Xastaliklar nega “yosharib” bormoqda?

yoxud barvaqt qarishning oqibatlari va uning oldini olish choralari xususida
Vujudning funksional qobiliyati cheklanishi, moddalar almashinuvining sekinlashishi oqibatida kishi asta-sekin kuch-quvvatdan qoladi, tana qariy boshlaydi. Bugungi kunda zamonaviy ilm-fan yoshlik davrini uzaytirish sirlarini o'rganmoqda. “Gerontologiya” fani vakillari qarilikni sekinlatish bilan bog'liq 300 dan ortiq tadqiqot o'tkazishgan. Mutaxassislarning fikricha, qarish jarayonida organizmning turli sharoitlarga moslashuvchanlik qobiliyati susayadi.
Atrof-muhit iflosligi, ichish, chekish, noto'g'ri ovqatlanish, ultrabinafsha nurlarining kuchli ta'siri kabi ichki va tashqi sabablar hujayralarning yemirilishiga va tana qarishining tezlashishiga sabab bo'ladi. Qolaversa, tashqi omillar turli xastaliklarni ham keltirib chiqaryapti. Jumladan, kuchli stress holatlari, noto'g'ri ovqatlanish va noqulay yashash sharoitlari natijasida oshqozon-ichak, yurak-qon tomirlari va turli darajadagi shamollash kasalliklari tobora ko'proq uchrayapti.
Kamharakatlik, ko'p va noto'g'ri ovqatlanish, dori-darmonlarni pala-partish qabul qilish ham qator kasalliklarni keltirib chiqarmoqda. Harakat-tayanch a'zolari, jumladan, bel-bo'g'im xastaliklari kundan-kunga ko'paymoqda.
— Qabulimizga kelayotgan ko'pchilik yoshlar turli bo'g'im og'riqlari, asab kasalliklaridan shikoyat qilishyapti. 50 yoshlilar orasida suyak yemirilishi holatlari ko'paymoqda, – dedi oliy toifali vrach Zulxumor Yusupova. — Eng achinarlisi, xastaliklar “yosharib” boryapti. Hatto bolalar va o'smirlarda ham qandli diabet, yurak-qon tomir kasalliklari, ko'rish qobiliyatining pasayishi, ovqat hazm qilish a'zolarining izdan chiqishi kuzatilmoqda.
Nega kasalliklarning yosharayotgani va tobora ortib borayotganidan tashvishlanyapmiz? Chunki “Gerontologiya” fani namoyandalarining fikricha, ko'p kasallikka chalingan organizm tez qariydi. Fanda bu erta qarish deb nomlanadi. Turli xastaliklardan toliqqan organizm 40-50 yoshlarga borib, qariy boshlaydi. Unda hayotga qiziqish ham asta-sekin so'lib boradi. Vaqtidan oldin qarish — qiziqishlarning cheklanishi, hayotdan qoniqmaslik, shaxsning destabilizatsiyasi sabablaridan biridir. Bu ishga layoqatli aholi sonining kamayishiga olib keladi.
Stenford universiteti (AQSh) tadqiqotchilari 18 yoshdan 95 yoshgacha bo'lgan to'rt mingdan ortiq odamning qon plazmasi namunalarini o'rgandi. Ko'p yillik tajribalardan ma'lum bo'ldiki, oqsillar tarkibining o'zgarishi, ularning konsentratsiyasi tana holati va jarayonini baholaydi. Chunonchi, 35, 61 va 79 yoshli kishilarda oqsillar keskin ravishda o'z tuzilishi va tarkibini o'zgartirgan.
Avvalo, qarish miyaning holatiga bog'liq. Miyadagi kulrang suyuqlikning kamayishi natijasida xotira susayishi, diqqatning jamlanmasligi kuzatilgan. 2017 yilda amerikalik va ispaniyalik olimlar “Keto” dietasi, ya'ni uglevodlarsiz (shakarsiz) faqat yog'lar, oqsillar bilan oziqlanish miya faoliyatini yaxshilashi, bu esa uzoq va sog'lom hayot kechirish imkonini berishini isbotlashdi. Kemiruvchilar ustida olib borilgan tajribada shakarsiz oziqlangan qari sichqonlar miyasi faolroq ishlagan, ular o'rnatilgan to'siqlardan tez va oson chiqib ketishgan. Olimlar miya hamda boshqa tana a'zolari faolligi uchun glyukozadan ko'ra yog' kislotalari va keton (yog'dan ajratib olingan mahsulot)lar foydaliligini aniqlashdi. Uglevodlarga boy mahsulotlarni kam iste'mol qilish tana chidamliligini oshirib, qarishni sekinlashtiradi. Buni biologiya universiteti professori Stouni-Bruk ham uch yillik ilmiy tajribalarida isbotladi.
