Harbiylikka havas maqsadga aylanishi zarur
Mamlakatimiz mustaqilligini yanada mustahkamlash, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini, sarhadlarimiz daxlsizligini ishonchli himoya qilish maqsadida sohada keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Harbiy qismlarning eshiklari xalq uchun, bo'lajak Vatan posbonlari — yosh avlod uchun keng ochilgan. Istiqlol g'oyalariga sadoqatli, vatanparvar harbiy kadrlar safi muttasil ravishda kengayib borayotganligi quvonarlidir. Zero, xalqimiz harbiylarimiz timsolida Vatanni himoya qilishdek dunyodagi eng ulug' vazifani sharaf bilan ado etib, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Bobur Mirzo singari buyuk ajdodlarimizning shonli an'analarini munosib davom ettirib kelayotgan yurtimizning chinakam qalqonlarini ko'radi.
Yigitlarimiz uchun harbiy sohada xizmat qilish nafaqat burch, balki shon-sharaf ishiga aylandi. Yoshlar qalbida armiya bilan faxrlanish, Vatan himoyachisi bo'lishga intilishni kuchaytirmoqda.
Mustaqil mamlakatimizda Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo'mondoni, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida harbiy salohiyatga ega yuksak malakali kadrlar tayyorlash borasida ulkan natijalarga erishilmoqda. O'zbekiston Respublikasi harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti hamda mazkur universitet tarkibidagi harbiy oliy ta'lim muassasalari: Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti, Quruqlikdagi qo'shinlar instituti, Harbiy aviatsiya instituti, Harbiy tibbiyot instituti, Samarqanddagi Serjantlar tayyorlash oliy maktabi faoliyat ko'rsatib turibdi. “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi va boshqa ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari professional kadrlar tayyorlanadigan maskanlarga aylangan. Ularda ta'lim jarayoniga o'qitishning ilg'or raqamli texnologiyalari, jumladan, sun'iy intellektga asoslangan zamonaviy baholash tizimlari joriy etilgani harbiy kadrlar tayyorlash sifatini yangi bosqichga olib chiqdi.
E'tirof etish o'rinliki, yuqoridagi o'quv dargohlarini bitirayotgan o'g'lonlarning jangovar qobiliyatlari oshib, ona Vatanimizga sadoqatlari cheksiz darajada yuksalmoqda, bilimlari ortmoqda. Salohiyatli bu kadrlar davlatimizning chin ma'nodagi posbonlaridir.
Binobarin, globallashuv va keskin raqobat davri, dunyoning turli burchaklarida, jumladan, mintaqamizda yuz berayotgan qurolli mojaro va qarama-qarshiliklar, yangi tahdid va xatarlar bizdan doim ogoh va hushyor bo'lishni taqozo etadi. Ana shunday g'oyat mas'uliyatli vaziyatda mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini kafolatlash hamda himoya qilishda Qurolli Kuchlarimiz, xavfsizlik, huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning ahamiyati tobora ortib bormoqda. Yangi O'zbekistonimizda tinchlik va xavfsizlikni ta'minlash borasidagi ishlarni yanada samarali tashkil etish esa har qachongidan ham muhimdir.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo'mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida 13 yanvar kuni Xavfsizlik kengashining mamlakatimiz harbiy xavfsizligi va mudofaasini mustahkamlash masalalari bo'yicha kengaytirilgan yig'ilishini kuzatar ekanmiz, ana shunday fikrlar xayolimizdan o'tdi.
