Chempionlikka da'vogarlar

Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti talabalarining yutuqlaridan lavhalar

Urganch davlat universitetida talabalarning chuqur bilim olishlari, o'zlarining iqtidorlarini namoyon etishlari uchun qulayliklar yaratilgan. Murabbiylar va talabalar o'rtasidagi o'zaro hamkorlik hamda ahillik yutuqlarga debocha bo'layotir.

Xursandbek Mamasalayev mazkur oliy dargohning sport faoliyati, pedagogika va psixologiya fakulteti talabasi. U o'z tengdoshlari orasida chaqqonligi, jismonan baquvvatligi va irodaliligi, bilimga chanqoqligi jihatdan alohida ajralib turadi.

Oliy ta'lim dargohida yaratilgan imkoniyatlar, qiziqarli mashg'ulotlar va jismoniy faollik borasidagi mashqlar o'z samarasini berdi. Xursandbek Mamasalayev birga tahsil olayotgan do'stlari bilan Andijon shahrida kattalar hamda “U-20” yoshlilar o'rtasida yengil atletika bo'yicha O'zbekiston chempionatda faol ishtirok etdi.

“U-20” yoshlilar o'rtasidagi musobaqada uch hatlab sakrash yo'nalishida barcha raqiblarini ortda qoldirib, marraga birinchi bo'lib yetib keldi va oltin medal sohibiga aylandi.

Mazkur nufuzli musobaqa davomida Xursandbekning ko'rsatgan natijasi mutaxassislar tomonidan ham yuqori baholandi. Sportga juda qiziqadigan talaba eng yaqin raqibini 1 metr 2 santimetr farq bilan ortda qoldirdi va chempionatning yuqori natijalarini qo'lga kiritdi. Xursandbekning mahorati yuksak baholandi va alohida e'tirof etildi.

Bu g'alaba nafaqat Xursandbekning yutug'i, balki u o'qiyotgan Urganch davlat universitetida sportni rivojlantirish, yoshlar orasida sog'lom turmush tarzini targ'ib qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning yorqin samarasini namoyon etdi.

Ushbu musobaqada universitetning sport faoliyati, pedagogika va psixologiya fakulteti talabasi Sardorbek Adamboyev ham yengil atletika bo'yicha “U-20” yoshlilar o'rtasidagi O'zbekiston chempionati bahslarida o'zining yorqin salohiyatini namoyon etdi.

U 60 metr masofaga yugurish finalida 7,05 soniya natija bilan marra chizig'ini birinchi bo'lib kesib o'tib, oltin medalni qo'lga kiritdi. O'zbekiston chempioni degan sharafli nomga sazovor bo'ldi.

Al-xorazmiy vorislari

Joriy yilning 25-28 yanvar kunlari Buxoro davlat universitetida talabalar o'rtasida “Bukhara International Mathematics Olympiad — 2026 (BIMO — 2026)” xalqaro matematika olimpiadasi bo'lib o'tdi.

Ushbu intellektual musobaqada Urganch davlat universitetining fizika-matematika fakulteti talabalari yuqori natijalarni qo'lga kiritib, Xorazm viloyati sharafini dadil himoya qildilar.

Olimpiadada universitetning matematik tahlil kafedrasi o'qituvchisi J.Abdullayev va I.Ismoilov rahbarligida 8 nafar talabadan iborat 2 ta jamoa ishtirok etdi.

Yakuniy tahlillarga ko'ra, yakka bahslarda talabalar tomonidan jami 7 ta medal — 3 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medal qo'lga kiritildi.

Oliy ta'lim dargohining fizika-matematika fakulteti iqtidorli yoshlari Anvarbek Masharipov, Sherzodbek Saidov, Muslima Davronbekova oltin medal sohibi bo'ldilar.

Mazkur fakultetning Hojiakbar Sobirov, Mushtariy Rahimova kabi iste'dodli talabalari kumush medalga, Nodira Nurmatbayeva, Mo''tabarxon Hayitboyevalar esa bronza medaliga sazovor bo'lishdi.

Oliy ta'lim dargohining iqtidorli yoshlaridan biri bo'lgan Mohinur Qosimova jamoa sharafini munosib himoya qilib, “Eng faol ishtirokchi talaba” nominatsiyasini qo'lga kiritdi.

G'alabalar va muvaffaqiyatlar Urganch davlat universitetida matematika sohasida olib borilayotgan sifatli ta'lim, zamonaviy yondashuvlar hamda professor-o'qituvchilarning samarali mehnatlari mevasi ekanligini yana bir bor namoyon etdi.

Feruza TANGRIBERGANOVA,

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two + 12 =