Xatar darbozasi
Qulman OÇIL
(Romandan bob)
Özbekiston xalq yozuvçisi Erkin Aʼzamning “Hurriyat” gazetasining şu yil 27 sentyabr 37-sonida çop etilgan “Balli, Qulman Oçil!” sarlavhali xitobi gazetxonlar eʼtiborini tortdi. Atoqli adib öz maqolasida yozuvçi, publitsist va tarjimon Qulman Oçil “ijodida keskin buriliş” yuz bergani haqida söz yuritar ekan, “safimizda hazillaşib bölmaydigan asl bir adib paydo bölganiga işonç hosil qilgani”ni taʼkidlagan va bir savolni köndalang qöygan edi: “Xatar darbozasi”ni qaçon öqiymiz, Qulman Oçil?”
Kuni keça tahririyatimizga yozuvçi Qulman Oçildan quyidagi iqrornoma keldi:
“Aksariyat yozuvçi va şoirlar katta adabiyot dargohiga jurnalistika eşigi orqali kirib keladi. Jurnalistlik mening ham umrim mazmuniga aylangan. Öz vaqtida guvoh bölganlarim — köp ğaroyib voqealar ançadan beri qoğozga tuşgisi kelar edi. Tuşirdim. Tinib-tinçimas, ötyurak hamkasblarimiz haqidagi “Xatar darbozasi” romanimdan bir juzini “Hurriyat”ga ilingim keldi”.
Dunyo degan şundayin
anglab bölmas sir ekan.
Abdulla Oripov
Çori Xalil otga mindi
Çori Xalil yana yölga otlandi. Yurt kezişni yaxşi körsa, nima qilsin! Imkon tuğildi degunça, odmigina kiyinib, qanşariga oynasi kamalak jilvali közoynagini qöndirib, yelkasiga urinibroq qolgan sumkasini ilib, erkin quş kabi qanot qoqsa. Vodiylaru vohalardan oşsa, şahar-qişloqlaru ovullarda, toğu toşlarda tunasa. Qöşnisidan boşqa heç kim tanimaydigan odamlar haqida yozsa. Yozaversa. Sumkasidan daftar-qalami, daftar-qalamining yonidagi kitobdan xatçöpi arimasa. U kirolmagan eşik, suhbatini ololmagan inson bölmasa. Tilini topsa! Şu çoqqaça u yoğidan ötib, bu yoğidan ötib bölsa-da, topib kelyapti-ku! Aeroportlarda, vokzallaru bekatlarda sarğayib kutiş, ulov deganning unisidan tuşib, bunisiga qarab çopiş, poyezdlarning şaloği çiqib ketgan vagonlaridagi aççiq tutun, avtobuslardagi ur-yiqit, mehmonxonalardagi joy tanqisligi, jazirama, qora sovuq… Çidasa. “Toqqa çiqmasang, dölana qayda?” Qurum bosgan injiq şahardagi yotoqxona yoki işxonada esnab, mudrab, çarviday tönglab ötirgandan ming marta avlo! Elkezarlik — uning ösmirlikdan ardoqlab kelayotgan orzusi. Gazetadan berilgan guvohnomasiga ham adabiy taxallusi “Elkezar” deb darj etilgan! Nimasini aytasiz, sarguzaştga mayli baland sargaşta yigit.
Kiyimning odmiyu qulayini xuş körişining sababi: taxi buzilib, ğijim böliş xavfidan xoli. Boşida yengilgina surp kepka, egnida kepkasiday kökiş köylak, köylagiga rangdoş yupqa şim. Har gal ustiga ilar ekan, yuvilaverib öngib ketgan ust-boşidan unçalik köngli tölmay, ular bilan xayrlaşiş fursati kelganini öylaydi. Vaqtini közi qiymay orqaga taşlayveradi: ertan, indin, keyingi hafta. Boşqa nima qilsin: dökonlarda kiyim-boş tölib-taxlanib yotgan bölsa ekan, maʼqulini tanlasang-u, pulini tölab olib ketaversang! Hammayoq şip-şiydam. Aslida, puldan unçalik ğam yeydigan joyi yöq. Maoşi binoyi. Oy oralatib qalam haqi tegib turibdi. Oşib-toşib ketmasa-da, özining yeb-içişi-yu qişloqdagi onasi bilan xotiniga jönatişi uçun yetadi. Nolinsa — ayb. Öziga qolsa, odamlarga, ayniqsa, çollarga darrov el bölib ketsa: “Qani, buva, bu yilgi hosildan gapiring. Çöği qalay?” “Burnoği yil ança qurğoqçil keluvdi, ulim. Xudoga şukur, bu yil köklamida qaraşib turibdi! Buvdoyning boşoği kökrakka uradi…”
Jaydari odamlar bilan gurunglaşişning gaşti bölakça-da!