Kelgusi istiqbolga mo'ljallangan eng muhim vazifalar belgilab berilar ekan, harbiy kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirishga ustuvor e'tibor qaratildi. Keyingi 9 yil mobaynida mamlakatimizda bu borada keng ko'lamli yangilanishlar ro'y bergani kunday ravshan. Shunday bo'lsa-da, mamlakatimiz rahbari kadrlar tayyorlash tizimiga e'tiborni har qachongidan ham oshirish zarurligini qayd etdi. “Shuni unutmaslik kerakki, harbiy ta'lim va kadrlar tayyorlash tizimini modernizatsiya qilish armiyaning yangi qiyofasini shakllantirishning asosiy shartidir”, dedi Prezidentimiz. Bu talab biz kabi harbiy ta'lim o'qituvchilarining zimmasidagi mas'uliyatni har qachongidan ham oshiradi. Jamoamiz bilan birgalikda istiqboldagi vazifalarimizni belgilab oldik.
Harbiylikka ishtiyoq, aslida, bolalikdan tug'iladi. Buni inobatga olgan holda umumta'lim va o'rta maxsus maktablari bilan hamkorlikda ish yuritib, tahsil olayotgan yoshlar orasidan qalbi harbiy bo'lish ishqi bilan jo'sh urayotgan yigitlarimizni saralab olish, yuqorida nomlari sanalgan o'quv dargohlariga jalb etish ishlarini kuchaytirishimiz, sohada malakali mutaxassislar tayyorlashga e'tiborni yanada oshirishimiz zarurligini davr taqozo etmoqda.
Yig'ilishda askarlarga muddatli harbiy xizmatni o'tash davrida harbiy qismning o'zida oliy ta'lim maskaniga o'qishga kirish uchun imtihon topshirish imkoniyati yaratilishi qayd etildi. Endilikda test sinovlaridan muvaffaqiyatli o'tib, talabalikka qabul qilingan askarlar muddatli harbiy xizmat yakunlanishi bilan oliy o'quv yurtida o'qishini boshlaydigan bo'ldilar. Armiyadan qaytib, oliy o'quv yurtlarida tahsil olmoqchi bo'lgan yoshlarga xorijiy til va fan sertifikati olish xarajatlari qoplab berilishi ham bo'lajak harbiylar uchun katta imkoniyat. Agar ular oliy ta'lim muassasasiga kontraktga kirsa, foizsiz ta'lim krediti ajratilishi har taraflama manfaatlidir. Armiyadan qaytgan yoshlar bandligini ta'minlash bo'yicha ham alohida imtiyozlar berilishi ko'zda tutilgan. Tadbirkorlik bilan shug'ullanish istagidagi yoshlarning kredit xarajatining 6 foizi davlat tomonidan qoplanadi, davlat tashkilotlariga ishga kirmoqchi bo'lgan yoshlar uchun Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan o'tkaziladigan test ballariga 10 foizlik imtiyoz berish amaliyoti joriy qilinishi, xususiy sektorda faoliyat yuritmoqchi bo'lgan yoshlarga kasbni egallash va sertifikat olish xarajatlari to'lab berilishi otalarcha g'amxo'rlik namunasidir.
Bizga bo'lgan e'tibor, ko'rsatilayotgan g'amxo'rliklarga javoban hamkasblarimiz yosh avlodni harbiy vatanparvarlik ruhida kamol toptirishga, har taraflama barkamol mutaxassislarni tayyorlashga, ularda Vatanimiz sarhadlarini ko'z qorachig'idek asrash tuyg'ularini kuchaytirishga vijdonan yondashyapmiz.
“O'zbekiston Respublikasiga sadoqat bilan xizmat qilaman!” Bu — har bir askarning qasamyodi. Ularning ruhiyatida o'z ona xalqi, ota-onalari va yaqinlarini himoya qilishdek sharafli vazifani “yigitlik burchim” deya his etayotganliklarini ko'rishdan faxru iftixor tuyasan kishi. Zero, yurt osoyishtaligi farovonlik omilidir.
Alisher RAHIMOV,
Farg'ona davlat universiteti
harbiy ta'lim fakulteti
boshlig'i, dotsent,
falsafa fanlari doktori,
podpolkovnik.
Tohirjon TURG'UNBOYEV,
fakultet dotsenti,
iste'fodagi podpolkovnik.
