“Nihol ek ezgulik bog'iga, inson…”

O'zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning “Yarim asr devoni” nomli she'rlar to'plami G'afur G'ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan nashr etildi. Tuzilishi, mazmun-mundarijasi, nomi o'zgacha bo'lgan ushbu kitobdagi she'rlarni o'qir ekanman, O'zbekiston Qahramoni Ibroyim og'a Yusupov “Mening yigit vaqtim, sening qiz vaqting” deb beg'ubor yoshlikka nozik ishora qilganlaridek, mutolaa zavqi, taassurotlar, xayollar beixtiyor bolalik vaqtlarimga yetakladi.
O'quvchilik paytlarim maktabimiz hovlisida ikki ulug' inson bilan tez-tez yuzlashib turardim. Biri — kutubxonachimiz Baqqol ota Ko'chakov, ikkinchisi — maktabning xo'jalik ishlari bo'yicha mas'ul xodimi Mamasaloh ota Saidov. Ular Ikkinchi jahon urushining og'ir asoratlarini boshidan kechirgan, tadbirlarda yigitlik davrida ko'rgan-kechirganlari haqida qiziqarli hikoyalar so'zlab berganlari uchun biz bolalarning sevimli qahramonimizga aylangan edi. Bunday ibratli hikoyalarni so'zlab bergan qahramonlarimizning o'zlari bizning nazdimizda jonli kitob edilar. Ayniqsa, o'n ming nusxadan ziyodroq badiiy kitobi bor kutubxonachimiz Baqqol ota Ko'chakov kitob o'qimaydigan o'quvchilarga muloyim nasihatlar qilganlari hamon esimizdan chiqmaydi.
Maktabimiz hovlisida yana bir onaxon sho'x-shaddod, o'yinqaroq o'quvchilarni duo qilib yurardi. Xolbibi momo. Qishin-yozin sinfxonalarni chinniday ozoda qilib qo'yadigan momoning tashvishi boshqalarnikidan kam emasdi… Bugun men nega ularni esladim?.. Sababi, bugun sahifalarini varaqlab, ta'sirlanib turgan “Yarim asr devoni” kitobi muallifi, O'zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid sobiq jangchi, Mamasaloh degan ismlari to'liq aytilganda, Muhammadsaloh ota hamda Xolbibi momoning dilbandi. O'zlarining bor mehr-muhabbatini maktabga baxsh etgan ota-ona farzandlarining bilimli bo'lishiga jon kuydirishgani izsiz ketmadi. Farzandlarining barchasi ilmli mutaxassis, ziyoli bo'lib yetishdi.
“Yarim asr devoni” kitobini qo'lga olib, varaqlaganimda, xayolimdan bepoyon Surxon vohasining dashtu dalalari, shoirning onasi Xolbibi momoning kaftlarini tinimsiz kuydirib uchayotgan duolari kechdi. Bir necha bor tuproqdan-da beozor, xokisor momo o'g'liga dunyoning bor ezgu niyatlarini tilaganiga guvoh bo'lganman. Ayniqsa, onaning tuproq bilan bog'liq hikmatli so'zlari yuragimdan chuqur joy olgan: “Tuproq olsang, zar bo'lsin, bolam!” Chindan ham onaning ezgu niyatlari ijobati o'z tug'ilib o'sgan tuprog'ini, voyaga yetkazgan xalqni, ona Vatanini sevib ardoqlagan shoirning orzulariga qo'shilib, Yaratganning o'ziga yetgan bo'lsa, ne ajab?!
Sirojiddin Sayyid o'tgan asrning saksoninchi yillari boshida she'riyat maydoniga chaqmoqdek kirib keldi. Qattol tuzum zayli nihoyatda shafqatsiz edi. Odamlarda ozod so'zga ehtiyoj kuchli bo'lgan zamonda shoir so'zning qalovini topib so'zlamasa, uning boshiga nimalar tushishi aniq edi. Biroq ijodkorning og'ziga tolqon solgandek jim turishi, nohaqlik va adolatsizliklarni ko'rib, o'zini ko'rmaslikka solishi undan ham yomon. Yosh shoir o'z yog'iga kuyib ado bo'lgan xalqning orzu-armonlarini mahorat bilan she'rga solishga kirishdi. Uning otashin baytlari yuragi kuyib o'rtanayotgan qanchadan-qancha oshiqlarning diliga o't solgani sir emas:
Men ishq elining nolayu afg'onida kuydim,
Ko'ngil uyining otashi armonida kuydim.