Şunday qilib, taqdir şamoli uni yana yölga boşladi. Boşlaşi oldidan fikri raso va tiniq naşr — “Jumhuriyat” gazetasi boş muharriri Orif Egamberdi navbatdagi buyruqqa imzo çekdi: “Maxsus muxbir Çori Xalil Çebarköl tumaniga xizmat safariga yuborilsin”. Har gal bunday hujjatni körganida Çori Xalilning közlari “O. Egam” deb çekilgan imzodan va “maxsus muxbir” degan ikki sözdan çaraqlab ketadi! Tahririyatdagi yetti bölimda öttizdan ziyod muxbir, yetakçi muxbir, bölim mudiri bor. Boş muharrir huzuridagi maxsus muxbir boş muharrirning özi kabi — yaktogina! Maxsus, yaʼni köpning orasidan tanlab olingan va işonç bildirilgan yagona maxsus muxbir. Oylik maoşi şunga yaraşa: bölim mudirinikidan ham ön söm ziyod. Topşiriqni rahbarning töppa-töğri özidan olganingga, tepangda alay-balay deb boşingni qotiradigan xöjayinning kamroq bölganiga nima yetsin!
Uç yil avval, professor Orif Egamberdi universitet prorektorligidan gazetaga rahbar bölib kelganidan söng, qöl urgan birinçi işi — şu lavozimni oçgan va unga özi nomzod tanlagan. Tanlar ekan, negadir Çori Xalilga töxtagan. Köpçilik buni olim bilan uning taqdiridagi öxşaşlikka yöygan: ikkovi ham uruş körgan, ikkovi ham qon tökkan, ikkovi ham frontovik, ikkovining ham dardi-kasali bir.
“Çoriboy otga mindi! — deb taʼrif bergan sport şarhlovçisi Şerpölat Duşayev. — Qandini ursin!” Öşa otning nomi işonç. Çori Xalilning har qanday çigal, mojaroli, janjalli masalani halol va adolatli hal qila olişiga komil işonç. Bunday çigal topşiriqlarni boş muharrir duç kelgan xodimiga işonib topşiravermasligi ayon.
Orif Egamberdi köpning içida, majlisda gulduragan ovozda gapining “berdisi”ni aytgan: “Çaribay — dadil yeget, lafzi halal. Kalami durust. Kanun-kayidani yaxşi biladi. Tillani rangiga emas, tazaligiga karab bahalaydilar”.
Oq oralay boşlagan tölqinsimon soçini orqaga taragan boş muharrirning bu eʼtirofini “otga mingan yigit” möʼtabar unvon kabi qabul qilgan va könglining bir çetida istak paydo bölganki, qani endi, hamma uni ana şu möʼtabar unvon bilan “maxsus muxbir Çori Xalil” deb atasa. Şu unvonni xosiyatli tumorday böyniga taqib yursa!
Orif Egamberdi — bağrikeng, halol va dangal odam. Şuning uçun uni hamma yaxşi köradi. Gapiga quloq soladi. Çori Xalil ustozini ranjitib qöyişdan çöçiydi. Ayni hadikda mahliyolik ham yöq emas: bu dunyoda donişmand degan uluğ zot bölsa, öşa zot — Orif Egamberdi. Yöq, unga yaltoqilik qilmaydi, siğinmaydi, lekin mehri, ixlosi baland. Orzusi — uşbu mehr va ixlos özining diliga doim nur va faxr bağişlab tursa.
