Hammasi kelajak avlod uchun

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 2 oktyabr kuni Qoraqalpog'istonga tashrifi mobaynida Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesining navbatdan tashqari sakkizinchi sessiyasida berilgan topshiriqlar va kengaytirilgan tartibda o'tkazilgan 73-majlis bayonnomasining ijrosini ta'minlash maqsadida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 5 apreldagi 186-sonli qarori asosida Qoraqalpog'istonda O'zbekiston davlat konservatoriyasining Nukus filiali tashkil etilgan.

Bugungi kunga qadar filialda ma'naviy-ma'rifiy va ilmiy sohada bir qancha yutuqlarga erishildi. Jumladan, ilmiy soha bo'yicha “Musiqa san'atida ijrochilik mahoratini takomillashtirishning dolzarb muammolari: an'anaviylik va zamonaviylik”, “Qoraqalpoq xalq musiqa san'atini rivojlantirishda dirijyor-kompozitor Abdireyim Sultanov ijodining o'rni va ahamiyati”, “Ta'lim tizimida musiqiy-nazariy fanlarning tutgan o'rni va ahamiyati”, Kompozitor Marqabay Jiemuratov tavalludining 80 yilligiga bag'ishlangan “Zamonaviy musiqa san'atining dolzarb masalalari” mavzularida ilmiy-amaliy va xalqaro konferensiyalar tashkillashtirildi.

Bundan tashqari, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2017 yil 20 aprel kuni qabul qilingan “Oliy ta'lim muassasalarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida har bir oliy ta'lim muassasasi jahonning yetakchi ilmiy-ta'lim muassasalari bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o'rnatish, mahorat darslarini o'tkazish, yosh o'qituvchi va ilmiy xodimlarning malakasini oshirishni tashkil etish vazifalari belgilangan edi. Mazkur qaror ijrosini ta'minlash maqsadida bir nechta xorijiy davlatlarning oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlik shartnomalarini imzolashga erishdik. Xususan, hozirgi kunda Qozog'iston Respublikasining Qurmang'azi nomidagi Qozoq milliy konservatoriyasi, T.Sattarov nomidagi Tojikiston milliy konservatoriyasi va Mirzo Tursunzoda nomidagi Tojikiston davlat san'at va madaniyat instituti, Italiyaning ­L’Akuila shahridagi “Alfredo Kazella” konservatoriyasi, Xitoy Xalq Respublikasining Uxan musiqiy konservatoriyasi bilan hamkorlik aloqalari olib borilmoqda.

2025 yilning 15 fevral kuni Italiyaning L’Akuila shahridagi “Alfredo Kazella” konservatoriyasi bilan xalqaro grant asosida hamkorlik memorandumi imzolangan edi. Ushbu hamkorlik kelishuvi asosida 2025 yilning 12-18 may kunlari Italiya davlatining L’Akuila shahridagi “Alfredo Kazella” konservatoriyasida “ItARTs” loyihasi doirasida “O'zbek va qoraqalpoq operalarining paydo bo'lishi” mavzusida seminar tashkillashtirildi.

2025 yil 25-27 mart kunlari Qozon shahrida Jiganov nomidagi Qozon davlat konservatoriyasining 80 yilligi va Qozon konservatoriyasi Xalq cholg'ulari orkestri tashkil etilganining 60 yilligiga bag'ishlangan Xalq cholg'ulari orkestrlari va ansambllarining xalqaro tanlovi bo'lib o'tgan edi. Unda O'zbekiston davlat konservatoriyasi Nukus filialining “Cholg'u ijrochiligi” kafedrasi professori, “Shuhrat” medali sohibi, “Ardoqli nuroniy” ko'krak nishoni sohibi, Qoraqalpog'iston Respublikasida xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi, kompozitor Hikmat Rajabov rahbarligida tashkil etilgan “Jayhun” xalq cholg'ulari orkestri 1-o'rin va “Aydin” ansambli 2-o'rinni olishga muvaffaq bo'ldi.

Shu yil aprel oyida ta'lim maskanimizga mashhur fransuz dirijyori Natali Maren mahorat darslarini o'tish maqsadida tashrif buyurdi. Fransiyalik dirijyor filialning “Xalq cholg'ulari” orkestri va iqtidorli talaba-yoshlar tomonidan jonli tarzda ijro etilgan kuy-qo'shiqlar bilan ko'tarinki kayfiyatda kutib olindi. Shuningdek, Natali Maren tomonidan 2025 yil 15 aprel kuni Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida, O'zbekiston davlat konservatoriyasi Nukus filialining simfonik orkestri bilan hamkorlikda konsert dasturi tashkil etildi.

2025 yil 10 may kuni Xitoy Xalq Respublikasidagi Uxan musiqiy konservatoriyasi bilan tuzilgan o'zaro hamkorlik shartnomasi asosida 2025 yilning 15-16 sentyabr kunlari filial direktori — kamina, “Umumkasbiy va ijtimoiy-gumanitar fanlar” kafedrasi dotsenti v.v.b. J.Charshemov va talaba-yoshlar birgalikda Xitoy Xalq Respublikasiga borib, master klass va konsert dasturlari tashkil etdik. Hozirda filialning 4 nafar iqtidorli talabasi Uxan musiqiy konservatoriyasida akademik mobillik asosida o'qishni davom ettirmoqda.

