Xususiy ayblov instituti
Mamlakatimizda inson, uning hayoti, erkinligi, sha'ni va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadigan insonparvar demokratik davlatni barpo etish borasida tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Inson huquq va erkinliklarini ta'minlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli ishlar ayrim jazo choralarini qilmishning xususiyatiga, jazolashdan ko'zlangan maqsadga erishish uchun yetarliligiga qarab qayta ko'rib chiqish zaruriyatini yuzaga keltirmoqda.
Shundan kelib chiqqan holda o'tgan yil 10 iyul kuni “O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksiga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish haqida”gi Qonun qabul qilindi.
Mazkur Qonun bilan O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksiga ayrim huquqbuzarliklar uchun qilmishning xususiyatidan, jazolashdan ko'zlangan maqsadga erishish uchun yetarlilik nuqtai nazaridan kelib chiqqan holda ma'muriy javobgarlikni bekor qilishga qaratilgan tegishli o'zgartirishlar kiritildi.
Shuningdek, ma'muriy huquqbuzarliklar to'g'risidagi ishlarni yuritish amaliyotiga xususiy ayblov institutini joriy etish nazarda tutildi.
Shu munosabat bilan ma'muriy huquqbuzarliklar to'g'risidagi ayrim toifadagi ishlar faqat jabrlanuvchining arizasiga ko'ra yuritilishi belgilandi.
Qonun bilan MJtK 2693-modda (Jabrlanuvchining arizasiga asosan ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risida ish yuritish) bilan to'ldirilib, ushbu Kodeksning 40, 41, 44, 45, 46, 461, 52-moddalarida, 612-moddasida (bundan korxonalar, muassasalar, tashkilotlar mustasno), 1933-moddasida hamda 2022-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan ma'muriy huquqbuzarliklar jabrlanuvchining huquqbuzarni javobgarlikka tortish haqidagi arizasiga ko'ra javobgarlikka sabab bo'lishi haqidagi qoida kiritildi.
Shuningdek, jabrlanuvchi nochor ahvolda bo'lganligi, voyaga yetmaganligi, huquqbuzarga qaram bo'lganligi tufayli yoki boshqa sabablarga ko'ra o'z huquqlarini va qonuniy manfaatlarini o'zi himoya qila olmaydigan alohida hollarda vakolatli organning mansabdor shaxsi jabrlanuvchining arizasisiz ham ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi ishni yuritishni boshlashi shartligi nazarda tutildi.
Bundan tashqari, MJtKning 61-moddasi birinchi va ikkinchi qismlarida va 612-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik ustav fondida davlat ulushi mavjud bo'lmagan korxonaga, muassasaga, tashkilotga nisbatan uning xodimi tomonidan sodir etilganda mazkur korxona, muassasa, tashkilot rahbarining, mulkdorining yoki vakolatli boshqaruv organining arizasiga ko'ra javobgarlikka sabab bo'lishi bilan bog'liq norma qabul qilindi.
Ushbu Qonun huquqiy ta'sir choralari asossiz qo'llanilishining oldini olishga, fuqarolar huquq va erkinliklarining kafolatlarini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Otabek RAVShANOV,
O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi
boshqarma prokurori,
Rustamjon QUVANOV,
Toshkent shahar prokuraturasi bo'lim boshlig'i.