Hayotingda suyanadiganing, ixlos qöygan piri komiling bölgani — omading kelgani! Baʼzan öziga sirtdan qaraguday bölsa, bilib-bilmay ustoziga taqlid qilayotganini — yozişi, feʼli, salmoqlab gapirişlari öxşab ketayotganini sezib qoladi. Öxşasa-çi! Öxşasa, nimasi yomon? Aslida, Çori Xalil özining kimligini yaxşi biladi: jimjima gaplarga toqati bölmasa-da, kitobiyligi, xayolparastligi, öjarligi bor.
Uni boşqa naşrlarga, yuqori lavozimlarga taklif qilişdi: durustgina maoş, idora maşinasi, tibbiy xizmat imtiyozlari, kvartira masalasida vaʼdalar berildi… Könmadi. Ustozining yuziga oyoq bossinmi! Hayotda nimagadir erişmoq uçun nimadandir voz keçiş darkor.
Gazetxon Toşbibi Musayevaning şikoyat xatida keltirilgan faktlarni tekşiriş uçun unga tört kun muhlat berildi. Borişi-kelişiga ikki kun ketişi aniq, Çebarköl deganlari dunyoning narigi burjida. Avval poyezdda, keyin avtobusda, undan söğin tuyada-yu qora piyoda boriladigan ovul… Yöğ-e, juda unçalik emasdir?
Boş muharrir ham, ayonki, yölga tuşayotgan maxsus muxbirning özi ham, bor-yöği tört kunlik bu safar Çori Xalilni xatar darvozasiga röpara qilib, boşiga talay savdolar solişi va hayotini butunlay özgartirib yuboradigan sinovga aylanişini xayoliga keltirmagan edi.
…Tonggi ğira-şirada viloyat markazida beş daqiqa töxtab ötgan poyezddan tuşib, avtovokzal yonidagi bozor ustidan çiqdi. Keldi-ketdisining hisobi yöq olomonning ğivir-ğiviriyu şivir-şiviri avjida. Sotarmon ham, olarmon ham, asosan, qora-qura erkaklar. Bunday tungi bozor — yeng içida iş bitiruvçi olibsotarlar makoni ayni zamonda şaharman deganning hammasini zabt etgan. Qoş qorayganda boşlanadi-yu, to mirşablar ertalab oyoqqa qalqib, xufya tujjorlarni oldiga solib quvlamaguniça töxtamaydi.
— Jinsi şim bor, — deb şipşidi möylovdor bir yigit uning biqinidan kelib.
— Qayerniki? — deya söradi maxsus muxbir göyo şartta pul sanab berişga intiq xaridorday.
— Qayerniki bölardi, Amerikaniki. “Montana”!
— Narxidan keling.
— Ikki yuz.
— Durust, — deb mujmalsidi xaridor va nari ketdi. Çöntaging kötarmagandan keyin iloj qança?
Qöyni töla tovar bölsa kerak, sarğiş kostyumi qappayib turgan pakana bir odam “Fekon” köylakdan gap oçdi. Tugmalari qirsillama emiş. Demak, köylak ham xorijniki.
— Qança deyapsiz?
— Ellik.
Çori Xalil endi norozi boş irğaydi:
— Qimmat, aka, qimmat.
Qizil saltanatga putur yetib, mustabid tuzum çok-çokidan sökilib borayotganini seziş uçun ayni bir bozorga boş suqsangiz kifoya. El nima qilsin, davlat magazinlari va korxonalaridan allaqaçon baraka ketib, “xususiy” degan yetti yot tuşunça hali onglarni töliq işğol qilmagan. Gugurtdan tuzgaça — hammasiga qiron kelgan. Topolmaysiz. Topilganda — tala-tala. Narx-navo esa öynagani-öynagan. Işsiz, boşsiz, egasiz, oş-ovqatsiz qolib, olomonga aylangan ulus öz bilganiça kun köriş payida. Şöro zamonida tökin-soçin kunning özi bölganmi?
Avtovokzal etagida ayollar hokim — ovqat töla çelak, toğora, qozon, manqali bilan xörandalarni yemakka çorlasa, sigaret kötargan bolakaylar kaşanda ovlaydi. Kömir tutuni köngilni aynitib, közni açiştiradi. Elkezar sirlangan paqirdagi nöxatli keskan oşni körib, yayrab ketdi va haş-paş degunça ikki sopol kosasini qora murçdan quyuq sepib, yalab-yulqab taşladi. Xuşxör, xuşhazm, muhimi, arzongina. Qorin töq — ğam yöq.