Mehrin tilabon o'tsa agar oshig'i zorlar,
Mehrimni berib men esa tovonida kuydim…
Odamzodga zarracha qadru qiymat bo'lmagan mustabid tuzumning zim-ziyo kunlarida g'o'za nihollari parvarishidan qaddini zo'rg'a rostlagan dehqonning ko'zlarida miltillagan yoshda umid uchquni borligini biz o'shanda payqaganmiz. Shoir bizning kuyuk olamimizni kinotasma kabi ko'z oldimizda jonlantirgan. Ayniqsa, bu baytlar elimizning suyukli hofizi Sherali Jo'rayev tomonidan avj pardalarda yangraganda, beixtiyor yuragimiz sel bo'lib oqqan. Sirojiddin Sayyidning matbuotda ketma-ket chiqayotgan she'rlari juda katta shov-shuvlarga sabab bo'lardi. Ayniqsa, iste'dodli shoirning “Sariosiyo fojiasi” nomli she'ri odamlar boshidan tinimsiz zahar purkayotgan Tojikiston alyuminiy zavodining zahri qotili haqida edi:
Kim aytdi bu yerda g'urbat yo'q debon,
Turmush farovon, deb kim aytdi bu kun?
Men yillab o'tirib yig'lashim mumkin,
O'lgan go'daklarning qismati uchun!
Havoda havo yo'q
Yeru ko'k — zahar…
Bunday dolzarb mavzudagi she'rlarni u paytlar har qanday zo'r shoir yozmasdi, yozolmasdi. Ammo Sirojiddin Sayyidning yozganlari elning dilidan otilib chiqayotgan nola edi. O'sha vaqtlar otamning tilida beixtiyor yangragan shukrona dil izhori mening ham yuragimga she'riyatga muhabbatning ehtirosli alangasini solgan. “Xudoga shukurkim, Nihondaramizdan bizning dardlarimizni anglaydigan yana bir shoir yetishib chiqdi…”
Abdulvahob shoir, Mulla Sulton, Mulla Qoryog'di, Karim Mergan kabi shoirlar elimizning faxri edi. Ayniqsa, she'riyatga shaydo bo'lib yurgan o'smirligimda Abdulvahob shoirning: “Safarim bor Toshkangacha” nomli she'ridagi orzu iztiroblarini eshitganimda, nihoyatda ta'sirlanganman:
Ko'ringaylar tog'u tuzum,
Tuman bo'ldi maning yuzum,
O'yilibdi ikki ko'zum,
Qo'yimdan ayrilgan qo'zum,
Yolg'on emas aytgan so'zim,
Safarim bor Toshkangacha… —
deya nola qilgan shoirning dilidagi orzu-armonlarini Sirojiddin Sayyid ilk bor Toshkentga kelib ro'yobga chiqardi. Shoir qalbidagi bor mehr-muhabbatini, haroratli sezimlarini Vatanga baxsh etdi. Uning yarim asrlik ijodiy faoliyati davomida jamlangan “Yarim asr devoni” kitobidagi she'rlar va dostonlar buni isbotlaydi. Kitobni varaqlaganda shoirning yarim asr davomida boshidan kechirgan tuyg'ulari, iztiroblari, alamlari, hayajonlari, faxru g'ururi va armonlari o'quvchini befarq qoldirmaydi. U maktabda o'qib yurgan vaqti haqida yozgan “Gulnor bilan xayrlashuv” nomli she'rida to'rtinchi sinfda ro'y bergan bir voqeani xotirlaydi:
Bolalikning so'nggi ko'z yoshi!..
Men rostdan yig'ladim,
Bolalar kuldi,
Kuldi yig'layotgan qizlar ham.
O'qituvchi kuldi,
Direktor kuldi.
Butun maktab kuldi ustimdan!
Ular ko'chib ketishdi. Kuldi
Gulnorning sinfda bo'sh qolgan o'rni…
Keyin… eslolmayman:
Yig'ladimmi, yo'q?..
Gulnor — bolalikning so'nggi ko'z yoshi…
Gulnor ota-onasi bilan qishloqdan ko'chib ketishini shoir “mening ham bolaligim ko'chib ketdi” deb obrazli ta'riflaydi. Sinfdoshining ko'chib ketishi, bundan buyon maktabga kelmasligi bolaning beg'ubor ko'nglini yaralaydi. Bola qalbiga ta'sir qilgan ilk ayriliq uni katta odamga aylantiradi. Shu bilan bolalik tugaydi. Uning umrida kattalar turmushidek hayot boshlanadi.
