Chin she'rsevar

Nusratulloh Karimxonning “Onajonim — Turkiston” hamda “Mo'minlik xislatlari” kitoblari “ijodkorning yozganlari uning qalbini o'rtab, bezovta qilgan quvonchu qayg'ulari, ko'nglining tubiga cho'kib yotgan alamu armonlari, dilida ardoqlab yurgan orzu-istaklari, uni ko'p azoblaydigan vahimayu tahlikalarning aksidir” degan aksiomani tasdiqlaydi. Ushbu she'rlar to'plamining biri 2023 yilda, ikkinchisi esa 2024 yilda “Shamsiddin Boboxonov” nashriyotida bosilib chiqqan.

“Onajonim — Turkiston”da iste'dodli shoir Ilhom Ahrorning “O'z ko'nglining musavviri” sarlavhali so'zboshisi berilgan. “Mo'minlik xislatlari” esa mashhur din ulamosi Anvar qori Tursunovning “Arba'in”lardan ilhomlanib…” sarlavhali maqolasi bilan taqdim etilgan. Mazkur so'zboshilardagi mulohazalardan ham, to'plamlardagi she'rlarning ma'no-mazmunidan ham Nusratulloh Karimxon benihoya kamtaru kamsuqum, xokisoru kuyunchak, ta'sirchanu o'ziga talabchan, haqiqiy she'rsevar inson bo'lib umrguzaronlik qilgani ayonlashadi. Ulardan yana bir haqiqat — u she'riyatga chin oshiq bo'lgani, Rauf Parfi, Shavkat Rahmon, Usmon Azim, Tilak Jo'ra, Sirojiddin Sayyid singari taniqli shoirlarning she'rlariga maftun bo'lib yashagani, do'stlari, qadrdonlariga juda oqibatli bo'lgani, odamlarga mehr ko'rsatishga, kimga bo'lsa-da, imkon boricha yaxshilik qilishga intilib, bir og'iz shirin so'zdan, muloyim muomaladan ko'ngli tog'day ko'tarilib, hayot kechirgani oydinlashadi.

“Onajonim — Turkiston”dagi “Iqtisod”, “Dog'li dil armoni”, “So'zni o'qlaymiz”, “Sabr daraxti” kitobiga yozuv”, “Ustoz Rauf Parfi xotirasiga” kabi bitiklar Rauf Parfi, Usmon Azim, Shavkat Rahmon singari o'zbek she'riyati darg'alarining ijodi Nusratulloh Karimxonning qalbini daryo misol mavjlantirib, xayollarini osmon qadar yuksaltirganidan so'zlaydi. U ushbu ulug' shoirlar bilan hayot va adabiyot haqida suhbatlashishdan to'ymagani, ularga bermoqchi bo'lgan savollarining ko'p qismi ko'nglida qolib ketgani, she'rsevarlar e'tiborini tortgan to'plamlar mualliflarining inson va ijodkor sifatidagi olami uni hamisha maftun etib kelganini oshkor etadi.

“Onajonim — Turkiston”, “Mo'minlik xislatlari”dagi bitiklarni Nusratulloh Karimxondan boshqa qalamkash yozmas, aniqrog'i, bu darajada yozolmas edi. Chunki u ayni bitiklarida e'tibor qaratilgan holatlarning ko'pini shaxsan boshidan kechirgan, bir qismini ko'rib, kuzatgan. Unga ana shu holatlar bilan bog'liq o'y-kechinmalarini qog'ozga tushirib, boshqalarga yetkazmasa, gunoh bo'ladigandek tuyulgan. “Onajonim — Turkiston”dagi turli mavzu, har xil janrdagi bitiklar turmush turfa voqea-hodisalarga to'laligidan, u hamisha kutilmagan muammolar, g'alvalarni ko'ndalang qilib qo'yishidan va hayot deganlari avvalo o'zining xuddi mana shu jihati bilan qiziqarli va maftunkor ekanligidan naql qiladi.

