Xalq dardini kulgi bilan aytgan adib
yoki Sharof Boshbekovning “Temir xotin” asari jamiyatni o'ylashga, odamlarni esa o'zligini anglashga undaydi
Shunday asarlar borki, ularning tub mohiyati insonlar hayotiga ta'sir kuchini o'tkazmasdan qolmaydi. Ayniqsa, jamiyatdagi nuqsonlar hajv ostiga olingan sahna asarlari o'tkir syujet va chuqur ma'nolari bilan doimo diqqat markazida bo'lib keladi. Shunday asarlardan biri taniqli dramaturg Sharof Boshbekovning “Temir xotin” asaridir.
Ushbu asar sahnada kulgi, yurakda esa og'riq uyg'otadi. U oddiy insonning ichki kechinmalarini, hayotdagi adolatsizliklarni, erkak va ayol o'rtasidagi nozik munosabatlarni, mehnat va hayot haqiqatlarini samimiy, lekin o'tkir ohangda tasvirlaydi. Asarda kulgi dardni yashira olgan. Qo'chqor aka ichkilikka berilgan, oilasidan uzoqlashgan inson sifatida ko'rinadi. Uning hayoti befoyda o'tayotgandek tuyuladi, ammo ichida yashirin iztirob, hayotdan norozilik, o'zini topishga bo'lgan ichki kurash mavjud.
Xotini Qumri va farzandlari undan charchab, uyni tark etganda, Qo'chqor o'zini butunlay yolg'iz his qiladi. Bu holat, aslida, jamiyatda erkak obraziga yuklangan bosimni ham eslatadi: “har doim kuchli bo'lishi kerak”, “his-tuyg'usini bildirmasligi lozim”, “oila tebratishi shart” va hokazo. Biroq hayotda bu andozalar hamisha to'g'ri ishlamaydi, erkak ko'pincha ichidan sinadi, lekin buni yashiradi. Asarda Qo'chqor aka obrazi xuddi shu tarzda ochib berilgan. Olimtoy esa ilm-fan va texnologiya timsoli sifatida paydo bo'ladi. U yaratgan robot Alomatxon Qo'chqor aka hayotiga kiritilgan g'ayritabiiy, ammo ramziy qahramon. U “xotinlik” vazifalarini mukammal bajaradi. Pishiradi, supuradi, mollarga qaraydi, dalaga chiqadi, hatto erining ruhiyatini ham tushunishga harakat qiladi. Bu kulgili, ammo chuqur mazmunga ega jarayon, chunki Alomatxon ayolga yuklatilgan “ideal” tasvirni, ya'ni jamiyat kutadigan mukammal, tinch, itoatkor, shikoyatsiz ayol timsolining xayoliy ifodasi. Ammo shu “ideal”lik, aslida, insoniy hislardan xoli, sovuq mexanizmdir. Bu orqali yozuvchi ayollarning mehnati, ularning sabri va qadriyatini chuqur tan oladi. Inson nuqsonlardan xoli bo'lmasligini, qanchalik mukammallikka intilgan sari u shunchaki robotdan farqi qolmasligini isbotlaydi. Qumri obrazi bu — asarning yuragi. U oilaning ustuni, sabrning o'lchovi. U ko'pgina qishloq ayollari singari jim yuradi, ammo ichida og'riq, sabr, dardni ko'tarib yuradi. Uning har bir sukuti, har bir qarashida “etar, endi o'zgaring” degan bir ilinj bor. U o'z oilasini saqlab qolmoqchi, ammo shu bilan birga o'zini ham yo'qotmay yashashni istaydi. Bu holat bugungi zamon ayollariga ham juda o'xshash: ular ishda, o'qishda, hayotda o'z o'rnini topishga intilmoqda, lekin hanuz “uy ayoli”, “sabrlilik” kabi qadimiy tamg'alar bilan yashashga majbur. Demak, yozuvchi Sharof Boshbekov o'z asari orqali faqat bir oilaning muammosini emas, balki jamiyatdagi ayolning holatini, uning tinch, lekin chuqur dardini sahnaga olib chiqqan.
Qo'chqor va Alomatxon o'rtasidagi sahnalar kulgili tuyuladi, lekin ularning har biri, aslida, insoniy iztirobdan tug'ilgan. Qo'chqor akaning robotga nikoh taklif qilishi absurd, ammo ayni paytda fojiali sahna. Chunki bu taklif insonning tan olinmaslik, mehr topmaslik, yolg'izlik azobini ifoda etadi. Robot esa sun'iy mavjudot bo'lsa-da, ba'zan tirik insonlardan ko'ra ko'proq hamdardlik bildiradi. “Yig'laysiz… Chunki juda ezilgansiz… Yuragingizga qil ham sig'maydi…” degan so'zlar orqali yozuvchi insoniylikni mashinadan eshittiradi: bir temir tushungan narsani butun boshli ong va his-tuyg'uga ega insonlar anglay olmayapti.
“Temir xotin” komediyasida kulgi bilan bir qatorda hayotiy haqiqat yashiringan deb ayta olamiz. Masalan, “Paxtakorman deb ko'kragingizga mushtlaysiz-u, ko'rpangizga paxta topolmaysiz!” degan gap kulgili bo'lsa ham, xalqning hayotiy iztirobini ochib beradi. Bunday satrlar orqali muallif insonning ijtimoiy, iqtisodiy va axloqiy ahvolini keskin aks ettiradi. Bugungi kunda ham bu satrlar o'z kuchini yo'qotmagan: qanchadan-qancha insonlar mehnat qiladi, ammo mehnatining huzurini ko'rmaydi. Agar asarni hatto hozirgi davr bilan bog'lasak, unda juda ko'p o'xshashliklar topamiz. Bugungi kunda sun'iy intellekt, texnologiya, avtomatlashtirish hayotimizni o'zgartirmoqda. Ish joylarida, uyda, hatto insonlar o'rtasidagi munosabatlarda ham “mexanik”lik kuchaymoqda.
Asardagi robot Alomatxon, aslida, bugungi zamonning ramzidek: u hayotni osonlashtiradi, lekin hissiyotlarni yo'qotadi. Inson esa texnologiya qulayligida yashab, ko'pincha o'zini unutadi. Bu jihatdan yozuvchi asari orqali o'z zamonidan o'zib ketgan, bugungi insoniyatni oldindan ko'ra olgan deyish mumkin. Bundan tashqari, asar bugungi gender tenglik masalalari bilan ham hamohang deb ayta olamiz. Qo'chqor aka ayolining qadrini uni yo'qotgach anglaydi.
Bu, aslida, hozirgi jamiyatdagi o'xshash holat: ko'plab erkaklar ayollar qilayotgan “oddiy” ishlarning naqadar og'ir va muhimligini kech tushunishadi. Ayollar esa sabr bilan, ammo o'z qadri uchun kurashmoqda. Shuning uchun “Temir xotin” bu faqat kulgili komediya emas, bu insoniy qadriyatlar, mehr va o'zaro hurmat haqida bitilgan asar. Sharof Boshbekovning “Temir xotin” asari kulgini fojia bilan uyg'unlashtirgan, jamiyatni o'ylashga, o'zini anglashga chorlaydigan san'at namunasi. U bizga bir haqiqatni eslatadi: inson na temir, na mexanik. U yurak, tuyg'u, mehr bilan yashaydi…
Zarshed HALIMOV,
O'zbekiston Jurnalistika va
ommaviy kommunikatsiyalar
universitetining
4-bosqich talabasi.
