Odil sudlovning yangi qiyofasi
Sud-huquq islohotlari: tadrijiylik,
mantiqiylik va yangi tendensiyalar
Yangi O'zbekistonda sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini amalda ta'minlash yo'li bilan odil sudlov faoliyatini to'laqonli amalga oshirish yangi jamiyatning eng muhim vazifasi sifatida belgilandi. Bu borada sud organlarini tashkiliy-institutsional jihatdan tubdan takomillashtirishga qaratilgan 70 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Tadrijiylikdan kelib chiqib aytadigan bo'lsak, mamlakatimiz taraqqiyotining mutlaqo yangi bir bosqichiga o'tilganidan keyin, dastlabki qabul qilingan eng muhim va fundamental xarakterga ega bo'lgan normativ-huquqiy hujjatlardan biri sifatida — O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 21 oktyabrdagi “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmonini alohida keltirish maqsadga muvofiq.
Mazkur farmonga muvofiq: odil sudlovga oid xalqaro talab va standartlarda belgilangan tamoyillardan kelib chiqib, ilk bor sudyalarning vakolat muddatlari qayta ko'rib chiqildi va sudyalik lavozimiga birinchi marotaba besh yil muddatga va keyin o'n yil muddatga, shundan so'ng muddatsiz davrga tayinlash (saylash)ni nazarda tutuvchi qoidalar o'rnatildi.
Ushbu qoida BMT Sud organlari mustaqilligi asosiy prinsiplarining 12-moddasida belgilangan sudyalik lavozimida bo'lish kafolatiga to'la muvofiq kelib, sudyalarning mustaqilligi va daxlsizligi kafolatlarining huquqiy asoslarini progressiv normalar bilan yanada takomillashtirishga xizmat qildi hamda sudyalarning almashtirilmasligi prinsipi ta'minlanishiga olib keldi. Shuningdek, sudyalar sudyalik faoliyatini amalga oshirishida barcha tuzilmalar va mansabdor shaxslarning ma'muriy buyruqbozliklaridan xoli bo'lishiga ijobiy ta'sir ko'rsatdi.
Ozodlikdan mahrum qilish bilan bog'liq bo'lmagan muqobil jazo turlarini qo'llashni kengaytirish orqali qamoq tariqasidagi jinoiy jazo tugatilishi nazarda tutildi.
Jinoyatni sodir etishda gumon qilingan shaxslarni ushlab turish muddati 72 soatdan 48 soatga qisqartirilishi belgilandi.
Qamoqqa olish va uy qamog'i tarzidagi ehtiyot choralarini qo'llashning, shuningdek, dastlabki tergovning eng ko'p muddati 1 yildan 7 oyga qisqartirilishi bilan bog'liq yangi insonparvar normalar amalga kiritildi.
Sud amaliyotida “Xabeas korpus” institutini qo'llash kengaytirilib, pochta-telegraf jo'natmalarini xatlab qo'yish va eksgumatsiya qilish uchun sanksiya berish huquqi sudlarga o'tkazildi, sudlarga qamoqqa olish yoki uy qamog'i tarzidagi ehtiyot chorasini qo'llash rad etilganda muqobil ehtiyot choralarini qo'llash huquqi berildi.
Tergovning to'liq emasligini sud muhokamasi jarayonida to'ldirish mexanizmlarini joriy etish orqali sud tomonidan jinoyat ishini qo'shimcha tergov yuritishga qaytarish instituti bekor qilinishi bilan tergov va surishtiruv organlari mutasaddilarining o'z kasbiy faoliyatiga alohida mas'uliyat bilan yondashishi, asossiz ayblovlar qo'yilishining oldi olinishi, shaxsning aybdor ekanligini isbotlovchi maqbul dalillar yetarli bo'lmasa, unga nisbatan oqlov hukmi chiqarilishi va natijada sudning himoya funksiyasini amalga oshirishiga to'liq imkoniyat yaratdi.
Sud hokimiyatining ijro hokimiyatidan moliyaviy mustaqilligi asoslari yaratilib, adliya organlarining umumiy yurisdiksiya sudlari faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy ta'minlash sohasidagi vazifa va vakolatlari O'zbekiston Respublikasi Oliy sudiga o'tkazildi va O'zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori bilan Oliy sud huzurida Sudlar faoliyatini ta'minlash departamenti tashkil etildi.
Sud organlari faoliyatining samaradorligi uchun eng muhim bo'lgan omil — moliyaviy, moddiy-texnik mustaqilligini ta'minlash bilan bog'liq ushbu o'zgarish sud tizimini ijro etuvchi hokimiyat organlarining bilvosita ta'siridan chiqarish imkonini berishini ham alohida ta'kidlash lozim;
Fuqarolik, jinoyat ishlari bo'yicha sudlar va xo'jalik sudlarining vakolatlarini qayta ko'rib chiqish yo'li bilan ma'muriy sudlarni tashkil etish vazifasi belgilanib, 2017 yilning 1 iyunidan mamlakatimiz tarixida birinchi marta fuqarolar va tadbirkorlik sub'yektlarining davlat organlari va ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilishga oid konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishga qaratilgan ma'muriy sudlar tashkil etildi.
