O'zbek futboli: Yangi umidlarni uyg'otdi

Ba'zan bitta g'alaba millionlab insonlarni birlashtira oladi. Ko'chalarda bayroqlar hilpiraydi, mashinalar signal chaladi, odamlar bir-birini xuddi bayramdek tabriklaydi. O'zbekiston milliy terma jamoasining “FIFA 2026” Jahon chempionatiga yo'llanma olgan kuni ham aynan shunday unutilmas kunlardan biri bo'ldi. Menimcha, bu oddiy sport g'alabasi emas, balki butun xalqning yillar davomida kutgan orzusi edi.

O'zbekiston futboli haqida gap ketganda, ko'pchilikning yodiga “yana ozgina yetmadi” degan alamli fikrlar kelardi. Har safar saralash o'yinlari boshlanganda muxlislarda umid paydo bo'lar, ammo nimadir yetishmay qolardi. Bu safar esa hammasi boshqacha bo'ldi. Terma jamoamiz maydonda nafaqat futbol o'ynadi, balki xarakter, ishonch va haqiqiy jamoaviy ruhni ko'rsata oldi.

Men o'sha kuni ijtimoiy tarmoqlardagi videolavhalarni ko'rib, odamlarning quvonchini his qildim. Kimdir yig'ladi, kimdir bayroq ko'tarib ko'chaga chiqdi, yana kimdir shunchaki “nihoyat!” dedi quvonchdan qalbi hapqirib. Chunki bu natija osonlikcha kelmadi. Bu yillar davomida qilingan mehnat, sabr va ishonchning samarasi edi.

Bugungi terma jamoamiz avvalgilardan ancha farq qiladi deb o'ylayman. Hozir mamlakatimiz futbol jamoasi tarkibida Yevropa futbolida o'zini ko'rsatayotgan o'yinchilarimiz bor. Eldor Shomurodovning tajribasi, Abduqodir Husanovning ishonchli himoyasi, Abbosbek Fayzullayevning texnikasi ko'plab yoshlarga, barcha muxlislarga umid, ishonch uyg'otmoqda. Eng muhimi, futbolchilarimiz kuchli raqiblardan qo'rqmay o'ynashni o'rgandi.

Hozir ko'plab bolalar “men ham bir kun terma jamoada o'ynayman” deb mashg'ulotlarga qatnayapti. Balki, kelajakda yangi yulduzlar aynan shu tarixiy g'alabadan ilhom olar.

Terma jamoamizning AQShga jo'nab ketayotganini ko'rib, ichimda boshqacha faxr paydo bo'ldi. Chunki bu safar biz mundialni oddiy muxlis sifatida emas, ishtirokchi davlat sifatida kuzatamiz. O'zbekiston bayrog'i jahon arenasida hilpiraydi, madhiyamiz yangraydi. Bu esa har bir o'zbek uchun katta g'urur.

Albatta, oldinda yana katta sinovlar turibdi. Mundialda dunyoning eng kuchli terma jamoalari qatnashadi. Balki ayrim o'yinlarda qiynalarmiz, lekin eng muhimi — biz u yerga yetib bordik. Endi O'zbekiston nomi Jahon chempionati tarixida ham yoziladi.

O'zbekiston milliy terma jamoasining “FIFA 2026” Jahon chempionatiga chiqishi tarixiy natija bo'ldi. Bu g'alaba ortida Prezidentimizning sport sohasiga, xususan, futbolga ko'rsatayotgan e'tibori, g'amxo'rligi bosh omil bo'ldi. Bu natija ortida xalqimizning ishonchi ham  turibdi. Eng muhimi esa O'zbekiston futbolchilari bugun millionlab yoshlarning, yurtdoshlarimizning  qalbida yangi umidlarni uyg'otdi.

Albatta, sportchilarimizga omad kulib boqadi. Ular yorqin g'alabalarni qo'lga kiritadilar. Yangi O'zbekiston nomini butun dunyoga futbolimiz orqali ham namoyon eta oladilar!

Javohir JO'RABOYEV,

O'zbekiston jurnalistika va ommaviy

kommunikatsiyalar universiteti talabasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × five =