Çebarkölga boradigan sariq avtobus yarim soatdan keyin jönar ekan. Örtadagi örindiqqa çökdi-yu, yonidagi sumkasiga tirsak tirab, pinakka ketdi. Yetmiş çaqirim yölda eski avtobus oz deganda ikki soat örmalaşi tayin.
Yuzini kimdir dağal va nam qöli bilan silab, burniga xas tiqqanday böldi. Tepadan quyilayotgan muzday suvdan ust-boşining şalabbosi çiqib ketgan. Özini çetga olay desa, oyoq-qöli — zil-zambil, kötarolmaydi, böyniga yöğon zanjir solingan. Turmoq ilinjida qattiq siltangan edi, boşi nedir xarsangga urildi. Oğzidan sölaklari saçragança aksa urib yubordi.
Seskanib közini oçdi va qarşisidagi örindiq suyançiğiga kalla qöyganini angladi. Oynaga tortilgan dağal parda orasidan möralayotgan quyoş tiğlarini beayov soçar, maxsus muxbirning oyoq-qöli uyuşib, qotib qolgan edi. Oftob nurida közlari şafaqlanib ketdi. Tomidagi qiya oçiq tuynuklaridan garmsel yopirilayotgan “qöqonarava” liq töla. Joy yetmaganlar şundoq polga ötirib olgan. Avtobus notekis yölda dala-daşt oralab urinib-silkinib borayotganiga qaramay, hamma birday mudragan. Çori Xalilni ançadan beri kuzatib kelayotgan bölsa kerak, yonidagi kökala soqoli kalta kuzalgan odam bir tebranib oldi. Tebranganida tizzasidagi kattagina kanop xaltasidan çinni idişning şiqirlagani quloqqa çalindi.
— Polvonlarning kelbatini berasiz, — dedi kökala soqol va Çori Xalilning sumkasidagi “Sport” degan yaşil yozuvga işora qildi. — Biz tomonlarda musobaqa bormi deyman?
Çori Xalil avval oğzini kafti bilan yopib esnadi va maza qilib kerişib oldi:
— Ha, endi…
Kökala soqol javobni tuşunmadi. Elkezarning özi ham unçalik tuşungani yöq. Gap orasida bildiki, kiyim-boşidan dori hidi anqib turgan hamrohi — bugun şifoxonadan çiqqan. Borar manzili bir — Çebarköl.
— Çehrangiz taniş, — dedi kökala soqol. — Sizni qayerdadir körganman.
— Balki, — deya qisqagina javob qildi maxsus muxbir Çori Xalil. Unga qolsa, özi izidan tuşgan odamni topişi muhimroq edi. — Amaki, balki siz Irismat Musayev degan odamni tanirsiz? Ança maşhur deyişadi…
Kökala soqol u tomon ilkis burildi va nigohidagi qiziqiş — hayratga, hayrat darhol hadikka aylandi.
— Nima edi? — xuşlamayroq söradi. — Qarindoşimisiz?
Çori Xalil rad maʼnosida tanglayini takillatdi.
Bu javobdan köngli tölmagan amaki yuzini çetga burib, boşida bexosdan oğriq turganday közini yumdi. Şu ketişda manzilga yetgunlariça oçmadi hisob. Özini uxlamişga solib kelaverdi. Körinişidan hali oltmişga borib-bormagan, rang-röyi, egni-boşi toza-ozoda, saratonning oftobini kam körgan. Dabdurustdan jurʼatsiz deyiş qiyin-u, lekin ança ehtiyotkor odam. Jurnalistning taxminiça, qadalib işlaydigan maydaroq amaldor.
— Men sizni tanidim, uka! — deb yubordi u birdan va avval közi, söng çiroyi oçilib ketdi. — Siz muxbir Çori Xalilsiz. Televizorda körganman!
Yolğon ustida qölga tuşgan bolakayday hayratda qolgan jurnalist bazör jilmaydi:
— Obbo! Umrim bino bölib bir marta televizorda çiqsam-u, şuniyam eslab qolganingiz qiziq!