Yangi O'zbekiston sud tizimining amalda chinakam mustaqilligini ta'minlash, ular faoliyati samaradorligi va nufuzini oshirish, sudlar tuzilmasini hamda sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash va tayinlash tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida 2017 yil 21 fevralda navbatdagi huquqiy hujjat — O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “O'zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni qabul qilindi.
Ushbu farmonga muvofiq:
— xalqaro standartlar va rivojlangan demokratik davlatlarning ilg'or tajribasiga to'la mos keladigan sudyalarni tanlash va lavozimga tayinlashning ochiq, oshkora va muqobil tizimini yaratish maqsadida mamlakatimiz sud tizimi tarixida ilk bor sudyalar hamjamiyatining eng muhim organlaridan biri bo'lgan O'zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tashkil etilib, unga sudyalar hamjamiyatining konstitutsiyaviy organi degan maqom berildi.
— 2017 yilning 1 iyunidan boshlab O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo'jalik sudi birlashtirilib, fuqarolik, jinoiy, ma'muriy va iqtisodiy sud ish yurituvi sohasidagi sud hokimiyatining yagona oliy organi — O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi tashkil etildi. Ushbu tashkiliy-tuzilmaviy o'zgarish natijasida sud tizimini boshqarishdagi bir-birini takrorlovchi funksiyalar bartaraf etildi, sud tizimining markazlashgan yagona boshqaruvi tashkil etildi hamda yagona sud amaliyotini shakllantirish imkoniyati kengaydi.
— O'zbekiston Respublikasi Harbiy sudining qo'riqlash vzvodini tugatish orqali O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi Harbiy hay'ati, O'zbekiston Respublikasi Harbiy sudi, okrug va hududiy harbiy sudlar O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibidan O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi tizimiga o'tkazildi.
— oldingi Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xo'jalik sudlari Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiy sudlari tarzida o'zgartirilib, bu sudlarga taalluqli ishlarni birinchi instansiyada ko'rib chiqishga vakolatli bo'lgan tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudlari tashkil etildi;
— sudya lavozimida bo'lishning eng yuqori yoshi, ya'ni tuman va viloyat sudlari sudya lavozimlarini 65 yoshgacha, Konstitutsiyaviy va Oliy sud sudyalari lavozimlarini 70 yoshgacha belgilash sudyalarning mustaqilligini kafolatlash bilan bir qatorda mamlakatimizda professional sudyalar korpusini shakllantirishga, sud tizimini yetuk, yuqori malakali, katta tajribaga ega bo'lgan va munosib sudyalar bilan to'ldirishga, ularning boy tajribalaridan keng foydalanishga hamda barqaror sudyalar maktabining yaratilishiga zamin yaratdi.
2017 yil 31 mayda “O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to'g'risida”gi Qonun qabul qilinib, unda Konstitutsiyaviy sudning qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligi to'g'risidagi ishlarni ko'rib chiqish bo'yicha doimiy faoliyat ko'rsatuvchi sud hokimiyati organi ekanligi belgilandi.
Tarixan birinchi marta sudyani almashtirib bo'lmasligi prinsipi joriy etilib, Konstitutsiyaviy sudning sudyasi o'z vakolatlari davrida almashtirilmasligi, sudyaning vakolatlari qonunda belgilangan tartibdan hamda asoslardan boshqacha tarzda tugatilishi yoki to'xtatilishi mumkin emasligi belgilandi.
2017 yil 30 avgustda Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada kengroq joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida barcha sudlarda ishlarning o'z vaqtida ko'rib chiqilishini nazorat qilishning samarador tizimini yaratish, odil sudlov ishlarini yurgizishdagi muammolar va kamchiliklarni aniqlash hamda ularni hal etish choralarini ko'rish maqsadida sudlar ishlarini avtomatlashtirish va ularning faoliyati to'g'risidagi axborotlarni tizimlashtirish vazifalari qo'yildi. Ahamiyatlisi, mazkur qaror bilan “2017 — 2020 yillarda Sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish Dasturi” tasdiqlanib, unda nazarda tutilgan muhim chora-tadbirlar o'z vaqtida va to'liq amalga oshirildi.
Sud zallari zamonaviy uskunalar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlanib, fuqarolar va tadbirkorlik sub'yektlari vakillari, davlat organlari mutaxassislari erkin kelishlari va respublika bo'yicha ochiq sud majlislarini real vaqt rejimida kuzatib borish imkoniyati yaratildi.
2020 yil 3 sentyabrdagi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish to'g'risida”gi qarorida sud organlarida fuqarolar va tadbirkorlik sub'yektlariga ko'rsatiladigan interaktiv elektron xizmatlar turlarini kengaytirish, har bir murojaatni ko'rib chiqish jarayonining onlayn kuzatib borilishini ta'minlash, sud binolarida interaktiv xizmatlardan erkin foydalanish imkoniyatini yaratish singari vazifalar belgilandi. Bundan tashqari, sud majlislarida masofadan turib, jumladan, mobil qurilmalar va elektron hamkorlikning boshqa shakllari orqali ishtirok etish imkoniyatini kengaytirish, shuningdek, ish bo'yicha taraflar uchun sud qarorlarini onlayn tarzda olish imkoniyati kengaydi.
