Vatan, millat, muhabbat
G'ayrat MAJID
Manim ko'zim, qarog'im,
Mangu yashil yaprog'im,
Million yillik sabog'im,
Vatan, millat, muhabbat.
To'qson ikki bovli el,
Ham yorli, ham yovli el,
Yovqur, jasur, dovli el,
Vatan, millat, muhabbat.
Ichimda dard, armon bor,
Dovul bordir, bo'ron bor,
Turkiston bor, Turon bor,
Vatan, millat, muhabbat.
So'nmas shiddat, surondir,
Engilmas kuch iymondir,
Amir Sohibqirondir,
Vatan, millat, muhabbat.
Ozod bo'lgin, qul bo'lma,
Qovjiragan gul bo'lma,
Boshi xam qiz, ul bo'lma,
Vatan, millat, muhabbat.
Hech qulamas ustunlar,
Yakdil bo'lsa budunlar,
Bo'linmaydi butunlar,
Vatan, millat, muhabbat.
Mahshargacha so'zim shu,
Oyday yorug' yuzim shu,
Manim borim, o'zim shu,
Vatan, millat, muhabbat.
Orim, sha'nim, shonimsan,
Bobomeros qonimsan,
O'zbekiston, jonimsan,
Vatan, millat, muhabbat.