Amaki zavqlanib kuldi va izoh bergan böldi: betob odamning televizor tomoşa qiliş-u gazeta-jurnal öqişdan boşqa nima ermagi qoladi? Buning ustiga, körsatuv ikki-uç marta takroran berilgan bölsa.
— Bu jigitni qayerda körganman, deb rosa öyladim. Televizorda zör gap aytgandingiz-da! “Qöşnisidan boşqa heç kim tanimaydigan odamlar haqida yozsam”, deganingiz yodingizdami?
Bu eʼtirof moyday yoqib ketgan Çori Xalil tasdiq maʼnosida boş irğadi.
— Yana maqolangizni esladim. Yaqinda çiqqandi-ku, “Birovga qolgan kun”midi?
— Ha.
— Sarlavhasini ayting! Sarlavhasiyam zör!
Çori Xalil undan mehmonxona qayerdaligini söragisi kelmay turgan edi, avtobusdan tuşganlaridan keyin amaki yana tilga kirdi:
— Aybga buyurmasangiz, Çorijon, bir taklifim bor.
— Ayting.
— Işingiz bitganidan keyin, oqşom biznikiga kelsangiz. Uyim şu yaqin orada, — u qölini kunçiqar tomon çözdi. — Huv suvminorani köryapsizmi? Biqinida narvoni bor.
— Ha, ança baland ekan.
— Öşa minoraning yonida, Sayohat köçasi, 11-hovli. Ablay akaniki qayerda deb sörasangiz, hamma biladi.
— Familiyangizniyam aytsangiz, xursand bölardim.
— Nurboyev. Ablay Nurboyev.
Çori Xalil qölini köksiga qöyib, minnatdorlik bildirgan böldi:
— Aniq vaʼda berolmayman, amaki, lekin harakat qilganim bölsin.
Hamrohining qandaydir dardi borligi va öşa dard Toşbibi Musayevaning eri Irismat Musayevga daxldorligini seziş uçun qilni qirq yorgan izquvar yoki valiy böliş şart emasdi. Işi öngidan kelayotganidan yengil tortgan maxsus muxbir Çori Xalil mehmonxona tomon şitob odimladi.
Musofirxonadagi joyini tayin qilib, tuman partiya qömitasi sarkotibining qabulxonasiga kirib borganida kotiba ayol burniga paxta tiqilgan xastaday palağda ovozda uning kimligini ijikilab suriştirişga tuşdi. Taşrifnomasini körgaç, dik etib örnidan turdi-yu, ikki qavatli zarang eşik ortida ğoyib böldi. Zum ötmay, oq-sariqdan kelgan tölaroq odamni boşlab çiqdi. Çori Xalil uni tanidi: sarkotib Suvon Sanaqulov.
— Xuş keldingiz! — dedi mezbon va eşikni lang oçdi. — Marhamat qiling, Çorijon.
Mezbon gapirdi, mehmon jim quloq soldi. Bu toifa rahbarlar gapini bölişingni, fikr-mulohaza bilan örtaga suqilişingni xuşlamaydi. Buyruq berib, vazifa yuklab, natijasini sörab örgangan. Raʼyiga qaragan maʼqul.
— Yoş ekansiz, ehtiyot böling, — deb oçiqçasiga ogohlantirdi Suvon Sanaqulov oldidagi xatdan közini uzmay. Uning xatdan horğin nigohini uzolmayotganining sababini Çori Xalil sezdi: özi bir yoqli qilolmagan janjalga jurnalistni aralaştirayotganidan va yana özi mudhiş xatardan ogohlantirayotganidan xijolatda.
Sarkotibning gaplarini eşitib, Çori Xalilning tasavvurida betlari bujur, lablari yupqa, ğazabnok bir odam jonlandi va qop-qora qalin qoşlari kötarilib tuşdi. Bu — xayolidan “obbo, şunday deng” qabilidagi bir gap ötganidan dalolat. Bunday lahzalarda u könglidan joy olmoqqa uringan öşa xavotirni kötarilgan qoşlari joyiga tuşguniça unutadi. Quloği vahimali gaplarga könikib ketgan. Manglayini sekin silab qöyadi: “Peşonamdan köraman”.
