Yangi imkoniyatlar sari dadil qadam

Farg'ona davlat texnika universiteti talabalari Janubiy Koreyada bo'lib qaytdi

2025 yil mening hayotimda unutilmas iz qoldirdi. Chunki men ilk bor Janubiy Koreyaga borish baxtiga muyassar bo'ldim. Bu safar mening hayotimda yangi burilish nuqtasi bo'ldi. Farg'ona davlat texnika universiteti talabasi sifatida 40 nafar iqtidorli tengdoshlarim bilan Janubiy Koreyaga bordik. Bizning safarimiz nafaqat ilmiy-amaliy maqsadlarni, balki hayotiy saboqlarni ham o'zida mujassam etdi. Ulsan universitetidagi yozgi maktab biz uchun bilim, madaniyat va yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.

Men o'sha kunlarda bir narsani chuqur his qildim: orzu qilgan odam uchun dunyoda hech narsa imkonsiz emas ekan. Koreyada o'tkazgan besh kun hayotimdagi eng yorqin sahifaga aylandi. Chunki yangi bilimlar, yangi do'stlar va eng muhimi, o'zimga bo'lgan ishonchim kuchaydi. Bu safardan faqat men emas, barcha tengdoshlarim ham quvonchli xotiralar bilan qaytishdi. Hammamizning ko'zimizda bir xil chaqnash — kelajakka ishonch, Vatanimiz uchun xizmat qilishga bo'lgan ishtiyoq ortdi.

Shu yil mart oylarida Janubiy Koreyaning Ulsan metropoliten shahri meri Kim Du Gyom boshchiligidagi delegatsiya Farg'onaga, jumladan, Farg'ona davlat texnika universitetiga tashrif buyurgan edi. Ana shu tashrif natijasida universitetimizning iqtidorli talabalaridan tashkil topgan jamoa Ulsan universiteti tomonidan ajratilgan grant asosida yozgi maktabda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo'ldi. Men ham ana shu omadli talabalar safida edim.

Safarimiz avvalida bizni shaxsan Ulsan metropoliten meri Kim Du Gyom kutib oldi va samimiy suhbat qurdi. Yozgi maktab davomida esa dunyo miqyosida mashhur “Hyundai”, “ESCA” va boshqa yirik kompaniyalar, shuningdek, Ulsan universitetining zamonaviy laboratoriyalari, innovatsion texnologiyalari va ta'lim jarayonlari bilan yaqindan tanishdik.

Bu safar qalbimda unutilmas xotiralar va yangi maqsadlar sari intilish hissini yanada oshirdi. Endi men bilimimni yanada oshirish, xorijiy tillarni mukammal o'rganish va xalqaro loyihalarda faol ishtirok etishni hayotiy vazifam deb hisoblayman.

Bu kabi dasturlar nafaqat O'zbekiston va Koreya aloqalarini mustahkamlash, balki biz kabi yoshlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Shu bois tengdoshlarimga ham startap-loyihalarda, xalqaro dasturlarda faol ishtirok etishni tavsiya qilaman. “Imkoniyat berilganda, uni cheksiz kuch va fidoyilik bilan oqlash kerak!” Ha, o'zim kabi tengdoshlarimga shuni aytmoqchimanki, orzu qilishdan to'xtamang! Chunki orzu qilgan insonning yo'li doim ochiq bo'ladi.

Mohinur RO'ZIYEVA,

Farg'ona davlat texnika universiteti

3-bosqich talabasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

six − four =