlarida universitet va fakultet jamoasi a'zosi sifatida iqtidorini namoyon qilib kelmoqda. Shuningdek, universitetimizda tashkil etilgan “Navoiyxon talaba” tanlovida doimiy ishtirok etib, sovrindorlar safidan joy olib kelmoqda. 20 dan ortiq ilmiy-ommabop maqolalari “Asqar Mahkam ijodi badiiyati” mavzusi doirasida yozilgan. Talabamizning chet tillarga, ayniqsa, turk, ingliz, nemis, italyan tillariga qiziqishi juda baland. U turk tilidan “C1” darajali xalqaro sertifikat sohibasidir.
Hayitboyeva Muxlisa Muxtor qizi “filologiya va tillarini o'qitish: o'zbek tili” ta'lim yo'nalishining iste'dodli, o'tkir zehnli, ilmga chanqoq talabalaridan biridir. U birinchi kursdan buyon Prezidentimizning yoshlar ma'naviyatini yuksaltirish va ularning bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgan 5 ta muhim tashabbusining “Yoshlar ma'naviyatini yuksaltirish, ular o'rtasida kitobxonlikni keng targ'ib qilish” tashabbusi doirasida tashkil etilgan “Kitobxon talaba” tanlovida faol ishtirok etib keladi. U tilshunoslikka qiziqadi. Tez aytish va topishmoqlarning lingvistik xususiyatlari to'g'risidagi maqolalari xalqaro jurnal va konferensiyalar materiallarida e'lon qilinmoqda. Fakultetimizda har yili o'tkaziladigan “Ilm nihollari” ilmiy-amaliy anjumanida doimiy ravishda faxrli o'rinlarni qo'lga kiritadi. U iqtidorli shaxmatchi hamdir.
To'rayeva Sadoqat Qahramon qizi kelajagi porloq yoshlardan. U ilmiy ishlarini muttasil davom ettirsa, juda yaxshi olima bo'lib yetishadi. Sadoqat taniqli shoir Xurshid Davron ijodining badiiy xususiyatlari borasida izlanishlar olib bormoqda. Ingliz va turk tillarini puxta biladi. Shuningdek, o'quv markazida ingliz tilidan yoshlarga saboq berib keladi. U universitetimizda tashkil etilgan insholar tanlovlarida bir necha bor g'olib bo'lgan.
Abdusharifova Sarvinoz Sobirjon qizi ham iste'dodli yoshlarimizdan. U a'lo baholarga o'qishi, ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarda, jamoat ishlarida faolligi, mehnatsevarligi, o'tkir zehni, zukkoligi va namunali xulqi bilan boshqalardan ajralib turadi. Sarvinoz Xorazm viloyati hokimining 2023 yil 13 fevraldagi qaroriga muvofiq 2023 — 2024 o'quv yilida viloyat hokimi stipendiyasi sohibasi ham bo'lgan. “Omon Matjon she'riyatining g'oyaviy-badiiy xususiyatlari” mavzusida ilmiy izlanishlar olib borib, yigirmadan ortiq maqolalar nashr ettirgan. Ingliz tilini puxta biladi va ilmiy ishi doirasida shu tilda maqolalar ham yozadi.
Bu talabalarimiz o'qish, izlanishdan sira to'xtamasliklari lozim. Millat, Vatan kelajagi uchun shunday ilmli yoshlar kerak. Niyatimiz — bilimli, aql-zakovatli yoshlar safi yana ham kengayaversin. Hazrat Navoiyga munosib izdoshlar yetishib chiqaversin.
Dilshod G'AYIPOV,
Urganch davlat universiteti
filologiya va san'at fakulteti dekani,
filologiya fanlari doktori, professor.