To'plamdagi ko'pgina bitiklarda mashhur shoirlarning she'rlaridagi ayrim satrlar peshso'z sifatida qo'yiladi. Bitikni o'qish davomida esa Nusratulloh Karimxon peshso'z olingan ushbu she'rni xuddi o'zi yozgandek hayajonlanib, xursand bo'lgani va quvonchi, shodligini boshqalar bilan baham ko'rish uchun shunday yo'l tutgani oydinlashadi. “Onajonim — Turkiston”da oz emas-ko'p emas, besh yuztacha she'r jamlangan bo'lib, shuning talayginasida peshso'z yarqirab turadi. Mazkur peshso'zlar “Mo'minlik xislatlari” to'plami muallifi o'ziga yoqqan, uni mutaassir etgan she'rlarni o'zgalarga maroqlanib ta'rif-tavsif etishdan ko'p zavqlanganini bildiradi. Bunday fazilat esa juda kamyob bo'lib, hatto shoirlar orasida-da bunday xislatga ega kishilar barmoq bilan sanash mumkin bo'lgan darajadaligini barcha yaxshi biladi. Ayni g'aroyib fazilat chin, haqiqiy she'rsevarlardagina kuzatiladi va bu ularni boshqalardan alohida ajratib, allaqanday nurli qilib ko'rsatadi. Nusratulloh Karimxon singari asl she'rsevarlar ijtimoiy ahvoli, kasb-kori, dunyoqarashi, e'tiqodidan qat'i nazar, xokisorligi, halimligi, ishonuvchanligi va yana ko'p insoniy fazilatlari bilan qavm-qarindoshlari, do'stu birodarlari, hamkasblari, jamoadoshlari davrasiga bo'lakcha fayz, shukuh bag'ishlaydi. Har bir kishi she'rsevarlarning yurish-turishi, gap-so'zi, yig'in-mashvarat, to'ylarga alohida tantanavor ruh berishini darhol sezadi. Iste'dodli ijodkor Ilhom Ahror so'zboshisi bilan taqdim qilingan to'plamdagi peshso'zlar ham Nusratulloh Karimxonning she'r tanish malakasi, she'rdan ta'sirlanish darajasi balandligidan darak beradi.

“Mo'minlik xislatlari” muallifining qalbi odamlarning ezgu amallarini ko'rib, ularning o'zaro mehr-oqibatiga guvoh bo'lganida, tuyg'ular, kechinmalar tiniq aks etgan she'rlarni mutolaa qilganida cheksiz zavqqa to'lgan. O'sha paytda unga turmushning tuganmas tashvishlari, uning kutilmagan sinov va g'alvalari-da xalaqit berolmagan, to'sqinlik qilolmagan. U o'sha kezlarda quvonchi, shodligini baham ko'rish, dardlashib, suhbatlashish uchun beixtiyor qadrdon birodarlari, Rauf Parfi singari shoirlar huzuriga talpingan. Ayni holat esa nainki Nusratulloh Karimxonning tengdoshlari, davradoshlari, balki juda ko'p yosh qalamkashlarning tarjimai holida ham chuqur iz qoldirib, shaxsiy hayoti va ijodiy yo'lida o'chmas iz qoldirgan.

Xullas, “Onajonim — Turkiston”, “Mo'minlik xislatlari”dagi bitiklar Nusratulloh Karimxon kim ekanligi, u qanday inson bo'lib yashab o'tgani, qalamkash sifatidagi saviyasi va darajasi haqida ko'p haqiqatlarni aytib beradi. Otashqalb shoira Halima Ahmedovaning: “Bilasizmi, bu shoir (Rauf Parfi — A.U.)ga nima uchun bog'lanib qolgan edik? U bu o'tkinchi dunyoga avliyolarday qarardi, odamlarni tamasiz yaxshi ko'rardi. Rauf Parfining namoz o'qiganini bilmayman (bu bilan zinhor namoz o'qimaslikni tashviq qilmoqchi emasman. Faqat namoz o'qib turib-da, atrofidagilarga yomonlik otguvchi insonlar ham ko'p). Ammo u har doim Xudo bilan birga edi. Qalbidan doim dilkash bir ohang sitilib chiqar ediki, hammamiz o'sha ohangning atrofida to'planardik. Bu ohang mehr edi, yaxshilik, ezgulik edi. Rauf aka ruhan ulug' xudojo'y edi. Eshik qo'ng'irog'i jiringlasa, o'ziga yarashgan tabassum bilan: “Yaxshi odam keldi”, — der edi. U hammaga ishonar edi… Bizda odamlarga nisbatan shunday ishonch bormi?..” degan so'zlarida Nusratulloh Karimxon singari qalamkashlar nima uchun ulug' shoir Rauf Parfiga talpingani, unga xuddi sadoqatli murid pokdomon piriga intilgani sababi oydinlashadi.

“Onajonim — Turkiston”dagi peshso'zlar Nusratulloh Karimning qalbida she'rlarning eng avj nuqtalari bo'lakcha sado berib jaranglagani, “Mo'minlik xislatlari”da tanlangan hadislar esa u islom dini insoniyatga hayotning bepoyon haqiqatlaridan xabardor qiladigan beqiyos ko'zgu ekanini chuqur anglagani va payg'ambarimizning so'zlariga sidqidildan amal qilishga intilib, tiniq tuyg'ular bilan shirin halovat og'ushida yashab o'tganini ayon etadi. O'z-o'zidan aniqki, bunday inson o'zining faoliyatiga har doim tanqidiy nigoh bilan qaraydi, ishlaridagi kamchilik, nuqsonlarni hamisha mardona tan oladi. Qo'limizdagi to'plamlar muallifi ham yozganlaridagi yetishmovchiliklarni, bitiklarining qofiyalaridagi zaiflikni, misralardagi zo'rma-zo'rakilikni yaxshi bilgan, his-tuyg'u, kechinmalarini qog'ozga tushirishda ko'p zo'riqib bo'g'ilishini sezgan va o'zining ushbu holatidan ich-ichidan iztirobga tushib, xo'p qiynalgan. “Onajonim — Turkiston” va “Mo'minlik xislatlari”dagi ko'pgina bitiklar buni tasdiqlaydi. Chunki muallif “Tuzsiz hayot kechgay”da:

