Mulk daxlsizligi — davlat himoyasida

O'z uy-joyiga ega bo'lish mus­taqil hayotga qadam qo'ygan har bir yosh oilaning orzusi hisoblanadi. Qadim-qadimdan o'zbek oilasida o'g'il farzand tug'ilsa, kelajakda unga imorat qilishni niyat qilib, 20-30 tup terak ekilishi ham go'zal odatlarimizdan bo'lgan.

Mustaqillik yillarida aholini uy-joy bilan ta'minlash davlat siyo­sati darajasiga ko'tarildi. Ayniqsa, oxirgi yetti yil mobaynida bu borada olamshumul natijalarga erishilmoqda. Jumladan, o'tgan yili yangi tahrirdagi O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga uy-joy huquqiga aloqador alohida bandlar kiritilib, ko'chmas mulk huquqining daxlsizligi mustahkamlab qo'yildi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 47-moddasida shunday belgilangan:

“Har kim uy-joyli bo'lish huquqiga ega.

Hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emas. Uy-joyidan mahrum etilgan mulk­dorga uy-joyning qiymati hamda u ko'rgan zararlarning o'rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi ta'minlanadi”.

Mazkur modda bilan uy-joy mulk­dorlariga nisbatan ikki turdagi muhim konstitutsiyaviy kafolat belgilangan. Ya'ni, sud kafolati va uy-joy uchun kompensatsiya olish kafolati.

Bunda sud kafolati deganda, uy-joyga nisbatan mulk huquqidan sud qarorisiz mahrum etilishiga yo'l qo'­yilmasligi nazarda tutiladi. Mazkur tartib mulkdor har qanday holatda ham asossiz ravishda uy-joyidan mahrum etilmasligini kafolatlaydi.

Uy-joy uchun kompensatsiya olish kafolati esa mulkdorning iqtisodiy manfaatlari himoyasiga yo'naltirilganligi bilan e'tiborga molik. Mazkur norma qonunda belgilangan hollarda va tartibda uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorning shu uy-joy va unga yetkazilgan zarar uchun teng qiymatda kompensatsiya olishini kafolatlaydi.

Xo'sh, teng qiymatda kompensatsiya olish nima degani? O'zbekiston Res­publikasi Fuqarolik kodeksining 206-moddasiga muvofiq mulkdorga olib qo'yilgan mol-mulkka teng qimmatli mol-mulk mulk huquqi asosida berilishi va u ko'rgan boshqa zararlari to'lanishi yoki mulk huquqi bekor qilinishi bilan yetkazilgan zarar to'la hajmda qoplanishi belgilangan.

Sudlar tomonidan o'tgan davrda mulkdorlarga yetkazilgan zarar uchun 34 mlrd. 586 mln. so'm kompensatsiya undirish haqidagi hal qiluv qarorlari bilan 60 dan ortiq mulkdorlarning huquqlari tiklangan.

O'tgan yili yangi tahrirdagi O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga uy-joy huquqiga aloqador alohida bandlar kiritilishi uy-joy mulkdori huquqlarini kafolatli ta'minlashga, uy-joylarning noqonuniy olib qo'yilishi bilan bog'liq nizoli holatlarning oldini olishga, sud himoyasini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

X. IBRAGIMXODJAYEV,

Jinoyat ishlari bo'yicha

Uchko'prik tuman sudining sudyasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 − 17 =