Nikoh shartnomasini tuzish ixtiyoriydir

Oila — muqaddas vatan. U xalq va jamiyat hayoti, turmushiga oid urf-odatlarni o'zida sinovdan o'tkazadi. O'z bag'rida farzandlarni tarbiyalab, ularga umuminsoniy qadriyatlarni singdirib, boshlang'ich ijtimoiy yo'nalish beradi.

So'nggi yillarda davlatimiz tomonidan oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy istiqboliga keng imkoniyatlar yaratildi. O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham oilalarning haq-huquqlari huquqiy asosda himoyalandi. Shuningdek, azaliy an'analarimizni o'zida mujassam etgan Oila kodeksi va ko'plab huquqiy-me'yoriy hujjatlar qabul qilinib, hayotga tatbiq etildi. Qolaversa, yurtimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayoni bu boradagi ezgu an'ana va urf-odatlarimizni yangicha ma'no va mazmun bilan boyitib bormoqda.

Oila kodeksiga binoan, nikoh shartnomasi — nikohlanuvchi shaxslarning yoki er va xotinning nikohda bo'lgan davrda yoxud er va xotin nikohdan ajralgan taqdirda, ularning mulkiy huquq hamda majburiyatlarini belgilovchi kelishuvdir.

Oila huquqiy asoslarining uzviy bir qismi bo'lmish nikoh shartnomasi — nikohning rasmiy qayd etilishi, unda ishtirok etayotgan yigit va qizning shaxsiy hamda mulkiy huquqlarini yuzaga keltiradi. Oila qurayotgan bugungi yoshlar ichida bu jarayongacha tadbirkorlik qobiliyati yoki intellektual salohiyati bilan moddiy-moliyaviy jihatdan ancha narsaga erishganlar ko'pchilikni tashkil etadi. Er va xotinning nikohgacha o'ziga tegishli bo'lgan mol-mulki, shuningdek, ulardan har birining nikoh davomida hadya, meros tariqasida yoki boshqa bitimlar asosida olgan mol-mulki faqat o'zining mulki hisoblanadi. Shu ma'noda er-xotinning birgalikdagi umumiy mulki esa ularning nikoh davomida orttirgan, shuningdek, nikoh qayd etilgunga qadar umumiy mablag'lari hisobiga olingan buyum yoki boshqa narsalari bo'lishi mumkin.

Nikoh shartnomasi nikoh davlat ro'yxatiga olingunga qadar yoki nikoh davrida tuzilishi mumkin. Nikoh davlat ro'yxatiga olinguniga qadar tuzilgan shartnoma u davlat ro'yxatiga olingan kundan boshlab kuchga kiradi. Shartnoma yozma shaklda tuziladi va albatta, notarial idora orqali tasdiqlanishi shart.

Nikoh shartnomasini tuzishda tomonlarning pasportlariga ko'ra shaxslari aniqlanadi. Nikoh tuzishdan oldin nikoh shartnomasini tuzishga kelganlar bilan notarius tomonidan suhbat o'tkazilgach yoki er-xotinning nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnomalariga asosan, bu shartnoma notarial tasdiqlanish uchun qabul qilinadi. Nikoh shartnomasi er-xotin o'rtasida vujudga kelishi mumkin bo'lgan nizolarning sud jarayonida to'g'ri va adolatli hal qilinishida yordam beradi.

Muhimi, nikoh shartnomasini tuzish ixtiyoriydir. Ya'ni bunday shakldagi shartnomani tuzish yoki tuzmaslik er va xotinning o'ziga bog'liq.

Nikoh shartnomasining yana bir afzalligi shundaki, u o'zida nafaqat er-xotinning mol-mulkini vujudga keltirish yoki uning huquqiy tartibini o'zgartirish, shu bilan birga, er-xotinning bir-biriga moddiy ta'minot berishini tartibga solishini ham aks ettiradi. Shu bois nikoh shartnomasini faqat mulkiy nizolarni hal qilishga yordam beruvchigina emas, balki nikohni mustahkamlovchi omil deb qarash ham mumkin.

Nilufar NASRITDINOVA,

Mirzo Ulug'bek tumani

FHDYo bo'limi

2-toifali inspektori.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × one =