Inson taqdiri hal bo'ladigan mavzu

yoki bugun sud va jurnalistika uyg'unligi jamiyatda adolat va ishonch muhitini qay darajada mustahkamlamoqda?

Jamiyatda adolat mezonining qay darajada ishlayotgani ko'p jihatdan sud tizimi faoliyati bilan baholanadi. Sud jarayonlari esa faqat huquqshunoslar yoki ayblanuvchilargagina daxldor mavzu emas. U butun jamiyat uchun muhim bo'lgan ijtimoiy hodisadir. Shu sabab sud jarayonlarini yoritish jurnalistikaning eng mas'uliyatli va murakkab yo'nalishlaridan biri hisoblanadi.

Bugungi kunda sud jurnalistikasi nafaqat biror jinoyat haqida xabar berish, balki adolatning qanday qaror topayotganini jamoatchilikka ko'rsatish vazifasini ham bajaradi. Chunki ochiq va shaffof sud tizimi demokratik jamiyatning asosiy belgilaridan biridir. Matbuot esa ana shu shaffoflikni ta'minlovchi muhim vosita sanaladi.

O'zbekiston Respublikasining “Sudlar to'g'risida”gi Qonuni hamda Konstitutsiyada sudlarning ochiqligi va oshkoraligi tamoyili belgilangan. Bu esa jurnalistlarga sud jarayonlarini kuzatish va qonun doirasida yoritish imkonini beradi. Biroq sud jurnalistikasi oddiy reportajdan farq qiladi.

Unda birgina noto'g'ri so'z inson taqdiriga, jamiyat fikriga yoki sudning xolisligiga u yoki bu tarzda ta'sir ko'rsatishi mumkin. Aynan shu sabab sud jurnalisti yuqori huquqiy savodxonlikka ega bo'lishi zarur. U jinoyat va jazo tushunchalarini, sud protseduralarini, aybsizlik prezumpsiyasi kabi huquqiy tamoyillarni chuqur bilishi kerak. Chunki sud hukmi chiqmaguncha hech kim jinoyatchi deb e'tirof etilmaydi. Ammo ba'zi hollarda ijtimoiy tarmoqlar yoki ayrim OAVlarda sud yakunlanmasdan turib insonlarga “jinoyatchi” tamg'asi qo'yilayotgani jurnalistika etikasi va qonunchilikka zid holatlarni yuzaga chiqarmoqda.

Sud jurnalistikasining yana bir muhim jihati — u jamiyatdagi huquqiy madaniyatni shakllantiradi. Odamlar ko'pincha qonunni aynan sud jarayonlari orqali anglaydi. Masalan, korrupsiya, firibgarlik, oilaviy zo'ravonlik yoki kiberjinoyatlar bo'yicha sudlar yoritilganda fuqarolarda huquqiy tushuncha va ogohlik paydo bo'ladi. Demak, sud jurnalistikasi faqat axborot beruvchi emas, balki tarbiyaviy vazifani ham bajaradi.

Biroq bu yo'nalishda muammolar ham yetarli. Ayrim jurnalistlarning sensatsiya ortidan quvishi, inson sha'ni va daxlsizligini e'tibordan chetda qoldirishi sud jurnalistikasining mohiyatiga zarar yetkazmoqda. Ba'zan sud zalidagi emotsiyalar reyting uchun vositaga aylantiriladi. Vaholanki, sud — shou emas, inson taqdiri hal bo'ladigan maskan.