Joriy yilning 30 sentyabr va 1 oktyabr kunlari esa bizning maskan va Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida italiyalik san'at va madaniyat sohasi xodimlari bilan hamkorlikda “ItARTs” loyihasi doirasida festival tashkil etildi. Festival Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida ko'tarinki ruhda bo'lib o'tdi. Konsertning I qismida respublika va xalqaro tanlovlar laureati — “Jayhun” xalq cholg'ulari orkestri tomonidan badiiy rahbar, “Shuhrat” medali sohibi, Qoraqalpog'istonda xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi, professor Hikmat Rajabov dirijyorligida Joakkino Rossinining “Seviliyalik sartarosh” operasidan parcha, Eduardo di Kapua, Jovanni Kapurroning “O Sole mio”, Italiya kompozitorlarining asarlaridan popurri, Luiji Densaning “Funikuli-funikula”, Ernesto de Kurtisning “Torna a Surriento”, Joakkino Rossinining “Kavatina figar”, Jozepp Verdining “Traviata” operasidan “Zastolnaya pesnya” kabi Italiya musiqa san'atining mashhur asarlari alohida mahorat bilan ijro etildi.

Ikkinchi bo'limda italiyalik talabalar tomonidan Klaudio Monteverdi, Franchesko Kavalli, Domeniko Skarlatti, Domeniko Chimaroza, Rossini Joakkino, Jozepp Verdi, Jakomo Puchchini operalaridan parchalar ijro etildi. Festivalning ikkinchi kunida italiyalik tajribali ustozlar tomonidan o'tkazilgan mahorat darslari talaba-yoshlar uchun unutilmas tajriba maktabi vazifasini bajardi, desak, mubolag'a bo'lmaydi. Chunki ular o'zlarining nazariy va amaliy bilimlarini yanada mustahkamladi. Eng asosiysi, mamlakatlar o'rtasidagi madaniy aloqalar yanada mustahkamlanib, musiqa san'ati rivojiga o'zining katta hissasini qo'shdi.

Filial talabalarining musiqa va san'atga bo'lgan qiziqishlarini oshirish va musiqiy bilimlarini yanada boyitish maqsadida O'zbekiston davlat konservatoriyasining mahoratli va tajribali professor-o'qituvchilari va xorijiy davlatlarning oliy ta'lim muassasalari professor-o'qituvchilari ishtirokida “Mahorat darslari” tashkillashtirildi. Xususan, Antaliya davlat Simfonik orkestri sozandasi, Akdeniz universiteti dotsenti Leyla Bayramog'ullari, Toshkent Gyote instituti bilan hamkorlikda fortepyanochi M.Zekkini va royal ustasi T.Bross, fransiyalik kompozitor va pianinochi Juanna Goodale bilan O'zbekiston davlat konservatoriyasi Nukus filiali professori Hikmat Rajabov boshchiligidagi “Xalq cholg'ulari” orkestri va O'zbekiston davlat konservatoriyasi Nukus filiali dotsenti Polat Tnibayev boshchiligidagi simfonik orkestrlari bilan Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida konsert dasturlari bo'lib o'tdi.

Shuningdek, filial miqyosida, respublika miqyosida tashkillashtirilgan katta tadbirlarda filialimizning “Xalq cholg'ulari” orkestri va “Simfonik” orkestrlari faol qatnashib kelmoqda. Jumladan, “Madaniyat va san'at fidokori” ko'krak nishoni sohibi, dotsent Polatbay Tnibayev rahbarligidagi “Simfonik orkestr” tomonidan 2024 yil 22 fevral kuni P.Chaykovskiyning “Simfoniya №1” nomli, 11 dekabr kuni Lyudvig Van Betxoven kuy bastalagan “Simfoniya №5” nomli konsert dasturi, 2025 yil 22 may kuni Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida filial talaba-yoshlari ishtirokida Sergey Rahmaninovning “Aleko” operasi (Aleksandr Sergeevich Pushkinning “Lo'lilar” poemasi asosida, Vladimir Nemirovich-Danchenko librettosi) sahnalashtirildi. 2024 yil 26 aprel kuni O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti Nukus filialida xormeyster M.Kulchigayeva va dirijyor M.Zuxurovlar rahbarligida Antonio Vivaldi kontata “Gloria” nomli talaba-yoshlar xori ijrosida jonli konsert dasturi bo'lib o'tdi.

Faxr bilan aytish mumkinki, filial tashkil etilgan yili 47 nafar talaba o'qishga qabul qilingan bo'lsa, hozirda talabalarimiz soni 241 nafarni tashkil etadi. 2025 yili ilk bitiruvchilarimiz o'qishni muvaffaqiyatli yakunlab, 10 nafar talaba magistraturaga qabul qilindi.

Quvonchlisi, O'zbekiston davlat konservatoriyasi Nukus filiali joriy o'quv yilini yangi binoda boshladi. 30 sentyabr kuni filial yangi binosining ochilish marosimi tantanali ravishda bo'lib o'tdi. Filialning yangi binosi 300 o'ringa mo'ljallangan bo'lib, talabalarning bilim olishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Rudakiy ALLANBAYEV,

O'zbekiston davlat konservatoriyasi

Nukus filiali direktori,

professor.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen − 16 =