Evropa olimlarining tajribasi bundan-da g'aroyib. Ayni zamonda urf bo'lgan “Tik-tok”, “Instagram”, “Facebook” kabi ijtimoiy tarmoqlardagi qisqa videolar, roliklar ham miya faoliyatiga kuchli ta'sir qiladi va ularga qaramlikni keltirib chiqaradi. Kuniga bir-bir yarim soat ana shunday qisqa videolarni ko'rishga odatlangan kishilarda 2-3 oyda jizzakilik, sabrsizlik alomatlari sezila boshlaydi. Natijada miya tahliliy, uzoq vaqt ko'rishga mo'ljallangan tasvirlarni ko'rolmaydi. Tez-tez o'zgaruvchan kontentlarga ko'nikkan miya endilikda murakkab masalalarni yecha olmaydi. Katta hajmdagi kitoblarni o'qiy olmaydi. Tadqiqotlar bunday kishilarda bosh miyadagi kulrang suyuqlik kamayishi hisobiga diqqatning buzilishi, xotiraning pasayishini aniqlashgan. Shuningdek, uyquning buzilishi, kayfiyatning tez-tez o'zgarishi va turli xil tushkunlik holatlari uchraydi.
Garvard tibbiy maktabi (AQSh) va Skolkovo instituti (Rossiya) olimlarining xulosasiga ko'ra, kam kaloriyali ovqatlarni iste'mol qilish qarishni sekinlashtiradi. Odatda, keksalarda DNK tuzilishida yemirilishlar kuzatiladi. Me'yorda ovqatlanish bu jarayonni sekinlashtirib, tez qarishning oldini oladi.
Eng ahamiyatli ilmiy izlanishlar AQSh, Yangi Zelandiya, Niderlandiya olimlariga tegishli. Ularning xulosalariga ko'ra, insonning o'z-o'zini nazorat qila olishi, hissiyotlarini boshqarish qobiliyati uzoq umr ko'rish va sekin qarishiga sabab bo'ladi. 1972 va 1973 yilda tug'ilgan kishilardan iborat guruh uch yillik kuzatuvlarda umumiy sog'lig'i, miya faoliyati, psixologik jihatlari haqidagi ma'lumotlar turli testlar va anketalar yordamida to'plangan. Mutaxassislar ularni yaqindan o'rganish uchun ota-onalari, do'stlari va yaqin qarindoshlari bilan ham suhbatlashgan. Tadqiqotlar natijasiga ko'ra, his-tuyg'ularini boshqara oladigan, irodali, tezda lovullab ketmaydigan, bosiq kishilar moliyaviy va ijtimoiy qiyinchiliklardan oson o'tadi, kam kasal bo'ladi hamda o'z tengqurlaridan ancha yosh ko'rinadi.
Britaniyalik va koreyalik olimlar o'tkazgan izlanishlarda esa badbin (negativ) o'y-xayollarga kam berilib, nekbin (optimist) kayfiyatda yurgan, shukronalik hissi kuchli kishilarda keksayish sekin kechishi aniqlangan. Uzoq yillar sog'lom va yosh ko'rinish ustida olib borilgan tadqiqotlar hosilasi o'laroq, shunday tavsiyalar berilmoqda:
– turli vaziyatlarga bosiqlik va mulohazakorlik bilan yondashish, kuchli stress holatlaridan qochish;
– hayotning har lahzasidan bahra olib, shukronalik tuyg'usi bilan yashash;
– to'g'ri ovqatlanish rejimiga amal qilish, zarur vitamin va minerallarni iste'mol qilish;
– hayotda harakatchan, faol bo'lish, imkon qadar sayohatlarga chiqish;
– uyqu va bedorlik me'yoriga amal qilish, risoladagi kun tartibiga amal qilish;
– sportning biror turi bilan mashg'ul bo'lish;
– spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlari iste'molini cheklash;
– quyosh nurlari ostida uzoq vaqt qolishdan saqlanish;
– botoks kabi sun'iy yoshartiruvchi kimyoviy vositalardan foydalanmaslik;
– birorta xorijiy tilni o'rganish miyani charxlashga yordam beradi;
– organizmni vaqti-vaqti bilan och qoldirib, hujayralarning yangilanishiga imkon yaratish;
– yaqinlar, hamkasblarni tez-tez yoqimli so'zlar, maqtovlar bilan siylash. Bu kishiga xush kayfiyat baxsh etadi;
– o'y-fikrlar ijobiy va ezgu bo'lishi kerak. Kek saqlash, eski xafagarchiliklarni eslash, atrofdagilardan doimo hurmat-e'tibor kutish kabi dilni xira qiladigan xotira va tuyg'ulardan yiroq bo'lish.
Sharqda inson umrini fasllarga o'xshatishadi. Bolalikni bahorga, yoshlikni yozga, o'rta yoshlilikni kuzga, qarilikni qishga qiyoslashadi. To'rt faslimiz ham bahordek go'zal va fayzli bo'lishiga harakat qilaylik!
Umida XUDOYBERGANOVA,
O'zbekiston Jurnalistlar
uyushmasi a'zosi.