Tarix yangilanmoqda

Ma'lumki, mamlakatimizda bugungi kunda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish ijtimoiy siyosatning muhim yo'nalishlaridan biri etib belgilangan. Zero, jismoniy tarbiya va sport aholi salomatligini mustahkamlash, o'sib kelayotgan yosh avlodni sog'lom va barkamol qilib tarbiyalash orqali jamiyatda sog'lom turmush tarzi hamda sog'lom muhitni qaror toptirish imkonini beradi.

Shu bilan birga, sport yuksak madaniyat, vatanparvarlik tuyg'ularini shakllantirishda ham muhim o'rin tutib, sportda erishilgan yutuqlar mamlakatni dunyoga tanitadi, barcha yurtdoshlarga g'urur-iftixor bag'ishlaydi. Mana shunday jihatlarni inobatga olgan holda so'nggi yillarda aholining jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shug'ullanishlari uchun zamon talablariga mos shart-sharoitlar yaratish, ayniqsa, turli sport musobaqalari orqali yoshlarda o'z irodasi, kuchi va imkoniyatlariga bo'lgan ishonchni mustahkamlash, mardlik va vatanparvarlik, ona Vatanga sadoqat tuyg'ularini kamol toptirish, iqtidorli sportchilarni saralab olish ishlarini tizimli tashkil etishga yo'naltirilgan keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, O'zbekistonda qishki sport turlari faol rivojlanmoqda. Bu esa mazkur yo'nalishning davlat tomonidan qo'llab-quvvatlanayotgani va tizimli dasturlarning amalga oshirilishi tufaylidir. Agar qishki sportning yurtimizda rivojlanish tarixiga nazar soladigan bo'lsak, 2020 yilda qishki sport turlarini ommalashtirish va sportchilarni xalqaro musobaqalarga, jumladan, 2021 yilgi qishki Osiyo o'yinlari va 2022 yildagi XXIV qishki Olimpiya o'yinlariga tayyorlashga qaratilgan “O'zbekistonda qishki sport turlarini 2020-2023 yillarda rivojlantirish dasturi” tasdiqlandi. Mazkur dastur doirasida mamlakatimiz hududlarida figurali uchish, xokkey, short-trek kabi sport turlarini rivojlantirishga xizmat qilayotgan yopiq muz maydonchalari qurilishi boshlandi.

Shuningdek, Qishki sport turlari assotsiatsiyasi, Xokkey federatsiyasi, kasb-hunar klublari va xususiy maktablarga soliq va bojxona imtiyozlari berildi. Bu esa ularning faoliyatini rag'batlantirish, sport infratuzilmasiga sarmoya jalb etish imkonini bermoqda.

Yana bir amaliy ishlardan biri — 2026 yilda Italiyada bo'lib o'tadigan XXV qishki Olimpiya va XIV Paralimpiya o'yinlariga tayyorgarlik ko'rish doirasida sportchilarni kompleks tayyorlash dasturi tasdiqlandi. Ushbu dasturning asosiy vazifalari etib, zarur infratuzilmani yaratish, sport va ta'lim muassasalari tarmog'ini kengaytirish, hududlarni qishki sportning ayrim turlariga ixtisoslashtirish va terma jamoalarni shakllantirish belgilandi. Shuningdek, 2019 yilda Toshkent viloyatida ochilgan Amirsoy tog'-chang'i kurorti ham muhim loyihalardan biri bo'ldi. Bu zamonaviy kurort bo'lib, umumiy uzunligi 22 km bo'lgan 13 ta chang'i yugurish yo'lagini tashkil etadi. Kelgusida mazkur yo'laklar sonini 28 tagacha kengaytirish rejalashtirilgan. Bugungi kunda esa Amirsoy chang'i sportini rivojlantirishga ko'maklashib, mahalliy va xorijiy sayyohlarni jalb qilmoqda.

Shu o'rinda, 2025 yil fevral oyida sportchilarimiz Xarbin shahrida bo'lib o'tgan IX qishki Osiyo o'yinlarida munosib ishtirok etib, yuqori tayyorgarlikni namoyish etib, 26 yillik tanaffusdan so'ng O'zbekiston delegatsiyasi qishki Osiyo o'yinlarining oltin medaliga sazovor bo'ldi.

Eng quvonarli jihati, bu oltin medal O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti talabalari, figurali uchish bo'yicha terma jamoamiz a'zolari Dmitriy Chigirey hamda Yekaterina Geynish juftligi tomonidan qo'lga kiritilganligi universitetning bugungi kunda qishki sport turlari bo'yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlayotganidan dalolatdir. E'tiborlisi, bundan 26 yil oldin qishki sport bo'yicha O'zbekistonga ilk medalni 1994 yil Norvegiyaning Lillixammer shahrida bo'lib o'tgan qishki Olimpiadada Lina Cheryazova fristayl sport turidan taqdim etgan edi. Aytish joizki, Lina Cheryazova ham O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining sobiq talabasi hisoblanadi.

Shuningdek, joriy yilning 1-2 mart kunlari Xitoyning Jiansu provinsiyasi qishki sport turlari assotsiatsiyasi tomonidan tog' chang'isi va snoubord sport turlari bo'yicha bo'lib o'tgan xalqaro musobaqada universitet talabalari umumiy hisobda 2 ta oltin hamda 1 ta bronza medallariga ega chiqib, umumjamoa hisobida ikkinchi bo'lishdi.

Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, universitetimizning mamlakatimizda sog'lom turmush tarzi asoslarini shakllantirish, keng aholi qatlami orasida jismoniy tarbiya va sportning ommaviyligini ta'minlashda va eng muhimi, malakali kadrlarni tayyorlashda, davlatimizning dunyo sport arenalaridagi nufuzini yanada oshirishda alohida o'rni bor.

Qishki yo'nalishdagi kompleks yondashuv, jumladan, infratuzilmani rivojlantirish, sport tashkilotlarini qo'llab-quvvatlash va sportchilarni tayyorlash O'zbekistonda qishki sport turlarini faol rivojlantirishga xizmat qilib, o'zining ilk natijalarini bera boshladi. Bu esa o'z navbatida mamlakatimiz sportchilarining ushbu yo'nalishda ham eng kuchli jamoalar sifatida e'tirof etilishiga sabab bo'lmoqda.

Sulton DAVLETMURODOV,

O'zbekiston davlat jismoniy

tarbiya va sport universiteti

Qishki va murakkab-texnik

sport turlari kafedrasi mudiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × two =