Sud tizimida yangi bosqich

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda sud-huquq tizimini isloh qilish borasida izchil va keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur islohotlar, avvalo, inson huquqlari, adolat va qonun ustuvorligini ta'minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Prezident tomonidan ilgari surilgan “Adolat — davlat siyosatining ustuvor yo'nalishi” degan tamoyil sud tizimidagi o'zgarishlarning mazmun-mohiyatini belgilab berdi. Sud hokimiyatining mustaqilligini ta'minlash, sudyalarning nufuzini oshirish va ularni har qanday tashqi bosimlardan himoya qilish bugun davlatimiz siyosatidir.

So'nggi yillarda sudyalarni tanlash va tayinlashda ochiqlik va shaffoflikka erishildi. Sudyalar faoliyatini baholashning yangi tizimi joriy qilinib, ularning kasbiy mahorati va halolligi asosiy mezon sifatida belgilandi. Bu esa sud qarorlarining xolis va adolatli qabul qilinishiga xizmat qilmoqda.

Prezident tashabbusi bilan inson huquqlarini sud orqali himoya qilish kafolatlari kuchaytirildi. Aybsizlik prezumpsiyasi amalda ta'minlanib, fuqarolarni asossiz javobgarlikka tortish holatlariga sezilarli chek qo'yildi. Qamoqqa olish, tintuv o'tkazish kabi choralar faqat sud qarorlari asosida amalga oshirilishi qat'iy qoidaga aylandi.

Shuningdek, sud ishlarida zamonaviy axborot texnologiyalarining joriy etilishi bugungi islohotlarning muhim yo'nalishlaridan biridir. Elektron sudlov tizimi, onlayn sud majlislari va sud qarorlarining ochiq e'lon qilinishi sud jarayonlarida xolislikni ta'minlab, fuqarolarning sudga bo'lgan ishonchini mustahkamlamoqda.

Ma'muriy sudlar faoliyatining kengayishi ham davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan amalga oshirilgan muhim islohotlardan hisoblanadi. Bu orqali fuqarolar va tadbirkorlarning davlat organlari ustidan shikoyat qilish huquqi samarali kafolatlanmoqda.

Bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari mamlakatda adolatli jamiyat va haqiqiy huquqiy davlat barpo etishga xizmat qilmoqda. Bu islohotlar xalq manfaatlarini ta'minlash, qonun ustuvorligini mustahkamlash va kelajak avlod uchun mustahkam huquqiy poydevor yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Xurshid IBRAGIMXODJAYEV,

Jinoyat ishlari bo'yicha Shahrixon tuman sudining

tergov sudyasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × three =