So'zimiz boshida shoirning padari buzrukvori Mamasaloh ota haqida qisqacha to'xtalib o'tgandik. 1984 yil 1 aprel kuni Mamasaloh ota olamdan o'tdi… Shoirning armoni katta-katta kitoblari nashr etilgan, orzulari ushalgan damlarini otasi ko'rmaganida, musofir shaharda she'r izlab yurgani uchun o'g'il bo'lib qishloqdagi otaning xizmatini o'tay olmaganida edi. U o'zining “Armon” nomli she'rida sog'inchu armonlariga qorishiq bo'lgan lahzalarni shunday eslaydi:
Farzandlar bor, mehrin to'shab gilam qilar,
Farzandlar bor, ota ko'nglin olam qilar.
Ota, o'sha, choponingiz qatidagi
Chigitchalik bo'lmaganim alam qilar.
Farzandlar bor, o'z bag'rini dog'lar etgan,
Otasining tirigida bog'lar etgan.
O'z nomin ham, ota nomin tog'lar etgan
Yigitchalik bo'lmaganim alam qilar.
Shoir ijodining zamiridagi voqealarga uning tug'ilib o'sgan tuprog'idagi har bir xasning alohida o'rni muhimdir. Ayniqsa, elning duosini olishdek buyuk baxtga musharraf bo'lish har kimga ham nasib etmaydi.
“Oltin olma, duo ol” degan xalq maqolining naqadar hikmatli ekanini anglagan holda, duoga qo'l ochgan mushtipar onaning asl maqsadi farzandini Vatanni sevishga undashdir. Balki shuning uchundir, Sirojiddin Sayyid o'zining “Ilinj” nomli she'rida:
Menga qadim minorlardan bir sas yetar,
Shul sas mening ko'nglim oxir serfayz etar.
Menga dunyo kerak ermas, bir xas yetar,
Yassaviylar yotgan aziz yerlaringdan… —
deya jismu jonini ona yurtining bir siqim tuprog'ini tavof qilishga baxshida etadi. Shoirning falsafiy satrlari o'quvchini hushyor tortishga, o'z ona tuprog'iga mehrli bo'lishga undaydi. Shu o'rinda alohida aytishim kerak bo'lgan yana bir so'z bor: shoir o'zining xotiralarida bot-bot eslaguvchi, uning yuragida adabiyotni jo etgan ustoz Ibrohim Safarov hamda ko'plab dostonlarni yurakdan jo'shib kuylaguvchi, el ichida Islom shofir deya nom olgan tog'asi Islomiddinning o'rni beqiyos bo'lgan. “Yarim asr devoni”ni varaqlaganimda, Sirojiddin Sayyid elu yurt oldidagi bir umrlik vazifasini farzand sifatida sharaf bilan ado etgani namoyon bo'lganini ko'rdim. O'quvchini Vatan kengliklari sari yetaklaydigan timsollarga boy baytlarda yurt tuprog'iga bo'lgan mehr-muhabbat, onaga bo'lgan sadoqat, tabiatga bo'lgan ehtirom o'z aksini topgan. Ayniqsa, “Vatan bo'lmas Vatandan tashqarida” nomli g'azalini o'qiganda “Nihol ek ezgulik bog'iga, inson” deya yurtni gulu gulzorlarga aylantirishga undayotgan nafis va da'vatkor misralardan o'quvchi ta'sirlanadi va Vatan xizmati uchun bel bog'lab oyoqqa qalqadi.
Chamandirsan chamandan tashqarida,
Chamanlar bari sandan tashqarida.
Nihol ek, ezgulik bog'iga, inson,
Yuribsan to kafandan tashqarida.
O'zingdan ichkari kir, dilga kirgil
Na bordir jon va tandan tashqarida.
Vatan ichra safarlar ayla, ey dil,
Vatan bo'lmas Vatandan tashqarida.
Shunday yurakdan, qalb qo'ridan otilib chiqqan satrlar, “Yarim asr devoni”dan joy olgan jamiki she'ru g'azallar o'quvchini bepoyon Vatanning betakror dashtu dalalari sari yetaklaydi. Mustaqilligimizning bergan bebaho ne'matlari badiiy mahorat bilan tarannum etilgani ko'nglimizni yoritadi:
Qaldirg'ochlarga ber ayvonlaringni,
Qushning ham bek bilan bekasi bordir.
Singiljon, ekaver rayhonlaringni,
Egasi bor yurtning ertasi bordir…
Axtamqul KARIMOV,
O'zbekiston Yozuvchilar
uyushmasi a'zosi.