Ommaviy sport sog'lom hayotga chorlaydi
Ba'zan shaharning kayfiyatini uning ko'chalaridan anglash mumkin. Nazarimda, shu yilning 6 sentyabr kuni Toshkent ko'chalari odatdagidan boshqacha edi. Bu tongda poytaxtni avtomobillar shovqini emas, balki minglab insonlarning qadam tovushlari egalladi. Kimdir marra sari dadil intildi, kimdir ilk bor besh kilometrni bosib o'tdi, yana kimdir uchun esa bu yugurish sog'lom hayot sari tashlangan navbatdagi qadam bo'ldi. Bir qarashda turli maqsadlar, turli yosh va turli imkoniyatlar. Ammo ularning barchasini birlashtirgan bitta jihat bor edi: harakat.
O'zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligiga bag'ishlangan “Tashkent International Half Marathon – 2026” ana shunday kayfiyatda o'tdi. Professional sportchilar bilan bir qatorda havaskorlar, yoshlar, xorijiy mehmonlar hamda inklyuziv start ishtirokchilarini jamlagan tadbir ko'lami bilan ham, mazmuni bilan ham e'tiborga molik bo'ldi. Besh yo'nalishdagi startlarda qariyb 24,5 ming kishi qatnashgani yugurish tobora kengroq auditoriyaning qiziqishiga aylanayotganini ko'rsatdi. Ishtirokchilar 5 kilometr masofadagi ommaviy yugurish va 21,097 kilometr uzunlikdagi yarim marafonda o'z imkoniyatlarini sinovdan o'tkazdi. Aslida, bu ikki masofa o'rtasidagi farq faqat kilometrlar bilan o'lchanmaydi. Besh kilometr kim uchundir sportdagi ilk jiddiy sinov bo'lsa, 21 kilometr uzoq muddatli tayyorgarlik, iroda va chidamlilikni talab qiladi. Shu bois Toshkentdagi yarim marafon professional sport bilan ommaviy sport o'rtasidagi masofani qisqartirgan tadbirlardan biriga aylandi.
Marafonning xalqaro miqyosi ham alohida e'tiborga molik. Musobaqada 50 ta mamlakatdan 2 mingdan ziyod xorijiy ishtirokchi qatnashdi. Ular orasida diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari ham bor edi. Qariyb 600 nafar ishtirokchining maxsus inklyuziv startlarda qatnashgani esa sport maydoni tobora kengroq odamlar qatlami uchun ochilayotganidan dalolat beradi. Biroq bu tadbirni faqat yugurish musobaqasi sifatida baholash uning mohiyatini toraytirgan bo'lardi. Chunki bugun ommaviy sport tushunchasi professional stadionlar va yuqori natijalar bilangina cheklanib qolmayapti. Sport asta-sekin odamlarning kundalik turmushiga kirib, sog'lom hayot tarzining bir qismiga aylanmoqda. Yugurish esa buning eng sodda va ommabop ko'rinishlaridan biridir. Buning uchun katta mablag', murakkab jihoz yoki maxsus maydon shart emas. Inson o'z mahallasida, bog'da yoki shahar ko'chasida mashg'ulotni boshlashi mumkin: bugun bir necha yuz metr, ertaga bir kilometr, vaqt o'tib esa besh kilometr. Muhimi, natijadan oldin odat shakllanadi: harakat qilish odati.
Shu jihatdan 5 kilometrlik ommaviy yugurishning yirik xalqaro marafon dasturidan joy olishi bejiz emas. Chunki 21 kilometr hamma uchun birdek oson maqsad sanalmaydi. Besh kilometr esa sportga endigina qadam qo'yayotgan inson uchun ham erishish mumkin bo'lgan marradir. Natijada katta sport tadbiri shunchaki tomosha maydoni bo'lib qolmay, har kim o'z imkoniyati darajasida ishtirok eta oladigan ochiq maydonga aylanadi. Toshkentdagi yarim marafonda ishtirokchilarning qariyb 53 foizini ayollar tashkil etgani ham e'tiborga molik ko'rsatkich bo'ldi. Bu raqam sportga qiziquvchilar auditoriyasi kengayayotganini, jismoniy faollik esa jamiyatning turli qatlamlari uchun tobora umumiy qadriyatga aylanayotganini ko'rsatadi. Marafonning xalqaro ishtirokchilari esa tadbirning yana bir qirrasini namoyon etdi. Bugun yirik sport musobaqasi faqat medal va rekordlar uchun o'tkaziladigan tadbir emas. U mamlakatning shaharsozlik, infratuzilma, sayyohlik va madaniy salohiyatini namoyish etish imkonini beradigan maydonga ham aylanmoqda. Toshkent ko'chalarida yugurgan xorijiy ishtirokchilar uchun bu nafaqat musobaqa, balki poytaxtning zamonaviy qiyofasi bilan tanishish imkoniyati ham bo'ldi.
Sportning raqamli maydondagi ko'lami uning bugungi qiyofasini yanada to'ldirmoqda. Musobaqada natijalarni elektron qayd etish, yugurish jarayonini onlayn kuzatish imkoniyatlari yaratildi. Tadbirning ijtimoiy tarmoqlardagi qamrovi 13 milliondan oshgani marafon auditoriyasi Toshkent ko'chalari bilan cheklanmaganini anglatadi. Endilikda sportchi marra chizig'ini kesib o'tishi bilan uning natijasi nafaqat stadiondagi, balki raqamli makondagi minglab tomoshabinlarga ham yetib boradi.
Musobaqa yakunida g'oliblar aniqlandi. 21,1 kilometr masofadagi erkaklar va ayollar bahslarida birinchi o'rin uchun 15 million so'm, ikkinchi o'rin uchun 12 million so'm, uchinchi o'rin uchun esa 10 million so'mdan pul mukofoti topshirildi. 5 kilometrlik yo'nalishda ham kuchli uchlik vakillari munosib rag'batlantirildi.
Ammo marafonning eng katta yutug'ini faqat sovrinlar yoki marra chizig'ini birinchi bo'lib kesib o'tganlar bilan o'lchab bo'lmaydi. Chunki bunday tadbirlarning haqiqiy samarasi boshqa jihatda — minglab insonlarning bir vaqtning o'zida sportni tanlaganida namoyon bo'ladi. Kimdir bu kuni o'zining ilk besh kilometrini yugurdi, kimdir uzoq tayyorgarlikdan so'ng yarim marafonni yakunladi, yana kimdir professional natija uchun emas, shunchaki o'z kuchini sinab ko'rish maqsadida start chizig'iga keldi. Ularning har biri uchun marra turlicha edi, ammo yo'nalish bitta: oldinga! Ehtimol, ommaviy sportning eng katta kuchi ham aynan shundadir. Qolaversa, bir insonning yugurishi — shaxsiy tanlov, minglab insonlarning bir vaqtda yugurishi esa jamiyatdagi o'zgarishlar ifodasidir. Toshkentdagi qariyb 24,5 ming ishtirokchi ana shu yangilanish manzarasini yaratdi. Mustaqillikning 35 yilligiga bag'ishlangan yarim marafon bir kunlik sport bayrami sifatida nihoyasiga yetgan bo'lishi mumkin, ammo uning mohiyati bir kun bilan cheklanib qolmaydi. Chunki bugun startga chiqqan inson ertaga yana yugurishi, bugun tomoshabin bo'lgan kishi esa keyingi marafonda ishtirokchiga aylanishi mumkin.
Farangiz ABRUYEVA,
“Hurriyat” muxbiri.