Sud islohotlarining o'ziga xos xususiyatlaridan yana biri — sudyalarni moddiy ta'minlash va ijtimoiy himoya qilishning samaradorligini oshirishda namoyon bo'ladi. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 13 iyuldagi “Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoniga asosan, sudyalarning moddiy ta'minoti va ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida 2018 yil 1 avgustdan boshlab sudya va sud xodimlarining lavozim maoshining tarif koeffitsientlari bir yarim baravarga oshirildi, malaka va mansab darajasiga ega bo'lgan sudya va sud xodimlariga alohida mehnat sharoitlari uchun 50 foiz miqdorida ustama to'lanishi joriy qilindi.
Sudyalik lavozimiga nomzodlarning yosh senzi oshirildi. Yangi islohotlar davrigacha o'ttiz yoshdan kichik bo'lmagan shaxslar sudya lavozimiga tayinlanishi mumkin bo'lgan bo'lsa, endilikda o'ttiz besh yoshdan kichik bo'lmagan, oliy yuridik ma'lumotga va yuridik ixtisosligi bo'yicha, avvalambor, huquqni muhofaza qiluvchi organlarda kamida besh yillik mehnat stajiga ega bo'lgan O'zbekiston Respublikasi fuqarosi tumanlararo, tuman (shahar) sudining, hududiy harbiy sudning sudyasi bo'lishi mumkinligi to'g'risida muhim o'zgartish kiritildi.
Sudyalik lavozimiga nomzodlarni tayyorlash tartibini tubdan takomillashtirish, sudyalar va sudlar apparatlari xodimlarining malakasini oshirish tizimini yangi jamiyat talablariga moslashtirish borasida tom ma'nodagi demokratik islohotlar amalga oshirildi.
Sud sohasida kadrlar tayyorlashning amaldagi tizimi tahlilidan kelib chiqib, professional va yetuk sudyalik korpusini shakllantirish uchun Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi tashkil etildi.
Tizimli ravishda amalga oshirilgan sud islohotlarida yangi tendensiyalar, ayniqsa, tizimdagi ortiqcha byurokratik to'siqlarga va sud qarorlarini qayta ko'rishning bir-birini takrorlovchi bosqichlariga chek qo'yish, chet el investorlari huquqlarini sud organlari orqali himoya qilish maqsadida O'zbekiston Prezidentining 2020 yil 24 iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoni qabul qilindi.
Sud tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishni samarali yo'lga qo'yish, fuqarolarning sud hokimiyatiga bo'lgan ishonchini yanada oshirish maqsadida sud tizimida korrupsiya holatlarining oldini olish, Sudyalar oliy kengashi va sud tizimi faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta'minlash borasida bir qator yangi mexanizm joriy etildi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 13 yanvardagi “Sud organlari faoliyatini moliyalashtirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni, 2025 yil 21 avgust kuni imzolangan “Odil sudlov sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi, 2025 yil 21 avgust kuni imzolangan “Sudlar faoliyatiga sun'iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta'minotini yaxshilashga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi, 2025 yil 24 noyabr kuni imzolangan “Sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining samaradorligi va ochiqligini oshirish hamda sud mustaqilligi kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmonlarida sudya va sud xodimlarini mehnatiga haq to'lash, tizimni zamonaviy va salohiyatli kadrlar bilan ta'minlash, sudlar faoliyatiga sun'iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, sud hokimiyatining mustaqilligi to'g'risidagi konstitutsiyaviy prinsiplarni ta'minlashning huquqiy asoslarini yanada mustahkamladi.
Sudya ma'naviyatining eng muhim mezonlarini belgilash va ularni O'zbekiston qonunchiligiga aks ettirish odil sudlovning ma'naviy-axloqiy va huquqiy asoslarini takomillashtirishga olib keladi.
O'ziga xos tadrijiylik va chuqur mantiqiylikka asoslangan holda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli sud islohotlari Yangi O'zbekiston taraqqiyotining ustuvor g'oyasiga aylangan inson huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini to'laqonli himoya qilish hamda “adolatni qaror toptirish”ga qodir bo'lgan sud organlari faoliyatini yo'lga qo'yishdek strategik maqsadga mustahkam huquqiy asos bo'ladi. Mana shunday izchillik bilan bir-birini to'ldirib borayotgan demokratik islohotlar samarasida O'zbekiston sud tizimi ham shaklan, ham mohiyatan rivojlanishning mutlaqo yangi bir davrini boshdan kechirmoqda va odil sudlov tizimi yangi qiyofa kasb etmoqda.
Sherzod ABDUQODIROV,
O'zbekiston Respublikasi
Odil sudlov akademiyasi
rektori.