— Musayev heç balodan qaytmaydi, — dedi Suvon Sanaqulov. — Eski boksçi. Toğ köziga kesakça körinmaydi. Oçiğini aytaman: sizni xudo yetkazdi, uka.
Sirtdan qaraganda ğalati eşitiladigan bu gaplar behuda aytilmayotganini Çori Xalil ğira-şira bölsa-da anglab turardi. Yoş bola emas, köp körgan. Amaldor qavmi jurnalist zotiga duç kelsa, ikki oğiz tayinsiz, tuzsiz-tuturiqsiz gapni minğir-minğir qilib, tezroq qutuliş payiga tuşadi: “Uzr, majlisim bor edi!” Çebarkölning sarkori bunday qilmadi. Örta böyli, dumaloq közlari öyçan, çehrasi oçiq bu odam şoşilmay gapirardi. Qöllari etdor, baquvvat, qaraşlari sinçkov. Nigohi bilan içingizga kirib, bor öy-xayolingizni bilib olmoqçiday. Taxminiça, sarkotib Çori Xalilday bir beminnat mulozimning kelişini ançadan beri kutib yurgan-u, endi qulay fursatdan foydalanib qolmoqçi. Aslida, buning yomon joyi yöq. Könglidagi bor gapni yaşirmasdan aytişga qaror qilgan. Bu qaror zamiridagi gaplarning zavqini tuygan maxsus muxbirning kasb kasali xuruj qilib, öziça talmovsirab, savol deganni yoğdirib taşlagisi keldi. Keldi-yu, özini bazör uşladi. Nomsiz barmoğiga uzukday öralgan yaşil simni sekin burab qöydi: “Hozir kov-kovning mavridi emas! Gap qistirib, fikrini bölma!”
Suhbat avvalida sarkotibning Irismat Musayevga tiş qayraydigan biror qasdi yöqmikan, degan gumonga bordi. Ammo şubhasi asosliday körinmadi. Köringani — sabr-bardoş bobida mezbon Çori Xalildan baland ekan. Neça bor öylanib, neça bor xörsindi. Xörsinişlaridan sezildiki, sarkotibning içi töla dard. Vazmin odam bölişiga qaramay, öşa dard asablarini yegan. Bu uning sezilar-sezilmay titrayotgan qöllaridan, sovitkiç ğirillab turganiga qaramay, keng manglayi, çakkalari, böynida dam-badam yaltirayotgan va römolçasi bilan artib olayotgan reza-reza tomçilardan körinib turibdi. Çetdan qarab, uni şalviragan odam deya olmaysiz. Çori Xalilning bilişiça, köpçilik hayiqadigan, poytaxtda ham gapi kesadigan rahbar. Birov joyidan qimirlatişi mahol. Uzunquloq gaplarga qaraganda, balandroq joylardan umidi yöq emas.
Ajabki, hammaga zarbini ötkazib kelayotgan ana şunday ustomon odamga jönroq bir boksçi behad azob bergan. Alam ötkazgan. Kamsitgan. Xörlagan. Urmagan, sökmagan, albatta, lekin tumanning oliy maqomli amaldorini — Doruğasini, yaʼni xöjayinini (darrov öziga xos va öziga mos laqab topganiga qoyilmisiz!) sariq çaqaga olmagan. Doruğa tutab ketadi. Sening gaplaring, sening topşiriqlaring, sening qaror-marorlaringga — mening şaşvarim, degan-da öşa sobiq boksçi. Majlisga çaqirsangiz — kelmasa. Qaror çiqarib, el qatori uning xöjaligiga ham vazifa yuklasangiz, bajarmasa. Hisobot talab qilsangiz, vaqtida taqdim etmasa. Tepkilagandan nimasi kam? Hay, mayli, deb, katta boşingizni kiçik qilib, özingiz oldiga borsangiz, loaqal uyidan çiqib, salomingizga alik olişni öziga ep körmasa! Dala-daştni aylangani ketgan emiş. Basirini topibdi: darvozasining oldida ikkita haşamatli maşina yaltirab turibdi. Biri oq, ikkinçisi kömirdan ham qora…