Jamiyatda sud tizimiga nisbatan shubha bilan qarash kayfiyatining shakllanishi birgina omil bilan bog'liq emas. Bunga tarixiy qarashlar, axborot muhiti va ayrim noto'g'ri talqinlar sabab bo'lmoqda. Avvalo, ko'pchilik ongida sud hanuz “jazolovchi organ” sifatida tasavvur qilinadi. Holbuki, sudning asosiy vazifasi faqat jazo tayinlash emas, balki adolatni qaror toptirish, inson huquqlarini himoya qilish va nizolarni qonuniy hal etishdan iborat. Yana bir muhim sabab — ayrim blogerlar yoki OAV vakillarining sud jarayonlarini yetarli huquqiy bilim va faktlarsiz yoritishidir. Ba'zan hali hukm chiqmasidan turib inson “jinoyatchi” sifatida talqin qilinadi, ayrim holatlarda esa voqeaning faqat bir tomoni ommaga ko'rsatiladi. Tekshirilmagan, hissiyot asosiga qurilgan yoki reyting ortidan quvishni ko'zlab tayyorlangan materiallar esa jamoatchilik fikrini biryoqlama shakllantirib, sudga nisbatan ishonchsizlikni kuchaytiradi. Bundan tashqari, sud jarayonlarining murakkab huquqiy tilda olib borilishi, oddiy fuqaroga tushunarli izohlarning kamligi ham odamlarni turli taxmin va gumonlarga yetaklaydi. Ayrim hollarda esa ijtimoiy tarmoqlarda “xalq sudi” shakllanib, sud qaroridan oldin jamoatchilik “hukmi” chiqarib bo'linadi. Natijada odamlar rasmiy sud qaroridan ko'ra, internetdagi talqinlarga ko'proq ishonadigan holatlar paydo bo'lmoqda. Demak, sud tizimiga ishonchni oshirish uchun nafaqat sudlarning ochiqligi, balki mas'uliyatli jurnalistika, huquqiy savodxonlik va xolis axborot muhiti ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu boisdan ham sud tizimi bilan OAV o'rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish bugungi davr talabi bo'lib qolmoqda. Ochiq sudlar sonining ortishi, matbuot xizmatlarining faol ishlashi va jurnalistlar uchun huquqiy treninglarning tashkil etilishi bu yo'nalish rivojiga xizmat qiladi.

Bugungi kunda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti va Odil sudlov akademiyasi bilan hamkorlikda sud-huquq mavzularini professional yoritishga ixtisoslashgan “Sud jurnalistikasi” kursining tashkil etilgani ham bu yo'nalishga bo'lgan e'tibor ortib borayotganini ko'rsatadi. Mazkur kurs orqali talaba-yoshlarga sud tizimi faoliyati, huquqiy terminologiya, sud jarayonlarini xolis yoritish tamoyillari hamda jurnalist etikasi bo'yicha amaliy va nazariy bilimlar beriladi. Eng muhimi, bu tashabbus jurnalistikada yangi va mas'uliyatli yo'nalish shakllanayotganidan dalolat beradi. Yaqin kunlarda kurs tinglovchilarining dastlabki bosqichni tamomlashi sud jurnalistikasi bo'yicha professional kadrlar tayyorlash jarayoni amaliy bosqichga o'tganidan dalolat. Bu esa kelajakda sud tizimi faoliyatini chuqur tahlil qila oladigan, xolis va huquqiy savodxon jurnalistlar safi kengayishiga xizmat qilishi mumkin.

Tahlil shuni ko'rsatadiki, sud jurnalistikasi demokratik jamiyat uchun zarur institutlardan biridir. Chunki matbuot bo'lmagan sud tizimi yopiq muhitga aylanadi, sudsiz jurnalistika esa fakt va huquqiy asosdan uzoqlashadi. Ularning uyg'unligi esa jamiyatda adolat va ishonch muhitini shakllantiradi.

Sud jurnalistikasida jurnalist oddiy axborot yetkazibgina qolmay, katta mas'uliyatni o'z zimmasiga oladi. Unda jurnalist nafaqat voqeani yoritadi, balki inson huquqi, qonun ustuvorligi va jamiyat ishonchi o'rtasidagi nozik muvozanatni ham saqlaydi. Shu bois sud jurnalistikasi professionallik, xolislik va huquqiy bilim talab qiladigan eng murakkab, ammo eng zarur jurnalistika yo'nalishlaridan biri bo'lib qolaveradi.

Tahlillar shuni ko'rsatadiki, bugungi kunda huquqiy jurnalistikaning ahvoli havas qiladigan darajada emas. Savodli, bilimli va sud-huquq sohasini mukammal biladigan, qiyomiga keltirib yozadigan, teleko'rsatuvlar, lavhalar tayyorlay oladigan jurnalistlar juda kam. Aytish mumkinki, bo'lsa, barmoq bilan sanaydigan. Demak, bu borada jiddiy o'ylab, munosib kadrlar tayyorlashga e'tibor qaratish shart.

Farangiz ABRUYEVA.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × 2 =