 

Kim ko'z ochig'u qalbi uxloqda,

Behis o'lik kabi qotmish muzloqda.

Tubanlik g'orida umrin qoralab,

Tuzsiz hayot kechgay betuz tuzloqda, —

 

desa, “Tabib o'giti”ni:

 

O'g'lon, kerak bo'lsa, joningga sog'liq,

Ichku bilan qilma yurakni dog'liq.

Aroq ila chekish illati nosur,

Sog'liq olmasiga tushgan qurt erur… —

 

tarzida boshlaydi. O'quvchi “uxloqda”, “muzloqda”, “tuzloqda” soxta, sun'iy so'z ekanligini, muallif qofiya hosil qilish uchun ularni zo'riqib, bo'g'ilib yasaganini, albatta, sezadi.

U fe'l-atvorida tug'ma mo'minlik xislatlari barq urganidan “Men shoirman!” deb da'vo, iddao qilmagan, “tengdoshlarimdan ortda qolmayin” deya minbarlarga chiqib, baqirib-chaqirib, og'zi ko'pirib she'r o'qishga intilmagan. O'zining holini anglash, saviyasini sezish, darajasini bilib ish tutish esa musulmonning eng muhim sifati, uni o'zgalardan farqlab, ajratib turadigan alohida xususiyatidir.

Nusratulloh Karimxon turli mavzularga murojaat qilgan bo'lsa-da, “Onajonim — Turkiston”da uning diqqatini ona Vatan va sevgi-muhabbat mavzusi ko'proq jalb etgan. U ham barcha millatsevar kishilar singari xalqining baxtini, Vatanining saodatini yurtining mustaqilligi, ozodligi, hurligida ko'radi. Uning bu ishonchini barcha zamonlarning o'zgarishlarga to'la voqealari mustahkamlaydi. Shu bois u o'quvchilariga:

 

Yurtga bo'lmoq ersang jon fido

farzand,

Qalbdan sadoqating sen qilib ayon.

Erk manim shonim deb yon-u-yon-u-yon!

Nechun tirik jonsan tosh qotib yotsang,

Jaholat yo'liga o'zni qil qalqon.

Boshni egib yashamoq burchga xiyonat,

O'zligim qonim, deb qad rostlab shoyon.

“Vatanim — jonim!” deb yon-u-yon-u-yon! —

 

deb murojaat qiladi.

Har ikkala to'plamdagi bitiklar muallif ulardan qanoatlanmagani, uning qalbida yozganlaridan ko'ra yaxshiroq yozishga intilish istagi doim jo'sh urgani, ana shu tiyiqsiz istak uning qo'liga qog'oz-qalam tutqazganini ayon qiladi. “Mo'minlik xislatlari”, “Onajonim — Turkiston”dagi bitiklar ko'pchilik e'tibor bermaydigan, hamma ham anglayvermaydigan abadiy haqiqatni — so'z insoniyatga berilgan ilohiy ne'mat ekanini, chinakam she'r esa hayratomuz ijod namunasi sanalishini beixtiyor esga soladi. O'quvchilar muallif mazkur to'plamlardagi bitiklarini mutolaa qilgan kitoblari, o'qigan she'rlarining kuchli ta'siri ostida qog'ozga tushirganini, albatta, sezadi. Haqiqatan, san'at namunalari, ayniqsa, asl she'r tabiatan hissiyotlariga berilib yashaydigan tuyg'u odamlariga tez ta'sir o'tkazadi. Chunki so'zlarning she'rdagi jarangdor ohanglari, ma'no jilolari bunday kishilarning qalbini farahga to'ldirib, ularni ma'nan-ruhan quvvatlantiradi, ertangi kunga intilish hissini kuchaytirib, hayotga umidi, ishonchini oshiradi. She'rning, qo'shiqning, musiqaning ana shu singari ta'siri esa kishilarning xayol-tasavvuri, ong-tafakkurida turmushda erishib bo'lmaydigan narsalarni naqd qilib qo'yadi…

Abdulla ULUG'OV,

adabiyotshunos.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen − 3 =