Adolat mezoni ustuvor bo'lishi shart!

Mamlakatimizda keyingi yillarda barcha sohalarda sezilarli islohotlar amalga oshirilayotgani sir emas. Jumladan, sud-huquq sohasidagi o'zgarishlar, yangilanishlar sohada tub burilishlarning ro'yobga chiqishiga zamin yaratdi, desak, aslo mubolag'a bo'lmaydi.
Aytish kerakki, bundan 8-9 yil avvalgi davrni eslaydigan bo'lsak, qaysiki ish sudga kelib tushadigan bo'lsa, ochig'i, aksariyat hollarda o'sha “delo”, albatta, aybi isbot qilingan yoki qilinmagan bo'lsa ham, shaksiz jazo chorasi qo'llanishiga sudlarning o'zi majbur edi. Chunki hatto adolat va haqiqat mezonini hal qiladigan, oqni-oq, qorani-qora deydigan tizim ham kimlarningdir “qosh-qovog'i”ga qarashga mahkumligi g'oyat achinarli hol edi, albatta. Shu bois odamlarning sudlarga ishonchi so'nib bo'lgan, bu mahkamada deyarli oqlov hukmlari chiqarilmas edi.
Hamma narsaga vaqt hakam bo'lganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyev Davlatimiz rahbari etib saylanganidan keyin O'zbekistonda sud-huquq sohasida misli ko'rilmagan islohotlarga yuz tutdi. Ayrim “nozik” idoralarning sudlarga aralashuviga chek qo'yildi. Bu esa birinchi navbatda adolat mezonining sudlar faoliyatida bosh mezon bo'lishiga imkon berdi.
Shu yilning 10 iyun kuni Prezidentimizning “Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmoni e'lon qilindi. Ushbu muhim hujjatga ko'ra inson huquqlarini himoya qilish tizimini “Inson qadri uchun” tamoyili asosida yangi bosqichga ko'tarish, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida avvalo shaxsning huquq va erkinliklari himoyasining kafolatlarini kuchaytirish, odamlarning huquq tizimlariga bo'lgan ishonchini yanada mustahkamlash ko'zda tutilgan. Farmonda hamon sud-tergov amaliyotida inson huquq va erkinliklarni himoya qilish kafolatlarining yetarlicha ta'minlanmaganligi, bu borada samarali mexanizmlar to'liq ishga solinmaganligi, shaxsning erkinlik va shaxsiy daxlsizlikka oid konstitutsiyaviy huquqlari sud orqali ishonchli ta'minlanishi choralarini kuchaytirish zarurati mavjudligi ta'kidlandi. Shunga ko'ra 2025 yil 1 yanvardan boshlab jinoyat ishlari bo'yicha sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish masalasi jinoyat ishlari bo'yicha tuman, shahar sudlarida alohida sudyalar-tergov sudyalari tomonidan ko'rib chiqilishi tartibini joriy etish, jinoyat ishlari bo'yicha tuman-shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimini kiritish va boshqa tegishli masalalar joriy qilingan holda sud vakillarining javobgarligi yanada oshirildi.
Demak, boshqa huquq idoralari bilan bir qatorda, sudlar faoliyati yanada takomillashtirilayotgani, birinchi navbatda har bir sud vakilida inson haq-huquqini poymol qilishga yo'l qo'ymaslik mas'uliyatini oshirgan holda, jinoyatga jazo muqarrarligini xolisona va qonunda belgilangan tartibda ko'rish mas'uliyati ham oshirilmoqda. Zero, inson erkinligi, haq-huquqini oliy qadriyat sifatida bilish – davr talabi.
A.OMONOV,
Jinoyat ishlari bo'yicha Uchko'prik tuman sudining raisi.